Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VAZIRLIGI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 6-apreldagi 162-son “Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 18-may,
233-son
Vazirlar Mahkamasining
1993-yil 18-maydagi 233-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi tarmoqlararo respublika davlat boshqaruv organi boʻlib, oʻz faoliyatini amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi demografik jarayonlarni hisobga olgan holda aholini ish bilan taʼminlash, mehnatdan foydalanish, aholini ijtimoiy himoya qilish va mehnatga haq toʻlash tartibini, mehnat sharoitlari va normativlarini, ijtimoiy mehnat munosabatlari masalalari boʻyicha xalqaro shartnomalar bajarilishini takomillashtirish sohasida davlat siyosatini amalga oshirishni taʼminlash boʻyicha bosh boshqaruv organi hisoblanadi.
3. Mehnat vazirligi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari va boshqa hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa meʼyoriy hujjatlarga va ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Mehnat vazirligining asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari quyidagilar hisoblanadi:
migratsiya jarayonlarini tartibga solish, demografik vaziyatni oʻrganish va uni yaxshilashga qaratilgan takliflarni tayyorlash;
ish bilan band boʻlmagan aholini hisobga olish va ishsizlar sonini aniqlash;
mehnat bozori konyunkturasini tahlil etish va istiqbolini belgilash;
ishsizlar va umuman ish bilan band boʻlmagan aholini kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ishga joylashtirish;
“Ish bilan taʼminlash” dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish;
ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish Jamgʻarmasi mablagʻlarini hosil qilish va undan samarali foydalanish;
jamoat ishlarini tashkil etish;
Xalqaro mehnat tashkiloti, ishchi kuchidan foydalanish boʻyicha boshqa davlatlarning mehnat tashkilotlari bilan aloqa oʻrnatish va uni rivojlantirish, chet el mehnat bozori konyunkturasini oʻrganish, ish kuchini eksport qilish tartibini ishlab chiqish va uni tashkil etish, tuzilgan shartnomalar va bitimlarga muvofiq xorijiy mamlakatlarga ishga ketayotgan respublika fuqarolarining huquq va manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash;
aholini ijtimoiy himoya qilishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va ularning roʻyobga chiqarilishini nazorat qilish;
muhtojlarga koʻrsatilayotgan yordamning maqsadli yoʻnalishini ularning haqiqiy daromadlarini hisobga olgan holda kuchaytirish haqidagi takliflarni ishlab chiqish;
mehnatga haq toʻlash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
eng kam ish haqi, nafaqa, stipendiya belgilash toʻgʻrisida takliflar tayyorlash;
ishsizlar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni amalga oshirish;
tuzilgan shartnomalar va bitimlarga muvofiq xorijiy mamlakatlarga ishga ketayotgan fuqarolarga beriladigan kafolatlar va ish haqi shartlarini belgilash boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;
Oldingi tahrirga qarang.
ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun band qilib qoʻyiladigan (eng kam miqdordagi) ish oʻrinlarini tashkil qilish va bu ish oʻrinlarining butlanishini nazorat qilishni taʼminlash;
(4-bandning oʻn oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 23-iyuldagi 310-son qarori tahririda)
aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi samaradorligini tahlil qilish va uni takomillashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish uchun sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazish;
mehnatga ishtiyoq uygʻotish va uni ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlarini, meʼyorlar, normativlar, taklif stavkalari va maoshlarni ishlab chiqish va joriy etish;
meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni va tartiblarni ishlab chiqish, mehnat sharoitlarini davlat ekspertizasidan oʻtkazishni amalga oshirish, mehnat toʻgʻrisidagi qonunlarni bajarilishini nazorat qilish;
noqulay mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun beriladigan imtiyozlar va kompensatsiyalar tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
5. Mehnat vazirligi oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq:
migratsiya jarayonlarini tartibga solib boradi va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining aholi migratsiyasi toʻgʻrisidagi qarorlari bajarilishini nazorat qiladi:
demografik jarayonlarni hisobga olgan holda mehnatdan foydalanish va ish bilan taʼminlash sohasida davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
respublikadagi va mintaqalardagi mehnatga yaroqli aholi soni va tarkibini oʻrganadi;
mehnat resurslari mavjudligidan kelib chiqqan holda yangi korxonalarni joylashtirish va ishlab turgan korxonalarni kengaytirish haqida xulosalar ishlab chiqadi;
mehnat bozorini aniqlaydi, tahlil qiladi va istiqbolini belgilaydi hamda aholining ish bilan bandligini oshirish toʻgʻrisida takliflar tayyorlaydi;
aholining ish bilan bandligi, ishga joylashtirish, boʻsh ish joylari toʻgʻrisida maʼlumotlar bankini tayyorlaydi;
