Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Qoʻshma qarori
Hokimiyat vakillik organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini taʼminlashga qaratilgan “Elektron parlament tizimi” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda davlat hokimiyatining vakillik organlari faoliyatini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida axborot texnologiyalarini yanada rivojlantirish hamda “Elektron parlament” tizimini joriy etish yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirildi, mahalliy va oliy vakillik organlari oʻrtasida elektron hujjat aylanishi tizimi yoʻlga qoʻyildi, Oliy Majlis palatalarida elektron hujjat aylanishi tizimini ishlab chiqish va joriy etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, qayd etish lozimki, xalq deputatlari Kengashlarining rasmiy veb-saytlari faqatgina ayrim viloyatlarda mavjudligi, tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlarida esa bunday saytlar umuman yoʻqligi, viloyat Kengashlarining mavjud rasmiy veb-saytlarida Kengashlar qarorlari muntazam chop etilmasligi va ular faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻliq yoritilmasligi aholining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatidan bexabar qolib ketishiga sabab boʻlmoqda.
Elektron qonun hujjatlarining avtomatlashtirilgan tizimi mavjud emasligi parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatini amalga oshirish jarayoni ustidan tizimli monitoring olib borishga toʻsqinlik qilmoqda, bu esa mazkur faoliyat samaradorligining pasayishiga olib kelmoqda.
Mazkur muammolarni bartaraf etish, shuningdek 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 8-bandida nazarda tutilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. “Vakillik organlari rasmiy veb-saytining namunaviy shaklini, uning faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni avtomatlashtirilgan holda toʻplash va qayta ishlash imkonini beruvchi axborot resursini shakllantirish loyihasi”ning konsepsiyasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Mazkur loyihani amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi (T. Madumarov) masʼul etib belgilansin.
2. “Qonun ijodkorligi jarayonining ochiqligini va samarali hujjat almashinuvini taʼminlovchi Oliy Majlis palatalari qonun ijodkorligi faoliyatining avtomatlashtirilgan tizimini ishlab chiqish va joriy etish loyihasi”ning konsepsiyasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ushbu loyihani amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi (I. Abdullayev) masʼul etib belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
mazkur loyihalarning moliyalashtirilishini;
loyiha uchun masʼullar bilan birgalikda 2020-yilning 1-apreliga qadar mazkur loyihalarni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejalari ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin.
4. “Elektron parlament” tizimini rivojlantirishga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida axborot texnologiyalarini joriy etishga koʻmaklashuvchi idoralararo guruh (I. Abdullayev) mazkur loyihalarning oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishi ustidan monitoring amalga oshirilishini taʼminlasin.
5. Ushbu Qoʻshma qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Kadirov va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
6. Mazkur Qoʻshma qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2019-yil 30-noyabr,
2934-III-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2019-yil 30-noyabr,
KQ-641-III-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 30-noyabrdagi 2934-III/KQ-641-III -sonli Qoʻshma qaroriga
1-ILOVA
“Vakillik organlari rasmiy veb-saytining namunaviy shaklini, uning faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni avtomatlashtirilgan holda toʻplash va qayta ishlash imkonini beruvchi axborot resursini shakllantirish loyihasi”ning
KONSEPSIYASI
Loyihaning tavsifi
Internet tarmogʻidagi xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining rasmiy veb-saytlarini oʻzida jamlagan yagona portalni yaratish, shuningdek mahalliy hokimiyat vakillik organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlarni avtomatlashtirilgan holda toʻplash va qayta ishlash imkonini beruvchi axborot resursini shakllantirish.
Loyihani amalga oshirishdan koʻzlangan maqsadlar
Strategik: mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash va aholining oʻz vakillariga boʻlgan ishonchini oshirish, yagona avtomatlashtirilgan axborot resursidan foydalangan holda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining faoliyatiga oid elektron shakldagi hujjatlarni toʻplash, qayta ishlash, roʻyxatga olish va ushbu maʼlumotlarning elektron bazasini yaratish.
