O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOShKENT DAVLAT-AKSIONERLIK QURILISh KORPORATSIYASI “TOShKENT QURILISh”NI TAShKIL ETISh VA UNING FAOLIYATI MASALALARI
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 27-dekabrdagi 622-son “Toshkentuyjoyinvestqurilish” Toshkent moliya-qurilish korporatsiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
“Toshkent davlat-aksionerlik qurilish korporatsiyasini tashkil qilish to‘g‘risida”gi Farmonga va bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitlarida qurilish korxonalari va tashkilotlarining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qo‘yilsinki, Toshkent davlat-aksionerlik qurilish korporatsiyasi:
tugatilgan “Toshkentboshqurilish” boshqarmasining majburiyatlari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi;
muassislar tomonidan o‘ziga berilgan huquqlar doirasida moliyaviy-iqtisodiy, xo‘jalik ijtimoiy faoliyat masalalarini mustaqil hal etadi, korporatsiya Kengashi qaroriga muvofiq markazlashtirilgan sug‘urta, zaxira va boshqa jamg‘armalarni tashkil etadi;
korporatsiya tarkibiga kiruvchi birlashmalar, trestlar, korxonalar va tashkilotlarning davlat mulkini boshqaradi;
mehnat jamoalarining manfaatlarini hisobga olgan holda korporatsiya tarkibiga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarni aksionerlik jamiyatlariga, jamoa korxonalariga va mulkchilikning boshqa shakllariga aylantirish to‘g‘risida belgilangan tartibda takliflar kiritadi.
2. “Toshkentqurilish” korporatsiyasi tarkibiga 1-ilovaga* muvofiq o‘z xo‘jalik mustaqilliklarini va yuridik shaxs huquqlarini saqlab qoluvchi birlashmalar, trestlar, korxonalar va tashkilotlar kiritilsin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi va “Toshkentqurilish” korporatsiyasi 1993-yil davomida korporatsiya tarkibiga kiruvchi birlashmalar, trestlar, korxonalar va tashkilotlarni aksionerlik jamiyatlariga, jamoa korxonalariga aylantirish bo‘yicha tashkiliy tadbirlarni 2-ilovaga* muvofiq amalga oshirsinlar.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. Birlashmalar, trestlar, korxonalar va tashkilotlar:
ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirilayotganda — davlatga tegishli aksiyalar ulushi 51 foiz miqdorida belgilansin, qolgan qismi mehnat jamoalari a’zolariga imtiyozli sotib olish huquqi berilgan holda ochiq sotish yo‘li bilan tarqatilsin;
yopiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirilayotganda — aksiyalarining 55 foizi davlat mulki qilib biriktirilsin, 25 foizi mehnat jamoalari a’zolari, qolgan qismi esa korporatsiya korxonalari va tashkilotlari o‘rtasida tarqatilsin.
5. Belgilab qo‘yilsinki, Toshkent qurilishi korporatsiyasining ustav fondi korporatsiya tarkibiga kiruvchi birlashmalar, trestlar, korxonalar va tashkilotlari davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan hosil bo‘lgan aksionerlik jamiyatlarining davlatga tegishli bo‘lgan aksiyalarining 60 foizi, shuningdek boshqa manfaatdor yuridik shaxslarning, shu jumladan, xorijiy yuridik shaxslarning paylari hisobiga shakllanadi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat mulki jamg‘armasi korporatsiyaga:
davlatga tegishli aksiyalarning hissalariga muvofiq aksionerlik jamiyatlarining faoliyatiga rahbarlik qilish huquqini bersin;
davlatga tegishli aksiyalar bo‘yicha dividendlarning bir qismini korporatsiyaning rivojlanishi uchun shartnoma asosida unga berishni amalda qo‘llasin.
7. Korporatsiyani boshqarishning yuqori organi uning Kengashi hisoblanadi, u Boshqaruvni va taftish komissiyasini saylaydi, korporatsiya xodimlari mehnatiga haq to‘lash shartlari va tizimini belgilaydi. Korporatsiya apparati tuzilmasi, xodimlarning cheklangan soni 48 nafardan iborat qilib belgilangan holda (xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari), 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Boshqaruv raisi va uning o‘rinbosarlari korporatsiya Kengashi tomonidan saylanadi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Korporatsiyaga raisning 3 nafar o‘rinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi o‘rinbosari bo‘lishi tavsiya etilsin. Korporatsiya Boshqaruvi raisiga va uning o‘rinbosarlariga vazirliklar va idoralarning tegishli xodimlariga belgilangan moddiy-maishiy ta’minot, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shartlari joriy etilsin.
8. “Toshkentqurilish” korporatsiyasi bir oy muddatda korporatsiyaning Ustavini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi ilgari “Toshkentboshqurilish” boshqarmasi uchun o‘rnatilgan aloqa turlarini va telefonlarni korporatsiyaga saqlab qolsin.
10. Korporatsiya Toshkent shahar, O‘zbekiston shoh ko‘chasidagi 16-uyda joylashishi belgilab qo‘yilsin.
11. O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining “O‘zbekiston SSRning Toshkent shahridagi qurilishlar bo‘yicha Bosh boshqarmasini tashkil etish to‘g‘risida” 1989-yil 16-noyabrdagi 374-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosari o‘rtoq K.N. To‘laganov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 15-fevral,
83-son