Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDA DAVLAT VA IJTIMOIY QURILISh AKADEMIYASINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 10-apreldagi PF-4435-sonli “Davlat boshqaruvi sohasida kadrlar tayyorlashni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Hokimiyat organlari, vazirliklar, idoralar, hokimliklar rahbar kadrlar boʻgʻini va jamoatchilik vakillarining siyosiy, madaniy, maʼnaviy va professional tayyorgarligini hamda ularni qayta tayyorlashni tubdan yaxshilash, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi davlat va ijtimoiy qurilish istiqbollarini asoslashga doir ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish va chuqurlashtirish zarurligi hisobga olingan holda:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Davlat va ijtimoiy qurilish akademiyasi tashkil etilsin.
2. Akademiya faoliyatining asosiy vazifa va yoʻnalishlari quyidagicha belgilansin:
— davlat, jamoat va xoʻjalik tuzilmalari xodimlari hamda rahbarlari orasidan isteʼdodli, aql-zakovatli tinglovchilarni puxta tanlab olish, ularning siyosiy, maʼnaviy-axloqiy va professional saviyasini oshirish, ularni respublikada milliy va umumbashariy qadriyatlar uygʻunligi asosiga qurilgan huquqiy demokratik davlat va fuqarolar jamiyatini barpo etishning eʼtiqodli tarafdorlari qilib tarbiyalash;
— oliy-maʼlumotli va oliy oʻquv yurtini bitirganidan soʻng kamida ikki yil ishlagan mutaxassislar orasidan har tomonlama zukko, maʼnaviy va professional jihatdan yetuk boʻlgan yoshlarni istiqbolli yosh menejer hamda boshqaruvchilar qilib tarbiyalash uchun qabul qilish;
— rahbar xodimlar va mutaxassislarni attestatsiyadan oʻtkazishning yangi tizimini ishlab chiqish va joriy qilishda ishtirok etish;
— professional rahbar tayyorlashning zamonaviy usullarini qoʻllagan holda rahbarlarni tayyorlash hamda ijtimoiy va davlat qurilishining barcha boʻgʻinlari uchun rahbarlar zaxirasi umumdavlat bankini shakllantirish;
— tegishli mutaxassisliklar boʻyicha doktorantura va aspirantura orqali yuqori malakali kadrlarni tayyorlash;
— davlat va ijtimoiy qurilishni, iqtisodiy taraqqiyotni, psixologiya va sotsiologiyani takomillashtirish sohasida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, shuningdek kadrlar siyosatini takomillashtirish yuzasidan tavsiyanomalar ishlab chiqish;
— xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish muassasalari faoliyati boʻyicha konsepsiyalar, dasturlar, loyihalar, tavsiyanomalar va boshqa hujjatlarni ilmiy ekspertiza qilish;
— rahbar xodimlarning malakasini oshirish va ularni tayyorlash sohasida xalqaro hamkorlik.
3. Akademiyaga oʻquv-tadqiqot jarayonini tashkil etish uchun qoʻshimcha ishlash yoki yakkama-yakka bitim tuzish shartlari bilan respublika va xorijiy davlatlardagi yirik ilmiy markazlarning taniqli olimlarini jalb etish huquqi berilsin.
4. Akademiyaning moddiy, texnikaviy va ijtimoiy bazasini rivojlantirish, uning faoliyatiga respublikaning va xorijiy mamlakatlarning yetakchi olimlari hamda mutaxassislarini jalb qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat va ijtimoiy qurilish akademiyasini rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish maqsadga muvofiq deb hisoblansin. Jamgʻarma daromadlari turli manbalar, jumladan, xorijdagi jismoniy va huquqiy shaxslarning ixtiyoriy badallari, shuningdek xoʻjalik faoliyati hisobidan tarkib topadi.
Vazirliklar, idoralar va hokimliklar, xoʻjalik hisobidagi korxonalar, tadbirkorlik tuzilmalari Oʻzbekistonni siyosiy va iqtisodiy jihatdan yanada yuksaltirish uchun zarur boʻlgan yangi tusdagi xodimlarni tayyorlash jarayonida muhim oʻrin tutish lozim boʻlgan akademiyaning moddiy-texnikaviy bazasini mustahkamlashga koʻmaklashishi kerak.
Akademiya hamda u barpo etadigan muassasa va korxonalar dastlabki besh yil davomida har qanday soliqdan ozod qilinsin.
5. Akademiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi sessiyalarining materiallari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlarini, meʼyoriy va yoʻriqnoma hujjatlarini, shuningdek vazirlik va idoralarning statistika toʻplamlarini olishi shart boʻlgan muassasalar roʻyxatiga kiritilsin.
6. Akademiyaga oʻzbek va rus tillarida yiliga toʻrt marta chiqadigan va hajmi 6-7 bosma taboqdan iborat boʻlgan “Jamiyat va boshqaruv” siyosiy-iqtisodiy jurnalini, shuningdek davriy va alohida mavzularga oid nashrlarni chiqarishga ruxsat etilsin.
7. Respublika budjetidan davlat hokimiyati va boshqaruv organlarini saqlab turish uchun alohida modda bilan ajratiladigan mablagʻ, shuningdek ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazish uchun budjetdan ajratiladigan mablagʻ akademiyani moliyaviy jihatdan taʼminlash manbai deb belgilansin.
8. Davlat va ijtimoiy qurilish akademiyasini barpo etishga doir tashkiliy va moliyaviy masalalarni hal qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I. Joʻrabekov raisligida komissiya tashkil etilsin.
Komissiyaga bir hafta ichida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mazkur Farmon ijrosini taʼminlashga doir qarori loyihasini taqdim etish topshirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 19-aprel,
PF-1097-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 5-son, 82-modda)