Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
“Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma uch yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qarorini qoʻllanish tartibi haqida
“Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma uch yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qarorining amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma uch yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qarorini qoʻllanish tartibi haqidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Amnistiya aktining qoʻllanilishi ustidan jamoatchilik nazoratini va qarorni qoʻllanish tartib-taomillarining ochiq-oshkoraligini taʼminlash uchun senatorlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) mintaqaviy vakillaridan iborat ishchi guruhlar tuzilsin. Ishchi guruhlar tarkibiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlarining deputatlari (kelishuvga muvofiq) kiritilsin.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi N. YOʻLDOSHEV
Toshkent sh.,
2015-yil 3-dekabr,
SQ-60-III-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2015-yil 3-dekabrdagi SQ-60-III-sonli Qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
“Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma uch yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qarorini qoʻllanish tartibi haqida
NIZOM
1. “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma uch yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qarori (bundan buyon matnda Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror deb yuritiladi) u kuchga kirgunga qadar jinoyat sodir etgan va Oʻzbekiston Respublikasi sudlari tomonidan hukm qilingan shaxslarga, ular jazoni qayerda oʻtayotganligidan qatʼi nazar, qoʻllaniladi.
2. Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorni qoʻllanish haqidagi qaror har bir shaxsga nisbatan alohida qabul qilinadi. Zarur maʼlumotlar boʻlmagan taqdirda, amnistiya aktini qoʻllanish masalasining koʻrib chiqilishi qoʻshimcha materiallar olingunga qadar, lekin ikki oydan koʻp boʻlmagan muddatga kechiktirib turiladi. Shundan keyin qaror mavjud hujjatlar asosida qabul qilinadi. Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorni ijro etuvchi organlarning soʻrovlari darhol bajariladi.
3. Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorni qoʻllanishda qonunda belgilangan tartibda tugallangan yoki olib tashlangan sudlanganlik holati hisobga olinmaydi. Jinoyat toʻgʻrisidagi amaldagi qonun hujjatlariga binoan jinoyat hisoblanmaydigan qilmishlar uchun hukm etilgan shaxslar ham sudlanmagan deb hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qarorlari asosida:
sudlanganlik holati tugallanganligi yoki u olib tashlanganligidan qatʼi nazar, sud tomonidan tayinlangan jazoni oʻtashdan ozod qilinganlarni;
sud hukmi chiqarilmagan holda jinoiy javobgarlikdan ozod qilinganlarni afv etish yoki amnistiya tartibida ilgari jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilingan shaxslar deb hisoblash kerak.
4. Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorni qoʻllanish sudlar tomonidan:
oʻz ish yurituvida (barcha instansiyalarda) qaysi shaxslarning jinoyatlari haqidagi ishlar va materiallar boʻlsa, shu shaxslarga nisbatan;
hukmi qonuniy kuchga kirgan, biroq ijro etilmagan, qamoqda saqlanmayotgan shaxslarga nisbatan;
jinoyatlari haqidagi ishlar va materiallar tergov va surishtiruv organlari ish yurituvida boʻlgan shaxslarga nisbatan — prokurorning iltimosnomasiga koʻra;
jazoni oʻtayotgan mahkumlarga nisbatan — jazoni ijro etish muassasasi yoxud organining boshligʻi (harbiy xizmatchilarga nisbatan harbiy qism yoki intizomiy qism komandiri) tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida prokurorning iltimosnomasiga koʻra amalga oshiriladi.
Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorni qoʻllanish haqidagi masala sudlar tomonidan koʻrib chiqilayotganda prokuror ishtirok etishi shart.
5. Uch oylik muddat oʻtganidan keyin Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorni qoʻllanish masalasi sudlar tomonidan hal etiladi.
6. Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorning 1-bandini qoʻllanishda jinoyatlar sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslar ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazodan, shuningdek ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolardan ozod qilinadi.
Mazkur bandni qoʻllanishda:
a) “a” kichik bandi taʼsir doirasiga, yoshidan va fuqarolikka mansubligidan qatʼi nazar, ayollar tushadi;
b) “b” kichik bandi taʼsir doirasiga, fuqarolikka mansubligidan qatʼi nazar, jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga toʻlmagan shaxslar tushadi;
v) “v” kichik bandi taʼsir doirasiga, fuqarolikka mansubligidan qatʼi nazar, 1955-yil 4-dekabrga qadar tugʻilgan erkaklar tushadi;
g) “g” kichik bandi taʼsir doirasiga chet davlatlar fuqarolari boʻlgan shaxslar tushadi.
