O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5938-son Farmoniga muvofiq:
1. Quyidagilar:
a) O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
b) O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni:
99 shtat birligidan iborat O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi markaziy apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
336 shtat birligidan iborat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
1 624 shtat birligidan iborat tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlarining namunaviy tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziriga (keyingi o‘rinlarda — vazir):
O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik) markaziy apparati, hududiy bo‘linmalari tuzilmalariga boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy shtatlar soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish;
Vazirlik faoliyatini samarali tashkil etish, unga yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun xorijiy ixtisoslashtirilgan institutlar va kompaniyalar hamda xorijiy mutaxassis va ekspertlarni, shu jumladan shartnoma asosida jalb qilish huquqi berilsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish sharoitlariga ko‘ra vazirning birinchi o‘rinbosari — vazirga hamda Vazirlik hududiy bo‘linmalari boshliqlari birinchi o‘rinbosarlari — Vazirlik hududiy bo‘linmalari boshliqlariga tenglashtiriladi.
4. Vazirlik hamda uning hududiy bo‘linmalarining faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
Vazirlikning budjetdan tashqari mablag‘lari;
faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya homiylik mablag‘lari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlar grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-dekabrdagi PF-243-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.12.2025-y., 06/25/243/1128-son)
7. Vazirlik ikki oy muddatda:
markaziy apparati va hududiy bo‘linmalarning Vazirlikka yuklangan vazifalarni professional darajada bajarishga qodir bo‘lgan, zarur nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirilishini;
tarkibiy va bo‘ysunuvidagi bo‘linmalar to‘g‘risidagi nizomlar, shuningdek, xodimlarning lavozim yo‘riqnomalari tasdiqlanishini ta’minlasin.
8. Belgilansinki, Vazirlik va uning hududiy bo‘linmalari o‘zlariga yuklatilgan funksiyalarga muvofiq belgilangan tartibda quyidagi huquqlarga ega:
Vazirlikka tegishli vazifalarni amalga oshirish uchun, zarur hollarda, davlat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mutaxassislarini jalb qilish, ishchi guruhlar tuzish;
Vazirlik vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan davlat organlari va tashkilotlardan statistik, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa ma’lumotlarni so‘rash va olish;
davlat organlari va tashkilotlar rahbarlariga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini ko‘zlab sudlarga ariza (shikoyat) va da’volarni kiritish;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga doir tashabbuslar bilan chiqish hamda takliflar kiritish.
Oldingi tahrirga qarang.
9. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Markaziy banki, Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining:
(9-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PF-116-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.06.2026-y., 06/26/116/0620-son)
har bir mahallada tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslarni (keyingi o‘rinlarda — investorlar) faol jalb qilish hisobiga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi kompleksini (keyingi o‘rinlarda — kompleks) davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish;
Oldingi tahrirga qarang.
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining moddiy-iqtisodiy asoslarini mustahkamlash, aholini ish bilan ta’minlash borasidagi imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida fuqarolar yig‘inlariga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ijtimoiy dasturlar, shu jumladan “Har bir oila — tadbirkor” dasturi, “Hunarmandchilikni rivojlantirish dasturi” asosida imtiyozli kreditlar ajratish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
(9-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-yanvardagi PQ-92-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.01.2022-y., 07/22/92/0046-son)
10. Quyidagilar komplekslarni qurish uchun davlat-xususiy sheriklikning asosiy shartlari etib belgilansin:
Oldingi tahrirga qarang.
investorlarga ma’qullangan namunaviy loyihalarga muvofiq komplekslarni barpo etish, shuningdek, tegishli infratuzilma qurish uchun zarur yer uchastkalari qonunchilikda belgilangan tartibda ajratiladi;
(10-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-oktabrdagi PF-6320-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.10.2021-y., 06/21/6320/0940-son)
Oldingi tahrirga qarang.
komplekslar binolarini qurish uchun zarur yer uchastkalari tuman (shahar) hokimliklari tomonidan tegishli mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi aholi bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi (keyingi o‘rinlarda — Uyushma) ma’qullagandan so‘ng tanlab olinadi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda ajratiladi;
(10-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PF-116-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.06.2026-y., 06/26/116/0620-son)
investorlarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun (kelishuv bo‘yicha yoki komplekslar bilan bir binoda yoxud boshqa joyda) joyning tashqi me’moriy qiyofasiga mos keladigan, qurilish uchun ajratilgan komplekslardan kichik bo‘lmagan maydonga ega bo‘lgan komplekslarga tutash qo‘shimcha shunga o‘xshash obyektlar ham ajratiladi. Bunda mazkur obyektlarning faoliyat ko‘rsatishi fuqarolar yig‘inlarining ishi uchun noqulayliklar yaratmasligi kerak;
Oldingi tahrirga qarang.
