Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Boj tarifi toʻgʻrisida
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 20-yanvardagi OʻRQ-401-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-modda. Qonunning maqsadi va asosiy vazifalari
Ushbu Qonun boj tarifini shakllantirish va qoʻllanish tartibini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan olib oʻtilayotgan tovarlardan boj undirish qoidalarini belgilaydi.
Ushbu Qonunning asosiy vazifalari Oʻzbekiston Respublikasining jahon iqtisodiyoti bilan samarali integratsiyalashuvi uchun shart-sharoit yaratish va iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishdan iboratdir.
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududida amal qiladi.
2-modda. Boj tarifi
Boj tarifi — bojxona chegarasidan olib oʻtiladigan, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatining Tovar nomenklaturasi (bundan keyin matnda Tovar nomenklaturasi deb yuritiladi) prinsiplari va qoidalariga muvofiq holda bir tizimga solingan tovarlarga nisbatan qoʻllaniladigan boj stavkalarining toʻplamidir.
Tovar nomenklaturasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
3-modda. Boj
Boj — Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan tovarlar olib oʻtilayotganda bojxona organlari tomonidan undiriladigan toʻlov.
Oʻzbekiston Respublikasida import boji, eksport boji, mavsumiy va alohida (maxsus, dempingga qarshi, kompensatsiya) boj qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4-modda. Boj stavkalarining turlari
Oʻzbekiston Respublikasida boj stavkalarining quyidagi turlari qoʻllaniladi:
boj undiriladigan tovarlarning bojxona qiymatiga nisbatan foizlarda hisoblanadigan advalor stavkalar;
boj undiriladigan tovarlar birligi uchun belgilangan miqdorda hisoblanadigan xos stavkalar;
bojning advalor hamda xos turlarini oʻz ichiga oladigan aralash stavkalar.
5-modda. Xalqaro shartnomalar
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boj tarifi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
6-modda. Import va eksport boji
Import boji xalqaro shartnomalarga muvofiq belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi savdo-iqtisodiy aloqalarda eng koʻp qulaylik berish tartibini qoʻllayotgan mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlar uchun undiriladigan import boji stavkalarining eng kam yoki eng koʻp miqdori qonun hujjatlarida belgilab qoʻyiladi.
Savdo-iqtisodiy aloqalarda eng koʻp qulaylik berish tartibi nazarda tutilmagan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan yoki qaysi mamlakatda ishlab chiqarilganligi aniqlanmagan tovarlar uchun undiriladigan import bojining stavkalari ikki baravar oshiriladi, ushbu Qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan tarif preferensiyalari beriladigan hollar bundan mustasno.
Import va eksport bojining stavkalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda joriy etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7-modda. Mavsumiy bojlar
Mavsumiy bojlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanib, tovarlar olib kirish va olib chiqishni tezkor tartibga solish uchun qoʻllaniladi. Bunda boj tarifida nazarda tutilgan boj stavkalari qoʻllanilmaydi. Mavsumiy bojlar ular belgilangan vaqtdan eʼtiboran olti oydan ortiq amal qilishi mumkin emas.
8-modda. Maxsus bojlar
Maxsus bojlar, basharti, oʻxshash yoki bevosita raqobat qiluvchi tovarlar bojxona hududiga Oʻzbekiston Respublikasidagi tovar ishlab chiqaruvchilarga ziyon yetkazadigan yoki ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan miqdorda va shartlarda olib kirilayotgan boʻlsa, himoya chorasi sifatida, shuningdek boshqa davlatlar tomonidan qilinayotgan Oʻzbekiston Respublikasining huquqlarini cheklovchi va manfaatlarini kamsituvchi boshqa harakatlarga javob chorasi sifatida qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
9-modda. Dempingga qarshi bojlar
Dempingga qarshi bojlar quyidagi hollarda qoʻllaniladi:
tovarlar bojxona hududiga ularning olib chiqilgan davlatda ayni vaqtda amalda boʻlgan real qiymatidan past narxda olib kirilsa, agar bunday olib kirish Oʻzbekiston Respublikasining shunga oʻxshash tovarlarni ishlab chiqaruvchilariga moddiy ziyon yetkazsa yoki yetkazish xavfini tugʻdirsa yoxud Oʻzbekiston Respublikasida xuddi shunday tovarlar ishlab chiqarishni tashkil qilish yoki kengaytirishga toʻsqinlik qilsa;
tovarlar bojxona hududidan uning Oʻzbekiston Respublikasida ayni vaqtda amalda boʻlgan real qiymatidan past narxda olib chiqilayotgan boʻlsa, agar bunday olib chiqish Oʻzbekiston Respublikasining shunga oʻxshash tovarlarni ishlab chiqaruvchilariga moddiy ziyon yetkazsa yoki yetkazish xavfi boʻlsa yoxud Oʻzbekiston Respublikasining ishlab chiqaruvchilari oʻrtasida normal raqobat oʻrnatilishiga toʻsqinlik qilsa.
Keyingi tahrirga qarang.
