Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
Aholiga ipoteka kreditlari ajratilishining hadli shartlari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 30-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3269]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va “Ipoteka toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-maydagi PF-5715-son “Ipoteka krediti bozorini rivojlantirish va kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Aholiga ipoteka kreditlari ajratilishining hadli shartlari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy banki raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2020-yil 11-iyun,
13/8-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 11-iyundagi 13/8-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Aholiga ipoteka kreditlari ajratilishining hadli shartlari toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Ipoteka toʻgʻrisida”gi qonunlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-maydagi PF-5715-son “Ipoteka krediti bozorini rivojlantirish va kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq tijorat banklari (bundan buyon matnda bank deb yuritiladi) tomonidan aholiga ipoteka kreditlari ajratilishining hadli shartlarini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
toʻlov layoqati — umumiy daromadlarni tahlil qilishdan kelib chiqib aniqlanadigan qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchilarning) kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarni oʻz vaqtida va toʻliq bajarish qobiliyati;
oʻzgarmas foiz stavkasi — kredit boʻyicha toʻlovlarning qisman yoki butun muddati davomida, kredit summasidan foydalanganlik uchun bir xilda hisoblanadigan foiz stavkasi;
oʻzgaruvchan foiz stavkasi — kredit boʻyicha toʻlovlarning qisman yoki butun muddati davomida, kredit summasidan foydalanganlik uchun oʻzgaruvchan omilga bogʻlab hisoblanadigan foiz stavkasi;
qarz yuki koʻrsatkichi — qarz oluvchining barcha kreditlari va mikroqarzlari boʻyicha oʻrtacha oylik toʻlovlari miqdorining qarz oluvchi va birgalikda qarz oluvchilarning tasdiqlangan oʻrtacha oylik daromadi miqdoriga boʻlgan nisbati;
Keyingi tahrirga qarang.
birgalikda qarz oluvchi — qarz oluvchining ipoteka krediti asosiy summasi va kredit boʻyicha foizlarning har oydagi toʻlovlarida qatnashadigan, shuningdek ipoteka krediti boʻyicha solidar javob beradigan jismoniy shaxslar.
2. Aholiga ipoteka krediti banklar tomonidan toʻlovlilik, qaytarishlik, taʼminlanganlik va muddatlilik shartlarida quyidagi maqsadlarga beriladi:
qurilishning belgilangan normalari va qoidalariga rioya qilib yakka tartibda uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash;
yangi qurilgan yoki ikkilamchi bozordan yakka tartibdagi uy-joyni yoki koʻp kvartirali uydagi kvartirani sotib olish;
yangi qurilgan yoki ikkilamchi bozordan yakka tartibdagi uy-joyni yoki koʻp kvartirali uyni oʻzining mavjud uy-joyi yoki koʻp kvartirali uyiga almashtirishga;
boshqa banklar tomonidan ajratilgan ipoteka kreditlarini mijozlarga qulay shartlarda qayta moliyalashtirish.
3. Ipoteka krediti:
qurilayotgan uy-joyni u joylashgan yer uchastkasi bilan birga;
ipoteka krediti hisobiga sotib olinadigan va belgilangan tartibda qarz oluvchi mulkiga oʻtadigan yakka tartibdagi uy-joyni yoki koʻp kvartirali uydagi kvartirani;
qarz oluvchining mulki boʻlgan va ipoteka krediti hisobiga rekonstruksiya qilinayotgan yakka tartibdagi uy-joyni garovga qoʻygan holda amalga oshiriladi.
Muomaladan olib qoʻyilgan va begonalashtirilishi mumkin boʻlmagan koʻchmas mulk ipoteka predmeti boʻlishi mumkin emas.
4. Ipoteka kreditining muddati, hajmi, foiz stavkasi va boshqa shartlari bankining ichki kredit siyosatiga muvofiq bank va uning mijozi oʻrtasidagi kelishuvga asosan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Ipoteka krediti ajratilishida quyidagilarga rioya etilishi zarur:
ipoteka krediti toʻlovida muammo yuzaga kelganida mavjud qarzdorlikni undirib olish uchun huquqiy jihatdan taʼminotga bankning talab huquqi mavjud boʻlishi;
ipoteka kreditining foizlarini va asosiy qarzlarini soʻndirish uchun qarzdor toʻlovga layoqatli boʻlishi;
taʼminotga qabul qilingan koʻchmas mulk garovi bozor narxlaridan kelib chiqib baholangan boʻlishi;
kreditni olishga va monitoring qilishga kerak boʻladigan barcha maʼlumotlar bankning kredit siyosatiga muvofiq hujjatlashtirilgan boʻlishi zarur.
