Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshligʻining
buyrugʻi
Qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlar bilan bogʻliq boʻlgan operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslar uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 23-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2034-6]
Oʻzbekiston Respublikasining “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-martdagi 129-son “Oʻzbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini rasmiylashtirish va berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti boshligʻining 2009-yil 13-oktabrdagi 36-son qarori (roʻyxat raqami 2034, 2009-yil 3-noyabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-yil, 45-son 492-modda) bilan tasdiqlangan Qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlar bilan bogʻliq boʻlgan operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslar uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasini belgilash palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament boshligʻi D. RAXIMOV
Toshkent sh.,
2022-yil 22-dekabr,
41-son
Kelishildi:
Boshliq oʻrinbosari U. PAZILXANOV
2022-yil 5-dekabr
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshligʻining 2022-yil 22-dekabrdagi
41-son buyrugʻiga
ILOVA
41-son buyrugʻiga
ILOVA
Qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlar bilan bogʻliq boʻlgan operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslar uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar
1. 1-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“uchinchi tomon — Oʻzbekiston Respublikasi “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-moddasida koʻrsatilgan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar.”.
2. Quyidagi mazmundagi 112-band bilan toʻldirilsin:
“112. Qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlar bilan bogʻliq boʻlgan operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslar mazkur Qoidalarning 111-bandi ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirgan uchinchi tomonlarning lozim darajada tekshirish natijalariga ishonishlari mumkin. Mazkur hollarda mijozlarni tekshirish natijalari boʻyicha soʻnggi javobgarlik qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlar bilan bogʻliq boʻlgan operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslarning zimmasida qoladi. Bunda qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlar bilan bogʻliq boʻlgan operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslar:
mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha identifikatsiyalash maʼlumotlari va boshqa tegishli hujjatlar nusxalarini soʻrov asosida darhol olish imkoniyatiga ega boʻlishiga;
uchinchi tomon mazkur Qoidalar asosida ishlashiga ishonch hosil qilishi kerak.
Mazkur bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan talablaridan biriga rioya qilinmagan taqdirda, qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlar bilan bogʻliq boʻlgan operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslar mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha chora-tadbirlarni mustaqil ravishda amalga oshirishlari kerak.”.
3. Quyidagi mazmundagi 113-band bilan toʻldirilsin:
“113. Mijoz — yuridik shaxsni va uning benefitsiar mulkdorini identifikatsiyalash qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlar bilan bogʻliq boʻlgan operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslar tomonidan mazkur Qoidalarning ilovasida nazarda tutilgan axborot asosida amalga oshiriladi.”.
4. 13-banddagi “pasport yoki unga tenglashtirilgan hujjat” degan soʻzlar “pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta yoxud ularning oʻrnini bosadigan boshqa hujjat” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
5. 15-bandning beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mijozlarni lozim darajada tekshirish va identifikatsiyalash natijasida olingan maʼlumotlar ahamiyati va tavakkalchiliklardan kelib chiqqan holda hamda mijoz maʼlumotlarida oʻzgarishlar boʻlganda yiliga kamida bir marotaba yangilanishi lozim.”.
6. 25-band “ish yozishmalarini” degan soʻzlardan keyin “, oʻtkazilgan har qanday tahlil natijalarini” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
7. Mazkur qoʻshimcha va oʻzgartirishlarning ilovasiga muvofiq tahrirdagi ilova bilan toʻldirilsin.
Qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlar bilan bogʻliq boʻlgan operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslar uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlarga
ILOVA
ILOVA
“Qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlar bilan bogʻliq boʻlgan operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslar uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga
ILOVA
ILOVA
Mijoz — yuridik shaxsni va uning benefitsiar mulkdorini identifikatsiyalashda zarur boʻlgan
MAʼLUMOT
1. Toʻliq, shuningdek agar davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasida koʻrsatilgan boʻlsa, qisqartirilgan nomi.
2. Davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot: sana, raqam, roʻyxatga oluvchi organ nomi.
3. Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami.
4. Joylashgan joyi (pochta manzili).
5. Davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomada koʻrsatilgan boshqa maʼlumotlar.
6. Mavjud boʻlgan litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar (berilgan sanasi va tartib raqami, kim tomonidan berilganligi, amal qilish muddati) yoxud xabarnoma qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi tasdiqnoma (berilgan sanasi va tartib raqami, kim tomonidan berilganligi) haqidagi maʼlumotlar.
7. Mijoz nomidan ish koʻruvchi jismoniy shaxsni identifikatsiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
8. Mijozning taʼsischilari (aksiyadorlari, ishtirokchilari) haqidagi hamda ularning ustav fondi (kapitali)dagi ulushlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
9. Roʻyxatga olingan va toʻlangan ustav fondi (kapitali) miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
10. Mijozning boshqaruv organlari (yuridik shaxsning boshqaruv organlarining tuzilmasi va shaxsiy tarkibi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
11. Bogʻlanish maʼlumotlari (telefon raqami, elektron pochta, veb-sayt (agar mavjud boʻlsa).”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2023-y., 10/23/2034-6/0047-son)