Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining
Qarori
Toshkent davlat yuridik universitetida oʻqitishning modul tizimi sharoitlarida talabalar bilimini nazorat qilish tartibi va baholash mezonlari toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 2-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2780-3]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-apreldagi PF-5987-son “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Adliya vazirligi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Adliya vazirligining 2016-yil 22-apreldagi 1-2016 va 4-son qarori (roʻyxat raqami 2780, 2016-yil 22-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 16-son, 172-modda) bilan tasdiqlangan Toshkent davlat yuridik universitetida oʻqitishning modul tizimi sharoitlarida talabalar bilimini nazorat qilish tartibi va baholash mezonlari toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I. MADJIDOV
Toshkent sh.,
2020-yil 2-noyabr,
6-2020-son
Adliya vaziri R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2020-yil 2-noyabr,
4-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Adliya vazirligining 2020-yil 2-noyabrdagi 6-2020, 4-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Toshkent davlat yuridik universitetida oʻqitishning modul tizimi sharoitlarida talabalar bilimini nazorat qilish tartibi va baholash mezonlari toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktabrdagi PF-5847-son “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi hamda 2020-yil 29-apreldagi PF-5987-son “Oʻzbekiston Respublikasi yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonlariga muvofiq Toshkent davlat yuridik universitetida (bundan buyon matnda universitet deb yuritiladi) oʻqitishning modul tizimi sharoitlarida talabalar bilimini nazorat qilish tartibi va baholash mezonlarini belgilaydi.”.
2. 1-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Universitet tomonidan boshqa oliy taʼlim muassasalari bilan tashkil etilgan qoʻshma taʼlim dasturlari doirasida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash hamda bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha shartnomada nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.”.
“4. Talabalarning bilim saviyasi va oʻzlashtirish darajasini davlat taʼlim standartlariga muvofiqligini taʼminlash uchun universitetda oraliq va yakuniy nazorat turlari oʻtkaziladi.
Oʻquv dasturlarida belgilangan hollarda faqat yakuniy nazorat turi oʻtkazilishi mumkin.
5. Modulning nazorat jadvallari, nazorat turlari va shakllari, nazoratlar soni hamda oraliq va yakuniy nazoratlar uchun belgilangan maksimal va saralash ballari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar elektron taʼlim platformasiga oʻquv semestri boshlanishidan oldin kiritiladi hamda pedagog xodim tomonidan birinchi mashgʻulotda talabalarga eʼlon qilinadi.
Yakuniy nazorat jadvallari fakultet dekanatlari tomonidan ishlab chiqiladi va Oʻquv-uslubiy boshqarma tomonidan umumlashtirilgan holda universitet veb-saytiga hamda elektron taʼlim platformasiga joylashtiriladi.”.
4. 3-bob oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
5. 12-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“12. Oraliq nazoratni oʻtkazish tartibi (oraliq nazoratni oʻtkazish shakli va muddati, oraliq nazorat savollariga qoʻyiladigan talablar, baholash mezonlari) oʻquv fanining xususiyatlari va unga ajratilgan soatlardan kelib chiqqan holda tegishli kafedra taklifi asosida fakultet dekanati bilan kelishilgan holda oʻquv yili boshlanishidan kamida ikki hafta avval oʻquv dasturlarida belgilanadi va universitet Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Oraliq nazorat har bir oʻquv fanining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda semestr davomida kamida bir marotaba oʻtkaziladi.
Oraliq nazorat ogʻzaki yoki yozma ish (individual yoki jamoaviy ish, prezentatsiya, tahliliy maʼlumot tayyorlash) shaklida oʻtkaziladi.
Oraliq nazorat ogʻzaki shaklda oʻtkazilganida, ushbu jarayon videoyozuvda qayd qilinadi.
Oraliq nazorat dars mashgʻulotlarini oʻtkazgan pedagog xodim yoki kafedra mudiri tomonidan uch nafar kafedra aʼzolaridan iborat tarkibda tuziladigan komissiya tomonidan baholanadi.
Oraliq nazorat uchun har bir modul boʻyicha jami ballning (baho foizining) 40 foizigacha ajratilishiga ruxsat etiladi.”.
