Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyundagi PF-101-sonli “Maʼmuriy islohotlar doirasida suv xoʻjaligi sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi “Suv resurslaridan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi va nazorat tizimini yanada takomillashtirish hamda suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6200-son Farmoni ijrosini taʼminlash hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi “Suv resurslaridan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi va nazorat tizimini yanada takomillashtirish hamda suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6200-son Farmonida:
a) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasining (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilanganligi:
suv omborlari, sel-suv omborlari va xavf darajasi yuqori boʻlgan boshqa suv xoʻjaligi obyektlarining (keyingi oʻrinlarda — xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlari) xavfsizligini, ishonchli ishlashini hamda qoʻriqlanishini nazorat qilish;
xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlarini joylashtirish va loyihalash boʻyicha topshiriqlarni hamda ulardan foydalanish boʻyicha qoidalarni kelishish, shuningdek, ularning xavfsizligi qoidalari va mezonlarini ishlab chiqish;
xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ularni foydalanishga qabul qilish, konservatsiyalash va tugatish ishlarida ishtirok etish hamda tegishli xulosalar berish;
xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlarining xavfsizlik darajasini aniqlash ishlariga zamonaviy texnologiyalar va ilgʻor tajribalarni joriy qilish;
favqulodda vaziyatlarda xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlarining aholiga va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish;
b) Inspeksiya Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Katta va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 33 nafardan iborat tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Inspeksiya boshligʻiga:
Inspeksiyaga yuklatilgan vazifalar ijrosini taʼminlash doirasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar, loyiha tashkilotlari, ilmiy va taʼlim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini ekspert sifatida jalb qilish;
zarur hollarda, xodimlarning shtatdagi belgilangan umumiy soni doirasida Inspeksiya tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. Belgilansinki:
Inspeksiyaga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan hamda lavozimidan ozod etiladigan boshliq rahbarlik qiladi;
Inspeksiya boshligʻi oʻrinbosari Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi;
Inspeksiya boshligʻi mehnatga haq toʻlash, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish shartlari boʻyicha vazirga, Inspeksiya boshligʻi oʻrinbosari — vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi;
Inspeksiya bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi;
Inspeksiya Davlat budjeti mablagʻlari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladi.
5. Inspeksiya Suv xoʻjaligi vazirligi (A.S. Nazarov), Favqulodda vaziyatlar vazirligi (A.H. Qoʻldoshev), Energetika vazirligi (Sh.H. Xodjayev), Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (J.S. Kazbekov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlarining roʻyxatini shakllantirsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev), Energetika vazirligi (Sh.H. Xodjayev), “Oʻzbekgidroenergo” AJ (A.A. Sanginov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari hamda tasarrufida xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlari boʻlgan tashkilotlar rahbarlari doimiy ravishda:
xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlarida favqulodda vaziyatlarga yoʻl qoʻymaslik borasida profilaktik tadbirlarning oʻtkazilishini, tahdidlar va ularning kelib chiqishi omillarining oldindan aniqlanishi va ularni bartaraf etish choralari koʻrilishini, tahdidlar va xavfdan aholini ogohlantirish, xabar berish tizimlari yaratilishini va uzluksiz ishlashini taʼminlab borsin;
xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlarini loyihalash, qurish, foydalanishga topshirish, foydalanish, taʼmirlash-tiklash, rekonstruksiya qilish, konservatsiyalash, foydalanishdan chiqarish va tugatish davrida ularning xavfsizlik meʼyorlari va qoidalariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlab borsin;
har bir xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlarini loyiha-smeta hujjatlari, foydalanish qoidalari va yoʻriqnomalar, xavfsizlik deklaratsiyasi, pasporti va kadastr hujjati bilan taʼminlash, shuningdek, har yili 1-fevralga qadar xavfsizligi va ishonchli ishlashi yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqib, ijrosini nazoratga olib borsin;
xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlarida zarur boʻlgan avariya moddiy-texnika zaxiralarining yetarli hajmlarda saqlanishini taʼminlab borsin;
xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlarining texnik holati hamda ularga tabiiy va texnogen omillar taʼsiri ustidan nazorat (monitoring)ni kuchaytirish choralarini koʻrib borsin.
7. Belgilansinki, Inspeksiya huzurida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Suv xoʻjaligi vazirligi, Energetika vazirligi va boshqa vakolatli idoralarning rahbariyatidan iborat Suv xoʻjaligi obyektlarining xavfsizligi boʻyicha ekspertlar kengashi (keyingi oʻrinlarda — Ekspertlar kengashi) faoliyat koʻrsatadi.
Quyidagilar Ekspertlar kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:
xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligi boʻyicha idoralararo samarali hamkorlikni taʼminlash;
xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlarining xavfsizligi va ularning ishonchli ishlashi boʻyicha ustuvor masalalarni koʻrib chiqish;
xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlarining xavfsiz va ishonchli ishlashi uchun ularni rekonstruksiya qilish va qayta jihozlash boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan ishlarni amalga oshirish yuzasidan tavsiyalar berish;
xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlarining xavfsizlik deklaratsiyasi ekspertizasi natijalari boʻyicha qarorlar qabul qilish.