10-modda. Kompensatsiya bojlari
Kompensatsiya bojlari quyidagi hollarda qoʻllaniladi:
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga ishlab chiqarish yoki olib chiqish paytida bevosita yoxud bilvosita subsidiyalardan foydalanilgan tovarlar olib kirilsa, agar bunday olib kirish Oʻzbekiston Respublikasining oʻxshash tovarlar ishlab chiqaruvchilariga moddiy ziyon yetkazsa yoki yetkazish xavfi boʻlsa yoxud Oʻzbekiston Respublikasida xuddi shunday tovarlar ishlab chiqarishni tashkil qilish yoki kengaytirishga toʻsqinlik qilsa;
bojxona hududidan ishlab chiqarish yoki olib chiqish paytida bevosita yoxud bilvosita subsidiyalardan foydalanilgan tovarlar olib chiqilsa, agar bunday olib chiqish Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlariga moddiy ziyon yetkazsa yoki yetkazish xavfi boʻlsa.
Keyingi tahrirga qarang.
11-modda. Alohida turdagi bojlarni qoʻllanish shartlari
Alohida bojlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat boshqaruvi organlari tashabbusi bilan oʻtkaziladigan tekshiruv natijalariga binoan qoʻllaniladi.
Alohida bojlarning stavkalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan har bir holat boʻyicha maxsus belgilanadi va ularning miqdori tekshiruv natijasida aniqlangan bahoni demping tarzida arzonlashtirishga, subsidiyalar va aniqlangan zarar miqdoriga mutanosib boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
12-modda. Bojxona qiymati
Bojxona qiymati — ushbu Qonunga muvofiq belgilanadigan va bojxona toʻlovlarini hisoblab chiqarish maqsadida foydalaniladigan tovar qiymatidir.
Bojxona qiymati oʻtkaziladigan bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida bojxona organiga deklarant tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlarda maʼlum qilinadi (deklaratsiyaga kiritiladi).
Bojxona qiymatini aniqlash toʻgʻri va hujjatlar bilan tasdiqlangan maʼlumotlarga asoslanishi lozim.
13-modda. Bojxona qiymatini belgilashda deklarantning huquq va majburiyatlari
Deklarant quyidagi huquqlarga ega:
bojxona organiga taqdim etilgan, bojxona qiymatini belgilashda foydalanilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligini isbotlash;
eʼlon qilingan bojxona qiymatiga aniqlik kiritish zaruriyati vujudga kelganida bojxona organining ruxsati bilan oʻzi deklaratsiya bergan tovardan garov qoʻyib yoki vakil bankning kafolati ostida yoxud bojxona organi chiqargan tovarning bojxona bahosiga muvofiq bojxona toʻlovlarini toʻlab foydalanish;
bojxona qiymatini aniqlash xususida bojxona organi chiqargan qaror ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish.
Deklarant quyidagilarni amalga oshirishi shart:
bojxona organiga bojxona qiymatini eʼlon qilish;
bojxona organining talabiga binoan bojxona qiymatini belgilashga doir maʼlumotlarni taqdim etish.
Deklarant tomonidan eʼlon qilingan tovarning bojxona qiymatiga aniqlik kiritilishi yoki bojxona organiga qoʻshimcha axborot berilishi munosabati bilan yuzaga kelgan xarajatlarni deklarant toʻlaydi. Tovarning bojxona bahosini aniqlash munosabati bilan uni bojxonada rasmiylashtirish muddatining uzayishidan deklarant bojni toʻlash muddatini amalda kechiktirish uchun foydalanishi mumkin emas.
14-modda. Tovarning bojxona bahosi ustidan nazoratni amalga oshirishda bojxona organining huquq va majburiyatlari
Tovarning bojxona bahosi ustidan nazoratni amalga oshirishda bojxona organi quyidagi huquqlarga ega:
deklarant eʼlon qilgan tovarning bojxona qiymati toʻgʻri yoki notoʻgʻriligi haqida qaror qabul qilish;
basharti deklarant oʻzi foydalangan maʼlumotlarining toʻgʻriligini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etmasa, tovarning bojxona qiymatini aniqlashda deklarant foydalangan usulni qoʻllash mumkin emasligi haqida qaror qabul qilish;
deklarant eʼlon qilgan tovarning bojxona qiymati toʻgʻri aniqlanganligini tasdiqlovchi dalillar mavjud boʻlmasa yoki deklarant taqdim etgan maʼlumotlarni notoʻgʻri va (yoki) toʻliq emas deb hisoblash uchun asoslar mavjud boʻlsa, oʻzida bor maʼlumotlarga (shu jumladan aynan bir xil boʻlgan yoki oʻxshash tovarlarning baholari haqidagi axborotga) asoslanib, ushbu Qonunga muvofiq tuzatishlar kiritish yoʻli bilan bojxona qiymatini aniqlash usullarini birin-ketin qoʻllagan holda deklaratsiya berilayotgan tovarning bojxona qiymatini aniqlash.
Bojxona organi deklarantning yozma soʻroviga binoan, u eʼlon qilgan tovarning bojxona qiymati bojxona organi tomonidan qabul qilinmaganligining sabablari koʻrsatilgan tushuntirish xatini deklarantga taqdim qilishi shart.
15-modda. Bojni hisoblab chiqarish, toʻlash va undirish
Tovar uchun bojni hisoblab chiqarish, toʻlash va undirish uning bojxona qiymati asosida Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga muvofiq amalga oshiriladi.
Boj Oʻzbekiston Respublikasining davlat budjetiga oʻtkaziladi.
16-modda. Bojxona bahosi
Bojxona bahosi — Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kirilayotgan tovarlar qiymatini bojxonada aniqlashning qonun hujjatlariga muvofiq qoʻllaniladigan usullari tizimidir.