Tezkor: maʼlumotlarning ochiqligi va ishonchliligini taʼminlash, soʻralgan maʼlumotni olish tezligini oshirish, ularni qayd etish jarayonlarini soddalashtirish.
Kutilayotgan natijalar
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining veb-saytlari uchun yagona portalni yaratish, avtomatlashtirilgan axborot resursidan maʼlumotlarni tez va oson olish, Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasining mahalliy Kengashlarga texnik, uslubiy va huquqiy yordam koʻrsatish imkoniyatini oshirish.
Loyihani amalga oshirish mexanizmlari
Tashkiliy tadbirlar:
Loyihaning texnik talablarini tayyorlaydigan va veb-saytlarga joylashtiriladigan tayanch maʼlumotlarni toʻplash va saralash bilan shugʻullanuvchi ishchi guruhni tuzish;
texnik talablarni tasdiqlash;
loyiha ishlarini baholash;
loyihani amalga oshiruvchi ijrochi tashkilotni tanlash;
loyiha ishlarini nazorat qilish;
xalq deputatlari mahalliy Kengashlari haqidagi tayanch maʼlumotlarni toʻplash va ishchi guruhga topshirish;
joylarda mahalliy Kengash faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tayyorlash va tizimga joylashtirish uchun masʼul xodimlarni tayinlash;
hududlarda ish joylarni tashkil etish va jihozlash;
joylardagi masʼul xodimlar uchun oʻquv-treninglarni tashkil etish;
loyiha natijalari boʻyicha taqdimot oʻtkazish.
Loyiha ishlari:
Kengash.uz domen nomini sotib olish;
texnik topshiriqni ishlab chiqish;
loyihalashtirish;
loyiha uchun zarur qurilmalar, asbob-uskunalar, dasturlar va xizmatlarni sotib olish;
dasturlash;
portal va undagi veb-saytlarning dizaynini yaratish;
veb-saytlarga Kengashlar haqidagi tayanch maʼlumotlarni joylashtirish;
Kengashlar veb-saytlari portalini sinovdan oʻtkazish.
Loyiha hujjatlari:
Namunaviy sayt tuzilmasi, dizayn, veb-saytni boshqarish tizimi, axborot xavfsizligini taʼminlash va boshqa jihatlardan iborat boʻlgan texnik talablar;
loyihaning tasdiqlangan texnik topshirigʻi;
texnik loyiha;
sotib olingan qurilmalar, asbob-uskunalar va dasturlarning texnik hujjatlari va litsenziyalari;
yaratilgan tizimning texnik tavsifi;
administrator va foydalanuvchi uchun qoʻllanma;
xalq deputatlari mahalliy Kengashi veb-saytining namunaviy nizomi;
loyihaning sinov va topshirish dalolatnomalari.
Loyihani yanada rivojlantirish yuzasidan taklif
Mahalliy Kengashlar veb-saytlarida deputatlarning shaxsiy sahifalarini yaratish va ularni mobil ilovasi bilan boshqarish tizimini ishlab chiqish.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 30-noyabrdagi 2934-III/KQ-641-III -sonli Qoʻshma qaroriga
2-ILOVA
“Qonun ijodkorligi jarayonining ochiqligini va samarali hujjat almashinuvini taʼminlovchi Oliy Majlis palatalari qonun ijodkorligi faoliyatining avtomatlashtirilgan tizimini ishlab chiqish va joriy etish loyihasi”ning
KONSEPSIYASI
Loyihaning tavsifi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qonun ijodkorligi faoliyatining avtomatlashtirilgan tizimi qonun ijodkorligi faoliyati bilan bogʻliq jarayonlarni qoʻllab-quvvatlash va avtomatlashtirish uchun zarur texnologik va ekspluatatsion infrastrukturani taʼminlaydi. Yangi tizim qonun ijodkorligida hujjat almashinuvini tashkil etish hamda qonun loyihalari, qonunlar va qonun ijodkorligi faoliyatiga oid boshqa materiallar ustida hamkorlikda ishlashni avtomatlashtirish, shuningdek qonun ijodkorligi materiallarining markazlashgan hisobini yuritish va tizimlashtirishni taʼminlaydi.
