Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 17-avgustda qabul qilingan
Senat tomonidan 2019-yil 23-avgustda maʼqullangan
Senat tomonidan 2019-yil 23-avgustda maʼqullangan
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun hamda boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
jinsiy zoʻravonlik — xotin-qizlarga nisbatan ularning roziligisiz shahvoniy xususiyatga ega harakatlarni sodir etish orqali jinsiy daxlsizlikka va jinsiy erkinlikka tajovuz qiladigan zoʻravonlik shakli, shuningdek zoʻrlik ishlatish yoki zoʻrlik ishlatish bilan tahdid qilish yoxud ayol jinsidagi voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan axloqsiz harakatlar sodir etish orqali uchinchi shaxs bilan jinsiy aloqa qilishga majburlash;
jismoniy zoʻravonlik — xotin-qizlarga nisbatan ogʻirligi turli darajada boʻlgan tan jarohatlari yetkazish, xavf ostida qoldirish, hayoti xavf ostida qolgan shaxsga yordam koʻrsatmaslik, zoʻravonlik xususiyatiga ega boshqa huquqbuzarliklar sodir etish, jismoniy taʼsir oʻtkazish yoki bunday taʼsir oʻtkazishning oʻzga choralarini qoʻllash bilan tahdid qilish orqali xotin-qizlarning hayoti, sogʻligʻi, erkinligi hamda qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari va erkinliklariga tajovuz qiladigan zoʻravonlik shakli;
zoʻravonlik — xotin-qizlarga nisbatan jismoniy, ruhiy, jinsiy yoki iqtisodiy taʼsir oʻtkazish yoki bunday taʼsir oʻtkazish choralarini qoʻllash bilan tahdid qilish orqali ularning hayoti, sogʻligʻi, jinsiy daxlsizligi, shaʼni, qadr-qimmati va qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari hamda erkinliklariga tajovuz qiladigan gʻayrihuquqiy harakat (harakatsizlik);
iqtisodiy zoʻravonlik — xotin-qizlarga nisbatan turmushda, ish joylarida va boshqa joylarda amalga oshirilgan zoʻravonlik shakli, xotin-qizlarning normal yashash va kamol topish uchun oziq-ovqat, uy-joy hamda boshqa zarur shart-sharoitlar bilan taʼminlanishga boʻlgan huquqini, mulk huquqini, taʼlim olish hamda mehnatga oid huquqini amalga oshirishni cheklashga olib keladigan harakat (harakatsizlik);
ish joyi — oʻzi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq mehnat majburiyatlarini amalga oshirish yoki xizmat vazifalarini bajarish uchun boʻlishi yoki borishi lozim boʻlgan, ish beruvchi tomonidan bevosita yoki bilvosita nazorat qilinadigan joy;
ruhiy zoʻravonlik — xotin-qizlarni haqoratlash, ularga tuhmat qilish, tahdid qilish, ularning shaʼnini, qadr-qimmatini kamsitish, shuningdek ularning xohish-irodasini cheklashga qaratilgan boshqa harakatlarda ifodalanadigan zoʻravonlik shakli, shu jumladan reproduktiv sohada nazorat qilish, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchida oʻz xavfsizligi uchun xavotir uygʻotgan, oʻzini himoya qila olmaslikka olib kelgan yoki ruhiy sogʻligʻiga zarar yetkazgan harakat (harakatsizlik);
tazyiq — sodir etilganligi uchun maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlik nazarda tutilmagan, xotin-qizlarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakat (harakatsizlik), shilqimlik;
Keyingi tahrirga qarang.
tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchi — oʻziga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik sodir etilishi tahdidi ostida boʻlgan yoki tazyiq va zoʻravonlik natijasida jabrlangan ayol jinsidagi shaxs;
tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish — xotin-qizlarning hayoti, sogʻligʻi uchun paydo boʻlgan xavfni bartaraf etish, tezkor chora-tadbirlarni talab qiladigan hayotiy vaziyatlar yuz berganda xotin-qizlarning xavfsizligini taʼminlash, shuningdek jabrlanuvchiga nisbatan tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning takroran gʻayriqonuniy xatti-harakatlariga yoʻl qoʻymaslik maqsadidagi iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy, tashkiliy, psixologik va boshqa tusdagi kechiktirib boʻlmaydigan tadbirlar tizimi;
tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish — xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik sodir etishga olib keladigan sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etishga, jamiyatda xotin-qizlarning zoʻravonlikdan xoli boʻlish huquqlaridan xabardorligini oshirishga qaratilgan iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy, tibbiy va boshqa chora-tadbirlar tizimi;
Keyingi tahrirga qarang.
himoya orderi — tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq oʻtkazayotgan yoki ularga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan ushbu Qonunda belgilangan taʼsir koʻrsatish choralari qoʻllanilishiga sabab boʻladigan hujjat.
