Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini tartibga soluvchi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 16-iyuldagi PQ-5186-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 16-iyuldagi PQ-5186-son qaroriga muvofiq:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida (keyingi oʻrinlarda — Markaz) yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilganligi, uning mablagʻlarini shakllantirishning asosiy manbalari va sarflanadigan yoʻnalishlari belgilanganligi;
Markaz muzeyi ekspozitsiyalari va kutubxonasi fondini shakllantirish, aholidan xarid qilinadigan qoʻlyozma, toshbosma, bosma asarlar, tarixiy hujjatlar va arxiv hujjatlari, eksponatlarni tahlil qilish, saralash, ularning noyobligini aniqlash va baholash boʻyicha ekspertlik komissiyasi tuzilganligi hamda uning tarkibi tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq:
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirishning asosiy manbalari:
xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning texnik koʻmak mablagʻlari va grantlari;
homiylik xayriyalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Hukumat qarorlariga muvofiq ajratiladigan davlat budjeti mablagʻlari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar;
Jamgʻarma mablagʻlari sarflanadigan yoʻnalishlar:
ilmiy adabiyotlarni yaratish, chop etish, noyob asarlar va hujjatlarni xarid qilish orqali Markaz kitob fondini kengaytirish;
ilmiy tadqiqotlarga koʻmaklashish, tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash uchun grantlar ajratish;
ijtimoiy, ilmiy, maʼnaviy va maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarni, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarda tashkil qilish;
Markaz faoliyati uchun zarur boʻlgan multimedia va tarmoq qurilmalari hamda dasturiy taʼminotlarni xarid qilish, Markaz faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish;
Jamgʻarmani boshqarish tartibi (Markaz direktori Jamgʻarma mablagʻlarining tasarruf etuvchisi hisoblanishi, Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishni nazorat qilish, Jamgʻarma hisobotlarini koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun Jamgʻarma kengashi faoliyatini tashkil etish tartibi);
Jamgʻarmaning hisobot berishi tartibi (Jamgʻarmaning yillik hisobotlari uning Kengashi tomonidan koʻrib chiqilganidan soʻng har yili Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va muvofiqlashtirish boʻyicha vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlanishi);
b) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyalari va kutubxonasi fondini shakllantirish, aholidan xarid qilinadigan qoʻlyozma, toshbosma, bosma asarlar, tarixiy hujjatlar, eksponatlarni tahlil qilish, saralash, ularning noyobligini aniqlash va baholash boʻyicha ekspertlik komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Ekspertlik komissiyasini sohaning taniqli, tajribali olimlari va mutaxassislaridan iborat tarkibda tuzish va tasdiqlash;
Ekspertlik komissiyasiga Markaz direktorining ilmiy-tadqiqot ishlari boʻyicha oʻrinbosari tomonidan rahbarlik qilinishi;
Ekspertlik komissiyasining jamoatchilik asosida faoliyat yuritishi;
Ekspertlik komissiyasi bilan bogʻliq barcha masalalarning ushbu Komissiya aʼzolarining bir yilda ikki marta oʻtkaziladigan yigʻilishlarida koʻrib chiqilishi (navbatdan tashqari yigʻilishlar bundan mustasno);
Ekspertlik komissiyasi tomonidan aholidan xarid qilinadigan noyob yozma manbalar va eksponatlarni tahlil qilish, saralash, baholash va xarid qilish tartibi;
noyob yozma manbalar va eksponatlarni xarid qilishni moliyalashtirish manbalari (Markazga har yili maqsadli ajratiladigan Davlat budjeti mablagʻlari; Jamgʻarma mablagʻlari; homiylik xayriyalari, xalqaro tashkilotlarning grantlari; Islom xalqaro hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlardan tushgan ixtiyoriy badallar; qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar).
3. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita Markaz, Madaniyat vazirligi, Turizm va sport vazirligi, “Oʻzarxiv” agentligi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Badiiy akademiya, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda milliy va xorijiy tajriba asosida qoʻlyozma, toshbosma, bosma asarlar, tarixiy hujjatlar hamda arxiv hujjatlari va eksponatlarni baholash mezonlarini ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq 2022-yil 1-yanvardan eʼtiboran oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Yoshlar, jamoat tashkilotlari, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash masalalari kotibiyatiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Sh.Sh. Minovarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 16-dekabr,
756-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-dekabrdagi 756-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida ochilgan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining (keyingi oʻrinlarda — Markaz) budjetdan tashqari shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida jamlanadi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish
3. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirishning asosiy manbalari hisoblanadi:
xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning texnik koʻmak mablagʻlari va grantlari;
homiylik xayriyalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Hukumat qarorlariga muvofiq ajratiladigan davlat budjeti mablagʻlari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish
4. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlari sarflanadigan yoʻnalishlar hisoblanadi:
ilmiy adabiyotlarni yaratish, chop etish, noyob asarlar va hujjatlarni xarid qilish orqali Markaz kitob fondini kengaytirish;
ilmiy tadqiqotlarga koʻmaklashish, tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash uchun grantlar ajratish;
ijtimoiy, ilmiy, maʼnaviy va maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish;
kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarni, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarda tashkil qilish;
Markaz faoliyati uchun zarur boʻlgan multimedia va tarmoq qurilmalari hamda dasturiy taʼminotlarni xarid qilish, Markaz faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish.
5. Jamgʻarma mablagʻlari Markazning quyidagi xarajatlariga yoʻnaltirilishi mumkin:
Markazning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shu jumladan zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari, ilmiy laboratoriya uskunalari, mebel va inventarlar bilan jihozlash, transport vositalarini va boshqa tovar-moddiy qimmatliklarini xarid qilish;
ilmiy tadqiqotlar asosida qomuslar, katalog va albomlar, media mahsulotlar, ilmiy-ommabop toʻplamlar, telekoʻrsatuv, film va boshqa materiallar tayyorlash, qoʻlyozmalar, toshbosmalar va kitoblarni sotib olish, tarjima qilish va chop etish;
islom tarixi va madaniyati bilan bogʻliq merosni qayta tiklash, jumladan, qadimiy qoʻlyozma va toshbosma asarlarni taʼmirlash, qogʻoz, kitobat, muqovasozlik, xattotlik sanʼatini tiklash va islom manbalarini oʻrganish ishlarini tashkil etish;
mahalliy va xorijiy ekspert va konsultantlarni jalb etish;
noyob asarlar va eksponatlarni tahlil qilish, saralash, baholash va xarid qilish boʻyicha ekspertlik komissiyasi faoliyatini tashkil etish, ushbu jarayonga jalb etilgan olim va mutaxassislarning ekspertlik ishlarini ragʻbatlantirish;
Markazning Samarqand qogʻozi, muqovasozlik va xattotlikning qadimiy anʼanalarini tiklash boʻyicha ustaxona-laboratoriyasi faoliyatiga jalb qilingan mutaxassislarning gonorari (ish haqi)ni toʻlash;
Oldingi tahrirga qarang.
Markazning Kitobat ilmi maktabi faoliyatini moliyalashtirish, shu jumladan, jalb qilingan mutaxassislarning gonorari (ish haqi)ni toʻlash.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 2-sentabrdagi 438-sonli qaroriga asosan sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
6. Jamgʻarma mablagʻlarini sarflash Markaz direktori tomonidan tasdiqlangan hamda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq tegishli gʻazna hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.
7. Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasiga yil davomida Markaz tomonidan belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
4-bob. Jamgʻarmani boshqarish
8. Markaz direktori Jamgʻarma mablagʻlarining tasarruf etuvchisi hisoblanadi.
9. Jamgʻarma faoliyatida va uning mablagʻlarini taqsimlash jarayonida shaffoflikni taʼminlash maqsadida Jamgʻarma kengashi (keyingi oʻrinlarda — Kengash) tashkil etiladi.
Kengash aʼzolari oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.
Kengash ishtirok etishning ixtiyoriyligi va Kengash vakolatiga tegishli masalalarni hal etishda uning barcha aʼzolarining teng huquqliligi tamoyillari asosida shakllantiriladi.
Kengash, qoida tariqasida, Kengash raisi, uning oʻrinbosari, kotib va aʼzolardan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Kengash Markazning 7 — 9 nafar masʼul xodimlaridan iborat tarkibda shakllantiriladi. Kengashning shaxsiy tarkibi, qoida tariqasida, bir yilda bir marta Markaz direktori tomonidan tasdiqlanadi.
Markaz direktori lavozimiga koʻra Kengash raisi hisoblanadi.
10. Quyidagilar Kengash aʼzolarining vazifalari hisoblanadi:
Kengash majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal etishda ishtirok etish;
Markazni rivojlantirishning dolzarb masalalarini moliyalashtirish boʻyicha Kengashga takliflar kiritish;
Kengash tomonidan koʻrib chiqiladigan masalalar boʻyicha ovoz berish.
