OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOSHQARUVINING
Qarori
BANKLARNING ODDIY VEKSELLARI VA DEPOZIT SERTIFIKATLARI BLANKALARINI YOʻQ QILISH TARTIBI TOʻGʻRISIDA”GI YANGI TAHRIRDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2005-yil 30-mayda 1477-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”, “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Markaziy bank Boshqaruvi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2008-yil 6-sentabrdagi 20/3-sonli qarori (roʻyxat raqami 1477-1, 23.09.2008-y.) tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 39-son, 398-modda)
1. “Banklarning oddiy veksellari va depozit sertifikatlari blankalarini yoʻq qilish tartibi toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “Banklarning foydalanilgan va yaroqsiz holga kelgan oddiy veksel blanklarini yoʻq qilish toʻgʻrisida”gi muvaqqat nizomi (1998-yil 30-noyabr, roʻyxat raqami 555) va ushbu Nizomga 1999-yil 1-apreldagi 555-1-sonli qoʻshimchalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan oʻn kun oʻtgandan soʻng amalga kiritilsin.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2005-yil 12-may,
10/6-son
Banklarning oddiy veksellari va depozit sertifikatlari blankalarini yoʻq qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki toʻgʻrisida”, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”, “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi qonunlariga asosan ishlab chiqilgan boʻlib, banklarning oddiy veksellari va depozit (omonat) sertifikatlari blankalarini (keyingi matnda — qimmatli qogʻozlar blankalari) yoʻq qilish tartibini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2008-yil 6-sentabrdagi 20/3-sonli qarori (roʻyxat raqami 1477-1, 23.09.2008-y.) tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 39-son, 398-modda)
I. Qimmatli qogʻozlar blankalarining saqlanishi
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq qimmatli qogʻozlar deb hisoblanadigan muomalaga chiqarilgan oddiy veksellar yoki depozit (omonat) sertifikatlar boʻyicha majburiyatlarning ijro muddati kelganda yoki ijrosi muddatdan oldin amalga oshirilsa, bank-emitent mazkur qimmatli qogʻozlarni taqdim etilishiga qarshi qonunchilikda belgilangan tartibda toʻlovni amalga oshiradi. Bunday qimmatli qogʻozlar soʻndirilgan deb hisoblanadi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2008-yil 6-sentabrdagi 20/3-sonli qarori (roʻyxat raqami 1477-1, 23.09.2008-y.) tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 39-son, 398-modda)
2. Oddiy veksellar yoki depozit (omonat) sertifikatlar soʻndirilgandan soʻng tijorat banklarining filiallari tomonidan soʻndirilgan qimmatli qogʻozlar blankalari ularning roʻyxati bilan birga tijorat banklari hududiy boshqarmalari orqali markazlashtirilgan tarzda ularni saqlash va kelgusida yoʻq qilish uchun bosh bankka yuboriladi.
Banklarning yaroqsiz holga kelgan va (yoki) foydalanilmagan qimmatli qogʻozlar blankalari ham bosh bank omborxonasida saqlanishi lozim. Tijorat banklarining filiallari tomonidan yaroqsiz holga kelgan va (yoki) foydalanilmagan qimmatli qogʻozlar blankalari ularning roʻyxati bilan birga tijorat banklari hududiy boshqarmalari orqali markazlashtirilgan tarzda ularni soʻndirilgan qimmatli qogʻozlarning blankalari bilan birgalikda saqlash va kelgusida yoʻq qilish uchun bosh bankka yuboriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Soʻndirilgan qimmatli qogʻozlari blankalariga, shuningdek yaroqsiz holga kelgan va (yoki) foydalanilmagan qimmatli qogʻozlari blankalariga “Soʻndirilgan” yozuvi bilan belgi kiritilishi shart.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 25-maydagi 12/6-sonli qarori (roʻyxat raqami 1477-3, 10.06.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2020-y., 10/20/1477-3/0733-son)
4. Banklarning qimmatli qogʻozlar blankalari bosh bankdagi balansdan tashqari 90327-raqamli “Bankning qimmatli qogʻozlari blankalari” hisobvaragʻining alohida shaxsiy hisobvaragʻiga kirim qilinadi.
5. Poligrafiya korxonasi (mazkur blankalarning tayyorlovchisi) tomonidan topshirilgan qimmatli qogʻozlar blankalarining arxiv nusxalari bosh bankdagi balansdan tashqari 90327-raqamli “Bankning qimmatli qogʻozlari blankalari” hisobvaragʻining alohida shaxsiy hisobvaragʻiga kirim qilinadi.
6. Banklarning qimmatli qogʻozlar blankalari hisobini toʻgʻri tashkil etish va saqlashning oʻrnatilgan tartibiga rioya etish borasidagi javobgarlik bankning rahbari, bosh buxgalteri va kassa mudiri zimmalariga yuklatiladi.