4-modda. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining huquqlari
Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchi quyidagi huquqlarga ega:
oʻziga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik sodir etilganligi yoki ularni sodir etish tahdidi toʻgʻrisidagi ariza bilan tegishli vakolatli organlarga hamda tashkilotlarga yoxud sudga murojaat etish;
maxsus markazlarda, shuningdek bepul telefon liniyasi orqali tekin huquqiy maslahat, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish;
ichki ishlar organlariga himoya orderi berish toʻgʻrisidagi talab bilan murojaat qilish, himoya orderi shartlari buzilgan taqdirda esa, ularni bu haqda xabardor qilish;
sodir etilgan tazyiq va zoʻravonlik natijasida oʻziga yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplanishi hamda maʼnaviy ziyon kompensatsiya qilinishi toʻgʻrisidagi talab bilan sudga murojaat etish.
Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchi yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash hamda maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat etganda davlat boji toʻlashdan ozod qilinadi.
5-modda. Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi gender siyosatini, davlat dasturlarini hamda strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikka doir murosasizlik muhitini yaratish;
xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilinishini taʼminlash;
jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, qonuniylikni mustahkamlash;
xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish, ularni aniqlash, ularga chek qoʻyish uchun samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni yaratish;
xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik sodir etilishiga olib keladigan sabablar hamda shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini koʻrish;
tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish maqsadida davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamkorligini taʼminlash.
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini va strategiyalarni tasdiqlaydi;
tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarni qoʻllab-quvvatlash, ularning xavfsizligini, jismoniy va ruhiy reabilitatsiyasini hamda moslashuvini taʼminlash boʻyicha tuzilmalarni tashkil etadi;
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi vakolatli organlarning hamkorligini muvofiqlashtiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
7-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Keyingi tahrirga qarang.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari:
Keyingi tahrirga qarang.
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini hamda strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi hamda amalga oshiradi;
Keyingi tahrirga qarang.
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasida davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qiladi;
xotin-qizlarni huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy himoya qilish kafolatlarini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
8-modda. Ichki ishlar organlarining xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Ichki ishlar organlari:
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy dasturlarni hamda qonun hujjatlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
Keyingi tahrirga qarang.
tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish, shu jumladan ularning sabablarini hamda shart-sharoitlarini aniqlash va bartaraf etish choralarini koʻradi, xotin-qizlarga tazyiq oʻtkazayotgan va ularga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan shaxslar bilan muntazam asosda profilaktika ishlarini olib boradi;
xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik sodir etilganligi yoki sodir etilishi tahdidi mavjudligi toʻgʻrisidagi murojaatlarni koʻrib chiqadi;
tazyiq yoki zoʻravonlik sodir etishga moyil boʻlgan shaxsga rasmiy ogohlantirish beradi;
himoya orderini beradi;
zoʻravonlik sodir etgan shaxslarni javobgarlikka tortish yuzasidan oʻz vakolatlari doirasida choralar koʻradi;
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi tegishli vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
9-modda. Mehnat organlarining xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Mehnat organlari:
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy dasturlarni hamda qonun hujjatlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
Keyingi tahrirga qarang.
ishga joylashtirilmagan xotin-qizlarni hisobga olish, ularning bandligini taʼminlash va ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
xotin-qizlarga nisbatan ish joylaridagi tazyiq va zoʻravonlik hollarining oldini olish hamda xotin-qizlar bilan oʻzaro munosabatlar madaniyatini yuksaltirish boʻyicha mulk shakllaridan qatʼi nazar tashkilotlarda profilaktika tadbirlarini oʻtkazadi;
Keyingi tahrirga qarang.
