Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SOLIQLAR VA BUDJETGA MAJBURIY TOʻLOVLAR BOʻYIChA MUDDATIDA TOʻLANMAGAN SOLIQLARNI KORXONALAR VA TAShKILOTLAR MOL-MULKI HISOBIDAN UNDIRIB OLISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-martdagi 63-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2009-yil 27-fevraldagi PQ-1062-son qarori)”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Budjet bilan hisob-kitoblar uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarning masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1996-yil 9-avgustdagi Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Soliqlar va budjetga majburiy toʻlovlar boʻyicha muddatida toʻlanmagan soliqlarni korxonalar va tashkilotlar mol-mulki hisobidan undirib olish tartibi toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. Oliy xoʻjalik sudiga soliqlar toʻlovini qarzdor korxonalar mulki hisobidan undirib olish yuzasidan daʼvolarni koʻrib chiqish tartibini soddalashtirish tavsiya etilsin, bunda uch kun muddatda qaror qabul qilish nazarda tutilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 8-noyabr,
387-son
Soliqlar va budjetga majburiy toʻlovlar boʻyicha muddatida toʻlanmagan soliqlarni korxonalar va tashkilotlar mol-mulki hisobidan undirib olish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Budjet bilan hisob-kitoblar uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarning masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1996-yil 9-avgustdagi PF—1504-son Farmoni asosida ishlab chiqilgan va soliqlar va budjetga majburiy toʻlovlar boʻyicha muddatida toʻlanmagan soliqlarni korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar (bundan keyin qarzdor korxona deb ataladi) mol-mulki hisobidan undirib olish tartibini belgilaydi.
Soliqlar va budjetga majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzlar (bundan keyin muddatida toʻlanmagan soliqlar deb ataladi), shuningdek ularni oʻz vaqtida toʻlamaganlik uchun penyalar, jarimalar va soliqlar hamda budjetga toʻlanadigan boshqa toʻlovlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligini buzganlik uchun jarimalar va boshqa xil sanksiyalar (bundan keyin — jarima sanksiyalari deb ataladi) qarzdor korxonalardan davlat soliq organlari tomonidan inkasso topshirigʻi berish yoʻli bilan soʻzsiz undirib olinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Qarzdor korxonaning hisob-kitob (joriy) schyotiga xizmat koʻrsatuvchi bank inkasso topshirigʻini olishi bilan 3 kun muddatda qarzni undirib oladi yoxud qarzdor korxonaning hisob-kitob (joriy) schyotida pul mablagʻlari mavjud boʻlmaganligi tufayli topshiriq toʻliq yoki qisman bajarilmaganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyadi va bank belgisi qoʻyilgan inkasso topshirigʻining nusxasini soliq organiga va qarzdor korxonaga yuboradi.
Mazkur Nizomda belgilangan talablarning bank tomonidan bajarilmasligi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq unga nisbatan choralar koʻrish uchun asos boʻlib hisoblanadi.
Qarzdor korxonaning banklardagi schyotlarida pul mablagʻlari boʻlmagan taqdirda qarzlar ushbu Nizomda belgilangan tartibda uning mol-mulkidan undirib olinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Soliq organi topshiriq yoki qisman bajarilmaganligi toʻgʻrisida bank belgisi qoʻyilgan inkasso topshirigʻi olgan kundan boshlab bir sutka muddatda chopar orqali yoki buyurtma xabar bilan, topshirilganligi toʻgʻrisida xabardor qilgan holda, muddatida toʻlanmagan soliqlarni va jarima sanksiyalarini toʻlash haqida qarzdor korxonaga yozma talabnoma yuboradi.
Soliq organining yozma talabnomasida mazkur talabnoma xabarnoma olingan vaqtdan boshlab bir oy mobaynida bajarilmagan taqdirda soliqlar qarzdor korxona mol-mulki hisobidan undirib olinishi toʻgʻrisida xabar qilinishi lozim.
