Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Toshkent viloyatida quvvati 240 MVt boʻlgan navbatdagi issiqlik elektr stansiyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Elektr energetika tarmogʻiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish hamda iqtisodiyot tarmoqlari va aholini energiya resurslari bilan barqaror va sifatli taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “CENGIZ ENERJI SAN. VE TIC A. Ş.” (Turkiya Respublikasi) (keyingi oʻrinlarda — Investor) va “Cenergo” MCHJ (keyingi oʻrinlarda — Loyiha kompaniyasi) oʻrtasida Toshkent viloyatida quvvati 240 MVt boʻlgan bugʻ-gaz elektr stansiyasini loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish va 25 yil davomida ishlatish bilan bogʻliq (keyingi oʻrinlarda — Investitsiya loyihasi) Investor va Loyiha kompaniyasining majburiyatlarini nazarda tutuvchi Investitsiya bitimi tuzilganligi;
b) “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ (keyingi oʻrinlarda — “OʻMET” AJ) va Loyiha kompaniyasi oʻrtasida Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim tuzilganligi, unga muvofiq:
Keyingi tahrirga qarang.
Loyiha kompaniyasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini kafolatlangan tarzda yagona xaridor — “OʻMET” AJga sotish majburiyatini olganligi;
Keyingi tahrirga qarang.
“OʻMET” AJ Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim shartlariga muvofiq 25 yil davomida elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish majburiyatini olganligi va elektr energiyasi uchun toʻlovni milliy valyutada amalga oshirishi;
Keyingi tahrirga qarang.
“OʻMET” AJ elektr energiyasini uch oy mobaynida sotib olishni qoplash uchun majburiyatlar bajarilishining taʼminoti sifatida Loyiha kompaniyasi foydasiga chet el valyutasida tasdiqlangan, tiklanadigan, qaytarib berilmaydigan va shartsiz bank kafolatini taqdim etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Investor hamda Loyiha kompaniyasi oʻrtasida tuzilgan Investitsiya bitimi tasdiqlansin.
3. “OʻMET” AJ va Loyiha kompaniyasi oʻrtasida tuzilgan Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim maʼqullansin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Investitsiya bitimi va Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq ularning amal qilish muddati davomida elektr energiyasining sotib olinishi xorijiy valyutada denominatsiyalangan tarif boʻyicha amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
5. Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq “OʻMET” AJga:
Keyingi tahrirga qarang.
Loyiha kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasini uch oy mobaynida sotib olishni qoplash uchun majburiyatlar bajarilishining taʼminoti sifatida Loyiha kompaniyasi foydasiga Oʻzbekiston Respublikasi tijorat bankining chet el valyutasida tasdiqlangan, tiklanadigan, qaytarib berilmaydigan va shartsiz bank kafolatini taqdim etishga;
Investitsiya loyihasi ehtiyoji uchun tabiiy gaz yetkazib beruvchi sifatida ishtirok etishga ruxsat berilsin.
6. “Oʻztransgaz” AJ “OʻMET” AJ bilan Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimda nazarda tutilgan hajmlarga va parametrlarga muvofiq Loyiha kompaniyasiga tabiiy gaz yetkazib berish toʻgʻrisida shartnoma imzolanishini taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Loyiha kompaniyasiga kreditlash, chet el valyutasidagi mablagʻlarni olish va ulardan foydalanish (shu jumladan, boshqalardan tashqari chet el valyutasida kredit mablagʻlari tushumlari) uchun chet ellardagi xorijiy banklarda bank hisobvaraqlari ochish hamda respublikada ochilgan bank hisobvaraqlaridan xorijda ochilgan bank hisobvaraqlariga pul mablagʻlarini oʻtkazishga ruxsat berilsin.
8. Toshkent viloyati hokimligi bir oy muddatda Loyiha kompaniyasiga Investitsiya bitimi va Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimda koʻrsatilgan shartlarda Investitsiya loyihasini amalga oshirish muddatiga yer uchastkasini belgilangan tartibda ajratsin.
9. Adliya vazirligi (R.K. Davletov) Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Investitsiya bitimi qoidalariga muvofiq imzolangan bitimlar yuzasidan yuridik xulosalar bersin.
10. Energetika vazirligi (A.S. Sultanov) loyiha hujjatlari belgilangan tartibda davlat ekologiya ekspertizasidan oʻtkazilishini hamda Investitsiya loyihasini amalga oshirishda tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilikka rioya etilishini taʼminlasin.
11. Qurilish vazirligi (B.I. Zakirov) Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida qurilish ishlarining sifati ustidan belgilangan tartibda davlat arxitektura-qurilish nazoratini amalga oshirsin.
12. Tashqi ishlar vazirligi (A.X. Komilov) Loyiha kompaniyasining buyurtmanomalariga asosan Investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga, shuningdek, ularning oila aʼzolariga kirish vizalari rasmiylashtirilishini (muddati uzaytirilishini) belgilangan tartibda taʼminlasin.
13. Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov) Loyiha kompaniyasi buyurtmanomalariga asosan Investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga, shuningdek, ularning oila aʼzolariga koʻp martalik vizalar rasmiylashtirilishini, berilishini (muddati uzaytirilishini) hamda vaqtincha yashash joyi boʻyicha vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtishini va uning muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
14. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B. Xusanov) Loyiha kompaniyasi buyurtmanomalariga asosan Oʻzbekiston Respublikasiga xorijiy ishchi kuchini (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlmaganlar orasidan) jalb etishga ruxsatnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek, xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) belgilangan tartibda taʼminlasin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-apreldagi “Toshkent viloyatida 850 MVt quvvatga ega kombinatsiyalangan siklli issiqlik elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4287-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib energetika vaziri A.S. Sultanov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har chorak yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 2-fevral,
PQ-4971-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.02.2021-y., 07/21/4971/0080-son; 05.02.2025-y., 07/25/39/0108-son)