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi tegishli vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
10-modda. Taʼlimni davlat tomonidan boshqarish organlarining hamda taʼlim muassasalarining xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Taʼlimni davlat tomonidan boshqarish organlari va taʼlim muassasalari:
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy dasturlar hamda qonun hujjatlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
Keyingi tahrirga qarang.
xotin-qizlarni majburiy mehnatga va gʻayriijtimoiy xulq-atvorga jalb qilish hollari aniqlanganligiga doir faktlar toʻgʻrisida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar qiladi;
taʼlim muassasalarida tahsil oluvchilar orasidan xotin-qizlarga nisbatan tazyiq oʻtkazish va zoʻravonlik sodir etishga moyil shaxslarni aniqlaydi hamda ularning xulq-atvorini tuzatish, shuningdek tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish hamda moslashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
taʼlim muassasalarida boʻsh vaqtni mazmunli oʻtkazishni taʼminlash maqsadida tadbirlar tashkil etadi;
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi tegishli vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
11-modda. Davlat sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish organlarining hamda sogʻliqni saqlash muassasalarining xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Davlat sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sogʻliqni saqlash muassasalari:
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy dasturlarni va qonun hujjatlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
Keyingi tahrirga qarang.
tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
Keyingi tahrirga qarang.
tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga tibbiy va ruhiy yordam koʻrsatish yuzasidan uslubiy tavsiyalar ishlab chiqadi hamda ularni sogʻliqni saqlash muassasalarining ish amaliyotiga joriy etadi;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xotin-qizlarning hayotiga yoki sogʻligʻiga xavf soluvchi faktlar va aniqlangan sabablar toʻgʻrisida xabardor qiladi;
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi tegishli vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
12-modda. Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi:
Keyingi tahrirga qarang.
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy dasturlarni va qonun hujjatlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
Keyingi tahrirga qarang.
xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlariga olib keladigan sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlash boʻyicha tadbirlarda ishtirok etadi va bunday holatlarni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar koʻradi;
zoʻravonlikdan jabrlanganlarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlarida ijtimoiy reabilitatsiya qilishga hamda oʻz joniga qasd etishning oldini olishga doir tadbirlar oʻtkazadi;
Keyingi tahrirga qarang.
xotin-qizlarga nisbatan tazyiq oʻtkazganligi va zoʻravonlik sodir etganligi uchun profilaktik hisobda turadigan shaxslar bilan yakka tartibdagi profilaktika tadbirlarini oʻtkazishda ishtirok etadi;
nizoli vaziyatlarni profilaktika qilishga, tazyiq va zoʻravonlikning oldini olishga doir dasturlar hamda uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi.
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi tegishli vakolatli organlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
13-modda. Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishda ishtirok etishi
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari:
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etishi;
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishga doir tadbirlarni amalga oshirishda davlat organlariga koʻmaklashishi;
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi;
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini hamda mazkur sohada huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritishi;
Keyingi tahrirga qarang.
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi tegishli vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qilishi mumkin.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, ularning ijtimoiy hayotdagi, oilada maʼnaviy-axloqiy muhitni shakllantirishdagi, yosh avlodni tarbiyalashdagi rolini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻradi.
14-modda. Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi vakolatli organlar hamda tashkilotlarning hamkorligi
Vakolatli organlar va tashkilotlar xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi tadbirlarni amalga oshirishda quyidagi yoʻnalishlarda hamkorlik qiladi:
aniqlangan tazyiq va zoʻravonlik faktlari toʻgʻrisida oʻzaro bir-birini xabardor qilish;
tazyiq va zoʻravonlik holatlariga munosabat bildirish choralarini kelishish hamda tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga amaliy yordam koʻrsatish;
tazyiq va zoʻravonlikni bartaraf etish hamda ularga qarshi kurashish va tajriba almashish sohasidagi chora-tadbirlarni birgalikda amalga oshirish;
tazyiq va zoʻravonlikni bartaraf etish hamda ularga qarshi kurashish sohasidagi tadbirlarni amalga oshiradigan mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish, qonun hujjatlarini va ularning qoʻllanilish amaliyotini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
Keyingi tahrirga qarang.
