O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
TOShKENT DAVLAT-AKSIONERLIK QURILISh KORPORATSIYASINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 23-dekabrdagi PF-1026-son “Toshkent moliya-qurilish korporatsiyasi (“Toshkentuyjoyinvestqurilish”)ni tashkil qilish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Toshkent shahrini kompleks ravishda barpo etish, qurilish tashkilotlari va korxonalarining xo‘jalik sohasidagi mustaqilligini oshirish, shuningdek ularning bozor sharoitlarida ishlashga o‘tishlari uchun zarur iqtisodiy zamin hozirlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahridagi qurilishlar bo‘yicha Bosh boshqarmasi (“Toshkentboshqurilish”) tugatilsin.
“Toshkentboshqurilish” tizimidagi birlashmalar, trestlar, tashkilot va korxonalarning Toshkent davlat-aksionerlik qurilish korporatsiyasi (“Toshkentqurilish”)ni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, Toshkent davlat-aksionerlik qurilish korporatsiyasi:
binokorlik sanoatining qurilish, sanoat korxonalarini, tugatilgan “Toshkentboshqurilish”ning ixtisoslashtirilgan tashkilotlari hamda boshqa bo‘linmalarini aksionerlik prinsiplari asosida ixtiyoriy ravishda birlashtiradi;
yuridik shaxs hisoblanadi hamda o‘z faoliyatini amaldagi qonunlar va korporatsiyaning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Ustavi asosida amalga oshiradi.
3. Quyidagilar Toshkent davlat-aksionerlik qurilish korporatsiyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
davlat topshiriqlariga muvofiq hamda buyurtmachilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘rishartnomalar bo‘yicha uy-joylar, sotsial-madaniy va ishlab chiqarish inshootlarini qurish va foydalanishga topshirish;
binokorlik materiallari, konstruksiyalari hamda boshqa sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va sotish, korxonalar, tashkilotlarga hamda aholiga ta’mirlash-qurilish xizmatlari va boshqa xizmat turlarini ko‘rsatish;
kooperatsiya va tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish hamda mustahkamlashda korporatsiya qatnashchilariga ko‘maklashish, ularga tijorat, marketing xizmatlari va boshqa turdagi xizmatlarni ko‘rsatish;
moddiy-texnika resurslari bozorini o‘rganish, ular bilan markazlashtirilgan tarzda ta’minlanishni tashkil qilish, o‘zining moddiy-ishlab chiqarish bazasini kengaytirish va mustahkamlash;
ishlab chiqarishning texnikaviy darajasi va ishlarning sifatini oshirishni, ularning xarajatini kamaytirishni ta’minlaydigan loyiha-texnologiya hamda ilmiy-texnikaviy ishlanmalar va innovatsiya dasturlarini ishlab chiqishni tashkil qilish.
4. O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi o‘n kun muddat ichida Toshkent davlat-aksionerlik qurilish korporatsiyasini tashkil etish va uning faoliyatiga oid qaror qabul qilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 8-fevral,
PF-558-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 3-son, 135-modda)