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan olib chiqib ketiladigan tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
17-modda. Bojxona bahosini chiqarish usullari
Olib kirilayotgan tovar yuzasidan tuzilgan bitimning qiymatiga qarab baholash tovarning bojxona bahosini chiqarishning asosiy usulidir.
Agar asosiy usuldan foydalanib boʻlmasa, bojxona bahosini chiqarishning quyidagi usullari birin-ketin qoʻllaniladi:
aynan bir xil tovar yuzasidan tuzilgan bitim qiymatiga qarab baholash;
oʻxshash tovar yuzasidan tuzilgan bitim qiymatiga qarab baholash;
qiymatlarni chegirib tashlash asosida;
qiymatlarni qoʻshish asosida;
rezerv usul.
Qiymatlarni chegirib tashlash va qiymatlarni qoʻshish asosidagi usullar istalgan ketma-ketlikda qoʻllanilishi mumkin.
18-modda. Olib kirilayotgan tovar yuzasidan tuzilgan bitim qiymatiga qarab bojxona bahosini chiqarish
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kirilayotgan tovarning bojxona qiymati bitim qiymatidan, yaʼni olib kirilayotgan tovar uchun Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan oʻtish vaqtida amalda toʻlangan yoki toʻlanishi lozim boʻlgan bahodan iboratdir, basharti:
bojxona qiymatini eʼlon qilish vaqtida deklarant foydalangan maʼlumotlar hujjatlar bilan tasdiqlangan va toʻgʻri boʻlsa;
xaridorning tovarlarni tasarruf etishi yoki ulardan foydalanishiga taalluqli cheklovlar boʻlmasa, qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlar bundan mustasno;
tovarlarning sotilishi yoki narxi baholanayotgan tovarlarning bojxona qiymati aniqlab boʻlmaydigan holga olib keladigan qandaydir shartlar yoki fikrlarga sabab boʻlmasa;
xaridor tovarni keyinchalik qayta sotishi, tasarruf etishi yoki undan foydalanishidan kelgan tushumning biron-bir qismi bevosita yoki bilvosita sotuvchiga oʻtmasa, faqat agar ushbu modda ikkinchi qismining qoidalariga muvofiq tegishli tuzatishlar kiritish mumkin boʻlmasa;
xaridor va sotuvchi bir-biriga bogʻliq shaxslar boʻlmasa, bunday oʻzaro bogʻliqlik bitim qiymatiga taʼsir etmaganligi deklarant tomonidan isbot qilingan hollar bundan mustasno.
Bojxona qiymatini aniqlashda olib kirilayotgan tovar uchun amalda toʻlangan yoki toʻlanishi lozim boʻlgan bahoga quyidagi xarajatlar qoʻshiladi, basharti ular mazkur bahoga kiritilmagan boʻlsa:
1) tovarni bojxona hududiga olib kiriladigan joyga yetkazib keltirgunga qadar qilingan xarajatlar: tashish qiymati; yuklash, tushirish, qayta yuklash va boshqa joyga toʻkish bilan bogʻliq xarajatlar; sugʻurta summasi;
2) xaridor tomonidan qilingan xarajatlar: vositachilik va brokerlik haqlari, tovarni sotib olish chogʻidagi vositachilik xarajatlari bundan mustasno; konteynerlar va (yoki) koʻp marta ishlatiladigan boshqa idishlar qiymati, agar ular baholanayotgan tovar bilan bir butun deb hisoblansa; oʻrash qiymati, bunga oʻrash materiallari qiymati va oʻrash haqi kiradi;
3) xizmatlarning hamda sotuvchi xaridorga tekinga yoki arzon narxda bevosita yoxud bilvosita beradigan boshqa tovarlarning qiymati;
4) intellektual mulk obyektlaridan foydalanganlik uchun xaridor baholanayotgan tovarlarni sotish sharti sifatida bevosita yoki bilvosita toʻlashi shart boʻlgan litsenziya toʻlovlari va boshqa toʻlovlar;
5) olib kirilgan tovarni keyinchalik qayta sotish, tasarruf etish yoki undan foydalanishdan kelgan tushumning bevosita yoki bilvosita sotuvchiga tegishi kerak boʻlgan istalgan qismining qiymati.
Tovarning bojxona qiymatini aniqlash uchun olib kirilayotgan tovar yuzasidan tuzilgan bitim qiymatiga qarab bojxona bahosini chiqarish usulidan foydalanish mumkin emas, basharti:
xaridorning baholanayotgan tovarga boʻlgan huquqlari cheklangan boʻlsa, qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlar va tovar bahosiga jiddiy taʼsir qilmaydigan cheklovlar bundan mustasno;
tovarni sotish va bitim qiymati taʼsirini hisobga olish mumkin boʻlmagan shartlarga rioya etilishiga bogʻliq boʻlsa;
bojxona qiymatini eʼlon qilish vaqtida deklarant foydalangan maʼlumotlar hujjatlar bilan tasdiqlanmagan boʻlsa yoki ular notoʻgʻri boʻlsa;
bitim qatnashchilari bir-biriga bogʻliq shaxslar boʻlsa, ularning oʻzaro bogʻliqligi bitim bahosiga taʼsir etmagan va bu narsa deklarant tomonidan isbot qilingan hollar bundan mustasno.