6. 13 — 17-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
7. 18-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“18. Oraliq nazorat yozma ish shaklida oʻtkazilganida, u talaba tomonidan mustaqil ravishda tayyorlanishi va akademik halollik talablariga rioya etilishi shart. Akademik halollik talablarini buzilishiga, shu jumladan mualliflikni oʻzlashtirishga (plagiat) yoʻl qoʻyilmaydi. Yozma ishda qogʻoz yoki elektron koʻrinishda nashr qilingan oʻzga matndan olingan manbaaga hech qanday havola qilmagan holda ishlatish yoki olingan manbaaga havola qilingan boʻlsada, lekin oʻzlashtirishlarning hajmi va xarakteri talabaning yozma ishni yoki uning asosiy qismini mustaqil yozilganligiga shubha uygʻotadigan darajada oʻzlashtirilgan boʻlsa plagiat deb topiladi.”.
8. 181-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
9. 19 va 191-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“19. Oraliq nazorat ballari yakuniy nazorat boshlanishidan kamida ikki hafta oldin pedagog xodim tomonidan elektron taʼlim platformasi tizimiga kiritilishi zarur.
191. I yoki II guruh nogironligi boʻlgan talabaning mazkur Nizomda nazarda tutilgan oraliq nazorat ishlarini yozma shaklda bajarish imkoniyati mavjud boʻlmaganda, u oraliq nazoratni ogʻzaki imtihon shaklida tegishli modul oʻqituvchisiga yoki kafedra mudiri 3 nafar kafedra aʼzolaridan iborat tarkibda tuzgan komissiyaga topshiradi.”.
10. 21 — 26-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“21. Mutaxassislik oʻquv fanlarining modullari boʻyicha yakuniy nazorat semestr yakunida universitetning maxsus jihozlangan auditoriyalarida elektron taʼlim platformasi orqali kompyuterda topshiriladi.
Nomutaxassislik oʻquv fanlari boʻyicha yakuniy nazorat universitetning Oʻquv-uslubiy kengashi tomonidan belgilangan shaklda oʻtkazilishi mumkin.
22. Yakuniy nazorat savollari, qoida tariqasida, mantiqiy savollar va muammoli vaziyatlarni yoki faqat muammoli vaziyatni (kazus, keys-stadini) oʻz ichiga oladi. Shuningdek yakuniy nazorat test shaklida oʻtkazilishi mumkin. Modullar boʻyicha yakuniy nazorat savollarining mazmuni kafedralar tomonidan belgilanadi.
Yakuniy nazorat savollari boʻyicha ballar miqdori (baho foizi) kafedra tavsiyasiga asosan universitet Oʻquv-uslubiy kengashi qarori bilan taqsimlanadi.
23. Yakuniy nazorat savollari tegishli kafedra tomonidan tuziladi. Savollar soni kafedra tavsiyasiga asosan Oʻquv-uslubiy boshqarma tomonidan belgilanadi.
Savollar:
talabalarning oʻtgan oʻquv yillarida tayyorlangan yozma ishlardan foydalanish imkoniyatini istisno qilish uchun zaruratga koʻra yangilanishi;
aniq, normativ-huquqiy hujjatlar koʻrsatmalariga asoslangan va amaliyot bilan bevosita bogʻliq boʻlishi;
mazmuni modul oʻquv dasturiga muvofiq boʻlishi;
oʻz ichiga oʻquv dasturining tegishli boʻlimlarini toʻliq qamrab oluvchi materiallarni mujassam qilgan boʻlishi;
talabalarning modulni oʻzlashtirish darajasini, tahlil qilish koʻnikmalarini, mustaqil fikrlash va kelajakdagi kasbiy faoliyatlarida mustaqil qarorlar qabul qilish qobiliyatlarini aniqlashga qaratilgan boʻlishi lozim.
24. Kafedra mudiri oʻquv semestrining toʻrtinchi haftasi boshlanishidan kechikmagan holda yakuniy nazorat savollarini fakultet dekanatiga taqdim qilinishini taʼminlashi shart. Fakultet dekanati savollarni oʻquv dasturida belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirgan holda yetti ish kuni ichida Oʻquv-uslubiy boshqarmaga taqdim qiladi.
