Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi axboroti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) direktori A. Burxanovning davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi axborotini eshitib, bu borada muayyan ishlar olib borilganini qayd etadi.
Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik oldida doimiy hisobot berish institutining joriy etilgani, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim yaratilgani hamda ochiqlikni taʼminlash borasida tub islohotlar amalga oshirilgani natijasida korrupsiyaning oldini olish ishlari samaradorligi oshdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6247-sonli Farmoni bilan Agentlik zimmasiga davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish, shu jumladan, ularning normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan maʼlumotlarni Internet tarmogʻiga joylashtirish (eʼlon qilish) boʻyicha majburiyatlari hisobini yuritish vazifasi yuklatilgan.
Mazkur Farmonda belgilangan vazifalarni joylardagi masʼullarga yetkazish maqsadida keng koʻlamli targʻibot-tashviqot tadbirlari oʻtkazilgan. Xususan, hududlarda 40 ga yaqin uchrashuv va oʻquv seminarlari tashkil etilib, davlat hamda nodavlat telekanallar orqali Farmon mazmun mohiyatiga bagʻishlangan 60 dan ziyod lavhalar, davra suhbati formatidagi 7 ta telekoʻrsatuv efirga uzatilgan.
Internet nashrlari tomonidan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ochiqlangan maʼlumotlar asosida 140 ga yaqin xabarlar va jurnalistik surishtiruvlar eʼlon qilingan.
Agentlik tuzilmasida Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlash boshqarmasi tashkil etilgan.
Shu bilan birga tahlillar ushbu sohada toʻliq foydalanilmagan imkoniyatlar va oʻz yechimini kutayotgan masalalar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Birinchidan, Agentlik zimmasiga har yili faoliyat yoʻnalishi boʻyicha erishgan asosiy yutuqlar hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida uchrayotgan kamchiliklar yuzasidan Davlat rahbariga axborot tayyorlash va uning rasmiy veb-sayti orqali eʼlon qilib borish vazifasi yuklatilgan. Ammo Agentlik tomonidan tegishli axborot kiritilmagan va oʻzining rasmiy veb-saytida eʼlon qilmagan.
Ikkinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-iyuldagi PF-6257-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021-2022-yillarga moʻljallangan davlat dasturining 21-bandiga asosan Agentlikka davlat xaridlarini maxsus axborot portali orqali eʼlon qilingan jarayonlarini oʻrgangan holda, manfaatlar toʻqnashuvi yoki korrupsiya alomatlari mavjudligi toʻgʻrisida xulosani rasmiy veb-saytda joylashtirish vazifasi yuklatilgan.
Dastur ijrosini taʼminlash maqsadida Moliya vazirligi tomonidan respublika miqyosida amalga oshirilgan barcha davlat xaridlari toʻgʻrisidagi tahliliy maʼlumotlar belgilangan muddatlarda Agentlikka kiritib borilganligiga qaramasdan ushbu maʼlumotlar Agentlikning veb-saytida eʼlon qilinmagan.
Uchinchidan, Agentlik 2021-yil 1-oktabrga qadar davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni taʼminlash boʻyicha faoliyatni tartibga soluvchi, shu jumladan, monitoring oʻtkazish, amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash, ochiqlik indeksini hisoblashga qaratilgan Davlat organlari hamda tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodika ishlab chiqishi va Hukumatga kiritishi nazarda tutilgan.
Agentlik tomonidan ushbu hujjat Vazirlar Mahkamasiga kiritilmaganligi oqibatida davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksini aniqlash ishlari bajarilmasdan qolmoqda.
Toʻrtinchidan, Agentlik tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqishda ularning davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi hamda shaffofligiga oid fikr-mulohazalari oʻrganilmagan, aholini tashvishga solayotgan dolzarb muammolarni qonuniy hal qilish maqsadida “Mening fikrim” veb-portali orqali muhokama qilish ishlari amalga oshirilmagan.
Beshinchidan, Agentlik tomonidan oʻz faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlashda ham qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan.
Jumladan, Agentlikning rasmiy veb-saytida (anticorruption.uz):
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari huzurida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi axborot;
kelib tushgan arizalarni, takliflarni, shikoyatlarni, shuningdek, Agentlik faoliyati toʻgʻrisida axborot olishga doir soʻrovlarni koʻrib chiqishning umumiy natijalari haqidagi axborotlar;
boʻsh ish oʻrinlari, ishga qabul qilish shartlari va boʻsh ish oʻrinlarini egallash uchun nomzodlarga qoʻyiladigan talablar va ishga qabul qilish jarayonlari;
amalga oshirilayotgan profilaktika tadbirlarining mohiyati va ahamiyatiga bagʻishlangan materiallar, qonuniylikning holati va jinoyatchilikning darajasi haqidagi maʼlumotlar, sodir etilgan huquqbuzarliklar hamda ularga chek qoʻyish chora-tadbirlari haqidagi axborotlar tizimli eʼlon qilib borilmagan.