Bir-biriga bogʻliq shaxslar deyilganda quyida keltirilgan belgilarning aqalli bittasiga mos keladigan kishilar tushuniladi:
bitim qatnashchilaridan bittasi (jismoniy shaxs) yoki bitim qatnashchilaridan birining mansabdor shaxsi ayni bir vaqtda bitimda qatnashayotgan boshqa shaxsning mansabdor shaxsi boʻlsa;
bitim qatnashchilari korxonaga birgalikda egalik qiluvchi shaxslar boʻlsa;
bitim qatnashchilari mehnat munosabatlari orqali oʻzaro bogʻliq boʻlsa;
bitim qatnashchilaridan biri bitimda qatnashayotgan boshqa shaxs ustav kapitalining ovoz huquqini beruvchi kamida besh foiziga teng boʻlgan ulush (pay) yoki aksiya egasi boʻlsa;
bitimning har ikkala qatnashchisi bevosita yoki bilvosita uchinchi shaxs nazorati ostida boʻlsa;
bitim qatnashchilari birgalikda bevosita yoki bilvosita uchinchi shaxsni nazorat qilsalar;
bitim qatnashchilaridan biri bitimda qatnashayotgan boshqa shaxsning bevosita yoki bilvosita nazorati ostida boʻlsa;
bitim qatnashchilari yoki ularning mansabdor shaxslari qarindosh boʻlsalar.
19-modda. Aynan bir xil tovar yuzasidan tuzilgan bitim qiymatiga qarab bojxona bahosini chiqarish
Aynan bir xil tovar deyilganida har jihatdan, shu jumladan: fizik xususiyatlari; sifati va bozordagi qadri; qaysi mamlakatda ishlab chiqarilganligi; ishlab chiqaruvchisi kabi belgilari jihatidan baholanayotgan tovar bilan bir xil boʻlgan tovar tushuniladi.
Tovarning tashqi koʻrinishidagi juzʼiy farqlar, agar u boshqa jihatlari bilan ushbu moddaning birinchi qismi talablariga mos boʻlsa, uni aynan bir xil emas, deb hisoblash uchun asos boʻla olmaydi.
Aynan bir xil tovar yuzasidan tuzilgan bitim qiymati boj qiymatini belgilash uchun asos qilib olinadi, agar bu tovar:
baholanayotgan tovar olib kirilgunga qadar koʻpi bilan 90 kun oldin Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kirish uchun sotilgan boʻlsa;
taxminan oʻshancha miqdorda va (yoki) oʻshanday tijorat shartlarida olib kirilgan boʻlsa. Agar aynan bir xil tovar koʻp yoki kam miqdorda va (yoki) boshqa tijorat shartlarida olib kirilgan boʻlsa, baholanayotgan tovarning bojxona qiymatiga ana shu farqlarni hisobga olgan holda tuzatishlar kiritiladi, basharti, bu tuzatishlarning asosli ekanligini bojxona organiga hujjatlar bilan tasdiqlab berish mumkin boʻlsa.
Aynan bir xil tovar yuzasidan tuzilgan bitim qiymatiga qarab aniqlanadigan bojxona qiymatiga ushbu Qonunning 18-moddasida koʻrsatilgan xarajatlarni hisobga olgan holda tuzatishlar kiritilishi lozim.
Tuzatishlar deklarant tomonidan toʻgʻri va hujjat bilan tasdiqlangan maʼlumotlar asosida kiritilishi lozim.
Agar ushbu usulni qoʻllash vaqtida aynan bir xil tovar yuzasidan tuzilgan bitimning ikki va undan ortiq narxi mavjudligi aniqlansa, olib kirilayotgan tovarning bojxona qiymatini belgilash uchun ularning eng past narxi qoʻllaniladi.
20-modda. Oʻxshash tovar yuzasidan tuzilgan bitim qiymatiga qarab bojxona bahosini chiqarish
Oʻxshash tovar deyilganida har jihatdan bir xil boʻlmasa-da, oʻxshash xususiyatlarga ega boʻlganligi va tarkibiy jihatdan oʻxshashliligi tufayli baholanayotgan tovar bilan bir xil vazifalarni bajara oladigan va tijorat nuqtai nazaridan uning oʻrnini bosa oladigan tovar tushuniladi.
Tovarning oʻxshashligini aniqlashda uning quyidagi belgilari: sifati, tovar belgisining mavjudligi va bozordagi qadri; qaysi mamlakatda ishlab chiqarilganligi; ishlab chiqaruvchisi hisobga olinadi.
Oʻxshash tovar yuzasidan tuzilgan bitim qiymatiga qarab bojxona bahosini chiqarish usulidan foydalanganda ushbu Qonun 19-moddasi uchinchi, toʻrtinchi, beshinchi va oltinchi qismlarining qoidalari qoʻllaniladi.
19-modda va ushbu moddaning qoidalari asosida bojxona bahosini chiqarish usullaridan foydalanilganida:
agar tovar baholanayotgan tovar ishlab chiqarilgan mamlakatda ishlab chiqarilmagan boʻlsa, u baholanayotgan tovar bilan aynan bir xil yoki oʻxshash hisoblanmaydi;
baholanayotgan tovarning ishlab chiqaruvchisi tomonidan emas, balki boshqa shaxs tomonidan ishlab chiqarilgan tovar, baholanayotgan tovarni ishlab chiqargan shaxs tomonidan ishlab chiqarilgan aynan bir xil tovar ham, oʻxshash tovar ham boʻlmagan taqdirdagina eʼtiborga olinadi;
agar tovarni loyihalash, uning ustidagi tajriba-konstruktorlik ishlari, uning badiiy bezagi, dizayni, eskizi, chizmalari va boshqa shunga oʻxshash ishlar Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilgan boʻlsa, bunday tovar aynan yoki bir xil oʻxshash hisoblanmaydi.