mehnat resurslari va boʻsh joylar balansini tayyorlashda ishtirok etadi;
hokimliklar va mahalliy mehnat idoralariga jamoat ishlarini tashkil etish yuzasidan uslubiy va amaliy yordam koʻrsatadi;
“Ish bilan taʼminlash” viloyat, shahar, tuman dasturlarini ishlab chiqishda uslubiy amaliy yordam koʻrsatadi va ularning bajarilishini ustidan nazoratni amalga oshiradi;
qishloq aholisining ish bilan taʼminlaganligini oshirish uchun ayniqsa qishloqda, dehqon (fermer) xoʻjaliklari, shaxsiy yordamchi xoʻjaliklar, tadbirkorlikning tashkil topishiga va rivojlanishiga koʻmaklashadi;
ishchi kuchini chetdan olib kelish va eksport qilish boʻyicha qonunchilik aktlari loyihalarini, chet elga ishga ketayotgan respublika fuqarolarining huquq va manfaatlarini taʼminlash tartibini ishlab chiqadi, xorijiy ishga oluvchilarni izlaydi va ular bilan hamkorlik qilish toʻgʻrisida bitimlar tuzadi;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga mamlakat tashqarisida va xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi mehnat faoliyatiga ruxsatnomalarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda beradi;
(5-bandning oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 23-iyuldagi 310-son qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning oʻn toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 23-iyuldagi 310-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
ishsizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, yangi ish oʻrinlari tashkil etish, ish bilan band boʻlmagan aholini va ishdan boʻshab qolayotganlarni hamda boshqalarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash uchun ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish Jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish yoʻnalishlarini belgilab beradi;
ishdan boʻshab qolayotgan mutaxassislar, ishchilar va ish bilan band boʻlmagan aholini kasbga yoʻnaltirish, tayyorlash, yangi ixtisosga oʻrgatish, qayta oʻqitishni muvofiqlashtiradi va unga tashkiliy-uslubiy rahbarlik qiladi;
ishdan boʻshab qolayotgan xodimlar va ish bilan band boʻlmagan aholining kasb tayyorgarligini, malakasini oshirishni va qayta oʻqitishni tashkil etadi, ish bilan band boʻlmagan aholini kasbga oʻqitish uchun zarur huquqiy va normativ negizni barpo qiladi;
ishdan boʻshab qolayotgan xodimlarni va ish bilan band boʻlmagan aholini kasbga tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlash masalalari boʻyicha hududlararo hamkorlik qilishga koʻmaklashadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining uslubiy boʻlinmalari, “Kasb” uyushmasi bilan hamkorlikda oʻquv rejalari va dasturlari, qoʻllanmalar tayyorlanishini tashkil etadi, ish bilan band boʻlmagan aholini kasbga tayyorlash masalalari bilan shugʻullanuvchi mehnat organlarining tegishli boʻlimlariga uslubiy yordam koʻrsatadi;
“Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi tomonidan yoshlarni ishga joylashtirish balansi tuzilishida ishtirok etadi;
aholi turli toifalarining ish bilan bandligini yaxshilash maqsadida “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi bilan birgalikda demografik vaziyati oila va oilaviy munosabatlar tarkibining holati va rivojlanishni oʻrganadi;
mehnat, ish bilan taʼminlash, aholini ijtimoiy himoya qilish masalalari boʻyicha davlatlararo bitimlar loyihalarini ishlab chiqadi, bu tadbirlarning respublika hududida amalga oshirilishini taʼminlaydi;
koʻrsatilayotgan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning, ayniqsa aholining kam taʼminlangan tabaqalariga, boshqa yaxshi himoya qilinmagan guruhlarga koʻrsatilayotgan yordamning aniqligini kuchaytirishga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish tizimini tashkil etish haqidagi takliflarni tayyorlaydi;
davlat ijtimoiy siyosatini roʻyobga chiqarish va ijtimoiy himoya qilish tizimining mavjud boʻlishi boʻyicha qonunchilik aktlari loyihalarini tayyorlaydi;
muhim ijtimoiy meʼyorlar va normativlar roʻyxatini belgilaydi hamda ularning ishlab chiqilishni muvofiqlashtiradi;
iqtisodiyot tarmoqlari xodimlarini va ayrim hududlar aholisini ijtimoiy himoya qilishning maqsadli dasturlarini tayyorlashda vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalarga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatadi;
ijtimoiy himoyaning amaldagi tizimini takomillashtirish maqsadida aholining turli tabaqalari va guruhlari oʻrtasida sotsiologik tadqiqotlar olib boradi;
ishsizlarni va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab quvvatlashni amalga oshirish tartibini belgilaydi;
ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarini barpo etish tartibi va shartlarini belgilaydi va bu oʻrinlarning butlanishini nazorat qilishni taʼminlaydi;
tuzilgan shartnomalar va bitimlarga muvofiq xorijiy mamlakatlarga ishga ketayotganlarga beriladigan ijtimoiy kafolatlar toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqadi;
davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonida ishdan boʻshab qolayotgan xodimlarni ijtimoiy himoya qilish tartibini ishlab chiqadi;
Oldingi tahrirga qarang.