Kengash aʼzolari majlisda shaxsan qatnashadilar. Bunday qatnashishning imkoni boʻlmagan taqdirda, Kengash aʼzosi majlisning kun tartibi boʻyicha oʻz fikrini yozma ravishda taqdim etishga haqlidir.
11. Kengash raisi:
Kengash majlisi kun tartibini belgilaydi va uni chaqiradi;
Kengash qarorlarini tasdiqlaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
Kengash aʼzolariga yuklangan vazifalar bajarilishi yuzasidan ularning ishini muvofiqlashtiradi;
Kengashning samarali ishlashini taʼminlash uchun boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
12. Kengash kotibi:
Kengash majlisiga barcha zarur hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
majlisni oʻtkazish muddatlari va joyini Kengash raisi bilan kelishadi;
kun tartibi masalalari boʻyicha Kengash majlislari oʻtkazilishini tashkil etadi;
Kengash aʼzolari va taklif etilgan shaxslarni majlisning sanasi, vaqti, joyi va kun tartibi loyihasidan xabardor qiladi;
Kengash qarorlari bajarilishi monitoringini yuritadi;
Kengash bayonnomalarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomalarni Kengash aʼzolariga va boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuboradi.
Kengash kotibi Kengash aʼzosi hisoblanadi.
13. Kengash oʻz majlislarini zaruratga koʻra, biroq har chorakda kamida bir marta oʻtkazadi.
14. Kengash majlisini Kengash raisi, u boʻlmagan taqdirda, Kengash raisi oʻrinbosari boshqaradi.
15. Kengash majlisi unda Kengash aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashganda oʻtkazilgan hisoblanadi.
16. Majlisni oʻtkazish uchun kvorum yoki rais va uning oʻrinbosari boʻlmaganda, Kengash majlisini oʻtkazishning yangi sanasi eʼlon qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Kengash majlisida koʻrib chiqiladigan masalalarning xususiyatiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va boshqa tashkilotlarning rahbarlari, mutaxassislari va boshqa xodimlari taklif etilishi mumkin.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 5-sentabrdagi 565-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.09.2025-y., 09/25/565/0807-son)
18. Kengash qarori uning majlisda qatnashgan aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda, Kengash raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Kengash qarorlari Kengash majlisining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Kengash majlisining bayonnomasi Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi va Markaz direktorining buyrugʻi asosida amalga oshiriladi.
19. Kengash:
hisobot yili yakuni boʻyicha Jamgʻarma mablagʻlarining daromadlari va xarajatlari toʻgʻrisidagi hisobotlarni koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qiladi.
20. Markazning Moliya-hisob boʻlimi Jamgʻarmaning ishchi organi hisoblanadi.
21. Ishchi organ:
Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlarining yillik moliyaviy rejasini ishlab chiqadi;
daromadlar va xarajatlar smetalarini tayyorlaydi, shuningdek, ularga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritadi;
Jamgʻarma tushumlarini koʻpaytirish va uning mablagʻlaridan samarali foydalanish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
Jamgʻarmaning tushumlar manbalari boʻyicha daromadlari hamda asosiy xarajatlar yoʻnalishlari boʻyicha hisobini yuritadi;
har chorak yakuni boʻyicha Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilishi toʻgʻrisida hisobot tayyorlaydi hamda Kengashga koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun taqdim etadi.
5-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va foydalanishni hisobga olish va hisobot berish
22. Jamgʻarmaning mablagʻlarini shakllantirish va foydalanishni hisobga olish va hisobot berish ishchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
23. Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobot Kengash tomonidan koʻrib chiqiladi hamda har yili yanvar oyida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va muvofiqlashtirish boʻyicha vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
24. Jamgʻarma mablagʻlaridan oqilona va maqsadli foydalanilishi yuzasidan davlat moliyaviy nazorati qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
25. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
26. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-dekabrdagi 756-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyalari va kutubxonasi fondini shakllantirish, aholidan xarid qilinadigan qoʻlyozma, toshbosma, bosma asarlar, tarixiy hujjatlar, eksponatlarni tahlil qilish, saralash, ularning noyobligini aniqlash va baholash boʻyicha ekspertlik komissiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyalari va kutubxonasi fondini shakllantirish, aholidan xarid qilinadigan qoʻlyozma, toshbosma, bosma asarlar, tarixiy hujjatlar, eksponatlarni tahlil qilish, saralash, ularning noyobligini aniqlash va baholash boʻyicha ekspertlik komissiyasining (keyingi oʻrinlarda — Ekspertlik komissiyasi) maqomi, asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Ekspertlik komissiyasi jamoatchilik asosida faoliyat koʻrsatadi.