Bundan tashqari, Agentlik oʻz rasmiy veb-saytida mavjud maʼlumotlarni yangilash ishlariga ham yetarli eʼtibor qaratmagan.
Oltinchidan, Agentlik tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash borasidagi faoliyati yetarli darajada muvofiqlashtirilmaganligi oqibatida ular tomonidan zarur maʼlumotlar Ochiq maʼlumotlar portali (data.egov.uz) (bundan buyon matnda Portal deb yuritiladi) va tegishli veb-saytlarga joylashtirmagan.
Bu, oʻz navbatida, mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslardagi koʻrsatkichlariga salbiy taʼsir qilmoqda.
Xususan, “The Open Data Inventory” reytingining dunyo boʻyicha taʼlim xarajatlari “Education expenditures” hamda sogʻliqni saqlash xarajatlari “Nealth expenditures” indikatorlarida Oʻzbekiston koʻrsatkichlari kiritilmagan.
Shuningdek, “Nuquq ustuvorligi indeksi”ning hokimiyat institutlarining shaffofligi (ochiqligi) indikatoriga taalluqli “Qonunlarning va hukumat maʼlumotlarining shaffofligi” subindikatori boʻyicha mamlakatimiz koʻrsatkichlari avvalgi 0,29 balldan 2021-yilda kelib 0,26 ballga tushgan. The “Open Data Inventory” xalqaro reytingida Oʻzbekiston 2020-yilda 45-oʻrinni egallagan hozirgi islohot va yangilanishlarning mazmuniga mutlaqo mos kelmaydi.
Ushbu reytingdagi 69 ta indikatorning 17 tasida Oʻzbekiston toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud emas.
Ettinchidan, bugungi kunda ochiq va doimiy eʼlon qilib borilishi lozim boʻlgan maʼlumotlarni rasmiy veb-saytlarga joylashtirish shakli, tartibi aks etgan alohida yoʻriqnoma ishlab chiqilmagan.
Sakkizinchidan, davlat organlari va tashkilotlarining tarkibiy va hududiy boʻlinmalari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Portalga ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni joylashtirish holati talabga javob bermaydi.
Bu esa davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ochiq maʼlumotlarning oshkoralik va sifat darajasiga, fuqarolarga va jahon hamjamiyatiga maʼlumotlar yetkazish tizimiga, mamlakatimizning investitsiyalar jalb etuvchanligini oshirishga hamda nufuzli xalqaro reytinglarda yuqori mavqelarga erishishga toʻsqinlik qilmoqda.
Portalga maʼlumotlar joylashtirish boʻyicha monitoring va tahlil jarayonlari shuni koʻrsatmoqdaki, 3 806 ta joylashtirilgan maʼlumotlar toʻplamidan 302 ta maʼlumot eskirgan.
Tahlillarda Madaniyat vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Moddiy madaniy meros agentligi, Xorazm, Navoiy, Samarqand va Buxoro viloyati hokimliklari zarur maʼlumotlarni joylashtirmaslik boʻyicha yuqori salbiy koʻrsatkichlarga ega.
Shu bilan birga, Davlat soliq qoʻmitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Transport, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, Xalq taʼlimi, Maktabgacha taʼlim, Ichki ishlar, Energetika vazirliklari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari tomonidan davlat xaridlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, davlat ishtirokidagi korxonalar, mansabdor shaxslarning xizmat safarlari, mahalliy budjetlarning har chorak yakunida shakllantiriladigan daromadlar va xarajatlar smetasi haqidagi maʼlumotlar belgilangan muddatlarda Portal va rasmiy veb-saytlarda joylashtirmaslik holatlari mavjud.
Sogʻliqni saqlash vazirligi faoliyatida ochiqlikni taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etish ishlari talabga javob bermaydi. Portal va rasmiy veb-saytlarda joylashtirilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar har chorakda yoki doimiy ravishda yangilanmagan.
Hududiy boshqarmalarning rasmiy veb-saytlari talabga javob bermaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga 2017 — 2021-yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3071-sonli qarori bilan aholiga yengillik yaratish maqsadida tibbiyot maskanlarida “elektron poliklinika” axborot tizimi joriy etilishi koʻzda tutilgan boʻlsa-da, bu ishlar amalda anʼanaviy tarzda davom etmoqda.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalariga ijara huquqini berish boʻyicha ochiq tanlov gʻoliblari boʻlgan shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotlar Portal va rasmiy veb-saytda aks ettirilmagan.