fermer va dehqon xoʻjaliklarida ish bilan band boʻlganlarga va tadbirkorlarga beriladigan ijtimoiy kafolatlar va ijtimoiy himoya qilish chora-tadbirlari tizimini yaratish toʻgʻrisida takliflar tayyorlaydi va Hukumat kiritadi;
(5-bandning oʻttiz ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-avgustdagi 202-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 1999-y., 4-son, 22-modda)
“Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Davlat soliq bosh boshqarmasi bilan birgalikda aholi daromadlarini davlat yoʻli bilan tartibga solish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida takliflar tayyorlaydi;
“Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi bilan birgalikda, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi ishtirokida eng kam ish haqi, pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalarni narxlarning oʻzgarishiga qarab belgilash toʻgʻrisidagi takliflarni tayyorlaydi;
mehnatga qiziqishni kuchaytirish va undan foydalanishni yaxshilash boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi;
vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, birlashmalar va korxonalarning mehnatni normalashtirish boʻyicha ishini muvofiqlashtiradi;
mehnatga haq toʻlashni, yagona tarif setkasini, ish haqini rayonlar boʻyicha tartibga solishni takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
ishchi kasblari hamda mutaxassislar va xizmatchilar tarif-malaka tavsiflari ishlab chiqilishini tashkil etadi;
iqtisodiyot tarmoqlarida mehnat munosabatlarini takomillashtirish haqida takliflar tayyorlaydi;
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan birgalikda kollektiv shartnomalar, tarif bitimlari tuzish tartibini belgilaydi;
mehnat shart-sharoitlariga baho berish uchun meʼyoriy-huquqiy negizni ishlab chiqadi, ishchi oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazishning sifatiga uslubiy yordam koʻrsatadi;
korxonalardagi mehnat shart-sharoitlarini, noqulay mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun imtiyozlar va kompensatsiyalar berilishini nazorat qiladi;
mulkchilik va xoʻjalik yuritish shaklidan qatʼiy nazar, korxonalardagi mehnat sharoitlarini ekspertizadan oʻtkazadi;
korxonalarning imtiyozli pensiya taʼminoti, qoʻshimcha taʼtil beriladigan, qisqartirilgan ish kunini ishlab chiqarishlar, ishlar va kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlar Roʻyxatiga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi takliflari boʻyicha xulosa tayyorlaydi;
noqulay mehnat sharoitida ishlaganlik uchun beriladigan imtiyozlar va kompensatsiyalarning amaldagi Roʻyxatiga oʻzgartirish kiritish uchun Vazirlar Mahkamasiga takliflar tayyorlaydi;
boshqa iqtisodiy organlar va Oʻzbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan birgalikda mehnat huquqlari, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish sohasida qonunchilik aktlari va meʼyoriy-uslubiy hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi;
“Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunga, mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish boʻyicha boshqa qonunchilik va meʼyoriy aktlarga rioya qilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
iqtisodiy organlar, vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, davlat hokimiyati organlarining mehnat, uning shart-sharoitlari va unga haq toʻlash, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish masalalari boʻyicha ilmiy-tadqiqotlari va faoliyatini muvofiqlashtiradi.
