Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilishning holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilishning holati yuzasidan parlament soʻrovi yuborish haqidagi masalani koʻrib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 12-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilishning holati yuzasidan parlament soʻrovi ilovaga muvofiq yuborilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi parlament soʻrovini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha 2022-yilning 20-fevraliga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yozma javob taqdim etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi (M. Kadirxanova) parlament soʻroviga kelib tushgan javobni tahlil qilib, 2022-yilning 5-martigacha Oliy Majlis Senatining Kengashiga axborot kiritsin.
4. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 18-noyabr,
SQ-430-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 18-noyabrdagi SQ-430-IV-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga
PARLAMENT SOʻROVI
(yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilishning holati yuzasidan)
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan birgalikda yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish holati Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Fargʻona va Namangan viloyatlari misolida oʻrganildi.
Xotin-qizlarning mehnat huquqlari Mehnat kodeksi, “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonun, Xalqaro mehnat tashkilotining “Bir xil qiymatga ega boʻlgan mehnat uchun erkaklar va xotin-qizlarni teng ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi, “Onalikni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Mehnat va mashgʻulotlar sohasidagi kamsitishlar toʻgʻrisida”gi konvensiyalari va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj yoʻnalishida 7,5 mingga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Ushbu korxonalarda ishlovchi 360 mingdan ziyod ishchilarning 70 foizidan ortigʻini xotin-qizlar tashkil etmoqda. 258 ta yengil sanoat korxonasining har birida 100 nafardan ortiq xotin-qizlar ishlamoqda.
“Oʻzcharmsanoat” uyushmasiga 525 ta korxona aʼzo boʻlib, bu yoʻnalishda ham 50 — 100 nafargacha ayollar faoliyat yuritayotgan korxonalar soni koʻpchilikni tashkil etadi.
Qonunchilik hujjatlariga asosan korxonalarda xodimlar uchun qulay mehnat sharoitlari yaratilgan.
Xususan, korxona va tashkilotlarda eng past lavozimdagi xodimlarning mehnatiga haq toʻlash yagona tarif setkasining 1-razryadi stavkasidan kam boʻlmagan miqdorda haq toʻlanishi taʼminlangan. Mehnat shartnomalariga ish beruvchi va xodimning mehnat muhofazasi boʻyicha huquq va majburiyatlariga oid masalalar kiritilgan.
Xodimlarning lavozim (funksional) vazifalari hamda har bir kasb va ish turlari uchun mehnat muhofazasi va xavfsizligi boʻyicha yoʻriqnomalar ishlab chiqilgan. Xodimlar bepul oziq-ovqat, maxsus kiyim-bosh, poyabzal, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan taʼminlangan.
Xodimlarning ishga kelishi va ketishi uchun maxsus transport vositalari, xotin-qizlar uchun shaxsiy gigiyena, maishiy-sanitariya xonalari ajratilgan.
Amalga oshirilgan ishlar bilan birga sohada oʻrganilgan korxonalarda kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilgan.
Birinchidan, Mehnat kodeksining ayrim normalariga rioya qilmaslik holatlari mavjud. Haq toʻlanadigan homiladorlik va tugʻish taʼtillari kuni belgilangan tartibda uzaytirib berilmagan. Xodimlarga yillik taʼtilning eng oz muddatidan (oʻn besh ish kunidan) ortiqcha qismi uchun pullik kompensatsiya toʻlanmagan. Uch yoshgacha farzandi boʻlgan ayollarni ishga qabul qilishda sinov muddati qoʻllanilgan. Uch yoshga toʻlmagan bolalari bor ayollarga 1 soatga qisqartirilgan ish kuni belgilanmagan. Oʻn ikki yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki oʻn olti yoshga toʻlmagan nogiron bolasi bor ayollarga har yili uch ish kunidan kam boʻlmagan muddat bilan haq toʻlanadigan qoʻshimcha taʼtil berilmagan. Ichki mehnat tartib-intizomi qoidalari ishlab chiqilmagan.
Ikkinchidan, “Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 4-moddasiga asosan xodim oʻz mehnat vazifalarini bajarishi bilan bogʻliq holda mehnatda mayib boʻlishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki sogʻligining boshqacha tarzda shikastlanishi munosabati bilan uning hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash boʻyicha ish beruvchi fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qildirmagan.
Uchinchidan, Mehnat kodeksi, “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq ishchi-xodimlarni davriy tibbiy koʻriklardan oʻtkazish tashkil etilmagan. Mavjud ish oʻrinlari mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazilmagan. “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq korxonalarda mehnatni muhofaza qilish jamgʻarmalari tashkil etilmagan.
Toʻrtinchidan, 2020-2021-yillar davomida ishga qabul qilingan xotin-qizlarning 40 — 50 foizga, ayrim korxonalarda hatto 90 foizga yaqini ishdan boʻshash holatlari mavjud. Bunga oylik maoshining nisbatan kamligi va ijtimoiy yoʻnalish boʻyicha ayollarni qoʻllab-quvvatlashning sustligi sabab boʻlmoqda.
Ogʻir, noqulay, zararli yoki xavfli ishlarda band boʻlgan xotin-qizlarga belgilangan imtiyoz va kompensatsiyalar qoʻllanilmagan. Ish joylarida mehnat sharoitlarini nazorat qilish talab darajasida tashkil etilmagan.
Kasb kasalliklari yuzaga kelishining oldini olish va kasb kasalligi tashxisini aniqlash, xodimlar mehnatining xavfsiz shart-sharoitlarini taʼminlash bilan bogʻliq kelishmovchiliklarni koʻrib chiqish talab darajasida yoʻlga qoʻyilmagan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati:
yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlar uchun qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ularning mehnatiga munosib ish haqi toʻlash, mehnatni muhofaza qilish, mehnat munosabatlari bilan bogʻliq masalalarda ish beruvchilarning masʼuliyatini oshirishga doir qonun va qonunchilik hujjatlarini xatlovdan oʻtkazish hamda xorijiy tajribani oʻrganish asosida amaldagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
“Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga asosan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan vakolatli davlat organlari hisobotlarini tizimli eshitib borish;
soha korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish masalalarida ish beruvchilar masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish;
yengil sanoat va charm sanoati korxonalari boʻyicha xavf-xatarlilik toifalari koʻrsatkich va tavsiflarini qayta koʻrib chiqish;
sohada xotin-qizlar uchun zarur mehnat sharoitlarini yaratish masalalarida nodavlat notijorat tashkilotlari, xalqaro mehnat tashkilotlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish;
ish beruvchilar tomonidan xodimlarni oʻqitish va bilim saviyalarini oshirish ishlarini tizimli yoʻlga qoʻyish;
xotin-qizlar mehnatini muhofaza qilish ishlarini doimiy monitoring qilib borishning onlayn tizimini yaratish;
mehnatga oid qonunchilik hujjatlarining ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi, shu jumladan ish beruvchilar oʻrtasida keng tushuntirilishini taʼminlash choralarini koʻrish;
xotin-qizlar mehnatini muhofaza qilishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari toʻgʻrisida yozma ravishda asoslantirilgan tushuntirish berish yoki oʻz nuqtai nazaringizni bayon qilish talabi qoʻyilgan
PARLAMENT SOʻROVI
bilan Sizga murojaat etadi hamda javobingiz Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilinishi va uning yakunlari boʻyicha qaror qabul qilinishi mumkinligi maʼlum qiladi.