21-modda. Qiymatlarni chegirib tashlash asosida bojxona bahosini chiqarish
Agar baholanayotgan, aynan bir xil yoki oʻxshash tovarlar oʻzining dastlabki holati oʻzgarmagan holda Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotilsa, qiymatlarni chegirib tashlash asosida bojxona bahosini chiqarish amalga oshiriladi.
Qiymatlarni chegirib tashlash asosida bojxona bahosini chiqarish usulidan bojxona qiymatini aniqlash uchun asos sifatida foydalanilganda tovar birligining baholanayotgan, aynan yoki bir xil oʻxshash tovarlar olib kelingan vaqtdan boshlab kamida 90 kundan keyin Oʻzbekiston Respublikasi hududida katta turkumlarda bitimning sotuvchi bilan oʻzaro bogʻliq boʻlmagan ishtirokchisiga sotilgan bahosi qoʻllaniladi.
Tovar birligining bahosidan quyidagi xarajatlar chegirib tashlanadi:
vositachilik haqi toʻlashga qilingan xarajatlar, foydaga qoʻyiladigan odatdagi ustamalar va olib kelingan bir xil klassdagi va turdagi tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasida sotish bilan bogʻliq umumiy xarajatlar;
tovarlar olib kirish yoki sotish munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasida toʻlanishi lozim boʻlgan import bojlari, soliqlar, yigʻimlar va boshqa toʻlovlar summasi;
Oʻzbekiston Respublikasida transportda tashish, sugʻurtalash, yuklash va tushirish uchun qilingan xarajatlar.
Olib kirilayotgan vaqtda qanday holatda boʻlsa, shu holatda baholangan, aynan bir xil boʻlgan yoki oʻxshash tovarlar sotilgan hollar mavjud boʻlmasa, deklarantning iltimosiga binoan ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlari qoidalariga rioya etgan holda hamda qoʻshilgan qiymatga tuzatish kiritilib, qayta ishlangan tovar birligining bahosidan foydalanish mumkin.
22-modda. Qiymatlarni qoʻshish asosida bojxona bahosini chiqarish
Qiymatlarni qoʻshish asosida bojxona bahosini chiqarish usulidan foydalanilganda, tovarning:
baholanayotgan tovarni ishlab chiqarish munosabati bilan tayyorlovchi tomonidan sarflangan materiallar qiymatini va boshqa xarajatlarni;
ayni bir turdagi tovarlarni olib chiqilayotgan mamlakatdan Oʻzbekiston Respublikasiga sotishga xos boʻlgan umumiy xarajatlarni, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan oʻtish joyigacha transportda tashib keltirish, yuklash va tushirish, sugʻurtalash xarajatlarini;
aynan yoki bir xil oʻxshash tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasiga yetkazib berish natijasida eksportyor tomonidan odatda olinadigan foydani qoʻshgan holda chiqariladigan bahosi bojxona qiymatini belgilash uchun asos sifatida qabul qilinadi.
23-modda. Rezerv usul yordamida bojxona bahosini chiqarish
Agar tovarning bojxona qiymatini ushbu Qonunning 18—22-moddalarida koʻrsatilgan usullar yordamida aniqlash mumkin boʻlmasa, baholanayotgan tovarlarning bojxona qiymati bojxona organida mavjud boʻlgan narxlarga doir axborot asosida belgilanadi. Bunda tovarning bojxona qiymatini belgilashda quyidagilarga asoslanish mumkin emas:
Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan oʻxshash tovarning sotuv narxiga;
ikki va undan ortiq muqobil qiymatlarning eng yuqorisiga;
tovarning olib chiqilgan (eksport qilingan) mamlakat ichki bozoridagi bahosiga;
olib chiqilgan (eksport qilingan) mamlakatdan uchinchi mamlakatlarga yetkazib berilgan tovarning bahosiga;
eng past bojxona qiymatlariga, shuningdek tovarlarning oʻzboshimchalik bilan qoʻyilgan yoki oʻz tasdigʻini topmagan soxta qiymatlariga.
24-modda. Tovar ishlab chiqarilgan mamlakat
Tovar batamom ishlab chiqarilgan yoki ushbu Qonunda belgilangan talablarga muvofiq yetarli darajada qayta ishlangan mamlakat tovar ishlab chiqarilgan mamlakat hisoblanadi. Bir guruh mamlakatlar, mamlakatlarning bojxona ittifoqlari, mintaqa va basharti, tovar ishlab chiqarilgan joyni aniqlash maqsadi ajratib koʻrsatishni taqozo etsa, biror mamlakatning muayyan qismi tovar ishlab chiqarilgan mamlakat deb hisoblanishi mumkin.