6. Ipoteka kreditini rasmiylashtirish bank tomonidan ajratiladigan boshqa kreditlarga nisbatan uzoq jarayonni tashkil etib, uning barcha bosqichlari bankning ichki kredit siyosatida koʻrsatib oʻtilishi zarur.
7. Bank ichki kredit siyosatida ipoteka kreditlarini olish imkoniyatiga ega boʻlgan potensial qarz oluvchilarga muvofiqlik mezonlarini ishlab chiqishlari lozim.
2-bob. Qarz oluvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash
8. Banklar qarz oluvchilar bilan kredit ajratish bilan bogʻliq munosabatlarga kirishishda Bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisida nizom (roʻyxat raqami 3030, 2018-yil 2-iyul) talablariga qatʼiy amal qilishlari zarur.
9. Qarz oluvchi kredit olish uchun bankka murojaat qilganda, bank ipoteka kreditining asosiy shartlari toʻgʻrisidagi axborot varaqasini kredit olish istagida boʻlgan fuqarolarga bepul tarzda taqdim etadi.
10. Bank qarz oluvchiga ipoteka krediti boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlgan oylik toʻlovlar miqdori hamda qarz oluvchining daromadlarini tahlil qilgan holda ushbu toʻlovlarni toʻlash uchun uning imkoniyati yetishi (yoki yetmasligi) haqida tushuntirish beradi.
11. Kredit shartnomasi imzolanmasdan oldin bank qarz oluvchiga ushbu shartnoma loyihasini tanishib chiqish uchun oʻzi bilan olib ketish huquqiga ega ekanligi toʻgʻrisida xabardor qilishi lozim.
12. Bank qarz oluvchiga kredit shartnomasi imzolangan kunda shartnomaning bitta asl nusxasini kreditni qaytarish jadvalini ilova qilgan holda taqdim etishi kerak.
13. Bank ipoteka krediti boʻyicha tegishli hujjatlarni qabul qilgandan soʻng hujjatlarni koʻrib chiqish va qaror qabul qilish muddatlarini ichki kredit siyosatida belgilashi va belgilangan muddatlar barcha uchun oshkor boʻlishi zarur.
Agar, kreditni qaytarish jadvali rasmiylashtirilgandan soʻng kredit shartnomasida koʻzda tutilgan foiz stavkasi oʻzgarganda, bank kreditni qaytarish jadvalini yangidan rasmiylashtirib, qarz oluvchiga taqdim qilishi lozim.
14. Qarz oluvchi bank foydasiga oʻz hisobidan koʻp kvartirali uydagi kvartiraning toʻliq qiymatini yoʻqolish va shikastlanish xavflaridan sugʻurta qilishda sugʻurta tashkilotini mustaqil tanlash huquqiga ega.
3-bob. Ipoteka krediti olish uchun buyurtmanomani koʻrib chiqish va buyurtmanoma boʻyicha qaror qabul qilish
15. Banklar ipoteka krediti olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxatini mustaqil ravishda shakllantiradi.
16. Kredit olish uchun buyurtmanoma va bankning ichki kredit siyosatida koʻrsatilgan barcha zarur hujjatlar bank xodimlari tomonidan qabul qilib olinadi, ushbu hujjatlar oʻrganiladi va ularda koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi tekshiriladi.
Oʻrganish va tekshirish natijalariga koʻra, bank ushbu buyurtmanoma boʻyicha ijobiy yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Zarur hollarda, bank ushbu buyurtmanomani qayta koʻrib chiqish boʻyicha qaror qilishi mumkin.