Fuqarolikka mansublik milliy pasportlar boʻyicha ham, boshqa hujjatlar, shu jumladan tegishli davlatlar elchixonalari yoxud konsullik muassasalari rasmiy tasdiqlagan hujjatlar boʻyicha ham aniqlanadi. Amnistiya qoʻllaniladigan shaxslarning fuqaroligini tasdiqlovchi hujjatlar boʻlmagan taqdirda, ularning fuqaroligi doimiy yashaydigan mamlakatning amaldagi qonun hujjatlari boʻyicha aniqlanadi.
Amnistiya qoʻllaniladigan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligi “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasiga muvofiq aniqlanadi.
Chet davlatlarning fuqarolari Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror asosida jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilingach, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 21-noyabrdagi 408-sonli qarorida belgilangan tartibda mamlakatdan chiqarib yuborilishi lozim.
Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorni ijro etuvchi organlar, oʻz ish yurituvlarida chet davlatlar fuqarolariga nisbatan ishlar boʻlgan taqdirda, mazkur shaxslarni chiqarib yuborish zarurligi haqida tegishli idoralarga darhol xabar qilishlari shart;
d) “d” kichik bandi taʼsir doirasiga:
Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror kuchga kirgunga qadar qonunda belgilangan tartibda I yoki II guruh nogironi deb topilgan shaxslar;
Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror kuchga kirgunga qadar bir yil ichida jazoni ijro etish yoki yashash joyidagi davolash muassasalarining tibbiy komissiyalari qaroriga asosan aktiv shakldagi sil kasalligiga chalingan deb topilgan mahkumlar (1 va 2-guruh dispanser hisobidagilar) tushadi.
7. Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorning 2-bandi taʼsir doirasiga oʻzlariga tayinlangan jazo turi va miqdoridan qatʼi nazar, ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etgan shaxslar, shuningdek ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni qasddan sodir etganligi uchun birinchi marta hukm qilingan shaxslar tushadi.
8. Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorning 3-bandi taʼsir doirasiga sodir etgan jinoyatining ogʻirligidan, tayinlangan jazo miqdoridan qatʼi nazar, ozodlikdan mahrum qilinib, Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror eʼlon qilingan kunga qadar ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtash uchun amalda ikki yil-u olti oydan koʻp boʻlmagan muddat qolgan mahkumlar tushadi.
9. Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorning 4-bandi doirasiga sodir etgan jinoyatining ogʻirlik darajasi va tayinlangan jazo miqdoridan qatʼi nazar, ozodlikdan mahrum qilinib, Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror eʼlon qilingan kunda ozodlikdan mahrum etish jazosini haqiqatda oʻtashning uch yil-u olti oydan kam boʻlgan muddati qolgan mahkumlar tushadi.
10. Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorning 5-bandi Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 68-moddasidagi asoslar boʻyicha qoʻllanilganida, yaʼni shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilinganida, Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorning 1-bandida qayd etilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarga oid tergovga qadar tekshiruv materiallari hamda jinoyat ishlari Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorning 6-bandi bilan belgilangan istisnolarni hisobga olgan holda tugatilishi kerak.
Surishtiruvchi, tergovchi Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorga koʻra jinoyat ishini qoʻzgʻatish rad etilishi kerak boʻlgan tergovga qadar tekshiruv materiallari, shuningdek tugatilishi lozim boʻlgan jinoyat ishlari boʻyicha Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorni qoʻllanish haqida sudga iltimosnoma kiritish toʻgʻrisida prokurorga taqdimnoma kiritadi va unga tergovga qadar tekshiruv materialini yoxud jinoyat ishini topshiradi.
Prokuror taqdimnomani tergovga qadar tekshiruv materiali yoxud jinoyat ishi bilan birgalikda oʻrganib, rozi boʻlgan taqdirda, Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorni qoʻllanish haqida sudga iltimosnoma kiritadi.
Sud iltimosnomani prokuror va manfaatdor shaxslar ishtirokida koʻrib chiqib, Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorni qoʻllanish haqida yoxud prokurorning iltimosnomasini qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
Ayni bir vaqtda sud manfaatdor shaxslarga qabul qilingan qaror ustidan shikoyat berish tartibini tushuntiradi.
Agar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, u vafot etgan taqdirda esa, uning yaqin qarindoshlaridan biri eʼtiroz bildirsa, Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror asosida jinoyat ishining tugatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bunday holda jinoyat ishi boʻyicha ishni yuritish umumiy tartibda davom ettiriladi va asoslar boʻlsa, sud Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi 463-moddasi uchinchi qismining 1-bandi talablariga muvofiq jazo tayinlamasdan ayblov hukmi chiqaradi.