25-modda. Muayyan mamlakatda batamom ishlab chiqarilgan tovarlar
Quyidagilar muayyan mamlakatda batamom ishlab chiqarilgan tovarlar hisoblanadi:
uning hududidan yoki hududiy suvlaridan yoxud kontinental shelfidan va dengiz ostidan olingan foydali qazilmalar, agar mamlakat dengiz ostini qazish uchun mutlaq huquqqa ega boʻlsa;
mamlakat hududida oʻstirilgan yoki yigʻib olingan oʻsimlik mahsulotlari;
mamlakatda tugʻilgan va parvarish qilingan tirik hayvonlar;
mamlakatda etishtirilgan oʻsimlik mahsulotlari va hayvonlardan olingan mahsulot;
mamlakatda tayyorlangan ovchilik, baliqchilik va dengiz ovi mahsuloti;
mamlakat kemalarida yoki u ijaraga olgan (fraxt qilgan) kemalarda jahon okeanida ovlangan va (yoki) tayyorlangan dengiz ovi mahsulotlari;
mamlakatdagi ishlab chiqarish yoki boshqa operatsiyalarning natijasi boʻlmish ikkilamchi xomashyo va chiqindilar;
mamlakatga qarashli yoki u ijaraga olgan kosmik kemalarda ochiq kosmosda olingan yuqori texnologiya mahsulotlari;
mamlakatda ushbu moddada koʻrsatib oʻtilgan mahsulotlardangina ishlab chiqarilgan tovarlar.
26-modda. Tovarning yetarli darajada qayta ishlanganligi mezoni
Agar tovarni ishlab chiqarishda ikki yoki undan ortiq mamlakat ishtirok etayotgan boʻlsa, uning ishlab chiqarilgan joyi shu tovarning yetarli darajada qayta ishlanganligi mezoniga muvofiq aniqlanadi.
Muayyan mamlakatda tovarning yetarli darajada qayta ishlanganligi mezonlari quyidagilardan iborat:
tovarni qayta ishlash natijasida uning Tovar nomenklaturasidagi oʻrnining (tovarning tasniflovchi kodining) dastlabki toʻrtta kod belgisining istalgan biri darajasida oʻzgarishi (umumiy qoida);
foydalanilgan materiallar qiymatining yoki qoʻshilgan qiymatning foizlardagi ulushi yetkazib berilayotgan tovar bahosining qayd etilgan ulushiga etganda (advalor ulush qoidasi) tovar qiymatining oʻzgarishi.
Quyidagilar tovarning yetarli darajada qayta ishlanganligi mezonlariga javob bermaydi:
saqlash yoki transportda tashish vaqtida tovarlarning but saqlanishini taʼminlash boʻyicha operatsiyalar;
tovarlarni sotish va transportda tashishga tayyorlash boʻyicha operatsiyalar (tovar turkumini maydalash, tovarlarni joʻnatishni tashkil qilish, saralash, qaytadan oʻrash);
oddiy yigʻuv operatsiyalari;
tovarlarni (tarkibiy qismlarni) aralashtirib hosil qilingan mahsulotga unga dastlabki tarkibidan jiddiy farqlantiradigan xususiyatlarni bermaslik;
yuqorida koʻrsatilgan operatsiyalarning ikkitasi yoki undan ortigʻini bir vaqtda amalga oshirish;
chorva mollarini soʻyish.
Muayyan tovarlar hamda mamlakatlar uchun yetarli darajada qayta ishlanganlik mezoni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda joriy etiladi va qoʻllaniladi.
27-modda. Tovarlar turkum-turkum qilib yetkazib berilganda ularni ishlab chiqargan mamlakatni aniqlash
Ishlab chiqarish yoki transport sharoitlariga koʻra, tovarlarni bitta turkum qilib joʻnatishning iloji boʻlmaganligi sababli ular boʻlib-boʻlib yoki yigʻilmagan holda yetkazib berilsa, shuningdek bir turkum tovar notoʻgʻri taqsimlanishi natijasida bir necha turkumga boʻlingan boʻlsa, uni ishlab chiqargan mamlakatni aniqlashda bunday tovarlar deklarantning xohishiga koʻra, yagona tovar deb qaralishi kerak. Ushbu qoidani qoʻllanish sharti quyidagilardan iborat:
boʻlaklarga boʻlingan yoki yigʻilmagan tovarning bir necha turkumga taqsimlanganligini, bunday taqsimlash sabablarini, Tovar nomenklaturasiga koʻra tovarlarning kodlari, har bir turkumga kiradigan tovarlarning qiymati va ularni ishlab chiqargan mamlakatni koʻrsatgan holda har bir turkumning batafsil tasnifini bojxona organiga oldindan maʼlum qilish;
tovar bir necha turkumga notoʻgʻri taqsimlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
barcha turkumdagi tovarlarning bitta mamlakatdan bitta yetkazib beruvchi orqali yuborilganligi;
tovarlarning barcha turkumlari bitta bojxona organi orqali olib kirilganligi;
barcha turkumdagi tovarlar kontraktda koʻrsatilgan muddat ichida yetkazib berilganligi.
28-modda. Tovar ishlab chiqarilgan mamlakatni tasdiqlash
Tovar muayyan bir mamlakatda ishlab chiqarilganligi tovarning kelib chiqishiga doir sertifikat bilan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan tovarlarni olib chiqib ketish vaqtida tovarning kelib chiqishiga doir sertifikat vakolatli organ tomonidan beriladi, basharti, uning zarurligi tegishli kontraktlarda, tovar olib kiriladigan mamlakatning milliy qoidalarida qayd etilgan yoki Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarida nazarda tutilgan boʻlsa.
