Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Eron Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida
KELIShUV
Diplomatik pasport egalarini viza talablaridan oʻzaro ozod etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Eron Islom Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Tomonlar davlatlari oʻrtasida ikki tomonlama doʻstona munosabatlarni yanada kengaytirishga qiziqish bildirib,
diplomatik pasport egalarini viza talablaridan oʻzaro ozod etish istagidan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishuvga erishdilar:
1-modda
Tomonlardan biri davlatining amaldagi diplomatik pasport egalari boshqa Tomon davlati hududiga kirgan sanadan boshlab, olti (6) oy ichida oʻttiz (30) kundan oshmagan muddatda vizalar rasmiylashtirmagan holda, ushbu Tomon davlati hududiga kirish, undan chiqish, tranzit oʻtish hamda unda vaqtinchalik boʻlish huquqiga egadirlar.
Mazkur moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddatdan uzoqroq muddatga boshqa Tomon davlatining hududiga kirishni istagan bir Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasport egalari ushbu Tomon davlatining hududiga kirish uchun viza olishlari lozim.
2-modda
Tomonlardan biri davlatining amaldagi diplomatik pasport egalari boshqa Tomon davlati chegarasini faqat ushbu Tomon davlatining qonunchiligiga muvofiq xalqaro yoʻlovchi tashish uchun ochiq boʻlgan chegara oʻtkazish punktlari orqali kesib oʻtadilar.
3-modda
Har qanday Tomon davlatining boshqa Tomon davlati hududida joylashgan ushbu Tomonning diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalarida yoki xalqaro tashkilotlarda akkreditatsiya qilingan amaldagi diplomatik pasport egalari oʻz akkreditatsiya muddati davomida boshqa Tomon davlatining hududiga viza talablarisiz kirishi, undan chiqishi, tranzit oʻtishi yoki unda boʻlib turishi mumkin.
Har bir tomon mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatib oʻtilgan amaldagi diplomatik pasport egalarining dastlabki kirish vaqti toʻgʻrisida boshqa Tomonni diplomatik kanal orqali xabardor qiladi.
Mazkur moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan shartlar bir Tomon davlati hududida akkreditatsiya qilingan diplomatik vakolatxona, konsullik muassasasi yoki xalqaro tashkilot xodimining turmush oʻrtogʻi, voyaga yetmagan farzandlari va qaramogʻida boʻlgan ota-onalariga ham tatbiq qilinadi, basharti ular boshqa Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasporti egalari hisoblansalar.
4-modda
Tomonlardan biri davlatining amaldagi diplomatik pasporti egalari boshqa Tomon davlati hududida pasportlari yoʻqolgan yoki shikastlangan taqdirda, oʻz davlatining diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasini zudlik bilan bu haqda xabardor qiladilar, ular esa qabul qiluvchi davlatning Tashqi ishlar vazirligini tegishli choralar koʻrish uchun xabardor qiladilar.
Yoʻqolgan yoki shikastlangan hujjat oʻrniga tegishli Tomon davlatining diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi yangi pasport yoki yoʻqolgan yoxud shikastlangan pasportning oʻrnini bosuvchi boshqa vaqtinchalik yoʻl hujjatini taqdim etadi.
5-modda
Har bir Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasportlari egalari boshqa Tomon davlati hududida boʻlishlari davomida ushbu Tomon davlatining milliy qonunchiligiga, shu jumladan roʻyxatdan oʻtish, boʻlib turish va tashish qoidalariga amal qiladilar.
6-modda
Tomonlardan har biri oʻz davlatlari hududida ikkinchi Tomonning nomaqbul shaxs (persona non grata) deb topilgan fuqarolarining kirib kelishi va boʻlib turishining oldini olish, bu kabi shaxslarning oʻz davlatlari hududida boʻlib turishining muddatlarini qisqartirish yoki tugatish huquqini oʻzlarida saqlab qoladilar.
7-modda
Tomonlardan har biri istalgan vaqtda mazkur Kelishuvning barcha bandlari yoki bir qismi ijrosini xavfsizlik va jamoat tartibi nuqtai nazaridan vaqtinchalik toʻxtatib qoʻyish huquqini oʻzida saqlab qoladilar. Shunday qaror qabul qiladigan Tomon bu chorani qoʻllashdan kamida besh (5) kun oldin diplomatik kanallar orqali ikkinchi Tomonni bundan xabardor qilishi kerak.
Mazkur Kelishuvning ijrosini toʻxtatib qoʻygan Tomon mazkur Kelishuvning ijrosini toʻxtatib qoʻyishga sabab boʻlgan sharoitlar bartaraf etilganidan soʻng bu toʻgʻrisida zudlik bilan ikkinchi Tomonni xabardor qilishi lozim.
8-modda
Mazkur Kelishuv qoidalarini amalga oshirish va talqin qilish boʻyicha nizolar yoki kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar ularni diplomatik kanallar orqali muzokaralar va maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal qiladilar.
9-modda
Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari mazkur Kelishuv imzolangan kundan boshlab oʻttiz (30) kundan kechiktirmasdan diplomatik pasport namunalarini, shu jumladan, bunday hujjatlarning batafsil tavsifini diplomatik kanallar orqali almashadilar.
Agar Tomonlardan biri mazkur Kelishuvning amal qilishi davomida diplomatik pasportlarni almashtirsa yoki ularga oʻzgartirish kiritsa, ushbu Tomon boshqa Tomonni oʻttiz (30) kun avval diplomatik kanallar orqali xabardor qiladi hamda yangi pasportlar namunalarini, shu jumladan, uning batafsil tavsifini taqdim qiladi.
10-modda
Mazkur Kelishuv nomuayyan muddatga tuziladi va uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillarini Tomonlar bajarganliklari toʻgʻrisidagi soʻnggi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan sanadan oʻttiz (30) kun oʻtgach kuchga kiradi.
Har bir Tomon mazkur Kelishuvni boshqa Tomonga diplomatik kanallar orqali yozma xabarnoma yuborish orqali tugatishi mumkin.
Mazkur Kelishuv boshqa Tomon bunday xabarnomani olgan sanadan boshlab oʻttiz (30) kundan soʻng tugatiladi.
Samarqand shahrida 2022-yil 14-sentabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, fors va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Mazkur Kelishuv qoidalarini talqin qilishda tafovutlar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)