Moddiy madaniy meros agentligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros obyektlari hududida tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun berilgan ruxsatnoma egalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻliq eʼlon qilinmagan.
Respublika miqyosida 8 mingdan ortiq moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlari boʻlsa, shundan 65 ta tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun berilgan ruxsatnoma egalari toʻgʻrisida axborotlar eʼlon qilingan, xolos.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6247-sonli Farmon talablari bajarilmaganlik holatlari Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasida ham aniqlandi. Ochiqlikni taʼminlash normativ-huquqiy hujjatlari bilan ishlash talab darajasida emas.
Xususan, jamoatchilikning katta eʼtirozlariga sabab boʻlgan ov qilish va ovchilik xoʻjaliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shu jumladan ov qilish taqiqlangan joylar, muayyan ov qilish joylarida ov qilish uchun taqiq belgilanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tomonidan doimiy yangilab borilishi taʼminlanmagan.
Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari oʻrnatilgan aniq manzillar, individual tartibda har bir dasturiy-texnik vositasi qayd etadigan yoʻl harakati qoidalari buzilishi turi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tomonidan oʻz rasmiy veb-saytida har oyda eʼlon qilinmagan.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi rasmiy veb-saytida doimiy foydalanish uchun berilgan yer maydonlari va boshqa mol-mulkni davlat-xususiy sheriklik asosida olgan yuridik va jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud emas.
Bundan tashqari, rasmiy veb-saytlar, shu jumladan, “Iicence.gov.uz” saytida litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishga vakolatli hamda xabarnomalarni qabul qiladigan organlarning hududlar kesimida masʼul xodimlari, shu jumladan, ushbu toifadagi hujjatlarni berishni tashkil etadigan tegishli komissiya aʼzolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar joylashtirilmagan.
Oʻrganish va tahlillarda qayd etilgan davlat organlari va tashkilotlari, ularning hududiy tuzilmalarda “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga rioya etilmagan.
Hududiy boshqaruv tuzilmalar rasmiy veb-saytlari talab darajasida emas, ochiq maʼlumotlarni oʻz muddatida joylashtirmaslik holatlari mavjud, ochiqlikni taʼminlash ishlariga yetarli darajada eʼtibor bermaslik holatlari natijasida normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan topshiriqlar ijrosi oʻz muddatida taʼminlanmagan.
Buning natijasida davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlash ishlarida koʻplab kamchiliklar kuzatildi.
Internet va ijtimoiy tarmoqlarda koʻtarilgan, aholini qiynayotgan dolzarb masalalar boʻyicha ayrim davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlari tomonidan matbuot anjumanlari va brifinglar oʻtkazilmagan.
Jumladan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi rahbarlari tomonidan 2021-yil davomida biror marta matbuot anjumani tashkil qilinmagan.
Faoliyatini faqat ijtimoiy tarmoqlar orqali yoritilishi natijasida rasmiy veb-saytlarda jamoatchilikda alohida qiziqish uygʻotgan va dolzarb boʻlgan maʼlumotlar uzoq vaqt mobaynida yangilanmasdan qolayotgani aniqlanmoqda.
Yuqorida bayon etilganlarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 321-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A. Burxanovning davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ikki oy muddatda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni oʻz muddatida eʼlon qilmagan hamda kamchiliklarga yoʻl qoʻygan rahbarlarning faoliyatini tanqidiy oʻrganib, ularning javobgarligi va masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrsin;
barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining hududiy tarkibiy tuzilmalarida ochiqlikni taʼminlashga doir normativ-huquqiy hujjatlarining ijro etilishini tahlil qilish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin;
rasmiy veb-saytlar va ochiq maʼlumotlar portalida ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni joylashtirish, shuningdek, ochiq maʼlumotlar portalidagi axborotlar faqat davlat organlari va tashkilotlarining respublika darajasidagi yuqori turuvchi tuzilmalari, shu jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan eʼlon qilinishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin.
Ushbu Qarorning 2 — 6-bandlari ijrosi yuzasidan umumlashtirilgan axborotni 2022-yilning 1-avgustiga qadar Oliy Majlis Senatiga taqdim etsin.
3. Davlat statistika qoʻmitasi davlat organlari va tashkilotlarining ochiq maʼlumotlar toʻplamlari roʻyxatini shakllantirish, yuritish va yangilash hamda tegishli axborotlarning Portalda oʻz vaqtida aks ettirilishi boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirib, tizimli xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyayotgan organlar haqidagi maʼlumotlarni Vazirlar Mahkamasiga kiritib borsin.