investorning huquq va majburiyatlari, komplekslar binolariga investorning o‘ziga tegishli tutash obyektlarda (xonalarda) amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari va yo‘nalishlari, shuningdek, davlat-xususiy sheriklikning boshqa shartlari Uyushma tomonidan ishlab chiqiladigan namunaviy shakllar bo‘yicha investor, davlat sherigi hamda tegishli mahalla fuqarolar yig‘ini o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama kelishuvda aks ettiriladi. Komplekslarni qurish uchun berilgan yer maydonlarida ko‘p qavatli uy-joylar qurish taqiqlanadi;
(10-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PF-116-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.06.2026-y., 06/26/116/0620-son)
komplekslar davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuvda qat’iy belgilangan muddatlarda va tartibda ma’qullangan loyihalar asosida, tutash hudud obod qilinishini nazarda tutgan holda quriladi;
qurilishi tugallangan komplekslardan keyinchalik foydalanish tartibi davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuv bilan belgilanadi;
investor tomonidan ushbu bandning to‘rtinchi xatboshisiga muvofiq qurilgan qo‘shimcha obyektlar foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab 3 yil muddatga tegishli ravishda ushbu qaror doirasida taqdim etiladigan yer uchastkasiga va unda qurilgan ko‘chmas mulkka nisbatan yer solig‘i va mol-mulk solig‘ining, shuningdek, mazkur obyektlarda amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan foyda yoki tushumlarga nisbatan foyda solig‘i hamda aylanmadan olinadigan soliqning belgilangan soliq stavkasi 50 foizga kamaytirilgan holda to‘lanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Uyushmaning tuman (shahar) bo‘limlariga komplekslardagi foydalanilmayotgan xonalarni “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn auksion orqali ijaraga berishdan tushayotgan mablag‘larni Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasiga o‘tkazgan holda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash va rivojlantirishga yo‘naltirish uchun sarflash huquqi berilsin.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PF-116-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.06.2026-y., 06/26/116/0620-son)
12. Belgilab qo‘yilsinki:
investorlarni tanlab olishning asosiy mezonlari komplekslarni qurish muddati, taklif etiladigan kapital qo‘yilmalar va investitsiyalar hisoblanadi;
investorning tashabbusi bo‘yicha kelishuv bekor qilinganda, uning komplekslar qurilishiga sarflagan xarajatlari qoplanmaydi, qurilishi tugallanmagan obyekt davlat mulkiga o‘tkaziladi va ushbu qarorga muvofiq investorlarni qidirib topish qaytadan o‘tkaziladi;
qurilayotgan komplekslarning zarur tashqi muhandislik-transport kommunikatsiyalarini olib kelish komplekslar qurilishi uchun davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuvda belgilangan muddatlarni hisobga olgan holda elektr ta’minoti, gaz ta’minoti va aloqa qismi bo‘yicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘ztransgaz” AJ va “O‘zbektelekom” AK mablag‘lari hisobidan, avtomobil yo‘llari qurish qismi bo‘yicha, suv ta’minoti va kanalizatsiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shaharlar mahalliy budjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan amalga oshiriladi;
komplekslarni mebel, texnika, boshqa uskuna va inventar bilan jihozlash O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablag‘lari, grantlar, kreditlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shaharlar mahalliy budjetlarining qo‘shimcha manbalari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar, shuningdek, investorlar rozi bo‘lgan taqdirda, ularning o‘z qo‘yilmalari hisobidan amalga oshiriladi.
13. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
a) uch oy muddatda potensial investorlarni tanlab olishni hamda ular bilan komplekslarni ushbu qarorda va namunaviy kelishuvda belgilangan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish to‘g‘risidagi kelishuvlar tuzilishini ta’minlasin;
b) investorlar bo‘lmagan taqdirda, har bir mahallada komplekslar qurilishini Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shaharlar mahalliy budjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan tashkil etsin;
v) Vazirlik, Qurilish vazirligi va O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi bilan birgalikda 2020-yil 1-iyulga qadar:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shaharlar markazlarida “Mahalla markazi” majmualari binolarini namunaviy loyihalar va ularga qo‘yilgan talablar asosida qurish (rekonstruksiya qilish, ta’mirlash), shuningdek, ularni zarur mebel jamlanmasi, kompyuter texnikasi bilan jihozlash;
“Mahalla markazi” majmualarida Vazirlikning hamda O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondining hududiy bo‘linmalarini joylashtirish ishlarini yakunlasin.