Oʻquv-uslubiy boshqarma Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi bilan birgalikda yakuniy nazorat savollarini olgan kundan boshlab ikki hafta davomida ularning oʻquv dasturiga mos yoki mos emasligi nuqtai nazaridan ekspertizadan oʻtkazadi. Ekspertizadan oʻtkazilgan yakuniy nazorat savollari Oʻquv-uslubiy boshqarma tomonidan tegishli modullar boʻyicha yakuniy nazorat savollari yagona bazasiga kiritiladi. Yakuniy nazorat savollari yagona bazasi har yili taqdim qilinadigan yakuniy nazorat savollari hisobiga kengayib boradi. Universitet yakuniy nazorat savollari yagona bazasidan talabalar va pedagog xodimlarning foydalanishiga imkoniyat yaratilishini taʼminlaydi.
25. Yakuniy nazorat savollari yagona bazasida mavjud savollar asosida elektron taʼlim platformasida avtomatik ravishda yakuniy nazorat savollari shakllantiriladi.
26. Yakuniy nazorat fakultet dekanlari tavsiyasiga koʻra oʻquv ishlari boʻyicha prorektor tomonidan tasdiqlanadigan, kafedralarning pedagog xodimlari orasidan tayinlanadigan auditoriya rahbari va kuzatuvchilar tomonidan oʻtkaziladi. Yakuniy nazoratni oʻtkazishda rektor tomonidan tayinlangan universitetning boshqa xodimlari ham qatnashadi.”.
11. 27-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“27. Yakuniy nazorat olib borish jarayoni, qoida tariqasida, videoyozuvda qayd qilinadi. Oʻquv-uslubiy boshqarma va Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi xodimlari videokuzatuv vositasi orqali yakuniy nazorat oʻtkazish jarayonini kuzatadi.”.
12. 29 — 31-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“29. Imtihon jadvalida belgilangan yakuniy nazorat vaqti boshlangandan soʻng kelgan talabalar unda ishtirok etishga qoʻyilmaydi.
30. Yakuniy nazorat oʻtkazilayotgan auditoriyaga auditoriya rahbari va kuzatuvchilardan boshqa shaxslarning kirishi qatʼiyan taqiqlanadi. Yakuniy nazorat oʻtkazish jarayoni rektor, oʻquv ishlari boʻyicha prorektor hamda Oʻquv-uslubiy boshqarma boshligʻi va uning oʻrinbosari, Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi boshligʻi, shuningdek dekanlar tomonidan nazorat qilib turilishi mumkin.
31. Auditoriya rahbari va kuzatuvchilar yakuniy nazorat oʻtkazishda quyidagilarga majbur:
talabalarni yakuniy nazorat boshlanishidan avval uni oʻtkazish tartibi va davom etish vaqti haqida xabardor qilish;
talabalarning mobil telefonlarini oʻchirishlari va topshirishlarini taʼminlash;
talabalarga yakuniy nazorat davomida foydalanish taqiqlangan barcha predmetlarni kuzatuvchilarga oʻz ixtiyorlari bilan topshirishlarini taklif etish;
talabalarni auditoriyada bir-birlaridan koʻchirishlari uchun imkon boʻlmaydigan holda joylashtirish;
yakuniy nazorat oʻtkazilayotgan toʻliq vaqt davomida tartibga lozim darajada rioya qilinishini taʼminlash;
zarur boʻlganda talabalarga qayd etilgan noaniqliklar, texnik xatolar yoki topshiriqni bajarishga qoʻyiladigan maxsus talablar haqida maʼlumot berish;
yakuniy nazorat oʻtkazish qoidalarini buzgan talabalarni tegishli dalolatnoma tuzgan holda imtihondan chetlashtirish.”.
13. 33 va 34-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“33. Talaba yakuniy nazorat oʻtkaziladigan auditoriyada oʻzi uchun ajratilgan kompyuterga familiyasi, ismi, sharifi, kursi, guruhi va boshqa tegishli maʼlumotlarni kiritadi.
Tegishli maʼlumotlar kiritilganidan keyin kompyuter monitorida yakuniy nazorat savollari chiqadi.
Imtihon oʻtkazish vaqtida talabalarning yakuniy nazorat savollarining mazmuni toʻgʻrisidagi murojaatlari koʻrib chiqilmaydi.
