Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani hokimining
Qarori
Mirzaobod tumanida maxsus texnikalar orqali isteʼmolchilarga toza ichimlik suvi yetkazib berish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi 194-son qarori bilan tasdiqlangan “Isteʼmolchilarga suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari koʻrsatish qoidalari”ning (Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2014-yil, 30-son, 368-modda) 118-bandi, 2015-yil 30-oktabrdagi “Suv taʼminoti va kanalizatsiya tashkilotlarini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 306-sonli qarori va Sirdaryo viloyat hokimining 2017-yil 2018-yil 17-oktabrdagi 489-son “Maxsus texnikalar orqali isteʼmolchilarga ichimlik suvi yetkazib berish xizmati uchun toʻlovlar taʼriflarini belgilash toʻgʻrisida”gi qarori 3-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 25-moddalariga asoslanib, qaror qilaman:
1. Sirdaryo viloyat hokimining 2017-yil 2018-yil 17-oktabrdagi 489-son “Maxsus texnikalar orqali isteʼmolchilarga ichimlik suvi yetkazib berish xizmati uchun toʻlovlar taʼriflarini belgilash toʻgʻrisida”gi qarori maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Mirzaobod tuman hududidagi markazlashtirilgan kommunal suv tarmogʻidan ichimlik suvi bilan taʼminlash imkoniyati mavjud boʻlmagan hududlar roʻyxati 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
3. Mirzaobod tuman aholisiga toza ichimlik suvini lokal suv tizimlaridan maxsus avtotransport bilan yetkazib berish tartibi, aniq muddatlari va miqdori jadvali 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1- va 2-ilovalar berilmaydi.
4. Sirdaryo viloyat “Suvoqava” davlat unitar korxonasi Mirzaobod tuman filiali (Sh. Shaimov)ga mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan, quyidagilarni bajarish majburiyati yuklatilsin:
toza ichimlik suvini maxsus avtotransport vositalari orqali oʻz vaqtida, toʻliq yetkazib berishni taʼminlash;
isteʼmolchilarga yetkazib berilgan toza ichimlik suvi va qabul qilingan oqova suv boʻyicha hisob-kitoblarni belgilangan tartibda va oʻz vaqtida amalga oshirish;
tuman hokimligiga bajarilgan ishlar va koʻrsatilgan xizmatlar toʻgʻrisida har oyning 5 sanasiga qadar hisobot taqdim etish.
5. Tuman hokimligi huquqshunosi (E. Ernazarov) hamda tuman “Mirzaobod” gazetasi (I. Sultonova)lar mazkur qarorning toʻliq matni matbuotda eʼlon qilish va tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga elektron shaklda joylashtirish vazifasi yuklatilsin.
6. Qaror rasmiy nashrlarda eʼlon kilingan kundan kuchga kiradi.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari E. Mahmanazarov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim X. ABDULLAYEV
Mirzaobod t,
2019-yil 24-yanvar,
166-son