Soliq organining muddatida toʻlanmagan soliqlarni va jarima sanksiyalarini toʻlash toʻgʻrisidagi yozma talabnomasi olingandan (topshirilgandan) soʻng bir oy mobaynida qarzdor korxona tomonidan qoniqarsiz yoki javobsiz qoldirilishi qarzni qarzdor korxona mol-mulki hisobidan undirib olish haqida qaror qabul qilish uchun asos boʻlib hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Muddatida toʻlanmagan soliqlarni va jarima sanksiyalarini qarzdor korxona mol-mulki hisobidan undirib olish haqidagi sababi koʻrsatilgan qaror soliq toʻlovchi hisobga qoʻyilgan joydagi davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi yoxud boshliq oʻrinbosari tomonidan imzolanadi. Daʼvo arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
soliq toʻlovchining soliqlar va budjetga boshqa toʻlovlar toʻlash boʻyicha qarzi borligi toʻgʻrisidagi mavjud shaxsiy schyotlaridan koʻchirma;
soliq toʻlovchining banklardagi hisob-kitob, joriy, valyuta, maxsus ssuda yoxud boshqa schyotlarida pul mablagʻlari yoʻqligi toʻgʻrisida bank maʼlumotnomasi;
soliq toʻlovchi tomonidan soliq qonunchiligiga rioya qilinishini tekshirish (bunday tekshirishlar oʻtkazilgan taqdirda) dalolatnomalari boʻyicha hisob-kitoblarni tekshirib chiqish natijalari toʻgʻrisida maʼlumotnoma;
soʻnggi hisobot davri uchun korxona balansi nusxasi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Xoʻjalik sudi soliq organi tomonidan berilgan daʼvo arizasi qondirilgandan keyin qarzdor korxona mol-mulkidan qarzni undirib olish toʻgʻrisida qaror chiqaradi.
Soliq organi xoʻjalik sudi qarori asosida qarzdor korxona mol-mulkini roʻyxatga olish va olib qoʻyish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Muddatida toʻlanmagan soliqlar va jarima soliqlari eng avvalo korxonaning naqd pul mablagʻlari (shu jumladan, xorijiy valyutadagi) va ular boʻlmagan yoki yetarli boʻlmagan taqdirdagina mol-mulkning boshqa har qanday turi (bundan keyin mol-mulk deb ataladi) hisobidan, qarzdor korxonaning takliflarini hisobga olgan holda, undirib olinadi.
Muddatida toʻlanmagan soliqlar va jarima sanksiyalari soʻmlardagi naqd pul mablagʻlari va xorijiy valyutadagi mablagʻlar hisobidan undirilgan hollarda ular qarzdor korxonadan, uning roziligidan qatʼi nazar, taqdim etilganda yoki topib olinganda darhol olib qoʻyilishi kerak. Bunda soliq toʻlovchining kassasi seyfidagi, shuningdek, ushbu kassaning alohida binosidagi pullar, soliq toʻlovining buxgalterlik (kassa) hujjatlari boʻyicha hisobda boʻlgan, saqlanish joyidan qatʼi nazar, naqd pullar majburiy ravishda olib qoʻyiladi. Boshqa hollarda aniqlangan naqd pullar bunga soliq toʻlovchining roziligi boʻlganda va olib qoʻyilayotganda ishtirok etayotgan shaxslarning u yoki bu shaxsga tegishliligi toʻgʻrisida arizalari boʻlmaganda olib qoʻyiladi.
Pullarni olib qoʻyish soliq organi tomonidan amalga oshiriladi va soliq organi vakili hamda qarzdor korxonaning mansabdor shaxsi tomonidan imzolanadigan dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Dalolatnoma ikki nusxada boʻlib, olib qoʻyish qatnashchilari uchun hamda barcha aniqlangan va olib qoʻyilgan naqd pullarning bir qismi qoldirilganligining sabablari alohida koʻrsatilgan holda yozib qoʻyuvchilarga bir nusxadan beriladi. Olib qoʻyilgan pul mablagʻlari shu kunning oʻzida tegishli budjetga oʻtkazish uchun bankka topshiriladi. Kun davomida ularni bankka topshirishning iloji boʻlmagan taqdirda ular bankning eng yaqin ish kunida bankka topshirilishi kerak, topshirilguniga qadar esa soliq organi tomonidan masʼuliyatli saqlashga qabul qilinadi, bu haqda olib qoʻyish dalolatnomasiga yozib qoʻyiladi.