34. Yakuniy nazorat talaba tomonidan mustaqil ravishda bajarilishi shart.
Ishni tekshirish vaqtida ikki yoki undan ortiq (ish mazmunining 2/3 dan ortigʻi) oʻxshash ishlar talabaning koʻchirganligi holatiga asos boʻladi va talabalarga nol reyting ball qoʻyiladi.
Shifrlangan ishni baholashning obyektivligiga taʼsir koʻrsatuvchi holatlar aniqlanganda, shu jumladan soʻzning ustiga yoki tagiga chizish yoxud atrofini chizib qoʻyish, ishda tekshiruvchi shaxs nomiga murojaatning mavjud boʻlishi, matnning turli qismlariga (shu jumladan, ochiq qoldirilgan joylariga) grafik belgilar qoʻyish, ish matnida talabaning familiyasi, ismi, otasining ismini koʻrsatish holatlari mavjud boʻlganda, ish uchun nol reyting balli qoʻyiladi.
Yakuniy nazoratga talaba oʻrniga boshqa shaxs kirgan holatlar aniqlanganda, talabaga nol reyting balli qoʻyilib qoidabuzarlar auditoriyadan chiqarib yuboriladi.”.
14. 35 va 36-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
15. 371-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“371. I yoki II guruh nogironligi boʻlgan talabaning mazkur Nizomda nazarda tutilgan yakuniy nazorat ishlarini kompyuterda bajarish imkoniyati mavjud boʻlmaganda u yakuniy nazorat davri boshlanishidan kamida ikki hafta oldin oʻquv ishlari boʻyicha prorektorga murojaat qiladi. Bunda talaba haqiqatdan ham sogʻligʻining holati yozish imkoniyatini istisno qilishini tasdiqlovchi tibbiy maʼlumotnoma yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining xulosasini taqdim etishi lozim. Ushbu talaba yakuniy nazoratni ogʻzaki imtihon shaklida komissiyaga topshiradi.
Sogʻligʻining holati kompyuterda ishlash imkoniyatini istisno qiladigan talabalardan ogʻzaki imtihonlarni qabul qiluvchi universitetning professor-oʻqituvchilar tarkibidan iborat komissiya rektor buyrugʻi bilan tuziladi. Komissiya tarkibi har oʻquv yili uchun bir marotaba tasdiqlanadi. Komissiya uning aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi. Komissiya tomonidan qoʻyilgan baho bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.”.
16. 38-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“38. Yakuniy nazoratni oʻtkazishda baholarning xolisligini taʼminlash maqsadida talabalar tomonidan bajarilgan ishlar elektron taʼlim platformasi tomonidan avtomatik ravishda identifikatsiya kodlari berish yoʻli bilan shifrlanadi.”.
17. 39-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
18. 40-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“40. Oʻquv-uslubiy boshqarma elektron taʼlim platformasiga oʻquv yuklamasidan kelib chiqib modullar boʻyicha yakuniy nazorat ishlarini tekshirishi mumkin boʻlgan pedagog xodimlar roʻyxatini kiritadi.
Elektron taʼlim platformasi tomonidan identifikatsiya kodlari berish yoʻli bilan shifrlangan ishlar avtomatik ravishda tegishli pedagog xodimlarga tekshirish uchun yuboriladi.
Ishlarni tekshirish muddatlari Oʻquv-uslubiy boshqarma tavsiyasi asosida oʻquv ishlari boʻyicha prorektor tomonidan belgilanadi.”.
19. 42-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“42. Yakuniy nazorat ishlarini tekshirish natijalari (baho) ishni tekshirgan pedagog xodim tomonidan bahoni asoslantiruvchi taqriz bilan birgalikda darhol elektron taʼlim platformasiga kiritiladi.”.
20. 43-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
21. 44-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“44. Kafedraning yakuniy nazorat ishlarini tekshirishda ishtirok etgan pedagog xodimlari tomonidan oʻquv mashgʻulotlari vaqtida talabalar uchun yakuniy nazorat ishlarida koʻp uchragan xatolar toʻgʻrisida tushuntirish beriladi, shuningdek, mazkur xatolar umumlashtirilib, talabalarga axborot xizmati orqali yetkaziladi.”.