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga tovar olib kirilganida tovarning kelib chiqishga doir sertifikat quyidagi hollarda albatta taqdim etiladi:
boj tarifi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan preferensiya berilgan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarga;
muayyan mamlakatdan olib kirilishi miqdoriy cheklovlar (kvotalash) orqali yoki tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solishning boshqa choralari orqali boshqarib turiladigan tovarlarga;
bojxonada rasmiylashtirishga taqdim etilgan hujjatlarda tovarlar qayerda ishlab chiqarilganligiga doir maʼlumotlar boʻlmagan yoki bojxona organida tovarni deklaratsiyasida tovarlarning ishlab chiqarilgan mamlakatiga doir notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilgan deb taxmin qilishga asos boʻlgan hollarda;
basharti, Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida va xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan boʻlsa.
29-modda. Tovarning kelib chiqishiga doir sertifikat
Tovarning kelib chiqishiga doir sertifikat mazkur tovarning muayyan mamlakatda ishlab chiqarilganligidan aniq dalolat berishi va unda:
joʻnatilayotgan tovarning tegishli kelib chiqish mezonlariga mosligi haqida tovar joʻnatuvchi tomonidan berilgan yozma ariza;
sertifikatda keltirilgan maʼlumotlarning haqiqiyligi toʻgʻrisida tovar olib chiqib ketilayotgan mamlakatning sertifikat bergan vakolatli organining yozma guvohnomasi boʻlishi lozim.
Tovarning kelib chiqishiga doir sertifikat bojxonada rasmiylashtirish uchun zarur boʻlgan bojxona deklaratsiyasi va boshqa hujjatlar bilan birga taqdim etiladi. Sertifikat yoʻqotilgan taqdirda, uning rasmiy ravishda tasdiqlangan dublikati qabul qilinadi.
Sertifikat yoki undagi maʼlumotlarning, shu jumladan tovar ishlab chiqarilgan mamlakat haqidagi maʼlumotning toʻgʻriligiga shubha tugʻilsa, Oʻzbekiston Respublikasining bojxona organi qoʻshimcha yoki aniqlik kiritadigan maʼlumot berishini soʻrab ushbu sertifikatni bergan organga yoki sertifikatda tovar ishlab chiqarilgan mamlakat sifatida koʻrsatilgan mamlakatning vakolatli tashkilotlariga murojaat qilishi mumkin.
Ushbu Qonunda belgilangan hollarda tovarning kelib chiqishiga doir tegishli suratda rasmiylashtirilgan sertifikat yoki soʻralgan qoʻshimcha maʼlumotlar taqdim etilmaguniga qadar tovar muayyan mamlakatda ishlab chiqarilgan deb hisoblanmaydi.
30-modda. Tovarni chiqarishni rad etish asoslari
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalariga muvofiq tovarlarini chiqarish mumkin boʻlmagan mamlakatda ishlab chiqarilgan deb taxmin qilishga yetarli asoslar mavjud boʻlsa, bojxona organi bunday tovarni bojxona chegarasidan chiqarishni rad etishi mumkin.
Boshqa hollarda sertifikat yoki tovarning kelib chiqishiga doir maʼlumotlar taqdim etilmaganligi tovarni bojxona chegarasidan chiqarishni rad etishga asos boʻlmaydi.
31-modda. Tovar ishlab chiqarilgan mamlakatni aniqlashga doir qoʻshimcha qoidalar
Bojxonada rasmiylashtirish amalga oshirilganidan keyin uzogʻi bilan bir yil ichida tovarlar ishlab chiqarilgan mamlakat haqida tegishli guvohnoma olinsa, tovarlarga nisbatan eng koʻp qulaylik berish tartibi yoki preferensial rejimi qoʻllanilishi (qayta tiklanishi) mumkin.
Tovarlar ishlab chiqarilgan mamlakatni aniqlashda ularni ishlab chiqarish uchun foydalanilgan energiya, mashinalar, uskunalar va asboblarning qayerda ishlab chiqarilganligi inobatga olinmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga uchinchi mamlakatlardan olib kiriladigan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan erkin bojxona zonalari va erkin omborlar hududidan olib kiriladigan tovarlar ishlab chiqarilgan mamlakatni aniqlashning oʻziga xos xususiyatlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
32-modda. Tarif imtiyozlari va preferensiyalar
Tovarlarga nisbatan tarif imtiyozlari va preferensiyalar ushbu Qonun bilan belgilanadi va ular individual xususiyatga ega boʻlishi mumkin emas, ushbu Qonunning 33, 34 hamda 35-moddalarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Tarif imtiyozlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda beriladi.