Agar muddatida toʻlanmagan soliqlarni va jarima sanksiyalarini toʻlash uchun mol-mulk ajratish masalasi yuzasidan qarzdor korxona bilan kelishuvga erishilmagan boʻlsa, undirib olishning quyidagi navbatiga rioya qilinadi:
birinchi navbatda — ishlab chiqarish jarayonida bevosita ishtirok etmaydigan mol-mulklar: qimmatli qogʻozlar, valyuta, noishlab chiqarish binolari uskunalari, yengil avtotransport, ofislar dizayni predmetlari va boshqalar hisobidan;
ikkinchi navbatda — tayyor mahsulotlar, shuningdek, ishlab chiqarishda qatnashmaydigan va bevosita qatnashish uchun moʻljallanmagan boshqa moddiy boyliklar hisobidan;
uchinchi navbatda — ishlab chiqarishda bevosita qatnashish uchun moʻljallangan xomashyo va materiallar, shuningdek, dastgohlar, asbob-uskunalar, binolar, inshootlar, boshqa asosiy vositalar hisobidan;
toʻrtinchi navbatda — boshqa shaxslarga ijaraga, qarz, prokat shartnomasi yoki boshqa shartnomalarga koʻra berilgan mol-mulk hisobidan, agar koʻrsatib oʻtilgan mol-mulk hisobidan muddatida toʻlanmagan soliqlar undirib olinishi munosabati bilan yoxud boshqa xil asoslar boʻyicha ushbu shartnomalar belgilangan tartibda, shu jumladan soliq organlarining tashabbusi bilan bekor qilingan boʻlsa yoki haqiqiy emas deb topilgan boʻlsa, undirib olinadi.
7. Agar bunday undirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan vaqtgacha “Bankrotlik toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilangan tartibda xoʻjalik sudi tomonidan korxonaning qurbi etmasligi (bankrotligi) toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilgan boʻlsa qarzdor korxona mulki hisobidan muddatida toʻlanmagan soliqlar va toʻlovlar hamda jarima sanksiyalari undirilmaydi.
Agar bu ish muddatida toʻlanmagan soliqlar va toʻlovlar hamda jarima sanksiyalarini qarzdor korxona mol-mulki hisobidan undirish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganidan soʻng qoʻzgʻatilgan boʻlsa mulkdan undirish va uni sotish toʻxtatib turiladi, qarzdor korxona qurbi etmaydigan (bankrot) deb eʼtirof etilgan taqdirda esa toʻxtatiladi.
Xoʻjalik sudi tomonidan qurbi etmaydigan (bankrot) deb eʼtirof etilgan qarzdor korxona kreditorlarining talablarini qondirish “Bankrotlik toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi. Qarzdor korxona mulkini sotish toʻgʻrisidagi qarorning ijro etilishini kechiktirish uning respublika qonunchiligida belgilangan tartibda tugatilguniga qadar uzaytiriladi.
8. Qarzdor korxonaning muddatida toʻlanmagan soliqlar hamda jarima sanksiyalarini, shuningdek ularni baholash, saqlash hamda sotish, shu jumladan savdo, transport va axborot xarajatlarini toʻliq qoplash uchun zarur va yetarli hisoblangan mol-mulkigina, naqd pul mablagʻlarini ham hisobga olgan holda, xatlanadi.
Agar qarzdor korxona xatlanadigan barcha mol-mulkni yoki uning bir qismini, shuningdek naqd pul mablagʻlarini oʻz xohishi bilan taqdim etishdan bosh tortsa, xatlovni amalga oshiruvchi soliq organi daromad olish uchun foydalaniladigan joylar (moddiy boyliklarni ishlab chiqarish, saqlash va sotish joylari)ni daromadni aniqlash maqsadida tekshiradi. Tekshirish va mulkni xatlashda qarzdor korxonaning mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari tomonidan toʻsqinlik qilingan hollarda tegishli obyektlar (binolar, seyflar va shunga oʻxshash), keyinchalik soliq organiga berilgan huquqlarga muvofiq choralar qoʻllangan holda, soliq organining muhri bilan muhrlab qoʻyiladi.