3. Ekspertlik komissiyasi oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
4. Ekspertlik komissiyasi oʻz faoliyatini oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga asoslangan holda amalga oshiradi.
2-bob. Ekspertlik komissiyasining asosiy vazifalari
5. Quyidagilar Ekspertlik komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
aholi tomonidan taqdim etilgan qoʻlyozma, toshbosma, bosma asarlar, tarixiy hujjatlar, arxiv hujjatlari va eksponatlarni (keyingi oʻrinlarda — noyob yozma manbalar va eksponatlar) puxta tahlil qilish, saralash, noyobligini aniqlash va ularni aniq mezonlar (shu jumladan, manbalarning qadimiyligi, haqiqiyligi, yagonaligi, toʻliqligi, ilmiy ahamiyati, badiiy jihatlari, atributkasi va boshqalar) asosida baholash;
aholida saqlanayotgan noyob yozma manbalar va eksponatlarni oʻrganish boʻyicha soha olimlari va mutaxassislarini jalb etgan holda hududlarga ilmiy ekspeditsiyalar tashkil qilish;
aholida saqlanayotgan noyob yozma manbalar va eksponatlar hisobidan Markaz muzeyi va kutubxonalari fondini yanada boyitishga qaratilgan ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyish va targʻibot ishlarini amalga oshirish.
3-bob. Ekspertlik komissiyasining huquq va majburiyatlari
6. Ekspertlik komissiyasi quyidagi huquqlarga ega:
aholida saqlanayotgan noyob yozma manbalar va eksponatlarni aniqlash, ular toʻgʻrisida maʼlumotlar yigʻish va bu jarayonda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan keng foydalanish;
aholi tomonidan taqdim etilgan noyob yozma manbalar va eksponatlarni har tomonlama puxta oʻrganish, tahlil qilish, saralash hamda baholash jarayonlarini tashkil etishda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan bevosita hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
noyob yozma manbalar va eksponatlarni baholash uchun zarur hollarda mustaqil baholovchi tashkilotlarni hamda sohaning tajribali mutaxassislarini jalb etish;
noyob yozma manbalar va eksponatlarni xarid qilish bilan bogʻliq homiylar mablagʻlarini jalb etish jarayonlarida faol ishtirok etish;
oʻz tashabbusi bilan Ekspertlik komissiyasiga maʼlumotlarni, shuningdek, muzey va kutubxonalarga noyob yozma manba va eksponatlarni saqlash uchun taqdim etgan jismoniy va yuridik shaxslarni moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha tegishli tashkilotlarga tavsiyalar kiritish;
noyob yozma manbalar va eksponatlar egalari oʻzlariga tegishli boʻlgan manbalarni sotishni rad etgan taqdirda, bu manbalardan nusxa olish toʻgʻrisida ular bilan shartnoma tuzish yuzasidan Markazga takliflar kiritish.
Ekspertlik komissiyasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
7. Ekspertlik komissiyasi:
mazkur Nizom talablariga rioya qilishi;
aholi tomonidan taqdim etilgan qoʻlyozma, toshbosma, bosma asarlar, tarixiy hujjatlar, arxiv hujjatlari va eksponatlarni baholashda ilmiylik, xolisonalik, haqqoniylik, shaffoflik tamoyillariga asoslanishi;
aholidan xarid qilinadigan qoʻlyozma, toshbosma, bosma asarlar, tarixiy hujjatlar, eksponatlarning noyobligini tegishli tashkilotlarning qoʻshma qarori bilan tasdiqlangan baholash mezonlari asosida aniqlash, baholash va xarid narxi boʻyicha asoslangan xulosalar berishi;
oʻz faoliyati natijadorligi yuzasidan ilmiy va tahliliy axborotlar tayyorlashi, amalga oshirilayotgan ishlarni ommaviy axborot vositalarida keng targʻib qilib borishi zarur.
Ekspertlik komissiyasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
4-bob. Ekspertlik komissiyasi faoliyatini tashkil etish
8. Ekspertlik komissiyasi sohaning taniqli, tajribali olimlari va mutaxassislaridan iborat tarkibda tuziladi hamda tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori asosida tasdiqlanadi.
9. Ekspertlik komissiyasiga, qoida tariqasida, Markaz direktorining ilmiy-tadqiqot ishlari boʻyicha oʻrinbosari raislik qiladi.