33-modda. Boj undirishdan ozod qilish
Boj undirishdan quyidagilar ozod qilinadi:
xalqaro yoʻnalishda yuklar, bagaj va yoʻlovchilar tashiydigan transport vositalari, shuningdek ularning yoʻlda, oraliq toʻxtash joylarida bir maromda ishlashi uchun zarur boʻlgan yoki transport vositalarida yuz bergan avariyalarga (nosozliklarga) barham berish uchun chet ellarda sotib olingan moddiy-texnika taʼminoti buyumlari va asbob-anjomlari, yonilgʻi, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa mol-mulk;
qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining valyutasi, chet el valyutasi (numizmatika uchun ishlatiladigan valyuta bundan mustasno), shuningdek qimmatli qogʻozlar;
dengizda ov bilan band boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi kemalarini hamda Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari tomonidan ijaraga olingan (fraxt qilingan) kemalarni taʼminlash maqsadida bojxona hududidan tashqariga olib chiqiladigan moddiy-texnika taʼminoti buyumlari va anjomlar, yonilgʻi, oziq-ovqat va boshqa mol-mulk, shuningdek ularning Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kiriladigan ov mahsulotlari;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda davlat mulkiga aylantirilishi lozim boʻlgan tovarlar;
chet davlatlar vakillarining, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari yoki xalqaro shartnomalariga muvofiq boj toʻlamasdan bularni olib kirish huquqiga ega boʻlgan jismoniy shaxslarning rasmiy yoki shaxsiy ehtiyojlar uchun foydalanishiga moʻljallab bojxona hududiga olib kiriladigan yoki bu hududdan olib chiqiladigan buyumlar;
insonparvarlik yordami sifatida, davlatlar, hukumatlar xalqaro tashkilotlar tomonidan begʻaraz yordam tariqasida yoki xayriya maqsadlarida, shu jumladan texnik yordam koʻrsatish tarzida avariyalar va halokatlar, tabiiy ofatlarning oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kiriladigan va undan olib chiqiladigan tovarlar;
Keyingi tahrirga qarang.
bepul oʻquv, davolash va maktabgacha tarbiya bolalar muassasalari uchun moʻljallangan oʻquv qoʻllanmalari;
uchinchi davlatlar uchun moʻljallangan va bojxona nazorati ostida Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan tranzit tartibida olib oʻtiladigan tovarlar;
bojxona qonun hujjatlariga muvofiq jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan va ishlab chiqarish yoki boshqa tijorat faoliyatini olib borish uchun moʻljallanmagan tovarlar;
Oldingi tahrirga qarang.
yangi ishlab chiqarishlarni barpo etish, ishlab turgan ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish va texnika bilan qayta jihozlash uchun belgilangan tartibda tasdiqlangan loyihalarga muvofiq olib kiriladigan texnologik uskunalar, vakolatli bankning tegishli tasdigʻi boʻlgan taqdirda;
(33-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 12-maydagi 220-II-sonli Qonuniga muvofiq oʻn birinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 5-son, 89-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
kichik va oʻrta biznes korxonalari oʻzlari tashkil etayotgan ishlab chiqarishlar uchun texnologiya uskunalarini import qilganda;
(33-modda Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 29-avgustdagi 681-I-sonli Qonuniga muvofiq oʻn birinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 9-son, 181-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
lizingga berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan texnologiya uskunalari, vakolatli bankning tegishli tasdigʻi boʻlgan taqdirda.
(33-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447-II-sonli Qonuniga muvofiq oʻn uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
34-modda. Tarif preferensiyalari berish
Oʻzbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarini amalga oshirishda:
Oʻzbekiston Respublikasi bilan birga erkin savdo zonasi yoki bojxona ittifoqini tashkil qilgan yoxud shunday zona yoki ittifoq tuzish maqsadini koʻzlovchi bitimni imzolagan davlatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarga;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan Oʻzbekiston Respublikasi milliy preferensiya tizimidan foydalanuvchi rivojlanayotgan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan boj toʻlashdan ozod qilish, boj stavkalarini kamaytirish yoki preferensial tartibda tovar olib kirishga (olib chiqishga) tarif kvotalari belgilash kabi preferensiyalar yoʻl qoʻyiladi.
35-modda. Tarif imtiyozlari berish
Oʻzbekiston Respublikasining tashqi savdo siyosatini uning bojxona hududi doirasida amalga oshirishda:
Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksida belgilangan tegishli bojxona rejimlari doirasida bojxona nazorati ostida Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga vaqtincha olib kiriladigan yoki undan vaqtincha olib chiqiladigan tovarlarga;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq chet elda investitsiya sohasidagi hamkorlik obyektlarini qurish uchun butlovchi buyumlar tarkibida olib chiqiladigan tovarlarga;
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan davlat ehtiyojlari uchun eksportga ajratilgan hajmlarda olib chiqiladigan tovarlarga;
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning chet el korxonalarining ustav fondlariga ulush sifatida olib kiriladigan tovarlarga, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq mahsulotni taqsimlash toʻgʻrisidagi bitimlarda nazarda tutilgan hollarda shunday korxonalar olib chiqib ketadigan oʻzlari ishlab chiqargan tovarlarning ayrim turlariga nisbatan ilgari toʻlangan bojni qaytarish, boj stavkasini kamaytirish va alohida hollarda bojdan ozod qilish kabi tarif imtiyozlari berilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 29-avgust,
470-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 228-modda; 1998-y., 9-son, 181-modda; 2001-y., 5-son, 89-modda; 2003-y., 1-son, 8-modda, 5-son, 67-modda; 2004-y., 1-2-son, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 25-son, 287-modda, 51-son, 514-modda; 2007-y., 29-30-son, 294-modda, 37-38-son, 380-modda, 52-son, 533-modda; 2008-y., 14-15-son, 86-modda; 2010-y., 51-son, 485-modda; 2012-y., 52-son, 584-modda; 2014-y., 4-son, 45-modda)