Ekspertlar kengashining oʻz vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qabul qilgan qarorlari barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar tomonidan ijro etilishi majburiyligi belgilab qoʻyilsin.
8. Inspeksiya xodimlariga oʻz vazifalarini bajarishda quyidagi huquqlar berilsin:
Inspeksiya nazoratidagi suv xoʻjaligi obyektlarida inspektorlik tekshiruvlarini oʻtkazish;
xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlariga moneliksiz kirish, ularning xavfsizligi va ishonchli ishlashi yuzasidan texnik nazoratni tashkil etish masalalariga, ularning qoʻriqlanishi hamda muhofaza zonalari va sohilboʻyi mintaqalari oʻrnatilganligiga doir materiallar bilan tanishish;
Inspeksiya nazoratidagi suv xoʻjaligi obyektlarini texnik soz holatda saqlash va muhofaza qilish, ularning xavfsizligini va ishonchli ishlashini taʼminlash hamda aniqlangan kamchiliklarni, shuningdek, ularning kelib chiqishiga sabab boʻlgan shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga bajarilishi shart boʻlgan taqdimnoma hamda koʻrsatmalar kiritish;
Inspeksiya nazoratidagi suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlar rahbarlari va xavfsizlik talablari uchun masʼul boʻlgan rahbar-mutaxassislarning malakasi nazoratini olib borish, ularni yaxshilash boʻyicha tegishli ravishda yuqori turuvchi idoralarga takliflar kiritish.
9. Inspeksiya Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Turkqoʻrgʻon koʻchasi, 26-uy manzili boʻyicha joylashtirilsin.
10. Inspeksiya xodimlarining ish haqi fondi Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan quyidagi mablagʻlar hisobidan shakllantiriladi:
Yagona tarif setkasi boʻyicha tasdiqlangan razryadlarga muvofiq lavozim maoshi;
40 foiz miqdorida mehnatni ragʻbatlantirish koeffitsiyenti;
uzoq muddat uzluksiz xizmati uchun lavozim maoshiga ustama;
yilda ikki oylik mehnatga haq toʻlash fondi miqdorida mukofot;
yilda bir marta oylik mehnatga haq toʻlash fondi miqdorida moddiy yordam;
budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi hisobidan moddiy yordam.
Inspeksiya xodimlariga Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan quyidagi miqdorlarda uzoq muddat uzluksiz xizmati uchun har oylik lavozim maoshiga ustama toʻlanadi (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda): 2 yildan 5 yilgacha — 0,1; 5 yildan 10 yilgacha — 0,2; 10 yildan 15 yilgacha — 0,3; 15 yildan 20 yilgacha — 0,4; 20 yildan 25 yilgacha — 0,5; 25 yildan ortiq — 0,6.
Bunda, uzoq muddat uzluksiz xizmati uchun lavozim maoshiga ustama olish huquqini beruvchi ish staji Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanadigan tartib asosida hisoblanadi.
11. Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda Inspeksiyaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududiy inspektorlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari binolarida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirsin.
12. Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov):
Inspeksiya markaziy apparati uchun 3 ta xizmat avtotransport vositasini, shu jumladan 2 ta shaxsiy biriktirilgan xizmat avtotransport vositasi, 1 ta navbatchi avtotransport vositasi hamda hududiy inspektorlar uchun 13 ta yengil xizmat avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratsin;
Inspeksiyaning asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
13. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizomni;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi huzuridagi Ekspert kengashi toʻgʻrisidagi nizomni va uning tarkibini tasdiqlasin.
14. Inspeksiya manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Inspeksiya boshligʻi belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 22-aprel,
PQ-5090-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-apreldagi PQ-5090-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi
TUZILMASI
|
|
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Boshliq |
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Ekspertlar kengashi |
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Boshliq oʻrinbosari |
Bosh hisobchi 1 |
|||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Suv omborlari hamda sel-suv omborlarining xavfsizligi va ishonchli ishlashini nazorat qilish boʻyicha guruh 2 |
Bosh yuriskonsult 1 |
|||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
AKT boʻyicha mutaxassis 1 |
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Nasos stansiyalari hamda gidroelektrostansiyalarning xavfsizligi va ishonchli ishlashini nazorat qilish boʻyicha katta mutaxassis |
|
|||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududiy inspektorlari Inspektor — 13 Bosh mutaxassis — 11 |
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Gidrouzellar hamda magistral kanallar xavfsizligi va ishonchli ishlashini nazorat qilish boʻyicha katta mutaxassis |
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
“Gidrotexnika inshootlarini diagnostikasi markazi” DUK |
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 33 birlik.
Ishlab chiqarish, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar soni qonunchilik hujjatlariga muvofiq normativlar boʻyicha belgilanadi.
Izoh: mazkur ilova 2021-yil 3-maydan boshlab kuchga kiradi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2021-y., 07/21/5090/0369)