Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Charm-poyabzal va moʻyna mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalarini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 26-fevraldagi PQ-143-son qarori ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Fargʻona, Xorazm va Toshkent viloyatlari hokimliklari hamda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasining ilovaga muvofiq tuman (shahar)lar hududlarida transport va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari mavjud yoki uni oʻtkazish oson boʻlgan faoliyat yuritmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh yer maydonlarida:
terini qayta ishlashga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalarini;
tayyor charm-poyabzal, moʻyna va import oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalarini (keyingi oʻrinlarda — kichik sanoat zonalari) tashkil qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi bir oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgi Kengesi, xalq deputatlari Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Fargʻona, Xorazm va Toshkent viloyatlari kengashlarining tegishli qarorlari asosida ilovada koʻrsatilgan tuman (shahar) hududlarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Fargʻona, Xorazm va Toshkent viloyatlari hokimliklari huzuridagi Kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyalariga doimiy foydalanish huquqi asosida kichik sanoat zonalarini tashkil etish uchun transport va muhandislik-kommunikatsiyalar tarmoqlari mavjud yoki uni oʻtkazish oson boʻlgan faoliyat yuritmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh yer maydonlari ajratilishini taʼminlasin.
Bunda, yangidan tashkil qilinadigan kichik sanoat zonalari hududida yer maydonlarini ajratish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 25-oktabrdagi PQ-3356-son qaroriga muvofiq elektron onlayn-auksion savdolari orqali amalga oshiriladi.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Fargʻona, Xorazm va Toshkent viloyatlari hokimliklari, Qurilish vazirligi va “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda kichik sanoat zonasining arxitektura-rejalashtirish hujjatlari ishlab chiqilishini, belgilangan tartibda kelishilishini va tasdiqlanishini taʼminlasin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Fargʻona, Xorazm va Toshkent viloyatlari hokimliklari “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Oʻzbektelekom” AK hamda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda:
bir oy muddatda kichik sanoat zonalarining joylashuv manzillari aniqlanganidan soʻng muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlarini tashkil etish boʻyicha tarmoq jadvallari ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini;
qiymati 90,0 mlrd soʻm boʻlgan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlarini qurish ishlarining 2022-2023-yillar kesimidagi manzilli dasturi amalga oshiriladigan ishlar hajmi, masʼul ijrochilar, muddatlar va talab etiladigan mablagʻlarni koʻrsatgan holda ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini, loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanishini hamda mablagʻ ajratish uchun Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga taqdim etilishini;
kichik sanoat zonasida tadbirkorlik subyektlarini joylashtirish boʻyicha ishlab chiqilgan loyihalarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 26-fevraldagi PQ-143-son qarori 3-bandi “a” va “b”-kichik bandlarida koʻrsatilgan moliyalashtiruvchilar mablagʻlari hisobidan kichik sanoat zonasining boʻlinish chegarasiga qadar zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlarini qurish hamda modernizatsiya qilish ishlari bajarilishini taʼminlasin.
Moliya vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda loyiha-smeta hujjatlariga asosan 2022-2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida zarur mablagʻlar ajratish choralarini koʻrsin.
4. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining kichik sanoat zonalarida loyihalarni amalga oshirishda loyiha tashabbuskorlari bilan kelishgan holda toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan terini qayta ishlash va charm-poyabzal kichik sanoat zonalarida barpo etiladigan bino va inshootlarning namunaviy loyihasini ishlab chiqish, ularni qurishni moliyalashtirish hamda qurilgan bino va inshootni tegishli quvvatlarni yaratish uchun tadbirkorlik subyektlariga sotish, ulush bilan ishtirok etish yoki ijara huquqi asosida berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
5. Qurilish vazirligi kichik sanoat zonasi hududidagi obyektlarda bajariladigan qurilish-montaj ishlari sifati ustidan davlat arxitektura-qurilish nazorati oʻrnatilishini taʼminlasin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Fargʻona, Xorazm va Toshkent viloyatlari hokimliklari Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi bilan birgalikda:
kichik sanoat zonasi hududida oʻzlashtirish uchun taklif qilinayotgan import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltirilgan tayyor mahsulotlar (charm va charmdan tayyorlangan mahsulotlar, sunʼiy charm va sunʼiy charmdan tayyorlangan mahsulotlar, poyabzal, charm-attorlik, moʻyna va jundan tayyorlangan mahsulotlar, jelatin, furnituralar, aksessuarlar, butlovchi mahsulotlar) turlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning muntazam ravishda tadbirkorlik subyektlariga yetkazilishini taʼminlasin;
kichik sanoat zonasi hududida loyihalarni amalga oshirish uchun tadbirkorlik subyektlarini jalb etish, ular bilan tizimli ishlarni olib borish, shuningdek kichik sanoat zonasi hududida ishlab chiqarishlarni joylashtirish boʻyicha investitsiya buyurtmanomalarini sifatli va oʻz vaqtida koʻrib chiqsin;
kichik sanoat zonasi hududida ishlab chiqarishlarni tashkil etish boʻyicha investitsiya loyihalarining biznes-rejalarini ishlab chiqishda tadbirkorlik subyektlariga koʻmaklashish yuzasidan tegishli choralar koʻrsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 27-sentabr,
531-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-sentabrdagi 531-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Terini qayta ishlashga ixtisoslashgan hamda tayyor charm-poyabzal va moʻyna mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari tashkil qilinadigan hududlar
ROʻYXATI
|
T/r |
Hudud |
Tuman (shahar) |
Tashkil qilinadigan kichik sanoat zonasi maydoni (ga) |
|
1. |
Qoraqalpogʻiston Respublikasi |
Nukus tumani |
3 |
|
2. |
Andijon viloyati |
Shahrixon tumani |
8 |
|
3. |
Oltinkoʻl tumani |
10 | |
|
4. |
Buxoro viloyati |
Buxoro tumani |
5 |
|
5. |
Jizzax viloyati |
Jizzax shahri |
10 |
|
6. |
Qashqadaryo viloyati |
Qarshi shahri |
1 |
|
7. |
Namangan viloyati |
Namangan shahri |
10 |
|
8. |
Uychi tumani |
15 | |
|
9. |
Samarqand viloyati |
Urgut tumani |
2 |
|
10. |
Samarqand tumani |
6 | |
|
11. |
Surxondaryo viloyati |
Angor tumani |
15 |
|
12. |
Toshkent viloyati |
Yuqorichirchiq tumani |
20 |
|
13. |
Nurafshon shahri |
20 | |
|
14. |
Fargʻona viloyati |
Margʻilon shahri |
13 |
|
15. |
Qoʻqon shahri |
12 | |
|
16. |
Xorazm viloyati |
Hazorasp tumani |
5 |
Izoh. Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatidan, oʻsish nuqtalaridan hamda maʼmuriy-hududiy boʻlinishi jihatidan kelib chiqib, tashkil qilinadigan kichik sanoat zonalari yer maydonlariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Fargʻona, Xorazm va Toshkent viloyatlari hokimliklari tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan kelishilgan holda belgilangan tartibda oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2022-y., 09/22/531/0854-son; 23.05.2024-y., 07/24/181/0360-son)