22. 45-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
23. 46 va 47-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“46. Oʻquv-uslubiy boshqarma tomonidan oraliq va yakuniy nazorat natijalari asosida elektron taʼlim platformasida talabalarning familiyasi, ismi, otasining ismi identifikatsiya qilingan holda jamlovchi elektron reyting qaydnomasi shakllantiriladi.
Jamlovchi elektron reyting qaydnomasida notoʻgʻri qayd qilingan hollar aniqlanganda, elektron taʼlim platformasiga ishlarni tekshirish va baholarni kiritishga masʼul boʻlgan pedagog xodim javobgar boʻladi.
Agar oraliq va yakuniy nazorat ishlari natijasi jamlovchi reyting qaydnomasida notoʻgʻri aks ettirilgan boʻlsa, Oʻquv-uslubiy boshqarmaning jamlovchi reyting qaydnomasini tuzishga masʼul boʻlgan xodimi, shuningdek Oʻquv-uslubiy boshqarma boshligʻi javobgar boʻladi.
Oraliq va yakuniy nazorat ishlari reyting qaydnomasida toʻgʻri aks etishini monitoring qilish uchun Oʻquv-uslubiy kengash oʻz qarori bilan jamlovchi reyting qaydnomasini haqiqiy ballarga mos kelishini qayta tekshirish tashabbusi bilan chiqishi mumkin.
Oraliq va yakuniy nazorat topshirish reyting qaydnomasining hamda yakuniy jamlovchi reyting qaydnomasining shakllari Oʻquv-uslubiy kengash tomonidan tasdiqlangan namuna boʻyicha tuziladi.
47. Oraliq va yakuniy nazorat ishlarini baholashning xolisligini taʼminlash maqsadida Oʻquv-uslubiy boshqarma va Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi yozma ishlarning tasodifiy tanlangan holda qayta tekshirilishini tashkil qiladi. Bu maqsadda ushbu huquq sohasiga yoki fanga aloqador boʻlgan Universitet pedagog xodimlari jalb qilinadi va ular baholash mezonlari asosida talabalarga qoʻyilgan oraliq va yakuniy nazoratlar reyting ballarining xolisligini aniqlaydi.”.
24. 49 — 54-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“49. Talabalar nazorat turlari boʻyicha olgan baholarini hamda pedagog xodim tomonidan yozilgan taqrizlarni elektron taʼlim platformasi orqali kuzatib boradi.
Oraliq nazorat boʻyicha qoʻyilgan balldan norozi boʻlgan talabalar baho eʼlon qilingandan boshlab bir ish kuni davomida elektron taʼlim platformasi orqali apellatsiya shikoyati berishlari mumkin.
Oraliq nazorat ishlari boʻyicha apellatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun tegishli kafedra mudiri tomonidan kafedra professor-oʻqituvchilari tarkibidan kamida uchta aʼzodan iborat apellatsiya komissiyasi tuziladi.
Oraliq nazorat ishlari boʻyicha apellatsiya shikoyatlari apellatsiya komissiyasi tomonidan shikoyat berilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
Yakuniy nazorat boʻyicha qoʻyilgan balldan norozi boʻlgan talabalar baho eʼlon qilingandan boshlab bir ish kuni davomida elektron taʼlim platformasi orqali apellatsiya shikoyatini berishlari mumkin.
Apellatsiya shikoyatini koʻrib chiqish uchun fakultet dekani bildirgisiga asosan rektor buyrugʻi bilan universitet professor-oʻqituvchilari tarkibidan kamida yettita aʼzodan iborat apellatsiya komissiyasi tuziladi.
Yakuniy nazorat ishlari boʻyicha apellatsiya shikoyatlari apellatsiya komissiyasi tomonidan barcha modullar boʻyicha yakuniy nazorat baholari eʼlon qilingandan boshlab oʻn kun davomida koʻrib chiqiladi.
Apellatsiya komissiyalari aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi. Apellatsiya komissiyalarining qarori oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va unda ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Talabaning apellatsiya shikoyati apellatsiya komissiyalarida zarurat boʻlganda ushbu nazorat turi boʻyicha ballar qoʻygan pedagog xodimning ishtirokida koʻrib chiqiladi.