17. Bank tomonidan ipoteka krediti berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, qaror qabul qilingan kundan boshlab uch kun muddat ichida qarz oluvchiga ipoteka krediti berishning rad etilishi sabablarini aniq va tushunarli koʻrsatgan holda qaror nusxasidan koʻchirma yuboradi.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Qarz oluvchi bank qarorida koʻrsatilgan kamchiliklar bartaraf etilgandan keyin ipoteka krediti ajratish toʻgʻrisidagi ariza bilan bankka qaytadan murojaat qilishga haqlidir.
19. Qarz oluvchiga ipoteka krediti ajratish toʻgʻrisida ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, bank tomonidan uch kun muddatda bu haqida qarz oluvchini arizada koʻrsatilgan aloqa bogʻlash usullaridan (yozma, elektron pochta, SMS-xabar va boshqa xabarnomalardan) foydalangan holda xabardor qiladi.
20. Bank tomonidan ipoteka kreditini ajratish toʻgʻrisida ijobiy qaror qabul qilingandan soʻng:
bank va qarz oluvchi (birgalikda qarz oluvchilar) oʻrtasida kredit shartnomasi rasmiylashtiriladi;
qarz oluvchi oʻz hisobiga va kredit shartnomasida belgilangan muddatlarda sugʻurta tashkiloti bilan ipoteka obyektini tavakkalchiliklardan sugʻurta qilish shartnomasini tuzadi. Bunda sugʻurta shartnomasida sugʻurta mukofotini har yili toʻlanishi nazarda tutilishi mumkin;
yakka tartibdagi uy-joyni yoki koʻp kvartirali uydagi kvartirani sotib olishda belgilangan tartibda uy-joyning oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasining “Ipoteka toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq ipoteka shartnomasi tuziladi. Ipoteka shartnomasi, shuningdek qonun asosida vujudga kelgan ipoteka belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
21. Ipoteka krediti berishda bankning ipoteka bilan taʼminlangan majburiyati boʻyicha huquqlari garov xati bilan tasdiqlanishi mumkin.
Garov xati qarz oluvchi tomonidan tuziladi va ipoteka davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin, qarz oluvchi hamda bank ishtirokida roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan rasmiylashtiriladi va bankka beriladi.
22. Bankning ipoteka krediti berish boʻyicha majburiyati qarz oluvchi tomonidan bankka ipoteka predmetini yoʻqolish va shikastlanish tavakkalchiliklaridan sugʻurta qilish shartnomasini hamda sugʻurta polisini taqdim etgandan, shuningdek ipoteka vujudga kelgandan keyin paydo boʻladi. Ushbu shart kredit shartnomasida belgilab qoʻyilgan boʻlishi kerak.
Bunda, yakka tartibdagi uy-joy qurish va qayta qurish uchun ajratiladigan ipoteka kreditlari uchun qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
23. Qarz oluvchiga ajratilgan ipoteka krediti summasi (shu jumladan, qarz oluvchining bankdagi hisobvaragʻida shakllantirilgan mablagʻlari) bank tomonidan shartnomaga muvofiq tegishli hisobvaraqqa oʻtkazib beriladi.
