Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tadbirkorlik subyektlarini elektr tarmoqlariga ulash tartibini soddalashtirish va biznes muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatda biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 20-noyabrdagi PQ-4525-son qaroriga muvofiq tadbirkorlik subyektlarini elektr tarmoqlariga ulash va elektr hisoblagichlarii qiyoslashdan oʻtkazish tartibini soddalashtirish, muddatlarini qisqartirish va sarf-xarajatlarni optimallashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2020-yil 1-martdan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
elektr energiyasining barcha isteʼmolchilariga oʻrnatilgan elektr energiyasini hisobga olish priborlarini davriy qiyoslashdan oʻtkazish uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va uning tarkibidagi tashkilotlarga toʻgʻridan toʻgʻri murojaat qilish huquqi beriladi;
“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va uning tarkibidagi tashkilotlarga toʻgʻridan toʻgʻri murojaat qilinganda, qiyoslashdan oʻtkazish boʻyicha barcha xarajatlar mazkur tashkilotlarning oʻz mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasi doirasida nazarda tutilgan isteʼmolchilarning mazkur tizimga mos kelmaydigan elektr energiyasini hisobga olish priborlarini davriy qiyoslov muddati kelganda, ushbu priborlarni qiyoslovdan oʻtkazmasdan oʻrniga avtomatlashtirilgan tizimga mos keluvchi priborlar oʻrnatiladi;
elektr energiyasini hisobga olish priborlarini isteʼmolchilarni murojaatiga koʻra Davlat xizmatlari markazlari orqali faqat elektr energiyasini hisobga olish uskunasining sozligi yoki qoʻllashga yaroqliligi, metrologik tavsiflari boʻyicha munozarali savollar tugʻilganda qiyoslashdan oʻtkaziladi.
3. “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish direksiyasi” masʼuliyati cheklangan jamiyatini “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining filialiga aylantirish, shtat jadvalini koʻpaytirish yoʻli bilan qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatda biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 20-noyabrdagi PQ-4525-son qaroriga muvofiq elektr taʼminoti tizimiga ulanish tartibotlarni soddalashtirish va muddatlarini qisqartirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Energetika vazirligi Adliya vazirligi, boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda quyidagilar nazarda tutilgan tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishni tezlashtirsin:
ulash bosqichlarini optimallashtirish va qurilish muddatlarini kamida yigirma besh kunga qisqartirish;
tadbirkorlik subyektlarining quvvati 140kV (160kVA)gacha boʻlgan elektr qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulash ishlarini amalga oshirish boʻyicha tabaqalangan muddatlarni belgilash;
qurilish-montaj ishlari nihoyasiga yetkazilgandan soʻng elektr qurilmalarini “tayyor holda” ulash boʻyicha shartnomalarning namunaviy shakllarini tasdiqlash;
oʻz vaqtida qurilish-montaj ishlarini bajarmagan tashkilotlarning majburiyat va javobgarligini belgilash.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi:
Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda 2020-yil 1-sentabrga kadar elektr taʼminoti tashkilotlarida yangi billing tizimini hamda resurslarni boshqarish, ishlab chiqarish va boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish tizimi (ERP)ni joriy etish boʻyicha tanlovni belgilangan tartibda oʻtkazishga doir choralarni koʻrsin va yakunlanishini taʼminlasin;
“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va Adliya vazirligi bilan birgalikda loyihalash, qurilish-montaj va elektrotexnika mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi tashkilotlarni isteʼmolchilar tomonidan tanlash imkoniyatini beradigan hamda narxlarni raqobat asosida shakllantiradigan onlayn platforma 2020-yil 1-oktabrga kadar ishga tushirilishini taʼminlasin.
6. Past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangidan qurish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlarini jadallashtirish hamda qurilish-montaj ishlarini tannarxini pasaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yanada modernizatsiya qilish va yangilash Dasturi toʻgʻrisida” 2016-yil 23-noyabrdagi PQ-2661-son qarori doirasida Obod qishloq, Obod mahalla, qishloq joylarda arzon uy joylar, shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylar qurish dasturlari, Hukumat topshiriqlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hududlarga amalga oshirilgan tashriflari doirasidagi topshiriqlar, fuqarolar murojaatlari asosida past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va transformator punktlarini rekonstruksiya qilish, yangilarini qurish ishlari bajarilishini nazarda tutgan manzilli dastur shakllantirilib, amalga oshirish;
Oldingi tahrirga qarang.
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyundagi 340-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.06.2022-y., 09/22/340/0544-son)
iqtisodiy samaradorlikni baholagan holda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining hududiy elektr tarmoqlari tashkilotlari tarkibida 2020-yilda temir-beton tayanchlari, metall va beton mahsulotlarini ishlab chiqarish sexlari va qurilish boʻlinmalarini tashkil etish;
“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi tashkilotlarga 0,4 — 6 — 10 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va transformator punktlarini loyihalash va qurish ishlarini amalga oshirish huquqini berish boʻyicha takliflari maʼkullansin.
Energetika vazirligi va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda past kuchlanishli tarmoqlarni yangidan qurish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish boʻyicha “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan ishlarni qabul qilish tartibini bir oy muddatda ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashki savdo vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-dekabrga kadar:
35 — 110 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarini 2025-yillarda yangidan qurish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish dasturini;
0,4 — 6 — 10 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini 2021 — 2025-yillarda yangidan qurish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish dasturini moliyalashtirish manbalarini aniqlagan holda ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlarining “Qoʻshkoʻpir elektrotexnika zavodi” MChJ ustav kapitalidagi “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga tegishli 20,937 foiz hamda “Xorazm HETK” AJga tegishli 79,063 foiz ulushlarni “Energo-RES” MChJga balans (qoldiq) qiymatida sotish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S. Sultanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 28-fevral,
111-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.02.2020-y., 09/20/111/0241-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.06.2022-y., 09/22/340/0544-son)