Apellatsiya shikoyatini koʻrib chiqishda apellatsiya komissiyalari nazorat ishlarini har tomonlama oʻrganadi.
Talabaning apellatsiya shikoyatini koʻrib chiqish natijasi boʻyicha apellatsiya komissiyalari quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
qoʻyilgan ballarni oʻzgarishsiz qoldirish;
qoʻyilgan ballarni oʻzgartirish.
Talabaning apellatsiya shikoyatini koʻrishda uning ilgari olgan reyting ballini pasaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
50. Tekshirilgan oraliq va yakuniy nazorat yozma ishlari elektron taʼlim platformasida olti oy mobaynida saqlanadi. Oraliq va yakuniy nazorat yozma ishlari hujjatlar yigʻmajildlariga kiritilmaydi va alohida saqlanishi talab etiladigan hujjat hisoblanmaydi. Oraliq va yakuniy yozma ishlar olti oylik muddat oʻtganidan soʻng elektron tizimdan oʻchirib tashlanadi.
51. Talabaning har bir modul boʻyicha oʻzlashtirish darajasi talabalarning bilim, malaka va koʻnikmalarini baholash Yevropa kredit transfer tizimiga (European Credit Transfer and Accumulation System — ECTS) asosan mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.
52. Talabaning oʻquv semestri mobaynidagi har bir modul boʻyicha oʻzlashtirishi 100 ballik tizim asosida butun sonlar bilan baholanadi. 100 ball nazorat turlari boʻyicha quyidagicha taqsimlanadi:
oraliq nazoratga modul boʻyicha toʻplanishi mumkin boʻlgan maksimal ballning — 40 foiz (40 ball) gacha;
yakuniy nazoratga modul boʻyicha toʻplanishi mumkin boʻlgan maksimal ballning oraliq nazoratga ajratilgan qismidan qolgan qismda, oraliq nazorati belgilanmagan taqdirda 100 foiz (100 ball) gacha ajratiladi.
53. Elektron taʼlim platformasida alohida baholanadigan kurs ishi (loyiha, jadval-hisoblash ishi), amaliyot (stajirovka), yakuniy davlat attestatsiyasi, bitiruv malakaviy ishi, shuningdek magistrlik dissertatsiyasi boʻyicha oʻzlashtirish ushbu Nizomning ilovasida belgilangan mezonlar boʻyicha baholanadi.
54. Talabaning modul boʻyicha oʻzlashtirishini baholashda quyidagi namunaviy mezonlardan (bundan buyon matnda namunaviy mezonlar deb yuritiladi) kelib chiqish tavsiya etiladi:
a) “A”, “A-” aʼlo baho (86 — 100 foiz) olish uchun talaba:
oʻquv dasturining barcha boʻlimlari boʻyicha tizimli, toʻla va chuqur bilimga ega boʻlishi, zarur dalillar bilan asoslantirishi;
ilmiy terminologiyadan (shu jumladan, xorijiy tilda ham) aniq foydalanishi, savollarga javobni mantiqan toʻgʻri, stilistik savodli ravishda ifodalashi;
muammoli savollarni aniqlashi, oʻz huquqiy pozitsiyasini ilmiy-amaliy tilda asoslab bera olishi;
modulning tayanch tushunchalarini bilishi va uni qisqa vaqt ichida ilmiy va amaliy masalalarni echishda samarali qoʻllay olishi;
nostandart vaziyatlarda muammolarni mustaqil va ijodiy hal qila olish qobiliyatini koʻrsata olishi;
amaliy masalalarni qisqa, asoslangan va ratsional ravishda hal etishi;
modul oʻquv dasturida tavsiya etilgan asosiy va qoʻshimcha adabiyotlarni toʻliq va chuqur oʻzlashtirishi;
oʻrganilayotgan modul boʻyicha nazariyalar, konsepsiyalar va yoʻnalishlar mohiyatini anglash, ularga tanqidiy baho berish va boshqa modullar ilmiy yutuqlarini qoʻllay olishi;