4-bob. Qarz oluvchining toʻlovga layoqatini tahlil qilish
24. Qarz oluvchining toʻlovga layoqatliligi tahlili qarz oluvchining daromadlari va xarajatlari darajasini, ularni mavjud va keyingi kredit toʻlovlari bilan taqqoslash, kredit tarixini oʻrganishi zarur, shuningdek bankining skoring tizimi asosida tahlil amalga oshirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
25. Kredit tarixini tahlil qilishda kredit byurosi yoki boshqa rasmiy manbalardan maʼlumot olish orqali potensial qarz oluvchining ushbu bank yoki boshqa tijorat banklari va kredit tashkilotlaridan ilgari olgan hamda joriy kreditlari va mikroqarzlari boʻyicha toʻlov intizomini tekshirishni oʻz ichiga oladi.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Banklar kredit berish toʻgʻrisida qaror qabul qilishda qarz oluvchining joriy qarz yukini hisoblashlari kerak. Bu holda, berilishi kutilayotgan kreditni toʻlashni kechiktirmasdan va qarz oluvchining qolgan xarajatlariga (budjetiga) jiddiy ziyon yetkazmasdan kreditlashning taxminiy shartlarini aniqlash lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
27. Qarz yuki koʻrsatkichining chegaraviy miqdori bank tomonidan qarz oluvchining toʻlov qobiliyatiga taʼsir etuvchi omillarni (daromad darajasi, qaramogʻidagi shaxslarning mavjudligi va soni, haqiqiy yashash joyi, qarz oluvchining mehnat faoliyati turi va boshqalar) hisobga olgan holda aniqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
28. Qarz yuki koʻrsatkichi hisob-kitoblarida qarz oluvchi va birgalikda qarz oluvchilarning oʻrtacha oylik daromadlari miqdori ular tomonidan oxirgi 12 oy mobaynidagi (12 oydan kam ishlangan taqdirda — ishlangan davr uchun) olgan daromadlari miqdorining oʻrtacha arifmetik qiymati sifatida hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
29. Bank qarz oluvchi va birgalikda qarz oluvchining oʻrtacha oylik daromadlarini aniqlashda quyida keltirilgan tasdiqlovchi hujjatlar va maʼlumotlardan foydalanish huquqiga ega:
ish beruvchi tomonidan tasdiqlangan ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
pensiya toʻlovlari miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya badallari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
foizlar, dividendlar, mol-mulkni ijaraga berishdan olingan doimiy tarzdagi daromadlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
jismoniy shaxslarning daromadlari boʻyicha deklaratsiya;
ipoteka krediti taʼminotiga qoʻyilgan koʻchmas mulkning ijarasidan keladigan daromadlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa doimiy tarzdagi daromadlarni tasdiqlovchi maʼlumotlar.
Keyingi tahrirga qarang.
Bank qarz oluvchi va birgalikda qarz oluvchilarning oʻrtacha oylik daromadini aniqlashda kredit byurolvridan yoki boshqa rasmiy manbalardan mustaqil ravishda olingan, qarz oluvchining daromadlarini aniqlash imkonini beruvchi maʼlumotlardan foydalanishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
5-bob. Ipoteka kreditlari ajratishda bank tavakkalchiliklarini boshqarish
30. Bankning kuzatuv kengashi ipoteka kreditlari bilan bogʻliq tavakkalchiliklarni boshqarishda quyidagilarni nazorat qilishi zarur:
ajratilayotgan ipoteka kreditlari bankning risk-appetiti doirasida, jumladan tavakkalchiliklarni boshqarish strategiyasi va biznes rejasi doirasida olib borilayotganligi;
bank boshqaruvidan ipoteka krediti ajratuvchi mutaxassisgacha boʻladigan ipoteka kredit ajratish jarayoni bankning ichki kredit siyosati va tegishli hujjatlarida aks ettirilganligi;
quyidagilarni qamrab olgan informatsion tizimga ega ekanligi:
ipoteka portfeli risk-appetiti doirasida ekanligini aks ettiruvchi maʼlumotlar bazasi shakllanganligi;
davriy ravishda hisobotlarni olish imkoniyati mavjudligi;
ipoteka portfelining tavakkalchilik darajasini va samaradorligni baholash uchun kerakli maʼlumotlarni jamlanganligi.
31. Bank ipoteka kreditlarni ajratish bilan bogʻliq tavakkalchiliklar yuzaga kelishini oldini olish maqsadida quyidagilarni hisobga olishi lozim:
ipoteka portfelini diversifikatsiyasi;
ipoteka portfelini geografik konsentratsiyasi;
qarzdorning qarz yuki darajasi;
kreditning garov qiymatiga nisbati;
ipoteka kreditini sugʻurtalash va sugʻurta tashkilotlariga konsentratsiya darajasi;
kafillarning moliyaviy holati;
ipoteka krediti portfelida maksimum kutilgan yoʻqotishlar, muammoli kreditlar ulushi va hisobdan chiqariladigan ipoteka kreditlari darajasi.
32. Foiz oʻzgarishlardan katta zarar koʻrish ehtimolini kamaytirish maqsadida oʻzgaruvchan foiz stavkasiga jalb qilingan mablagʻlarni oʻzgarmas foiz stavkasida boʻlgan ipoteka kreditlariga yoʻnaltirganda foiz tavakkalchiligi bank tomonidan xedjirlanishi lozim.