15-modda. Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olish, ularni aniqlash hamda ularga chek qoʻyishning umumiy chora-tadbirlari
Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olish, ularni aniqlash hamda ularga chek qoʻyishning umumiy chora-tadbirlari quyidagilardan iborat:
xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
tazyiq va zoʻravonlikning sabablari hamda shart-sharoitlari boʻlgan omillarni tahlil qilish, oʻrganish va baholash;
aholi oʻrtasida huquqiy targʻibot olib borish;
xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik hollarining statistik hisobi va hisobotini yuritish hamda ularni davlat statistika organlariga taqdim etish;
fuqarolarni, ayniqsa xotin-qizlarni oʻz huquqlari, erkinliklari va majburiyatlari toʻgʻrisidagi, shuningdek himoya qilish kafolatlari haqidagi axborot bilan taʼminlash maqsadida axborot-maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish;
xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarini aniqlashning samarali huquqiy mexanizmlarini joriy etish;
tazyiq va zoʻravonlik sodir etish xavfi boʻlgan guruhlarga mansub shaxslarga yoki ularni sodir etgan shaxslarga nisbatan oldini olish choralarini amalga oshirish;
tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam koʻrsatishga va ularni himoya qilishga doir tadbirlarni amalga oshirish;
xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil boʻlgan shaxslarga nisbatan taʼsir koʻrsatish choralarini qoʻllash;
aybdorlarni qonunda belgilangan javobgarlikka tortish.
16-modda. Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik hollarining statistik hisobi va hisoboti
Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilar, shuningdek zoʻravonlik sodir etgan yoki zoʻravonlik sodir etishga moyil boʻlgan shaxslar haqidagi maʼlumotlar vakolatli organlar va tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining yagona elektron maʼlumotlar bazasiga kiritiladi.
17-modda. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchini xabardor qilish
Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi vakolatli organlar hamda tashkilotlar tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchini ijtimoiy hamda huquqiy himoya qilish mexanizmlari, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanganga koʻrsatiladigan yordam turlari va xizmatlar toʻgʻrisidagi axborot bilan tanishtiradi.
Zarur boʻlgan taqdirda vakolatli organlar va tashkilotlar sodir etilgan tazyiq va zoʻravonlik fakti munosabati bilan ariza berishda amaliy yordam koʻrsatadi.
Jazoni ijro etish muassasalari tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanganga unga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan shaxs jazoni ijro etish joyidan ozod etilganligi, ozodlikdan mahrum qilish joyidan tashqariga qisqa muddatga chiqarilganligi yoki qochib ketganligi haqida zudlik bilan xabar beradi.
18-modda. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilar uchun ishonch telefoni
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi yordam koʻrsatish, maslahat berish mexanizmi hamda chora-tadbirlari, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olish toʻgʻrisida axborot olishni taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida tunu kun ishlaydigan, bepul telefon liniyasi tarmogʻi (ishonch telefoni) ishlab turishini taʼminlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Telefon liniyasi tarmogʻi maxfiylikka rioya etgan holda faoliyat koʻrsatadi. Ishonch telefoni orqali olingan axborotni oshkor etishga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan qonun hujjatlarida belgilangan hollar mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
19-modda. Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlar
Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi tegishli vakolatli organlar hamda tashkilotlarning xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik sodir etishga moyil boʻlgan yoki uni sodir etgan gʻayriijtimoiy xulq-atvorli shaxslarni aniqlash hamda ularga profilaktik taʼsir koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyati xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlardir.
Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlar muayyan shaxsning, uning ijtimoiy muhitining oʻziga xos xususiyatlari, ijtimoiy-maishiy sharoitlari va turmush tarzi, uning gʻayriijtimoiy xulq-atvori, tazyiq va zoʻravonlik sodir etishga moyilligi, shuningdek u sodir etgan tazyiq va zoʻravonlikning ijtimoiy xavflilik darajasini tavsiflovchi boshqa omillar hisobga olingan holda qoʻllaniladi.
20-modda. Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlarni qoʻllash uchun asoslar
Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlarni qoʻllash uchun quyidagilar asos boʻladi:
tazyiq va zoʻravonlik qurbonining murojaati;
jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari;
tazyiq yoki zoʻravonlik sodir etish yoxud ularni sodir etishga urinish faktlarining vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi;
davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan kelib tushgan materiallar.
Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi vakolatli organlar hamda tashkilotlar tazyiq va zoʻravonlik faktlari aniqlangan taqdirda bu haqda tegishli ichki ishlar organlariga darhol xabar qilishi shart.
Ichki ishlar organlari tazyiq va zoʻravonlik toʻgʻrisida ogʻzaki yoki yozma xabar olganda bunday harakatlarga chek qoʻyish va ularning oldini olish yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan yakka tartibdagi chora-tadbirlar koʻrishi shart.
