Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
XOʻJALIKLAR IXTIYORIDA QOLDIRILADIGAN PAXTA TOLASI, PILLA, JUN VA QORAKOʻL TERI SOTILIShINI TAʼMINLOVChI QORAQALPOGʻISTON RESPUBLIKA VA VILOYAT ASSOTSIATSIYALARINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1995-yil 17-maydagi PF-1157-son “Xoʻjaliklar ixtiyorida qoldiriladigan paxta tolasi, pilla, jun va qorakoʻl teri sotilishini taʼminlovchi Qoraqalpogʻiston respublika va viloyat uyushmalarini tugatish toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika hukumatining qarorlariga muvofiq xoʻjaliklarning ixtiyorida qoldiriladigan qishloq xoʻjalik mahsulotining bir qismini sotishda ularga amaliy yordam berish, kolxoz va sovxozlarni isteʼmolchilar va mahsulot sotiladigan bozorni izlashdek oʻzlariga xos boʻlmagan vazifadan xalos etish, shuningdek bunda koʻpdan koʻpsuiisteʼmollarga yoʻl qoʻymaslik maqsadida:
1. Oʻzbekiston Prezidentining tegishli farmonlarida va respublika hukumatining qarorlarida belgilangan hajmda xoʻjaliklar ixtiyorida qoldiriladigan paxta tolasi, pilla, qorakoʻl teri va jun sotilishini taʼminlash bilan shugʻullanadigan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyat assotsiatsiyalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi respublikaning bir qancha xoʻjaliklari taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
assotsiatsiya yuridik shaxs boʻlib, oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga muvofiq tashkil etadi;
1-bandda koʻrsatilgan mahsulot turlarini yetishtiruvchi kolxozlar, sovxozlar, dehqon xoʻjaliklari hamda boshqa korxonalar va tashkilotlar ixtiyoriy va teng huquqli asosda assotsiatsiyaning aʼzolari boʻlishlari mumkin.
Assotsiatsiya:
xoʻjaliklar ixtiyorida qoldiriladigan paxta tolasi, pilla, qorakoʻl teri va jun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi ajratadigan meʼyorlar asosida erkin narxlarda sotilishini;
mazkur qishloq xoʻjalik mahsulotlarini eksportga yetkazib berish chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligidan litsenziyalar olinishi va hujjatlar rasmiylashtirilishini taʼminlaydi.
3. Quyidagilar assotsiatsiya faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari hisoblanadi:
naf keltiradigan sheriklarni izlash, tuzilgan shartnomalarning yuksak samaradorligini hamda mazkur mahsulotlarni xoʻjaliklarning mehnat jamoalari manfaatlarini koʻzlab sotish maqsadida ichki va tashqi bozorlardagi konyunkturani va belgilaydigan narxlarni oʻrganish;
xoʻjaliklarning moliyaviy va iqtisodiy ahvolini yaxshilash maqsadida qishloq xoʻjalik mahsulotlarining isteʼmolchilari bilan oʻzaro manfaatli bevosita aloqalar oʻrnatishda kolxozlar, sovxozlarga va dehqon xoʻjaliklariga tijorat-vositachilik xizmati koʻrsatish.
4. Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki, Oʻzbekiston sanoat-qurilish banki, Oʻzbekiston dehqonchilik-sanoat banki hamda boshqa tijorat banklari tashkil etilayotgan assotsiatsiyalarning hisoblari oʻz vaqtida ochilishini va soʻmda ham, valyutada ham pul mablagʻlari hisobga oʻtkazilishini taʼminlasinlar, belgilangan tartibda zarur kreditlar ajratib bersinlar.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 7-oktabr,
PF-477-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 12-son, 449-modda)