Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI DAVLAT VA JAMIYAT QURILIShI AKADEMIYASIDA DAVLATLARARO MUNOSABATLAR VA TAShQI IQTISODIY ALOQALAR FAKULTETINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 10-apreldagi PF-4435-sonli “Davlat boshqaruvi sohasida kadrlar tayyorlashni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tashkil etish toʻgʻrisida” 1995-yil 19-apreldagi Farmoniga muvofiq hamda Tashqi ishlar vazirligi rahbar kadrlari boʻgʻinining, vazirliklar, idoralar, hokimliklar, jamoat va xoʻjalik tuzilmalarining tashqi aloqalar sohasida qatnashuvchi mutaxassislarining siyosiy va kasbiy tayyorlashni tubdan yaxshilash va ularni qayta tayyorlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy aloqalarini rivojlantirish istiqbollari boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish va chuqurlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida “Davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar” fakulteti tashkil etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining “Davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar” fakulteti toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar Akademiyaning “Davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar” fakultetining asosiy vazifalar va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
diplomatik kadrlarni, Tashqi ishlar vazirligi va iqtisodiy aloqalar vazirligi tizimidagi, davlat hokimiyati boshqaruvi organlaridagi, jamoat va xoʻjalik tuzilmalaridagi xalqaro munosabatlar bilan shugʻullanuvchi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
davlat dasturlari va buyurtmalariga muvofiq tashqi aloqalar sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish va chuqurlashtirish, operativ-tahliliy materiallar tayyorlash;
tashqi siyosat, davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari va ilmiy-metodik ishlanmalar va tadqiqotlar tayyorlash hamda nashr etish;
tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy aloqalar sohasidagi konsepsiyalar, dasturlar, loyihalar, tavsiyalarni ilmiy ekspertiza qilish.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Akademiyaning “Davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar” fakulteti tinglovchiligiga Tashqi ishlar vazirligi va Tashqi iqtisodiy aloqalar tizimining, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini, jamoat va xoʻjalik tuzilmalarining oliy maʼlumotli, chet tillarni biladigan, tashqi aloqalar sohasida ish stajiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan yuqori va oʻrta boʻgʻin rahbarlari, xalqaro munosabatlar bilan shugʻullanuvchi mutaxassislari qabul qilinadilar.
4. Akademiya rektori:
bir oy muddatda “Davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar” fakulteti tashkil etilishini hisobga olib Akademiyaning shtat jadvalini, tuzilmasini qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Tashkiliy-kadrlar siyosati boʻyicha hamda Davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha Davlat maslahatchilari bilan kelishgan holda bir oy muddatda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy aloqalar sohasida tayyorlanishi, qayta tayyorlanishi va malakasi oshirilishi zarur boʻlgan mansabdor shaxslar roʻyxatini qabul qilish tartibini va keyinchalik oʻqish tamomlangandan keyin ishga yuborish tartibini ishlab chiqsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining tavsiyalari boʻyicha 1997-1998 oʻquv yilida Akademiyaning “Davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar” fakultetiga 40 nafar tinglovchi shu jumladan, “Davlatlararo munosabatlar” boʻlimiga — 20 kishi “Tashqi iqtisodiy aloqalar” boʻlimiga — 20 kishini qabul qilsin;
Tashqi ishlar vazirligi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda “Davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar fakultetida oʻqituvchilikka Oʻzbekiston Respublikasi oliy oʻquv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, vazirliklari va idoralarining xalqaro munosabatlar bilan shugʻullanuvchi yetakchi mutaxassislarini, shuningdek xorijiy mamlakatlardan olimlar va mutaxassislarni jalb etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili, 1997-yildan boshlab, “Davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar fakulteti tashkil etilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasiga qoʻshimcha mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi Akademiyaning “Davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar” fakulteti moddiy-texnika bazasini mustahkamlashda hamda oʻzlarining tarkibiy boʻlinmalarida, Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari va vakolatxonalarida fakultet tinglovchilarining stajirovkasini oʻtkazishda koʻmaklashsinlar.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 13-mart,
142-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 13-martdagi 139-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
“Davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar” fakulteti toʻgʻrisida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. “Davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar fakulteti (keyingi oʻrinlarda — Akademiya fakulteti deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining oliy oʻquv yurtidan soʻng xalqaro munosabatlar va diplomatiya, xalqaro iqtisodiy munosabatlar, siyosat, huquq va iqtisodiyot sohasidagi kasbiy taʼlim jarayonini xalqaro taʼlim standartlariga muvofiq amalga oshiruvchi oʻquv boʻlinmasi hisoblanadi.
2. Akademiya fakulteti davlatlararo munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, diplomatiya, xalqaro siyosat va huquq sohasidagi yetakchi oʻquv, ilmiy va uslubiy markaz hisoblanadi.
3. Akademiya fakulteti oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlar va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining boshqa qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Akademiya Ustavi va mazkur Nizomga amal qiladi.