II. Qimmatli qogʻozlar blankalarini yoʻq qilish tartibi
7. Soʻndirilgan qimmatli qogʻozlarning blankalari qimmatli qogʻozlar soʻndirilgan yoki chiqarilishi bekor qilingan kundan boshlab kamida uch yildan soʻng yoʻq qilinishi lozim.
8. Bankdagi mavjud oddiy veksel blankaning arxiv nusxasi poligraf korxonasi tayyorlangan sanadan boshlab kamida uch yildan soʻng yoʻq qilinadi.
9. Bankdagi mavjud depozit sertifikat blankaning arxiv nusxasi poligraf korxonasi tayyorlangan sanadan boshlab kamida toʻrt yildan soʻng yoʻq qilinadi.
10. Banklar Markaziy bankka qimmatli qogʻozlar blankalarini yoʻq qilish niyatlari toʻgʻrisida moʻljallangan yoʻq qilish sanasidan kamida 30 kun oldin xabar berishlari lozim.
11. Soʻndirilgan qimmatli qogʻozlarning blankalari quyidagi holatlarda yoʻq qilinishi mumkin emas:
Oldingi tahrirga qarang.
a) agar qimmatli qogʻozlar blankalari prokuratura, tergov, surishtiruv va tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar tomonidan qoʻzgʻatilgan jinoiy ishlariga qoʻshib qoʻyilgan boʻlsa;
(11-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2017-yil 28-oktabrdagi 29/3-sonli qarori (roʻyxat raqami 1477-2 16.11.2017-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.11.2017-y., 10/17/1477-2/0268-son)
b) agar qimmatli qogʻozlar blankalari yoʻq qilish vaqtida sud muhokamasida yozma dalillar hisoblansa;
v) agar mazkur qimmatli qogʻozlar boʻyicha daʼvo muddati sud qaroriga binoan uzaytirilgan boʻlsa.
12. Bosh bankda qimmatli qogʻozlar boʻlinmasi rahbarining bildirishnomasiga muvofiq bank Boshqaruvi raisi imzosi bilan yoʻq qilishni tashkil etuvchi komissiya tarkibi, yoʻq qilish usuli (yoqib yuborish, qirqib tashlash, maydalash) va yoʻq qilish joyi koʻrsatilgan holda buyruq chiqariladi.
13. Qimmatli qogʻozlar blankalarini yoʻq qilinishi bank-emitentning oʻzi yoki shu maqsadlar uchun maxsus jalb qilingan boshqa tashkilot tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
14. Komissiya tarkibiga quyidagi xodimlar kiritilishi lozim: Boshqaruv raisi oʻrinbosari, xavfsizlik va axborotni muhofaza qilish boʻlinmasining rahbari, bosh buxgalter yoki uning oʻrinbosari, bosh bankning kassa operatsiyalari boshqarma (boʻlim) boshligʻi, qimmatli qogʻozlar boʻlinmasining rahbari va bankning qimmatli qogʻozlar blankalarini yoʻq qilinishini amalga oshiradigan tashkilotning masʼul xodimi (agar bunday tashkilot jalb qilingan boʻlsa).
15. Banklarning qimmatli qogʻozlar blankalari yoʻq qilish uchun olinayotganda, 90327-raqamli “Bankning qimmatli qogʻozlari blankalari” hisobvaraq boʻyicha balansdan tashqari chiqim orderi rasmiylashtiriladi.
16. Qimmatli qogʻozlar blankalari yoʻq qilish uchun bank kassasidan olinayotganda, blankalar birma-bir qayta sanab chiqiladi, shundan soʻng uch nusxada roʻyxat tuziladi. Roʻyxatda qimmatli qogʻozlar blankalari yoʻq qilish uchun kassadan olinayotganligi, buyruqning soni va sanasi, yoʻq qilish uchun olinayotgan qimmatli qogʻozlar blankalarining soni, nomeri, seriyasi va nominali qayd etiladi. Roʻyxatning bir nusxasi tijorat bankining kunlik kassa hujjatlariga, ikkinchi nusxasi — bankning kunlik buxgalteriya hujjatlariga tikiladi va uchinchi nusxasi esa tijorat bankining qimmatli qogʻozlar boʻyicha tarkibiy boʻlinmasiga beriladi.
17. Qimmatli qogʻozlar blankalari birma-bir qayta sanab chiqilgandan soʻng, mazkur blankalar komissiya aʼzolari tomonidan yoʻq qilish joyiga yetkazib berish uchun moʻljallangan maxsus qoplarga joylanadi, ularga sanasi, bankning nomi, qimmatliklar nomi, qimmatli qogʻozlar blankalari soni va summasi koʻrsatilgan yorliqchalar biriktiriladi. Yorliqlarga quyidagi komissiya aʼzolari imzolari qoʻyiladi: Boshqaruv raisi oʻrinbosari, kassa operatsiyalari boshqarma (boʻlim) boshligʻi, bosh buxgalter (bosh buxgalter oʻrinbosari), shundan keyin qoplar kassa mudiri tomonidan plombalanadi.
