O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining
buyrug‘i
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 8-sentabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3319]
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining 2026-yil 28-martdagi 84-sonli “Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyati to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3829, 06.05.2026-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi PQ-5177-son “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati to‘g‘risidagi namunaviy nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Direktor A. BURXANOV
Toshkent sh.,
2021-yil 6-sentabr,
27-son
Kelishildi:
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi K. RAFIKOV
2021-yil 26-avgust.
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N. XUSANOV
2021-yil 25-avgust.
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining 2021-yil 6-sentabrdagi 27-son buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati to‘g‘risidagi
NAMUNAVIY NIZOM
Ushbu Namunaviy nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi PQ-5177-son “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining (bundan buyon matnda Nazorat tuzilmalari deb yuritiladi) maqsadi, vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlari hamda ularning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Namunaviy nizomda davlat organlari va tashkilotlari deganda — davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar (bundan buyon matnda tashkilot deb yuritiladi) tushuniladi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2025-yil 11-apreldagi 69-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3619, 23.04.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.05.2025-y., 10/25/3619/0399-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
2. Nazorat tuzilmalari o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, o‘zlari faoliyat yuritayotgan davlat organlari va tashkilotlari rahbarining qarorlari, buyruqlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Namunaviy nizomga amal qiladi.
3. Nazorat tuzilmalari o‘z tashkilotlarida korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish choralarini ko‘rishga mas’ul hisoblanadi.
2-bob. Davlat organlari va tashkilotlarining nazorat tuzilmalarini tashkil etish
4. Nazorat tuzilmalari o‘z faoliyatida bevosita tashkilotning birinchi rahbariga (kuzatuv kengashiga) bo‘ysunadi.
5. Nazorat tuzilmalari rahbarlari tashkilot tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) bilan birgalikda o‘tkaziladigan ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi.
6. Nazorat tuzilmalari rahbarlarini lavozimidan ozod etish masalasi Agentlik bilan kelishiladi.
Bunda, tashkilot tomonidan Agentlikka tashkilot rahbarining Nazorat tuzilmasi rahbarini lavozimidan ozod etish haqidagi taqdimnomasi beriladi.
Ushbu taqdimnomada xodimni lavozimidan ozod etish sabablari, motivlari ko‘rsatiladi. Taqdimnomaga xodimni lavozimidan ozod etish sabablari va motivlarini tasdiqlovchi hujjatlar (masalan, xodimning arizasi, ichki mehnat tartibi qoidalarini buzganligini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar va boshqa shu kabi hujjatlar) ilova qilinadi.
7. Agentlik tomonidan Nazorat tuzilmasi rahbarini lavozimidan ozod etish sabablari, motivlari yetarli emas deb hisoblansa, shu jumladan Nazorat tuzilmasi rahbari ta’qib qilinayotganligi haqida ma’lumotlarga ega bo‘lsa, ushbu masalada Nazorat tuzilmasining rahbari bilan suhbat o‘tkazilishi mumkin.
8. Quyidagilar Nazorat tuzilmasi rahbarini lavozimidan ozod etishni kelishishni rad etish uchun asos bo‘ladi:
Nazorat tuzilmasi rahbarini lavozimidan ozod etish uchun sabablar yetarli emas deb topilganda;
Nazorat tuzilmasi rahbarining zimmasiga yuklatilgan vazifa va majburiyatlar doirasidan tashqari vazifalarni bajarmaganligi yoki o‘ziga yuklatilgan vazifa va majburiyatlarni bajarganligi uchun ta’qib qilinganligi holati aniqlanganda.
9. Taqdim etilgan hujjatlar Agentlik tomonidan uch ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, tegishli tashkilotga Nazorat tuzilmasi rahbarini lavozimidan ozod etishni kelishish yoki kelishishning rad etilganligi sabablari ko‘rsatilgan xat taqdim etiladi.
3-bob. Nazorat tuzilmalarining asosiy maqsadi, vazifa va funksiyalari
10. Nazorat tuzilmalarining asosiy maqsadi tashkilotda, shuningdek, uning hududiy va tarkibiy bo‘linmalarida (bundan buyon matnda tashkilot tizimi deb yuritiladi) korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ISO37001:2016 xalqaro standarti talablariga javob beruvchi kompleks tizimni, xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini joriy etish va rivojlantirish, korrupsiyaviy holatlarni barvaqt aniqlash va ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, korrupsiyaviy xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olish, tashkilot tizimi xodimlarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida ularning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, tashkilot tizimida korrupsiyaga qarshi profilaktik chora-tadbirlarni tashkil etish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hujjatlar ijrosini ta’minlashdan iborat.