Tizimni yaratishdan maqsad
Strategik maqsadlar:
norma ijodkorligi jarayonining bosqichlarini (normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish tashabbusi, ishlab chiqish, kelishish, kiritish va ularning ijrosi monitoringi) elektron shaklga oʻtkazishni nazarda tutuvchi elektron norma ijodkorligi tizimini rivojlantirish;
fuqarolar uchun qonun loyihalarini koʻrib chiqish va qabul qilishning barcha bosqichlari toʻgʻrisidagi axborotlarni moneliksiz olishga imkon beruvchi qonun hujjatlari maʼlumotlari ishlashining avtomatlashtirilgan tizimini yaratish va Oliy Majlis palatalari faoliyatiga tatbiq etish.
Tezkor:
qonun ijodkorligi faoliyati jarayonini hujjat bilan taʼminlash samaradorligini oshirish;
Oliy Majlis palatalari tashkiliy tuzilmalari doirasida ichki oʻzaro harakat jarayonlari samaradorligini oshirish.
Kutilayotgan natijalar:
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining harakatlanish tarixini yuritish hamda ularni Oliy Majlis palatalarining maxsus, umumfoydalanishdagi va xizmat moduliga ega veb-saytiga joylashtirish;
qonunchilik hokimiyati organi, uning doimiy qoʻmita va komissiyalari yigʻilishlari kun tartibini tayyorlash;
yigʻilishlarga tayyorlangan hujjatlar toʻplamini deputat va senatorlarga, qonunchilik tashabbusi huquqiga ega subyektlar, nazorat qiluvchi organlar, boshqa tashkilot va idoralarga elektron shaklda tarqatish;
yigʻilishlarni (ovoz berishni) kuzatish tizimlari oʻrtasida maʼlumotlar almashish;
qabul qilingan qonunlar, qarorlarni Oliy Majlis palatalarining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilish;
qonun loyihalarini Qonunchilik palatasi rasmiy veb-saytida interaktiv tarzda muhokama qilishni tashkil etish.
Tizimni joriy etish mexanizmlari
Tashkiliy chora-tadbirlar:
qonun ijodkorligi faoliyati modelini yaratish va maqbullashtirish, ishlab chiqiladigan axborot tizimiga qoʻyiladigan texnik talablarni tayyorlash hamda palatalarning normativ-huquqiy hujjatlariga kiritiladigan oʻzgartirishlarni tayyorlash boʻyicha ishchi guruh tuzish;
tizimga qoʻyilgan texnik talablarni tasdiqlash;
loyiha ijrochisini tanlash.
Loyiha boʻyicha ishlash:
texnik vazifalarni ishlab chiqish;
ishchi loyihani ishlab chiqish va tasdiqlash;
tizimning apparat vositalarini sotib olish va dasturiy taʼminotlarini ishlab chiqish;
Oliy Majlis palatalarining yagona axborot tarmogʻini yaratish va sinovdan oʻtkazish;
ishlab chiqilgan axborot tizimini sinovdan oʻtkazish;
shaxsiy tarkib va foydalanuvchilarni oʻrgatish;
loyihani ishga tushirish.
Loyihaning hujjatlari:
axborot tizimining texnik vazifalari va texnik loyihasi;
dasturiy taʼminot litsenziyasi;
apparat vositalarining texnik hujjatlari;
tizim administratorining yoʻriqnomasi;
tizim foydalanuvchisining yoʻriqnomasi;
amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha loyihalar.
Loyihani yanada rivojlantirish
1. Ishlab chiqilgan tizimni xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining norma ijodkorligi jarayoniga tatbiq etish;
2. Keyinchalik sunʼiy ong elementlarini joriy etish istiqboli asosida qonun ijodkorligining avtomatlashtirilgan ekspert tizimini yaratish.