Tekshiruv natijalari yoki uni amalga oshirishga toʻsqinlik qilish voqeasini qayd etish tekshiruvni oʻtkazishga vakolatli shaxs, qarzdor korxona vakili va ikki xolis guvoh tomonidan imzolanadigan protokol bilan rasmiylashtiriladi. Qarzdor korxonaning tekshiruvni oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan arizalari ham ushbu protokolda qayd etiladi. Qarzdor korxona vakilining protokolni imzolashdan bosh tortishi xolis guvohlar imzosi ostida alohida yozuv bilan tasdiqlanadi.
Mol-mulki xatlovga tushgan qarzdor korxona mol-mulkning xatlashga tortiladigan qismiga egalik huquqini saqlab qolgan holda ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish huquqidan cheklanib bu mulkni masʼuliyatli saqlashga qabul qiladi. U faqat uchinchi navbatda xatlanadigan mol-mulkdan, xatlagan soliq organi belgilagan shartlarda foydalanish huquqiga ega. Bu shartlar bajarilmagan taqdirda qarzdor korxona rahbari respublika qonunchiligiga muvofiq maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladi.
9. Qarzdor korxona mol-mulkini xatlash, soliq organining bunga vakolat berilgan xodimi tomonidan, ushbu mulkning tegishli qismi belgilangan tartibda roʻyxatga olinishi va undan foydalanish hamda tasarruf etish taqiqlanishini eʼlon qilgan holda, bu xatlash dalolatnomasida koʻrsatiladi, (mazkur Nizomning 8-bandi doirasida) amalga oshiriladi.
Mol-mulkni xatlashda qatnashish uchun zarur hollarda manfaatdor boʻlmagan tashkilot va korxonalarning buxgalterlari, tovarshunoslari, muhandislari, marketing, antikvar boʻyicha mutaxassislari hamda boshqa vakolatli mutaxassislarini maslahatchilar sifatida shartnoma asoslarida, ularning mehnatiga ularning asosiy ish joyida belgilangan stavkalar boʻyicha soliq organi mablagʻlari hisobidan haq toʻlagan holda (keyinchalik bu xarajatlar qarzdor korxona mol-mulkini sotishdan olingan mablagʻlar hisobidan qoplanadi) jalb etilishi mumkin.
Soliq organining xatlashga vakolat berilgan xodimlari qarzdor korxonaning xatlashda ishtirok etgan mansabdor shaxslariga xatlash toʻgʻrisidagi qarorning soliq organi muhri bilan tasdiqlangan nusxasini topshirishlari va oʻz xizmat guvohnomalarini koʻrsatishlari, shuningdek xatlovni amalga oshirishda qatnashganlarning barchasiga ularning mazkur Nizomdan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlarini tushuntirishlari lozim.
Mol-mulkni xatlash va olib qoʻyish mol-mulkni qarzdor korxona buxgalteriya hisobining mol-mulkni dastlabki qiymati va ishlatilganlik darajasini hisobga oluvchi, shuningdek xatlanadigan mol-mulkning ehtiyoj va talabning bozor konʼyunkturasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida baholagan holda belgilangan shakldagi toʻrt nusxada tuziladigan dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Dalolatnomada muddatida toʻlanmagan soliqlar hamda jarima sanksiyalarini qarzdor mulki hisobidan undirish (mulkni xatlash) toʻgʻrisidagi qarorning sanasi va tartib raqami boʻlishi lozim. Bunday iddaosiz dalolatnoma haqiqiy emas, deb hisoblanadi.