33. Banklar ipoteka krediti portfelini tahlil qilishda jalb qilingan manbalar va ipoteka kreditlarining muddatlari oʻrtasidagi tafovut, ipoteka portfelining daromadliligi hamda bank regulyativ kapitaliga boʻlgan taʼsiri kabi omillarni hisob-kitob qilib borishlari zarur.
6-bob. Ipoteka (garov) predmetini baholashga qoʻyiladigan talablar
34. Ipoteka predmetini baholash Oʻzbekiston Respublikasining “Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda boshqa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
35. Garov qiymatini har uch yilda yoki koʻchmas mulk bozorida jiddiy oʻzgarishlar yuz berganda yangilab turish tavsiya etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
36. Agar ipoteka predmeti bankning talablariga javob bersa, ipoteka kreditining individual parametrlarini hisoblash uchun bank kreditni garovga nisbatini belgilaydi. Kreditni garovga nisbatini hisoblash uchun ipotekaning qiymati bank tomonidan baholash toʻgʻrisidagi hisobotga muvofiq (baholangan qiymat) yoki mulkni sotib olish shartnomasida koʻrsatilgan narxga muvofiq belgilanishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
37. Kreditni garovga nisbati koeffitsiyenti kredit summasining koʻchmas mulk garov qiymatining nisbati orqali hisob-kitob qilinadi, bunda:
kredit summasi — ipoteka kreditining soʻndirilmagan qoldigʻi va qarzdor tomonidan ishlatilmagan qismini oʻz ichiga oladi;
koʻchmas mulk garov qiymati — kelajakdagi yoʻqotishlarni oʻz ichiga olgan holda bozor narxlari asosida shakllangan va baholash tashkiloti tomonidan baholangan yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa tartibda aniqlangan koʻchmas mulk narxidir.
Keyingi tahrirga qarang.
7-bob. Ipoteka kreditini qaytarish tartibi
38. Kreditni qaytarish va u boʻyicha foizlarni toʻlash tartibi bank va qarz oluvchi oʻrtasida tuzilgan ipoteka krediti shartnomasi hamda qonun hujjatlari talablari asosida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
39. Qarz oluvchi tomonidan ipoteka krediti boʻyicha asosiy qarz va unga hisoblangan foiz toʻlovlari belgilangan muddatlarda toʻlanmaganda bank kredit shartnomasi hamda qonun hujjatlari talablari asosida kredit summasi va foiz toʻlovlarini undirish choralarini koʻradi.
Keyingi tahrirga qarang.
8-bob. Kredit toʻlovi boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorlik yuzaga kelganda muammolarni hal qilishning alternativ usullari
40. Bank zarur boʻlganda, maksimal uzoq va qimmat undiruv jarayoniga yoʻl qoʻymaslik maqsadida, qarz oluvchining yuzaga kelgan qiyinchiliklarini yechishda yordam berish boʻyicha maslahatlar beradi va unga koʻmaklashadi.
41. Banklar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish mezonlarini hisobga olgan holda isteʼmolchiga muammolarni hal qilish boʻyicha tavsiyalar beradi.
42. Vujudga kelgan vaziyatlarni hal qilish jarayoni tamoyillari va asosiy bosqichlari quyidagilardan iborat:
qarzdorlarning aniq qiyinchilik darajasini va muntazam toʻlovlarni tiklashga tayyorligini baholash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni toʻplash;
qarz oluvchilar bilan yuzaga kelgan qiyinchiliklarni bartaraf etishda yordam berish va qarzni toʻlashda kechikishlarning oldini olish maqsadida faol aloqa, shuningdek uning oqibatlari borasida tushuntirish berish;
kreditni qaytarishning muqobil mexanizmlarini aniqlash va muhokama qilish (masalan, kredit shartlarini oʻzgartirish, ixtiyoriy ravishda sotish yoki keyinchalik uy-joyga egalik qilish huquqini qayta roʻyxatdan oʻtkazish bilan kredit boʻyicha qarzini boshqa shaxsga oʻtkazish va h.k.).
9-bob. Yakuniy qoida
43. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.06.2020-y., 10/20/3269/1113-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 22.07.2025-y., 10/25/3269-1/0640-son; 09.08.2025-y., 10/25/3658/0713-son)