seminar, amaliy va laboratoriya mashgʻulotlarida butun semestr mobaynida ijodiy va mustaqil qatnashishi, guruhli muhokamalarda faol boʻlishi, vazifalarni bajarishda yuqori madaniyat darajasiga ega boʻlishi lozim;
b) “V+”, “V”, “V-” yaxshi baho (71 — 85 foiz) olish uchun talaba:
oʻquv dasturining barcha boʻlimlari boʻyicha tizimli, toʻla va chuqur bilimga ega boʻlishi, zarur dalillar bilan asoslantirishi;
ilmiy terminologiyadan (shu jumladan, xorijiy tilda ham) aniq foydalanishi, savollarga javobni mantiqan toʻgʻri, stilistik savodli ravishda ifodalashi;
oʻz fikrini isbotlashda yoki boshqa nazariy materialni bayon qilishda yuzaga kelgan noaniqliklarni mustaqil bartaraf eta olishi;
modulning tayanch tushunchalarini bilishi, qisqa vaqt ichida ilmiy va kasbiy vazifalarni qoʻyish hamda hal qilishda undan unumli foydalanishi;
standart vaziyatlarda muammolarni oʻquv dasturi doirasida mustaqil hal qila olishi;
amaliy mashgʻulotlarda normativ-huquqiy hujjatlarni yaxshi bilishini namoyish qilishi, ushbu bilimlarni yangi vaziyatlarda toʻgʻri (lekin doim ham ratsional emas) qoʻllay olishi, bunda bajarilgan ish natijalarini yetarli darajada rasmiylashtira olmasligi;
modul oʻquv dasturida tavsiya qilingan asosiy adabiyotlarni oʻzlashtirishi;
oʻrganilayotgan modul boʻyicha nazariyalar, konsepsiyalar va yoʻnalishlar mohiyatini anglay olishi va ularga tanqidiy baho berishi;
butun modulni oʻzlashtirish davomida seminar, amaliy va laboratoriya mashgʻulotlarida ijodiy va mustaqil qatnashishi, guruhli muhokamalarda faol boʻlishi, vazifalarni bajarishda yuqori madaniyat darajasiga ega boʻlishi lozim;
v) “S+”, “S”, “S-” qoniqarli baho (55 — 70 foiz) olish uchun talaba:
davlat taʼlim standartlari doirasida yetarli bilim hajmiga ega boʻlishi;
ilmiy terminologiyani ishlatishi, savollarga javoblarni toʻgʻri bayon qilishi, lekin bunda ayrim xatolarga yoʻl qoʻyishi;
javob berishga yoki ayrim maxsus koʻnikmalarni namoyish qilishda qiynalganda, modul va normativ-huquqiy hujjatlar boʻyicha asosiy tushunchaga ega ekanligini namoyish etishi;
modulning umumiy tushunchalari boʻyicha qisman bilimga ega boʻlishi va uni standart (namunaviy) vaziyatlarni hal etishda qoʻllay olishi;
pedagog xodim rahbarligida standart (namunaviy) vaziyatlarni hal eta olishi;
oʻqilayotgan modul boʻyicha asosiy nazariyalar, konsepsiyalar va yoʻnalishlar mohiyatini anglashi, ularga baho bera olishi;
seminar, amaliy va laboratoriya mashgʻulotlarida pedagog xodim rahbarligida qatnashishi, vazifalarni bajarishda yetarli madaniyat darajasiga ega boʻlishi lozim;
g) talabaning bilim darajasi “D” qoniqarsiz baho bilan (50 — 55 foizgacha) baholanadi, agar:
davlat taʼlim standartlari doirasida faqat ayrim fragmentar bilimlarga ega boʻlsa;
ilmiy terminlarni ishlata olmasa yoki javob berishda jiddiy mantiqiy xatolarga yoʻl qoʻysa;
seminar, amaliy va laboratoriya mashgʻulotlarida passiv qatnashib, vazifalar bajarish madaniyatining past darajasiga ega boʻlsa;
d) talaba oʻzlashtirishi quyidagi hollarda bilim darajasi “F” (0 — 49 foizgacha) bahoga baholanadi, agar:
tegishli modul boʻyicha bilimlarga ega boʻlmasa;
amaliy koʻnikmalarga ega boʻlmasa, xatolarini hatto pedagog xodim tavsiyalari yordamida ham toʻgʻrilay olmasa.