Koʻrsatib oʻtilgan dalolatnoma uni tuzuvchi shaxs, shuningdek qarzdor korxonaning rahbari yoki rahbar oʻrinbosari hamda uni tuzishda ishtirok etgan roʻyxatga olish mazmuni boʻyicha oʻzlarining alohida fikrlarini bildirish huquqiga ega boʻlgan boshqa shaxslar tomonidan imzolanadi. Roʻyxatni tuzuvchilardan tashqari, koʻrsatib oʻtilgan shaxslarning uni imzolashni rad etishi va rad etishning sabablarini yozma ravishda bayon etishdan bosh tortishi roʻyxat oxirida qayd etiladi hamda kamida ikki xolis guvoh ishtirokida tuziladigan dalolatnoma bilan tasdiqlanadi. Dalolatnoma mol-mulkni xatlash toʻgʻrisida qaror qabul qilgan soliq organining boshligʻi yoki boshliq oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanadi hamda bu organlarning gerbli muhrlari bilan muhrlanadi.
Dalolatnomaning birinchi nusxasi soliq organida qoladi, ikkinchi nusxasi yuqori soliq organiga beriladi, uchinchi nusxasi birinchi imzo qoʻydirib tilxat olgan holda qarzdor korxona rahbariga topshiriladi. Tilxat berish rad etilgan taqdirda bu dalolatnomada qayd etiladi.
Davlatga tegishli mol-mulk davlat mulkini boshqarishga vakolatli organ bilan kelishuvga binoan xatlanadi va olib qoʻyiladi.
10. Xatlangan qimmatli qogʻozlar, valyuta boyliklari, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari va boshqa maishiy buyumlar, antikvariat, tasviriy sanʼat va haykaltaroshlik asarlarining asl nusxalari soliq organlarining ekspertiza oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorlari boʻyicha jalb qilinadigan mutaxassis ekspertlarning albatta ishtirokida soliq organlari tomonidan baholanishi hamda xatlangandan keyin darhol soliq organlari tomonidan olib qoʻyilishi, keyinchalik (uch sutka ichida) masʼuliyatli saqlash uchun bankka topshirilishi kerak, muayyan turdagi boyliklar ularning saqlanishi taʼminlanadigan muzeyga yoki boshqa ixtisoslashtirilgan muassasaga topshirilishi kerak boʻlgan qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
Olib qoʻyish dalolatnomasida qayd etiladigan qarzdor korxonaning arizasi boʻyicha oʻziga xos belgilarga ega boʻlgan olib koʻyilgan boyliklar keyinchalik qarzdor korxona tomonidan mazkur Nizomda nazarda tutilgan mol-mulkni sotish uchun olib qoʻyish tartibi va muddatlariga binoan, sotib olinishi yoki boshqa mulk bilan almashtirilishi mumkin. Bu holda ular masʼuliyatli saqlash uchun bankka yoki boshqa tegishli muassasaga topshiriladi va koʻrsatib oʻtilgan shartlarga rioya etilgan taqdirda qarzdor korxonaga qaytarilishi kerak.
Xatlangan boshqa mol-mulkni saqlash, qarzdor korxonaning aniq imkoniyatlarini hisobga olib hamda qarzdor korxonaning tegishli mansabdor shaxslariga va boshqa xodimlariga respublika qonun xujjatlariga muvofiq uning saqlanishi uchun javobgarlik yuklangan holda xatlash toʻgʻrisidagi qarorlarda belgilangan shartlarda, qarzdor korxonaning oʻzi tomonidan amalga oshiriladi.
Xatlangan davr ichida uning egasi (qarzdor korxona) foydalanish huquqidan mahrum boʻlgan koʻchar mulk (qimmatli qogʻozlar va valyuta boyliklaridan tashqari), imkoni boricha, soliq organi vakili va mulk egasi tomonidan muhrlangan alohida joylarda saqlanishi kerak.
11. Qarzdor korxona vaqtida toʻlanmagan soliq va yigʻimlar uchun sotib olinadigan mol-mulkning baholangan qiymati miqdoridan kam boʻlmagan pul mablagʻlari tegishli budjetga toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etgach undan olib qoʻyilgan mol-mulkning istalgan qismi qaytarilishini (sotib olinishini) soliq organidan istalgan vaqtda talab qilishga haqlidir.