14. Vazirlik:
a) bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda komplekslarning davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurilishi to‘g‘risidagi namunaviy kelishuv loyihasi ishlab chiqilishini;
b) ikki oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2020 — 2022-yillarga mo‘ljallangan har bir mahallada komplekslarni tashkil etish bo‘yicha manzilli dasturni tasdiqlash haqida Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
v) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi bilan birgalikda:
2020-yil 1-iyunga qadar Vazirlik, uning hududiy bo‘linmalari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchun zarur axborot tizimlari va elektron ma’lumotlar bazalarini ishlab chiqish, joriy etish va integratsiya qilish konsepsiyasi, texnik-iqtisodiy hisob-kitobi va texnik topshirig‘i tayyorlanishini hamda tasdiqlash uchun belgilangan tartibda kiritilishini;
tasdiqlangan konsepsiya, texnik-iqtisodiy hisob-kitob va texnik topshiriq asosida 2021-yil 1-yanvarga qadar — Vazirlik, uning hududiy bo‘linmalari, shuningdek, 2022-yil 1-yanvarga qadar — fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchun axborot tizimlari va elektron ma’lumotlar bazalari ishlab chiqilishi hamda joriy etilishini;
2020-yil 1-iyulga qadar — Vazirlik, uning hududiy bo‘linmalarini, shuningdek, 2021-yil 1-iyulga qadar — fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulanishini hamda zarur aloqa, jumladan Vazirlikni hukumat aloqasi bilan ta’minlasin;
g) O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-iyunga qadar “Mahalla” elektron ma’lumotlar bazasini yanada takomillashtirish, axborot xavfsizligini ta’minlash va o‘zaro ma’lumot almashinuvini joriy etish choralarini ko‘rsin.
15. Vazirlik boshqaruv xodimlarining Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti markaziy apparatda — 2 baravarga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalarida — 1,5 baravarga, tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlarida — 1,3 baravarga oshirilgan miqdorda qo‘llanilishi belgilansin.
Mazkur bandda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
16. Vazirlik Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Istiqlol ko‘chasi, 51-uy manzili bo‘yicha operativ boshqaruv huquqi asosida joylashtirilsin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2020-yilda ushbu qarorni amalga oshirish doirasida Vazirlikning xarajatlari uchun O‘zbekiston Respublikasining “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
O‘zbekiston Respublikasining “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuniga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgunga qadar Vazirlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun mablag‘ ajratish choralarini ko‘rsin;
2021-yildan boshlab har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida zarur mablag‘larni ko‘zda tutsin.
18. Vazirlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
19. Mazkur qaror ijrosini tashkil etishning quyidagi tartibi o‘rnatilsin:
O‘zbekiston Respublikasi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri — ushbu qarorda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishda mas’ul tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatsin, chora-tadbirlar ijrosi bo‘yicha yuzaga keladigan joriy masalalar tezkorlik bilan hal etilishini ta’minlasin hamda har chorakda Vazirlar Mahkamasiga ushbu qarorning amalga oshirilishi jarayoni haqida batafsil ma’lumot taqdim etsin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari — har bir mahallada davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida komplekslar qurilishini, investorlar tanlab olinishini, investorlar bo‘lmagan taqdirda, komplekslar Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shaharlar mahalliy budjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan qurilishini ta’minlasin;
mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari — ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarish yuzasidan barcha zarur choralarni amalga oshirsin;
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K. Ko‘chimov, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi vazifasini bajaruvchi A.D. Xadjayev hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori — ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyatini muntazam yoritib borsin.
20. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 18-fevral,
PQ-4602-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-fevraldagi PQ-4602-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi
TASHKILIY TUZILMASI
Oldingi tahrirga qarang.
|
|
|||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi |
|||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti |
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla va oilani ko‘llab-quvvatlash boshqarmalari |
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi |
|||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari |
|||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
“Mahalla” gazetasi, “Mahalla ko‘zgusi” jurnali, “Oila va jamiyat” gazetasi. “Saodat” jurnali, “Nuroniy” gazetasi, “Keksalik gashti” jurnali, “Markaziy Osiyoda jamiyat, gender va oila” xalqaro ilmiy jurnali |
|||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlar |
|||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi va uning hududiy bo‘limlari |
|||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
|
|||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-yanvardagi PF-61-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.01.2022-y., 06/22/61/0084-son)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-fevraldagi PQ-4602-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi
MARKAZIY APPARATINING TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni – 99 shtat birligi.
* Markaziy apparatning umumiy shtat birligiga kirmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-fevraldagi PQ-4602-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalarining
NAMUNAVIY TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 21 — 27 shtat birligi, jami — 336 shtat birligi.
* Vazirlikning (boshqarmaning) umumiy shtat birligiga kirmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-fevraldagi PQ-4602-son qaroriga
4-ILOVA
4-ILOVA
Tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlarining
NAMUNAVIY TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 7 — 9 shtat birligi, jami — 1 624 shtat birligi.
* Bo‘limning umumiy shtat birligiga kirmaydi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.02.2020-y., 07/20/4602/0186-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.10.2021-y., 06/21/6320/0940-son; 20.01.2022-y., 07/22/92/0046-son, 29.01.2022-y., 06/22/61/0084-son; 09.12.2025-y., 06/25/243/1128-son; 24.06.2026-y., 06/26/116/0620-son)