O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qurilish uchun mo‘ljallangan metall prokati ishlab chiqarishni tartibga solish va sifatli metall prokatini qo‘llash chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mamlakatda tegishli qurilish ishlari bilan birgalikda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli investitsiya va infratuzilma loyihalari qurilish materiallari, metall mahsulotlari sifati va xavfsizligini ta’minlash vazifalarida zamonaviy yondashuvlarni qo‘llashni talab etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qurilish uchun mo‘ljallangan metall prokatining sifati va xavfsizligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 14-dekabrdagi 999-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan idoralararo ishchi guruhlar tomonidan joylarga chiqib qurilish uchun mo‘ljallangan metall prokati ishlab chiqaruvchi 117 ta korxonaning faoliyati o‘rganib chiqildi.
Ushbu korxonalar faoliyatini o‘rganish tayyor mahsulot va bevosita ishlab chiqarish jarayonlari xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatuvchi kamchiliklar mavjudligini, shu jumladan, texnik reglamentlar yo‘qligini, ishlab chiqarishning ekologik ekspertizasi o‘tkazilmasligini, sinovlar o‘tkazib ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati va xavfsizligi nazorat qilinmasligini aniqladi. Ayrim hollarda korxonalar tomonidan muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan mahsulotlar sotilmoqda, shuningdek, davriy davlat tekshiruvidan o‘tmagan o‘lchash vositalaridan foydalanilmoqda.
Qurilish me’yorlari va qoidalari talablariga muvofiq xo‘jalik va sanoat obyektlari qurilishida xavfsizlikni ta’minlash, ular qulashining oldini olish, qurilishda ishlatilayotgan metall mahsulotlari sifatini, shuningdek, metall prokati ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini nazorat qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, 2020-yil 1-iyundan boshlab:
sotilayotgan va ishlab chiqarishda foydalanilayotgan metall prokatining har bir to‘piga ishlab chiqaruvchi (import qiluvchi) tomonidan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqlik yuzasidan sinovlarning ijobiy natijalari asosida rasmiylashtiriladigan sifat to‘g‘risidagi hujjat ilova qilinishi kerak. Bunda ishlab chiqaruvchilarda tegishli ishlab chiqarish laboratoriyalari mavjud bo‘lmagan taqdirda, metall prokatini boshqa sinov laboratoriyalarida (shu jumladan, tuzilgan shartnomalar asosida) sinovdan o‘tkazishga yo‘l qo‘yiladi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri hokimliklari, vazirliklar va idoralar huzuridagi markazlashtirilgan investitsiyalar hisobiga moliyalashtiriladigan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta’mirlash bo‘yicha buyurtmachi xizmatlari texnik jihatdan tartibga solish sohasida normativ hujjatlar talablariga muvofiqlik yuzasidan sertifikatlashtirilgan qurilish uchun mo‘ljallangan metall mahsulotlari xarid qilinishi va qo‘llanilishi uchun javob beradilar.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari bilan birgalikda 2020-yil 1-aprelgacha bo‘lgan muddatda sifati texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq bo‘lgan metall prokati va qurilish uchun mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tashkilotlar reyestrini shakllantirsinlar va e’lon qilsinlar, shuningdek, reyestr har yili yangilanishini ta’minlasinlar.