11. Quyidagilar Nazorat tuzilmalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
tashkilotning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatini takomillashtirish;
tashkilotda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga qarshi kurashish;
tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining samarali ishlashini ta’minlash va nazorat qilish;
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi boshqa davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikni olib borish.
12. Nazorat tuzilmalari o‘ziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) tashkilotning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatini takomillashtirish sohasida:
tashkilot tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan ichki idoraviy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi;
tashkilotning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun tashkilot rahbariga kiritadi;
tashkilotning faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar va ichki idoraviy hujjatlarda aniqlangan korrupsiyaviy normalarni bartaraf qilish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi;
tashkilot tomonidan ishlab chiqiladigan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar loyihalarini tashkilot tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatiga mosligi, maqbulligi va dolzarbligi nuqtai nazaridan baholaydi va xulosalar beradi;
tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini yanada samarali tashkil etish va takomillashtirishga qaratilgan aniq takliflarni Agentlikka kiritib boradi.
b) tashkilotda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga qarshi kurashish sohasida:
tashkilotda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholaydi, ularning natijalari bo‘yicha aniqlangan xavf-xatarlarni kamaytirish yuzasidan chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqadi va tashkilotda korrupsiyaviy xavf-xatari yuqori bo‘lgan lavozimlar ro‘yxatini yaratadi;
tashkilot tomonidan o‘xshash huquqbuzarliklar sodir etilishi ehtimolini baholash maqsadida davlat hokimiyatining boshqa organlarida korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilishining holati va yo‘nalishlari haqida ma’lumot to‘playdi;
maxsus axborot aloqa kanallari orqali tashkilot xodimlari tomonidan korrupsiyaviy xavf-xatarlar va huquqbuzarliklar haqida kelib tushadigan murojaatlarni tahlil qiladi va ularni belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishini ta’minlaydi;
tashkilotda yuritiladigan xizmat tekshiruvlari reyestri yoki o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlarini ro‘yxatga oladigan boshqa tegishli hujjatda korrupsiya faktlariga doir xizmat tekshiruvlari bo‘yicha ma’lumotlarning to‘g‘ri va to‘liq aks ettirib borilishini nazorat qiladi;
davlat xaridlarini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuvini tahlil qilishda va tashkilot bilan shartnomaviy munosabatlarga (mehnat munosabatlari bundan mustasno) kirishgan har qanday yuridik yoki jismoniy shaxslarning ishonchliligini tekshirish jarayonida ishtirok etadi;
tashkilot xodimlariga korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha tushuntirish va tavsiyalar beradi;
korrupsiya faktlari haqida xabar berishga mo‘ljallangan maxsus axborot aloqa kanallarining faoliyat natijalarini tahlil qiladi va tahliliy materiallarni tashkilot xodimlariga yetkazadi;
tashkilot faoliyatidagi korrupsiyaviy holatlarni va xavf-xatarlarni aniqlash maqsadida aholi va xodimlar orasida so‘rovlar o‘tkazadi;
korrupsiyaga qarshi kurashishga oid talab va normalarning buzilishi masalalari bo‘yicha intizomiy javobgarlikka tortilayotgan shaxslarga jazo choralarining mutanosibligi va yetarliligini nazorat qiladi;
korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida tashkilotda korrupsiya faktlari yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari natijalari haqidagi ma’lumotlarni tahlil qiladi;
har chorakda va tashkilot rahbari talabiga ko‘ra tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda ulardagi korrupsiyaviy holat haqida tashkilot birinchi rahbariga ma’lumot kiritib boradi;
v) tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini samarali ishlashini ta’minlash va nazorat qilish sohasida:
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturlarida tashkilotga yuklatilgan vazifalar ijrosini monitoring qiladi va nazoratini amalga oshiradi;
tashkilot tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining ISO37001:2016 Korrupsiyaga qarshi xalqaro standarti talablariga mosligini ta’minlaydi;
tashkilot xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv rejalarining korrupsiyaga qarshi normalarga oid qismini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
tashkilot xodimlari, shu jumladan korrupsiyaviy xavf-xatari yuqori bo‘lgan lavozimlardagi xodimlar uchun korrupsiyani oldini olish bo‘yicha o‘quv materiallarini ishlab chiqadi;
o‘quv rejaga muvofiq tashkilotning barcha xodimlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha treninglarning o‘tkazilishini hamda ularda xodimlarning ishtirok etishini nazorat qiladi;
tashkilot tizimi xodimlari va fuqarolar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarida ishtirok etadi;
tashkilotning rasmiy veb-saytidagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish” bo‘limi hamda ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalariga joylashtirilgan ma’lumotlarni yangilanib borilishini ta’minlaydi;