Mazkur Nizomga muvofiq xatlangan koʻchar mol-mulkni olib qoʻyish va sotish uchun berish mazkur Nizomga muvofiq xatlagan soliq organi tomonidan sotish kunida soliq va toʻlovlarning toʻlanmagan qismi roʻyxat qilinishiga muvofiq amalga oshiriladi hamda ikki tomonlama topshirish dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
Koʻchmas mulkni va ayrim hollarda katta hajmli koʻchar mulkni olib qoʻyish uning roʻyxatiga qarzdor korxona undan foydalanishi va uni tasarruf etishini roʻyxat tuzuvchining va qarzdor korxona vakilining imzolari bilan tasdiqlanadigan taqiqlash toʻgʻrisida koʻrsatma kiritish yoʻli bilan rasmiylashtiriladi. Bu mol-mulkka tegishli binolar va xonalar xatlagan soliq organining muhri bilan muhrlab qoʻyiladi.
12. Mazkur Nizomga muvofiq xatlangan mol-mulkni sotish shartnoma-vositachilik asosida yoxud kim oshdi savdosi shartlarida amalga oshiriladi.
Koʻchiriladigan mulkni shartnoma-vositachilik asosida sotish uchun qabul qiluvchi tomon sifatida qarzdor korxonaning, mulk egasining taklifiga koʻra, taklif qilishdan bosh tortilgan taqdirda soliq organining xohishiga koʻra istalgan savdo korxonasi yoki tegishli ixtisoslikdagi boshqa korxona yoxud uni olishga rozilik bergan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxs boʻlmagan fuqaro (keyingi oʻrinlarda — savdo korxonasi) harakat qiladi. Sotish shartlari, shu jumladan vositachilik haqi savdo korxonasi, qarzdor korxona va mol-mulkni xatlagan soliq organi tomonidan uch tomonlama shartnoma bilan belgilanadi
Shartnoma shartlari boʻyicha kelishuvga erishilmagan taqdirda yoki mol-mulkning u yoki bu turini sotib olish imkoniyatiga ega boʻlgan va qabul qilishga rozi boʻlgan savdo korxonasi aniqlanmagan taqdirda, shuningdek qarzdor korxonaning xohishiga koʻra, mol-mulk sotilishi toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida oldindan xabar qilingan holda, kimoshdi savdosi shartlarida sotiladi. Karzdor korxonaning mol-mulkini sotuvchi tashkilotga mol-mulk roʻyxatga olinganligi va xatlov qilinganligi haqidagi dalolatnomaning toʻrtinchi nusxasi beriladi.
13. Agar qarzdor korxonaning mol-mulkini sotish boshlangandan bir oydan keyin mol-mulk toʻliq sotilmagan boʻlsa yoki ikki oydan keyin dastlab baholangan qiymatining yarmidan kami sotilgan boʻlsa, mol-mulkni xatlagan soliq organi sotilayotgan mol-mulkning egasi boʻlgan korxonaga bitim shartlariga koʻra, mol-mulkning sotilmagan qismini qayta baholashni (arzonlashtirishni) va ayni vaqtda uning qiymatidagi etishmaydigan farqni qoʻshimcha miqdordagi mol-mulk berish (ajratish) bilan qoplashni taklif qiladi.
Yozma shaklda ifodalangan ushbu taklifni qarzdor korxona qabul qilishni rad etgan, kelishilgan shartlarni bajarmagan yoki 10 kun muddat ichida taklifni javobsiz qoldirgan taqdirda savdo korxonasi soliq organining koʻrsatmasiga koʻra sotiladigan mol-mulkni belgilangan tartibda qayta baholaydi (narxini arzonlashtiradi). Soliq organi mazkur Nizomda belgilangan tartibda qarzdor korxonaning boshqa mol-mulkining zarur qismini sotish uchun xatlaydi va olib qoʻyadi.