6. Mehnat vazirligiga quyidagi huquqlar beriladi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mehnat vazirligining faoliyatini muvofiqlashtirish;
mehnat, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish masalalari boʻyicha qarorlar qabul qilish xamda yoʻriqnomalar va hisobot shakllarini tasdiqlash;
mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, korxonalar va tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining mehnat, uning shart-sharoitlari va unga haq toʻlash, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish masalalari boʻyicha qarorlari bajarilishini nazorat qilish;
vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, korxonalar va tashkilotlarning mehnat toʻgʻrisidagi, unga haq toʻlash, aholini ijtimoiy himoya qilish haqidagi qonunlarga zid boʻlgan buyruqlari va yoʻriqnomalarining amal qilishini toʻxtatib qoʻyish, zarur hollarda esa ularni bekor qilish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
hayʼat majlislarida Vazirlik vakolatga kiruvchi masalalar boʻyicha vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, korxonalar va tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini eshitish;
oʻz vakolati doirasida idoraviy va uslubiy hujjatlarni tasdiqlash, noshirlik faoliyatini amalga oshirish;
qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda va xalqaro huquqiy meʼyorlarga muvofiq ish kuchidan foydalanish va aholini ijtimoiy himoya qilish masalalari boʻyicha boshqa davlatlarning mehnat boʻyicha organlari bilan hamkorlik qilish toʻgʻrisida shartnomalar tuzish;
Mehnat vazirligi vakolatiga kiruvchi mehnat, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish muammolari boʻyicha ishlarni amalga oshirishga vazirliklar, idoralarning mutaxassislarini, shuningdek, ular bilan kelishgan holda birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, oliy oʻquv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlarining mutaxassislarini belgilangan tartibda jalb etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasidan mehnat, unga haq toʻlash va ijtimoiy rivojlanish, aholining tabiiy harakati va migratsiyasi hamda boshqa masalalar boʻyicha statistik maʼlumotlarni, vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan esa — Vazirlik vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha zarur materiallarni olish;
iqtisodiyot tarmoqlarida mehnat shart-sharoitlari uchun beriladigan Imtiyozlar va kompensatsiyalar toʻgʻri qoʻllanilishi, xotin-qizlar va oʻsmirlar mehnatidan foydalanish ustidan nazoratni amalga oshirish;
belgilangan tartibda konferensiyalar, seminarlar, shu jumladan, xalqaro kengashlar chaqirish, mehnat va unga haq toʻlash, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish sohasidagi ilgʻor tajribani ayirboshlash maqsadida mehnat yarmarkalari oʻtkazish;
kasaba uyushmalari va ish beruvchilar bilan mehnat munosabatlari toʻgʻrisidagi uch tomonlama bitimlarda davlat manfaatlarini ifodalash;
soliq solish, isteʼmol fondini hosil qiluvchi mablagʻlar tizimini takomillashtirishda qatnashish.
7. Vazirlikning mansabdor shaxslari oʻz xizmat burchlarini bajarish uchun belgilangan tartibda vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga borish, hisobotlar bilan va Vazirlik vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha statistika materiallari va boshqa materiallar bilan tanishish huquqiga ega boʻladilar.
8. Mehnat vazirligi amaldagi qonun hujjatlari doirasida bozor munosabatlariga oʻtish sharoitida mehnatdan foydalanishni, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilishni taʼminlash boʻyicha barcha zarur chora-tadbirlarni koʻrish huquqiga egadir.
9. Mehnat vazirligining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mahalliy boshqaruv organlari tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi. Zarur hollarda ular bilan qoʻshma qarorlar qabul qilinadi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan, keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tasdiqlaydigan Vazir boshchilik qiladi. Vazirning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan oʻrinbosarlari boʻladi.
11. Vazirlikda Vazir (hayʼat raisi), lavozimlariga koʻra Vazirning oʻrinbosarlaridan iborat tarkibda hayʼat tashkil etiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mehnat vaziri, Oʻzbekiston mehnat va aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish muammolarini oʻrganish respublika markazining direktori hayʼat tarkibiga kiradilar. Hayʼatning shaxsiy tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hayʼat oʻz majlislarida mehnatdan foydalanish va ish bilan taʼminlash, aholini ijtimoiy himoya qilish va mehnatga haq toʻlash, mehnat shart-sharoitlari va normativlari tartibini takomillashtirish muammolarini, ijtimoiy-mehnat munosabatlari boʻyicha xalqaro shartnomalarni bajarish, apparat ishini tashkil etish darajasini oshirish masalalari va boshqalarni koʻrib chiqadi.
Hayʼatning qarorlari va boshqa hujjatlari Mehnat vazirining buyruqlari bilan hayotga joriy etiladi.
12. Vazirlik Oʻzbekiston mehnat, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish muammolarini oʻrganish respublika markazi, Mehnat shart-sharoitlari davlat ekspertizasi respublika markaziy laboratoriya faoliyatiga rahbarlik qiladi, xoʻjalik hisobi prinsiplari asosida “Mehnat” gazetasini nashr etadi.
Vazirlikka qarashli tashkilotlarning rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod qilinadilar.
13. Mehnat vazirligi markaziy apparatining tuzilmasi va xodimlari soni Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Mehnat vaziri xodimlarning belgilangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida Vazirlik markazi apparatining tasdiqlangan tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqiga ega boʻladi.
Vazirlik markaziy apparati boshqarmalari va boʻlimlarining hamda vazirlikka qarashli tashkilotlarning shtat jadvali va ular toʻgʻrisidagi nizom Mehnat vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
14. Mehnat vazirligi yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan hamda oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining tegishli boʻlinmasida budjet, balans (budjetdan tashqari) va hisob-kitob schyotlariga ega boʻladi.