4. Sogʻliqni saqlash vazirligi:
bir oy muddatda vazirlik, uning hududiy boshqarmalari va tuzilmalari faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etish borasida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni tanqidiy koʻrib chiqsin;
ijtimoiy ahamiyatga molik boʻlgan maʼlumotlarni Portal va rasmiy veb-saytga doimiy ravishda joylashtirib borsin;
uch oy muddatda aholiga yengillik yaratish maqsadida butun respublika tibbiyot maskanlarida “elektron poliklinika” axborot tizimini takomillashtirish choralarini koʻrsin.
5. Doimiy ravishda rasmiy veb-saytlari va ochiq maʼlumotlar portali (data.egov.uz)da:
Qishloq xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalariga ijara huquqini berish boʻyicha ochiq tanlov gʻoliblari boʻlgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Moddiy madaniy meros agentligi davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros obyektlari hududida tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun berilgan ruxsatnoma egalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi ov qilish va ovchilik xoʻjaliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shu jumladan, ov qilish taqiqlangan joylar, muayyan ov qilish joylarida ov qilish uchun taqiq belgilanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi har oyda maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari oʻrnatilgan aniq manzillar, yakka tartibda har bir dasturiy-texnik vositasi qayd etadigan yoʻl harakati qoidalari buzilishi turi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni joylashtirib borsin.
6. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi:
foydalanish uchun berilgan yer maydonlari va boshqa mol-mulkni davlat-xususiy sheriklik asosida olgan yuridik va jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni rasmiy veb-saytlari va ochiq maʼlumotlar portali (data.egov.uz)da;
litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishga vakolatli hamda xabarnomalarni qabul qiladigan organlarning hududlar kesimida masʼul xodimlari, shu jumladan, ushbu toifadagi hujjatlarni berishni tashkillashtiradigan tegishli komissiya aʼzolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “licence.gov.uz” saytida eʼlon qilib borsin.
7. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bir oy muddatda:
oʻz faoliyatini qayta koʻrib chiqib, ushbu Qarorda qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish va belgilangan vazifalarning ijrosini samarali tashkil etish boʻyicha aniq choralar koʻrsin;
faoliyatiga oid hisobotlarni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish maqsadida muntazam ravishda matbuot anjumanlari oʻtkazishni yoʻlga qoʻysin;
davlat organlari va tashkilotlari xizmatchilariga “davlat organlari faoliyati ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligi” madaniyatini singdirish hamda davlat organlari va mansabdor shaxslar xalq oldida hisobdorligini taʼminlash muhimligi boʻyicha hududlarda tashkil qilinayotgan oʻquv seminarlari va targʻibot tadbirlarining taʼsirchanligini oshirsin;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda “www.anticorruption.uz” veb-saytini tubdan takomillashtirish, shu jumladan, aholi foydalanishi uchun qulay boʻlgan zamonaviy dizaynini ishlab chiqsin;
davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni taʼminlash boʻyicha faoliyatni tartibga soluvchi, shu jumladan, monitoring oʻtkazish, amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash, ochiqlik indeksining hisobini yuritishga qaratilgan Davlat organlari hamda tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikani ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ochiq hamda doimiy eʼlon qilib borilishi lozim boʻlgan maʼlumotlarni rasmiy veb-saytlarga joylashtirish shakli, tartibi aks etgan alohida yoʻriqnoma ishlab chiqsin;
har chorak yakunlari boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlarga doir tahliliy maʼlumotlarni Oliy Majlis Senatiga kiritib borsin.
8. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga:
har oyning birinchi besh kunligida aholi eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan dolzarb masalalarni;
2022-yil I chorak yakunlari boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari tomonidan faoliyatiga oid hisobotlarni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish uchun oʻtkazilgan matbuot anjumanlari toʻgʻrisida umumlashtirilgan maʼlumotlarni Oliy Majlis Senatiga taqdim etish tavsiya etilsin.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga davlat organlari va tashkilotlarining tarkibiy va hududiy boʻlinmalari rahbarlarining oʻz faoliyati ochiqligini taʼminlash holati toʻgʻrisidagi axborotlarini sessiyalarda muhokama qilish tavsiya etilsin.
10. Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi (F. Boqiyev):
davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlashga qaratilgan qonunchilik hujjatlari ijro etilishi ustidan parlament nazorati samaradorligini oshirsin;
internet va ijtimoiy tarmoqlarda koʻtarilgan ijtimoiy ahamiyatga oid dolzarb masalalar boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining axborotlari eshituvlarini reja asosida tashkil etish choralarini koʻrsin.
11. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi (F. Boqiyev) zimmasiga yuklansin.
12. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 19-mart,
SQ-505-IV-son