Qarzdor korxonaning koʻrsatilgan tartibda sotilgan mol-mulki hisobiga qoplanishi kerak boʻlgan vaqtida toʻlanmagan soliq va toʻlovlar summasidan va amalda sarflangan chiqimlardan ortiq boʻlgan hamda uni sotish boshlangandan keyin 2 oy ichida sotilmay qolgan mol-mulki soliq organining dalolatnomasi boʻyicha ushbu vaqtida toʻlanmagan soliq va toʻlovlar toʻliq toʻlangandan va qarzdor korxona tomonidan barcha tegishli chiqimlar qoplangandan keyin bir oydan kechikmay qarzdor korxonaga qaytariladi.
Sotilgan mol-mulk qarzdor korxona soliq organidan sotish tugallanganligi va budjet bilan hisob-kitob qilinganligi haqida yozma bildirishnoma olgandan keyin qarzdor korxona balansidan chiqariladi.
14. Qarzdor korxonaning mol-mulkini vositachilik shartlarida sotishdan olingan tushum sotuvchi tashkilot tomonidan qarzdor korxonaga xizmat koʻrsatuvchi bankka umumiy tushumni topshirish uchun belgilangan muddatlarda umumiy tushum tarkibida uni vedomost boʻyicha alohida satrda ajratib koʻrsatgan holda topshiriladi, bunda har ikki haftada soliq organiga aynan qaysi mulk sotilganligi (roʻyxatdagi tartib raqamlari koʻrsatilgan holda) toʻgʻrisida xabardor qilinadi.
Olib qoʻyilgan mol-mulk sotilishidan tushum tushishiga koʻra bank uni qarzdor korxonaning hisob-kitob schyotiga oʻtkazadi va bir kun muddatda bu haqda soliq organini xabardor qiladi, soliq organi oʻz navbatida qarzdor korxonaning xatlangan mol-mulki olib qoʻyilishi va sotilishi munosabati bilan qarzdor korxona tomonidan vaqtida toʻlanmagan soliq va toʻlovlar doirasida tegishli budjetga pul oʻtkazilganligi va bankka taqdim etilgan hujjatlarga muvofiq soliq organi chiqimlari qoplanganligi toʻgʻrisida qarzdor korxonaning topshirigʻi bankka berilishini taʼminlaydi. Bank tomonidan bildirishnoma berish va topshiriq bajarilishini kechiktirish respublika qonun hujjatlariga muvofiq uning javobgarligiga olib keladi.
Muddatida toʻlanmagan soliqlarni va xoʻjalik sudiga berilgan daʼvo arizasi boʻyicha qoʻyilgan jarima sanksiyalarini toʻlash hisobiga olib qoʻyilgan mol-mulkni sotishdan olingan mablagʻlar toʻliq davlat budjetiga oʻtkaziladi.
15. Karzdor korxona tomonidan undirishni amalga oshiruvchi soliq organiga vaqtida toʻlanmagan soliq va toʻlovlar, jarima sanksiyalari hamda qarzdor korxonaning mol-mulkini olib qoʻyish, baholash va sotish munosabati bilan soliq organiga yetkazilgan chiqimlar toʻliq toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, vaqtida toʻlanmagan soliq va toʻlovlarni qarzdor korxonaning mol-mulkidan undirish uning istalgan bosqichida toʻxtatiladi, olib qoʻyilgan va sotilmagan mol-mulk qarzdor korxonaga qaytariladi. Shuningdek debitorlarga berilgan bajarilmagan inkasso topshiriqlari ham qaytarib olinadi.
16 Mansabdor shaxslarning ushbu Nizomning qoʻllanishi bilan bogʻliq xatti-xarakatlari ustidan qarzdor korxona tomonidan respublika qonunchiligi bilan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
Agar respublika qonunchiligida boshqacha hol nazarda tutilmagan boʻlsa, qarzdor korxona tomonidan mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan shikoyat berilishi qarzlarning undirib olinishini toʻxtatmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1996-y., 11-son, 31-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 5-6-son, 51-modda, 2006-y., 46-47-son, 458-modda)