3. Belgilansinki, 2020-yil 1-iyundan boshlab induksion pechlardan foydalangan holda tayyorlangan qurilish uchun mo‘ljallangan metall prokatini ishlab chiqarish va qo‘llash taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda qurilish uchun mo‘ljallangan metall prokati ishlab chiqaradigan korxonalarda sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha komissiyaning xulosasiga asosan belgilangan talablarni bajargan korxonalarga qurilish uchun mo‘ljallangan metall prokati ishlab chiqarishga hamda qurilishdan boshqa maqsadlar uchun metall mahsulotlarini ishlab chiqarish va qo‘llashda induksion pechlardan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 577-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.09.2021-y., 09/21/577/0884-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi va qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari metall prokati texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq emasligi hamda obyektlarda binolar va inshootlarning zilzilaga bardoshligiga ta’sir ko‘rsatuvchi hamda insonning hayoti va sog‘lig‘iga xavf soluvchi sifatsiz qurilish materiallari va buyumlar qo‘llanilishi aniqlangan hollarda metall prokati va undan tayyorlangan mahsulotlar ishlab chiqarilishi, sotilishi va qo‘llanilishini to‘xtatish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rsinlar.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-fevraldagi 100-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 09/24/100/0152-son)
5. Belgilansinki:
xavfli ishlab chiqarish obyektlarini, shu jumladan, qora va rangli metallar eritmalari va ushbu eritmalar asosida qotishmalar olinadigan obyektlarni identifikatsiyalash faqat akkreditatsiya qilingan ekspert tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
qora va rangli metallar eritmalari va ushbu eritmalar asosida qotishmalar olinadigan ishlab chiqarish obyektlari ular foydalanishga topshirilgunga qadar qonunchilik hujjatlariga muvofiq xavfli ishlab chiqarish obyektlari sifatida majburiy identifikatsiyadan o‘tkazilishi kerak.
(5-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi:
metallurgiya mahsulotlarini tayyorlash va metallurgiya ishlab chiqarishlarini ishlatish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar va tashkilotlarga xavfli ishlab chiqarish obyektlarini identifikatsiyalashda belgilangan tartibda ko‘maklashsin;
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 10-dekabrdagi 271-son qarori bilan tasdiqlangan Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini identifikatsiyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ushbu qaror talablarini hisobga olgan holda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi “O‘zstandart” agentligi, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda “Ruhli va polimer qoplamali sovutib yoyilgan listdan ishlab chiqariladigan qurilish mahsulotlari to‘g‘risida”gi maxsus texnik reglamentni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
amaldagi standartlarni qayta ko‘rib chiqsin hamda ular ruhlangan va polimer qoplamali sovutib yoyilgan listdan ishlab chiqariladigan qurilish mahsulotlariga, shuningdek, qurilish armaturasiga qo‘llaniladigan e’tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilishini ta’minlaydigan chora-tadbirlar ko‘rsin.
Oldingi tahrirga qarang.
7. O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi metall prokatini majburiy sertifikatlash va sinashda ishtirok etadigan obyektlar faoliyati xavf-tahlil asosida davlat nazoratidan o‘tkazilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-fevraldagi 100-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 09/24/100/0152-son)
8. O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, “O‘zstandart” agentligi, Qurilish vazirligi Bosh prokuratura va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga obyektlarning sanoat xavfsizligi, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilganligi, texnik reglamentlarga va standartlarning majburiy talablariga rioya qilinmaganligi uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutadigan qonun loyihasini kiritsinlar.
9. 2020-yil 1-iyundan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi qurilish vaziri B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 17-fevral,
89-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-fevraldagi 89-son qaroriga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 2020-yil 1-iyundan boshlab kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-yanvardagi 43-sonli qaroriga asosan 2021-yil 1-maydan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.02.2021-y., 09/21/43/0071-son)
2. Vazirlar Mahkamasining “Qurilish uchun mo‘ljallangan metall prokatining sifati va xavfsizligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 14-dekabrdagi 999-son qarorining 7-bandida:
a) uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“2020-yil 1-iyulgacha bo‘lgan muddatda “O‘zbekiston” ilmiy sinovlar va metall prokati, shuningdek, ruhlangan va polimer qoplamali sovutib yoyilgan listning sifati va xavfsizligini nazorat qilish bo‘yicha markazi” davlat korxonasining sinov laboratoriyalarini modernizatsiya qilish chora-tadbirlarini ko‘rsin”;
b) to‘rtinchi xatboshiga “viloyatlaridagi” so‘zidan keyin “O‘zbekiston” ilmiy sinovlar va sifat nazorati” davlat korxonasining” so‘zlari qo‘shilsin.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 18.02.2020-y., 09/20/89/0179-son; 01.02.2021-y., 09/21/43/0071-son, Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.09.2021-y., 09/21/577/0884-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 26.02.2024-y., 09/24/100/0152-son)