Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Toshkent viloyatida 850 MVt quvvatga ega kombinatsiyalangan siklli issiqlik elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-fevraldagi PQ-4971-sonli “Toshkent viloyatida quvvati 240 MVt boʻlgan navbatdagi issiqlik elektr stansiyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatimizning energetika tarmogʻini jadal rivojlantirish, uning raqobatbardoshligini oshirish, shuningdek elektr energiyasini ishlab chiqarishning yangi quvvatlarini qurishga toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilishni taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Turkiya Respublikasi bilan hamkorligi doirasida Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan “Cengiz Enerji Sanayii ve Ticaret A.Ş” (Turkiya) kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda — investor) bilan 240 MVt (1-bosqich) va 610 MVt (2-bosqich) quvvatli kombinatsiyalangan siklli issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida kelishuvga erishilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligining:
a) investor kafolati asosida jalb qilinadigan toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiya va kreditlar hisobiga moliyalashtirish orqali Toshkent viloyatida 850 MVt umumiy quvvatli kombinatsiyalangan siklli issiqlik elektr stansiyasini qurish (keyingi oʻrinlarda — investitsiya loyihasi):
birinchi bosqichda — elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisida kelishuv kuchga kirgan kundan boshlab 12 oy mobaynida 240 MVt quvvatni;
ikkinchi bosqichda — elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisida kelishuv kuchga kirgan kundan boshlab 24 oy mobaynida 610 MVt quvvatni foydalanishga topshirish toʻgʻrisidagi;
b) “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va investor oʻrtasida elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisida kelishuvni loyihani amalga oshirishning birinchi bosqichi boʻyicha 20 yil muddatga va ikkinchi bosqichi boʻyicha 25 yil muddatga tuzish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi investitsiya loyihasi doirasida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini uch oylik sotib olish hajmini qoplash uchun “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga foizsiz budjet ssudasi ajratilishini koʻzda tutsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi:
investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun investitsiya kelishuvini investor bilan Oʻzbekiston Respublikasi nomidan belgilangan tartibda tuzsin;
investitsiya kelishuvi tuzilgandan soʻng ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bilan birgalikda investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha tarmoq jadvalini tasdiqlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligiga Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida investor bilan tuziladigan kelishuvlar va kontraktlarni tayyorlashda koʻmaklashish va ekspertiza qilish uchun “White & Case” xalqaro yuridik kompaniyasini toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali jalb qilishga ruxsat berilsin.
5. Toshkent viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda investorga investitsiya loyihasini amalga oshirish muddatiga teng davrga foydalanish uchun bepul asosda yer uchastkasining belgilangan tartibda ajratilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, Transport vazirligi investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun ajratiladigan yer uchastkasi chegarasi oldiga zarur boʻlgan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, shu jumladan suv taʼminoti, gaz taʼminoti, elektr energiyasi taʼminoti va kanalizatsiya oʻtkazib berilishini taʼminlasin.
7. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida, istisno tariqasida quyidagilar ozod etilsin:
a) 2022-yil 1-yanvarga qadar belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha chetdan olib kelinadigan, shu jumladan “vaqtincha olib kirish” bojxona rejimida olib kiriladigan Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan materiallar, uskuna, maxsus va transport texnikalari, ularning ehtiyot qismlari, priborlar va asboblar, texnik va loyiha hujjatlari, dasturiy taʼminot — bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlaridan tashqari);
b) import qilinadigan materiallar, mashina va mexanizmlar, butlovchi buyumlar va uzellar, texnologik jihoz, priborlar, ehtiyot qismlar, asboblar — respublikada akkreditatsiyadan oʻtgan tegishli sinov laboratoriyalari mavjud boʻlmagan holda majburiy sertifikatsiya amaliyotidan.
9. Investorga 2021-yil 1-mayga qadar, istisno tariqasida, investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida loyihalash ishlarini va moliyalashtirishni qurilish-montaj ishlari bilan parallel ravishda olib borishga ruxsat berilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida loyiha-smeta hujjatlarining davlat ekspertizasini hamda qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan tegishli darajadagi davlat arxitektura-qurilish nazoratini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi investorning buyurtmanomalariga koʻra investitsiya loyihasini amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalarini konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmagan holda belgilangan tartibda rasmiylashtirilishi va muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi investorning buyurtmanomalari koʻra investitsiya loyihasini amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning vaqtincha yashash joyi boʻyicha vaqtinchalik propiska qilinishi hamda muddati uzaytirilishini davlat bojini undirmagan holda belgilangan tartibda taʼminlasin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.M. Gʻaniyev va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi A.S. Sultanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 13-aprel,
PQ-4287-son