Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli yuklarni havo transportida tashish qoidalari”ga (OʻzR AQ-198) oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 19-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1721-4]
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (IKAO) standartlari va tavsiyalarini inobatga olgan holda takomillashtirish maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2007-yil 24-avgustdagi 131-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1721, 2007-yil 25-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 39-son, 407-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli yuklarni havo transportida tashish qoidalari”ga (OʻzR AQ-198) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Mazkur buyruq ilovasining 2-bandi 2023-yilning 5-noyabridan amalga kiritiladi.
Vazir I. MAXKAMOV
Toshkent sh.,
2022-yil 22-dekabr,
19-son
Kelishildi:
Sogʻliqni saqlash vaziri B. MUSAYEV
2022-yil 30-noyabr
Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV
2022-yil 29-noyabr
Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining 2022-yil 19-dekabrdagi 19-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli yuklarni havo transportida tashish qoidalari”ga (OʻzR AQ-198) kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-bandda:
beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Birlashgan Millatlar Tashkilotining roʻyxati boʻyicha tartib raqami — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfli yuklarni tashish boʻyicha ekspertlar qoʻmitasi tomonidan berilgan va buyum yoki modda yoxud buyumlar yoki moddalarning maʼlum bir guruhini aniqlash uchun kimyoviy moddalarni tasniflash va markirovkalash tizimining global miqyosda kelishilgan toʻrt xonali raqami;”;
sakkizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“yoʻlovchi havo kemasi — ekipaj aʼzosi, oʻz xizmat majburiyatlarini bajarayotgan ekspluatant xodim, tegishli milliy organning vakolatli vakili yoki yuk partiyasi va boshqa yuklarni kuzatib boruvchi xodim hisoblanmagan boshqa har qanday shaxsni tashishni amalga oshiruvchi havo kemasi;”;
oʻn yettinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“xavfli yuklar — sogʻliq, xavfsizlik, mulk yoki atrof-muhit uchun xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan va Texnik yoʻriqnomalarning xavfli yuklari roʻyxatida koʻrsatilgan yoki ushbu Yoʻriqnomalarga muvofiq tasniflangan buyumlar yoki moddalar;”;
yigirma birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“yuk oʻrni — tashish uchun tayyorlangan, oʻrash toʻplamasi va uning tarkibiy qismlaridan iborat boʻlgan yukni joylash boʻyicha operatsiyalarning yakuniy mahsuloti;”.
2. 104, 108-bandlar va 327-bandning “b” kichik bandidagi “davlat” degan soʻzlar “milliy” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.01.2023-y., 10/23/1721-4/0037-son)