10. Ekspertlik komissiyasiga samarali faoliyat yuritishi, aholidan kelib tushgan noyob manbalarni va eksponatlarni oʻrganish hamda tahlil qilishi uchun Markazda zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
11. Ekspertlik komissiyasi faoliyati bilan bogʻliq barcha masalalar ushbu Komissiya aʼzolarining bir yilda ikki marta oʻtkaziladigan yigʻilishlarida koʻrib chiqiladi, navbatdan tashqari yigʻilishlar bundan mustasno.
12. Ekspertlik komissiyasining har bir masala boʻyicha qarori alohida ovoz berish yoʻli bilan koʻpchilik maʼqullagan holda qabul qilinadi.
13. Ekspertlik komissiyasi qarori ovoz berish jarayonida ushbu Komissiya aʼzolarining 70 foizi ishtirok etgan taqdirda, qabul qilingan hisoblanadi.
Ovozlar teng boʻlib qolganda, Ekspertlik komissiyasi raisi hal qiluvchi ovozga ega boʻladi.
14. Ekspertlik komissiyasi faoliyati bilan bogʻliq hujjatlarni yuritish, saqlash, shuningdek, yigʻilish bayonnomalari va boshqa tegishli hujjatlarni tayyorlash hamda tegishli tashkilotlarga axborot taqdim etish ishlari Ekspertlik komissiyasi kotibi tomonidan amalga oshiriladi.
15. Ekspertlik komissiyasi amalga oshirilgan ishlar haqidagi hisobotni doimiy ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim qilib boradi.
5-bob. Aholidan xarid qilinadigan noyob yozma manbalar va eksponatlarni tahlil qilish, saralash, baholash va xarid qilish tartibi
16. Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan Ekspertlik komissiyasiga taqdim etilgan noyob yozma manbalar va eksponatlar, ular taqdim etilgan kundan boshlab uch oygacha muddatda Ekspertlik komissiyasi tomonidan tahlil qilinadi va baholanadi.
17. Ekspert komissiyasi manbalarni baholash natijalari va ularni xarid qilish qiymati boʻyicha xulosalarni hamda rasmiylashtirilgan hujjatlarni (qarorlar, bayonnomalar) oʻn kun muddatdan kechiktirmagan holda Markazga taqdim etadi.
18. Ekspertlik komissiyasi oʻzi taqdim etgan yakuniy xulosa va noyob manbalarning roʻyxati haqqoniyligi boʻyicha javobgar hisoblanadi.
19. Ekspertlik komissiyasi xulosalari va taqdim etilgan hujjatlar asosida noyob yozma manbalar va eksponatlar egalari bilan Markaz oʻrtasida qonunchilik talablariga muvofiq oldi-sotdi shartnomasi tuziladi.
20. Shartnomaga asosan xarid qilinayotgan noyob yozma manbalar va eksponatlar Markaz muzeyi yoki kutubxonasining saqlash boʻlimiga dalolatnoma asosida qabul qilinadi hamda shartnomada belgilangan mablagʻ egalariga toʻlab beriladi.
6-bob. Noyob yozma manbalar va eksponatlarni xarid qilish xarajatlarini moliyalashtirish
21. Quyidagilar noyob yozma manbalar va eksponatlarni xarid qilish hamda Ekspertlik komissiyasi faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
Markazga har yili maqsadli ajratiladigan Davlat budjeti mablagʻlari;
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
xalqaro tashkilotlarning grantlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
22. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
23. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-dekabrdagi 756-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
2022-yil 1-yanvardan eʼtiboran Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-maydagi 325-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.05.2025-y., 09/25/325/0460-son)
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 2-avgustdagi 572-son qarorida:
a) 2-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“2. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb yuritiladi) rahbar va boshqaruv xodimlarining (ilmiy yoʻnalishdagi boʻlimlar va Axborot-multimedia boʻlimidan tashqari) bazaviy lavozim maoshi miqdorlari Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 8-iyundagi 366-son qaroriga 30-ilovada keltirilgan tegishli lavozimlar uchun belgilangan miqdorlarga muvofiq belgilanadi;
“restavrator”, “ishlov beruvchi” lavozimlari hamda texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarga (Axborot-multimedia boʻlimidan tashqari) esa yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlash razryadlariga koʻra tarif koeffitsiyentlari 1,5 baravar oshirilgan holda qoʻllaniladi”;
b) 1-ilova (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ustavi)ning 28-bandidagi “daromad” soʻzi “foyda” soʻzi bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.12.2021-y., 09/21/756/1171-son; 08.05.2023-y., 09/23/193/0260-son; 22.05.2025-y., 09/25/325/0460-son; 06.09.2025-y., 09/25/565/0807-son)