18. Yoʻq qilish joyiga yetib kelingach, komissiya aʼzolari qoplarning, plombalarning va yorliqlarning butligini tekshiradilar. Agar qoplarning buzilganligi yoki qoplardagi plomba va yorliqlarning yoʻqligi aniqlansa, komissiya aʼzolari tomonidan qoplar yoki plombalar buzilganligi, qoplardagi plomba va yorliqlar yoʻqligi aniqlanganligi toʻgʻrisida dalolatnoma tuziladi va bunday qoplar ulardagi solingan qimmatli qogʻozlar blankalari butligini tekshirish uchun bankka qaytarib yuboriladi.
19. Qimmatli qogʻozlar blankalarini yoʻq qilish jarayonida Komissiya aʼzolarining barchasini qatnashishi majburiydir.
20. Yoʻq qilish jarayoni tugaganidan soʻng barcha komissiya aʼzolari tomonidan imzolangan, uch nusxada (agar yoʻq qilish bank-emitent tomonidan amalga oshirilmagan boʻlsa, toʻrt nusxada), kamida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilib oʻtilgan holda dalolatnoma tuziladi:
a) qimmatli qogʻozlar blankalarini yoʻq qilish boʻyicha komissiya aʼzolari tarkibi; ularning F.I.Sh. va egallab turgan lavozimlari koʻrsatilgan holda
b) bank-emitentning toʻliq nomi;
v) qimmatli qogʻozlar chiqarilishining roʻyxatga olishni bekor qilingan sanasi, agar u bekor qilingan boʻlsa;
g) qimmatli qogʻozlar blankalari yoʻq qilish sanasi;
d) qimmatli qogʻozlarning turi, qimmatli qogʻozlar chiqarilishining roʻyxatga olish raqami;
e) yoʻq qilingan qimmatli qogʻozlar blankalarining umumiy soni;
j) qimmatli qogʻozlar blankalarining yoʻq qilish usuli.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Dalolatnoma bank Boshqaruvi raisining imzosi bilan tasdiqlanadi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 25-maydagi 12/6-sonli qarori (roʻyxat raqami 1477-3, 10.06.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2020-y., 10/20/1477-3/0733-son)
22. Dalolatnomalar quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) birinchi nusxasi — bosh bankining kunlik kassa hujjatlariga tikib qoʻyiladi;
b) ikkinchi nusxasi — bosh bankning qimmatli qogʻozlar boʻyicha tarkibiy boʻlinmasiga beriladi;
v) uchinchi nusxasi — yoʻq qilingan qimmatli qogʻozlar blankalarining balansdan tashqari hisobvaragʻi hisobidan chiqarilganligini tasdiqlash uchun kassa operatsiyalari boshqarmasiga (boʻlimga) beriladi;
g) toʻrtinchi nusxasi — qimmatli qogʻozlar blankalarini yoʻq qilishni amalga oshiradigan tashkilotga beriladi (agar yoʻq qilish bank-emitent tomonidan amalga oshirilmagan boʻlsa).
23. Bank qimmatli qogʻozlar blankalari yoʻq qilinganligi haqida bankning qimmatli qogʻozlar blankalarini yoʻq qilish sanasidan keyingi ish kunidan kechiktirilmagan holda Markaziy bankka qimmatli qogʻozlar blankalarini yoʻq qilish boʻyicha komissiya tuzilishi toʻgʻrisida buyruq nusxasini va qimmatli qogʻozlar blankalarining yoʻq qilish toʻgʻrisidagi dalolatnoma nusxasini taqdim etgan holda xabar berishi lozim.
24. Banklarning qimmatli qogʻozlar blankalari hisobini yuritish daftarida qimmatli qogʻozlarning turi koʻrsatilgan holda qimmatli qogʻozlar blankalari yoʻq qilinganligi va yoʻq qilingan blankalarning umumiy soni haqidagi yozuv qayd etiladi.
III. Yoʻq qilish haqidagi hujjatlarni saqlash muddati
Oldingi tahrirga qarang.
25. Qimmatli qogʻozlar blankalarini yoʻq qilish haqidagi hujjatlarni (dalolatnomalar, roʻyxatlar) saqlash tartibi va muddati qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 22-son, 163-modda; 2008-y., 39-son, 398-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.11.2017-y., 10/17/1477-2/0268-son; 10.06.2020-y., 10/20/1477-3/0733-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)