Har ikkala holatda ham bunday shaxslarning harakatlari oqibatida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash masalalari fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida hal qilinadi.
11. Jazoni ijro etish muassasasi yoxud organining boshligʻi (harbiy xizmatchilarga nisbatan harbiy qism yoki intizomiy qism komandiri) mahkumga nisbatan Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorni qoʻllanish haqida sudga iltimosnoma kiritish toʻgʻrisida prokurorga taqdimnoma kiritadi va unga mahkumning shaxsiy yigʻmajildini topshiradi.
Prokuror taqdimnomani mahkumning shaxsiy yigʻmajildi bilan birgalikda oʻrganib, rozi boʻlgan taqdirda, Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorni qoʻllanish haqida sudga iltimosnoma kiritadi.
Sud iltimosnomani prokuror va manfaatdor shaxslar ishtirokida koʻrib chiqib, Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorni qoʻllanish haqida yoxud prokurorning iltimosnomasini qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
Ayni bir vaqtda sud manfaatdor shaxslarga qabul qilingan qaror ustidan shikoyat berish tartibini tushuntiradi.
12. Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror 6-bandining “a” kichik bandiga muvofiq, uning amal qilishi uzoq muddatga yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan; oʻta xavfli retsidivist deb topilgan; taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etgan (Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 150 — 163, 216, 2161, 2162, 242, 244, 2441, 2442, 2443-moddalari); jinoiy uyushma tarkibida jinoyat sodir etgan; jazoni oʻtash tartibini muntazam ravishda buzayotgan; afv etish yoki amnistiya tartibida ilgari jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilingan va yana qasddan jinoyat sodir etgan shaxslarga; shuningdek oʻlim jazosi afv etish tartibida ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoga almashtirilgan shaxslarga tatbiq etilmaydi.
Taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir qilganligi uchun hukm qilingan shaxslar deganda mansabiga sovuqqonlik bilan qarash, mansab vakolatini suiisteʼmol qilish, hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, hokimiyat harakatsizligi kabi qilmishlari bilan mazkur jinoyatlar sodir etilishiga imkon yaratib bergan mansabdor shaxslar, hokimiyat vakillari va zimmasida xizmat vakolatlari boʻlgan shaxslar ham tushunilishi kerak.
Jinoiy uyushma tarkibida jinoyat sodir etgan shaxslar deganda Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 242-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun sudlangan shaxslar tushunilishi kerak.
Jazoni oʻtash tartibini muntazam ravishda buzayotgan shaxslar deganda:
a) jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyati tomonidan qoʻllanilib, Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror eʼlon qilingan kunga qadar tugallanmagan va olib tashlanmagan ikkita va undan ortiq intizomiy jazosi boʻlgan mahkumlarni;
b) axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jazo ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoga almashtirilgan shaxslarni;
v) shartli hukm qilinib, hukm bilan tayinlangan jazoni oʻtash uchun yuborilgan mahkumlarni;
g) manzil-koloniyalardan tegishli tartibli koloniyalarga oʻtkazilgan yoki qaytarilgan mahkumlarni;
d) jazoni oʻtash vaqtida, hukm ijrosi kechiktirilgan davrda yoki sinov muddatida qasddan jinoyat sodir etgan shaxslarni hisoblash lozim.
Bunda:
ushbu bandning “d” kichik bandida qayd etilgan shaxslarga (ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni oʻtash vaqtida qasddan jinoyat sodir etgan shaxslar bundan mustasno) nisbatan Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror, agar hukm qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran bir yildan ortiq muddat oʻtgan boʻlsa, qoʻllanilishi mumkin.
Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror 6-bandining “b” kichik bandiga muvofiq ushbu Qaror 1-bandining amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi uchinchi qismining “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatni, shuningdek oʻta ogʻir jinoyatni sodir etgan shaxslarga tatbiq etilmaydi.
Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror 6-bandining “v” kichik bandiga muvofiq ushbu Qaror 3-bandining amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasida va 104-moddasi uchinchi qismining “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga tatbiq etilmaydi.
Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror 6-bandining “g” kichik bandiga muvofiq ushbu Qaror 1 — 3, 5-bandlarining amal qilishi qaror eʼlon qilingunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167, 168-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilish natijasida yetkazilgan moddiy zararni toʻliq qoplamagan shaxslarga tatbiq etilmaydi.
13. Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorga muvofiq asosiy jazodan ozod qilingan mahkumlar qoʻshimcha jazolardan ozod etilmaydi.
14. Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror asosida jazodan ozod qilingan shaxslarning ijtimoiy moslashuvi va himoyasiga oid choralarni amalda roʻyobga chiqarish bilan bogʻliq masalalarni oʻz vaqtida va samarali hal etish maqsadida prokuratura organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, adliya organlari va sudlar, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari rahbarlari orasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida hududiy komissiyalar tuziladi.
15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
jazodan ozod qilingan shaxslar toʻliq hisobga olinishini taʼminlash va ularni ishga joylashtirish;
yolgʻiz, yordamga muhtoj shaxslarni nogironlar va qariyalar uylariga joylashtirish;
voyaga yetmaganlarni ota-onalarining, vasiylik va homiylik organlarining nazoratiga topshirish, zarur hollarda ularni tegishli taʼlim muassasalariga yuborish.
16. Tuman va shahar hokimlari zimmasiga hududiy komissiyalar va jamoat birlashmalari bilan birgalikda Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror asosida jazodan ozod qilingan shaxslarga, ayniqsa voyaga yetmaganlarga nisbatan koʻrilayotgan tarbiyaviy taʼsir choralarining uzluksizligini taʼminlash yuklatiladi.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati xodimlaridan tezkor guruhlar tashkil etilishini taʼminlaydi. Tezkor guruhlarga rahbarlik qilish Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining muassasalari joylashgan hududlardagi tegishli prokurorlar tomonidan amalga oshiriladi. Tezkor guruhlarning asosiy vazifalari Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorning har bir mahkumga nisbatan alohida, ogʻishmay va xolisona qoʻllanilishi ustidan nazoratni amalga oshirishdan hamda qonuniylik buzilishlarining oldini olishdan iborat.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror asosida jazodan ozod qilingan 1 va 2-guruh dispanser roʻyxatidagi sil kasalligiga chalingan shaxslarning hisobga olinishini tashkil etishni va maxsus davolash muassasalariga yuborilishini (Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda);
Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror asosida javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilingan chet davlatlar fuqarolarining hisobga olinishini hamda Oʻzbekiston Respublikasidan chiqarib yuborilishini tashkil etishni (Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda) taʼminlaydi.
19. Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorning qoʻllanilishi ustidan jamoatchilik nazoratini hamda Qarorni qoʻllanish tartib-taomilining ochiq-oshkoraligini taʼminlash maqsadida senatorlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlarining deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) mintaqaviy vakillaridan iborat ishchi guruhlar tuziladi. Ishchi guruhlarning amnistiya qoʻllanilishi ustidan jamoatchilik nazoratini hamda qarorni qoʻllanish tartib-taomillarining ochiq-oshkoraligini taʼminlashdagi asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
jinoiy jazolarni ijro etish muassasalari va organlariga borish, mahkumlar bilan suhbatlar oʻtkazish hamda ularning shaxsiy yigʻmajildlari bilan tanishish;
surishtiruv va dastlabki tergov organlari ish yurituvidagi tergovga qadar tekshiruv materiallari va jinoyat ishlari bilan tanishish;
Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorni qoʻllanish boʻyicha tergovga qadar tekshiruv materiallarini oʻrganishda va koʻrib chiqishda bevosita ishtirok etish;
Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror boʻyicha ozod qilingan shaxslar bilan olib borilayotgan ishlar holatini monitoring qilish;
Amnistiya toʻgʻrisidagi qaror ijro etilishining borishi ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etish.
Zimmalarga yuklatilgan vazifalarni bajarish jarayonida hamda fuqarolarning huquq va erkinliklariga ogʻishmay rioya etilishini taʼminlash maqsadida Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorning qoʻllanilishi ustidan jamoatchilik nazoratini va qarorni qoʻllanish tartib-taomillarining ochiq-oshkoraligini taʼminlashda ishchi guruhlar tomonidan Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorni qoʻllanishdagi suiisteʼmolliklar va uni noqonuniy qoʻllanish yoxud qoʻllanishni noqonuniy ravishda rad qilish hollarini aniqlashga alohida eʼtibor beriladi. Aniqlangan qoidabuzarliklar toʻgʻrisidagi materiallar koʻrib chiqish va choralar koʻrish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga hamda Bosh prokuraturasiga yuboriladi.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Nizomning 15, 16 va 18-bandlarida koʻrsatilgan vazirliklarning va mahalliy davlat hokimiyati organlarining (hokimlarning) faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Amnistiya toʻgʻrisidagi qarorning aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazoratni taʼminlaydi.