II. “DAVLATLARARO MUNOSABATLAR VA TAShQI IQTISODIY ALOQALAR FAKULTETINING MAQSADI VA VAZIFALARI
4. Akademiya fakulteti:
a) diplomatik kadrlar, oliy maʼlumotli, chet tillarni biladigan, tashqi aloqalar sohasida ish stajiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasidan Tashqi ishlar vazirligi va Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tizimi, davlat hokimiyati boshqaruvi organlari, jamoat va xoʻjalik tuzilmalari uchun xalqaro munosabatlar bilan shugʻullanuvchi mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni;
b) davlat dasturlari va buyurtmalariga muvofiq tashqi aloqalar sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish va chuqurlashtirishni, operativ-tahliliy materiallarni tayyorlashni;
v) tashqi siyosat, davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari ilmiy-uslubiy ishlanmalar va tadqiqotlarni tayyorlash va nashr etishni amalga oshiradi.
5. Akademiya fakulteti taʼlim jarayonining maqsadi tinglovchilar tomonidan tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy aloqalar sohasidagi zarur nazariy va amaliy bilimlarning, tashqi aloqalar tashkilotchilik va boshqaruvchilik ishlari koʻnikmalari sohasidagi vatanimiz va chet el fanining eng yangi yutuqlarini oʻzlashtirish, shu jumladan, yangi axborot tizimlaridan foydalanish, ilmiy-tadqiqot ishlari koʻnikmalarini mustahkamlash va rivojlantirish, mutaxassislikka oid ishlar uchun zarur boʻlgan hajmdagi xorijiy tillarni egallash hisoblanadi.
6. Akademiya fakulteti quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha kasbiy tayyorgarlikni amalga oshiradi:
xalqaro munosabatlar tarixi, tashqi siyosat va diplomatiya;
xalqaro iqtisodiy munosabatlar;
xalqaro moliya;
jahon va mintaqaviy iqtisodiyot;
xalqaro huquq
diplomatiya va konsullik xizmati;
politologiya.
III. FAKULTETDAGI OʻQUV-TAʼLIM JARAYoNI
7. Fakultetdagi taʼlim mazmuni davlat taʼlimi standartlari asosida ishlab chiqiladigan va qabul qilinadigan “Xalqaro munosabatlar” va “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar” mutaxassisliklari boʻyicha kasbiy namunaviy taʼlim dasturlari bilan belgilanadi.
8. Taʼlim jarayoni davlat taʼlimi standartlari asosida ishlab chiqilgan oʻquv rejalariga muvofiq amalga oshiriladi.
9. Akademiya fakultetida;
tashqi siyosat va diplomatiya;
jahon iqtisodiyoti va zamonaviy xalqaro iqtisodiy munosabatlar;
xalqaro huquq;
xalqaro moliya institutlari;
Diplomatiya va konsullik xizmati;
xorijiy tillar kafedralari faoliyat koʻrsatadi.
Akademiya rektori kafedralarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish huquqiga egadir.
Oʻquv jarayoni fakultet dekanati tomonidan tashkil etiladi.
10. Fakultetda mashgʻulotlarni oʻtkazishning quyidagi shakllari belgilanadi: leksiyalar; seminarlar; video darslar; amaliy oʻyinlar (shu jumladan, ShEXMdan foydalangan holda yasama (imitatsion) va tarkibiy modellashtirish oʻyinlari); referi boʻyicha maslahatlar; kontrol, kurs, diplom ishlari; ishlab chiqarish va til amaliyoti; yakuniy test imtihonlari; tinglovchilarining mustaqil mashgʻulotlari.
11. Akademiya fakulteti tinglovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish oʻqitishning yuzma-yuz soʻrash shakli boʻyicha olib boriladi. Oʻqitish shakli va muddati maqsadiga qarab Akademiya tomonidan belgilanadi.
12. Oʻqituvchilik ishiga oʻrindoshlik tartibida va soatbay toʻlash shartlarida respublika oliy oʻquv yurtlarining yetakchi olimlari, ilmiy-tadqiqot institutlarining, vazirliklar va idoralarning mutaxassislari, shuningdek chet mamlakatlardan olimlar taklif etiladi. Chet mamlakatlardan olimlar va mutaxassislar kontrakt asosida ishlashga taklif etiladilar.
IV. “DAVLATLARARO MUNOSABATLAR VA TAShQI IQTISODIY ALOQALAR” FAKULTETI TINGLOVChILARI
13. Akademiya fakultetining tinglovchilari etib eng avval yuqori va oʻrta boʻgʻin rahbarlari, Tashqi ishlar vazirligi va Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, — vazirliklar, idoralar tizimi va hokimliklarning xalqaro munosabatlar bilan shugʻullanuvchi mutaxassislari, shuningdek haq toʻlash-kontrakt asosida chet tillarni biladigan va tashqi aloqalarni amalga oshiradigan jamoat xoʻjalik tuzilmalari xodimlari qabul qilinadilar.
14. Akademiyaning mazkur fakultetiga qabul qilinadigan tinglovchilar soni Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilanadi.
15. Akademiyaning mazkur fakultetiga qabul qilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi — Tashkiliy-kadrlar xizmati rahbari bilan kelishilgan holda Akademiya rektori tomonidan tasdiqlangan qabul qilish qoidalari bilan belgilanadi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 17-iyundagi 180-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 25-son, 259-modda)