tashkilot tizimidagi xodimlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va tashkilotning korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha ichki hujjatlariga rioya qilinishini monitoring va nazorat qiladi;
tashkilot tizimidagi korrupsiyaviy xatti-harakatlar bo‘yicha xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish tashabbusini ilgari suradi va unda ishtirok etadi;
odob-axloq komissiyalari tomonidan manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha qabul qilingan qarorlarning xolisligi va maqbulligini tekshiradi;
amalga oshirilgan monitoring, xizmat tekshiruvlari va nazorat tadbirlari natijalari bo‘yicha korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqadi;
tashkilot tizimidagi korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul tuzilma (shaxs)lar bilan hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ishlarni tashkil etish va xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan konferensiyalar, uchrashuvlar, seminarlar, tanlovlar va boshqa tadbirlarni tashkil etadi;
tashkilot faoliyati uning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki hujjatlariga hamda xalqaro standartlarga muvofiqligi yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazadi;
g) korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi boshqa davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikni olib borish sohasida:
aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga doir chora-tadbirlarning ishlab chiqilishida ishtirok etadi;
qonunchilik hujjatlari bilan tashkilot zimmasiga yuklatilgan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha vazifalarga muvofiq xorijiy davlatlarning vakolatli organlariga zarur axborotni taqdim etish to‘g‘risida so‘rovlar yuboradi va ularning so‘rovlariga javob berishda ishtirok etadi;
tashkilotning korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish yuzasidan xorijiy mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
korrupsiyaviy xatti-harakatlarni bartaraf qilish yoki korrupsiyaviy jinoyatlarni tergov qilish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qiladi.
Nazorat tuzilmasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
13. Nazorat tuzilmalariga va ularning xodimlariga ushbu Nizom va boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilmagan funksiyalarning yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
4-bob. Nazorat tuzilmalarining huquq va majburiyatlari
14. Nazorat tuzilmalari o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
o‘zi faoliyat yuritayotgan tashkilot xodimlaridan ularning vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan tahliliy materiallarni, xulosalarni, statistik va boshqa ma’lumotlarni olish;
xizmat majburiyatlarini bajarish doirasida tashkilot xodimlaridan zarur yordam so‘rash va olish;
tashkilot tizimi xodimlari faoliyatida aniqlangan korrupsiyaviy huquqbuzarliklar yuzasidan xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish;
tashkilot rahbariyatiga korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish;
o‘z faoliyati doirasida tashkilot tizimiga yozma ko‘rsatmalar, topshiriq xatlari va tavsiyalar berish;
tashkilotning korrupsiyaga oid majlislarida ishtirok etish;
tekshiruvlar o‘tkazish, hujjatlarni talab qilish, xodimlardan yozma tushuntirishlar olish.
Nazorat tuzilmalari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
15. Nazorat tuzilmalari o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi majburiyatlarga ega:
ushbu Nizom va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan yuklatilgan funksiyalarni zarur darajada va samarali bajarish;
qonunchilik hujjatlari talablariga qat’iy rioya qilish va o‘z vakolat doirasidan chetga chiqmaslik;
tashkilot tizimida jinoyat alomatlari, xususan korrupsiya holatlari aniqlanganligi to‘g‘risida zudlik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqori turuvchi organ, Agentlik va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish;
tashkilotning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, odob-axloq qoidalarining korrupsiyaga oid qismining buzilganligi fakti yuzasidan tashkilot rahbariyatiga ma’lumotnomalar kiritish;
har chorakda, keyingi chorak birinchi oyining birinchi o‘n kunligida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar va chora-tadbirlar to‘g‘risidagi choraklik hisobotni Agentlikka taqdim etish.
Nazorat tuzilmalari xodimi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
16. Nazorat tuzilmalari xodimlari korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida faoliyat yurituvchi xodimlarga mo‘ljallangan o‘quv kurslari yoki maxsus seminar-treninglarda ishtirok etadi. O‘quv kurslari yoki maxsus seminar-treninglar tashkilot yoxud Agentlik tomonidan tashkil etilishi mumkin.
17. Nazorat tuzilmasi faoliyatining natijadorligi tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining samaradorlik va maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish natijalariga asosan baholanadi.
Nazorat tuzilmalari faoliyatining maqsadli ko‘rsatkichlari tashkilotning birinchi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Nazorat tuzilmasi faoliyati samaradorligining maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish ustidan nazorat Agentlik tomonidan amalga oshiriladi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
18. Ushbu Nizom talablarini buzganlikda aybdor deb topilgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
19. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan kelishilgan.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.09.2021-y., 10/21/3319/0856-son; 01.05.2025-y., 10/25/3619/0399-son)