Modul xususiyatidan kelib chiqqan holda har bir modul boʻyicha baholash mezonlari kafedra tomonidan aniqlashtirilgan tartibda ishlab chiqiladi hamda tegishli modulning dasturiga kiritilib, Oʻquv-uslubiy kengash tomonidan tasdiqlanadi.”.
25. 55-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
26. 59-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“59. Yakuniy nazorat jadvallari yakuniy nazorat boshlanishidan kamida bir hafta oldin oʻquv reja asosida fakultet dekanlari tomonidan ishlab chiqiladi, Oʻquv-uslubiy boshqarma tomonidan umumlashtiriladi hamda oʻquv ishlari boʻyicha prorektor tomonidan tasdiqlanadi.
Talaba belgilangan tartibda elektron taʼlim platformasi orqali oraliq va yakuniy nazorat ish natijalarini mustaqil ravishda bilib borishga majburdir.”.
27. 60-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
28. 61 — 63-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“61.Oʻquv mashgʻulotlarida kasalligi yoki boshqa hujjat bilan tasdiqlangan uzrli sabablar tufayli (yoʻl-transport hodisasi, yaqin qarindoshining vafoti, nikoh tuzilishi, farzand tugʻilishi) ishtirok etmagan va shu sababli oraliq yoki yakuniy nazoratni belgilangan muddatda topshirmagan talabaga oʻquv ishlari boʻyicha prorektor bilan kelishilgan holda fakultet dekani tomonidan qayta oʻzlashtirish uchun akadem qarzdorlar uchun beriladigan bir oylik muddatda oraliq yoki yakuniy nazoratni topshirishga ruxsat beriladi.
62. Talabalarning oʻzlashtirmagan modullarni qayta topshirishi, modulni qayta oʻzlashtirish shartlari, bir kursda kreditlarni toʻplashning minimal va maksimal miqdorlari, kursdan-kursga oʻtkazish masalalari universitet Kengashi tomonidan belgilanadi.
63. Talabalarga stipendiya toʻlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.”.
29. 64 — 68-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
30. 71 — 73-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“71. Har bir fakultet talabalarining nazorat turlari boʻyicha erishgan natijalari fakultet dekanati tomonidan Oʻquv-uslubiy boshqarma bilan hamkorlikda tizimli ravishda tahlil qilinadi va Oʻquv-uslubiy kengashda muhokama qilish uchun kiritiladi.
72. Oraliq va yakuniy nazorat ishlarining natijalari Oʻquv-uslubiy kengashda va zaruratga koʻra, universitet Kengashida muntazam ravishda muhokama qilinadi va ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinadi.
73. Oʻquv yilining yakuni boʻyicha toʻplangan kreditlar miqdoriga koʻra talabalarni belgilangan tartibda keyingi kursga oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.”.
31. 1 — 6-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
32. Mazkur oʻzgartirish va qoʻshimchalarning ilovasiga muvofiq tahrirdagi ilova bilan toʻldirilsin.
Toshkent davlat yuridik universitetida oʻqitishning modul tizimi sharoitlarida talabalar bilimini nazorat qilish tartibi va baholash mezonlari toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga
ILOVA
ILOVA
“Toshkent davlat yuridik universitetida oʻqitishning modul tizimi sharoitlarida talabalar bilimini nazorat qilish tartibi va baholash mezonlari toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Talabaning har bir modul boʻyicha oʻzlashtirish darajasini Yevropa kredit transfer tizimi (European Credit Transfer and Accumulation System — ECTS) asosida
BAHOLASh MEZONLARI
|
Baho |
Ballda ifodalanishi |
Tavsifi |
|
A |
100 — 93 |
Aʼlo |
|
A- |
92 — 86 | |
|
B+ |
85 — 82 |
Yaxshi |
|
B |
81 — 77 | |
|
B- |
76 — 71 | |
|
C+ |
70 — 67 |
Qoniqarli |
|
C |
66 — 60 | |
|
C- |
59 — 56 | |
|
D |
55 — 50 |
Qoniqarsiz |
|
F |
49 — 0 |
”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.11.2020-y., 10/20/2780-3/1454-son)