21-modda. Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlar turlari
Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlar turlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
profilaktika suhbatini oʻtkazish;
himoya orderini berish;
tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam koʻrsatish boʻyicha maxsus markazlarga joylashtirish;
zoʻravonlik xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha tuzatish dasturlaridan oʻtish.
22-modda. Profilaktika suhbati
Muayyan shaxsni jamiyatda umum qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishga ishontirish, gʻayriijtimoiy xulq-atvorning ijtimoiy hamda huquqiy oqibatlarini tushuntirish, shuningdek qonunda belgilangan javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirish maqsadida profilaktika suhbati oʻtkaziladi.
Tazyiq va zoʻravonlik hollarini aniqlagan vakolatli organ vakili tomonidan profilaktika suhbati tazyiq oʻtkazish va zoʻravonlik sodir etishga moyil shaxslar bilan qonunda belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
23-modda. Himoya orderini berish va uning muddatini uzaytirish
Keyingi tahrirga qarang.
Himoya orderi tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchiga beriladi. Tazyiq oʻtkazgan va (yoki) zoʻravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʻlgan shaxsga himoya orderining nusxasi beriladi.
Himoya orderini bergan ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsni himoya orderining shartlari hamda uni bajarmaslik oqibatlari va zoʻravonlik xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha tuzatish dasturlaridan oʻtish zarurligi toʻgʻrisida xabardor qiladi.
Shaxs himoya orderini olish toʻgʻrisidagi tegishli hujjatni imzolashni rad etgan taqdirda, himoya orderini topshirayotgan ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tomonidan xolislar ishtirokida dalolatnoma tuziladi.
Tegishli hududda tazyiq va zoʻravonlikning yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tazyiq va zoʻravonlik fakti yoki ularni sodir etish xavfi aniqlangan paytdan eʼtiboran 24 soat ichida himoya orderini oʻttiz kun muddatgacha beradi va ushbu order rasmiylashtirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar xavf hali bartaraf etilmagan boʻlsa, himoya orderining amal qilish muddati tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining arizasiga koʻra koʻpi bilan oʻttiz kungacha uzaytirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Himoya orderini berish, uzaytirish yoki himoya orderini berishni yoxud uzaytirishni rad etish ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Himoya orderi talablarining ijrosi ustidan nazorat uni bergan ichki ishlar organi tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Himoya orderining shakli va uni berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
24-modda. Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga nisbatan yoki sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga nisbatan himoya orderi
Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilar, shuningdek sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarning qonuniy vakili yoki vasiylik va homiylik organi ularning nomidan himoya orderini berish hamda uni uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilar himoya orderini olish toʻgʻrisidagi ariza bilan shaxsan murojaat qilishga haqli.
Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarning himoya orderini berish hamda uni uzaytirish toʻgʻrisidagi arizasi ularning qonuniy vakili yoki vasiylik va homiylik organining vakili hozirligida koʻrib chiqiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga nisbatan yoki sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga nisbatan himoya orderi ularning qonuniy vakiliga yoki vasiylik va homiylik organiga beriladi.
Himoya orderi berilganligi va uzaytirilganligi toʻgʻrisidagi axborot vasiylik va homiylik organiga, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga 24 soat ichida yuboriladi.
25-modda. Himoya orderining mazmuni
Himoya orderida quyidagilar koʻrsatiladi:
u rasmiylashtirilgan sana va joy;
uni rasmiylashtirish uchun asos boʻlib xizmat qilgan holatlar;
tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining hamda tazyiq oʻtkazgan yoki zoʻravonlik sodir etgan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, tugʻilgan sanasi va joyi, kasbi hamda yashash joyi;
ushbu Qonunning 26-moddasida nazarda tutilgan cheklovlarning roʻyxati.
Himoya orderida tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining sudga murojaat qilish huquqi toʻgʻrisidagi, tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning himoya orderi talablarini bajarmaganlik uchun maʼmuriy javobgarligi haqidagi maʼlumot koʻrsatiladi.
26-modda. Himoya orderida nazarda tutilgan cheklovlar
Himoya orderida quyidagi cheklovlar nazarda tutilishi mumkin:
tazyiq oʻtkazishni va zoʻravonlik sodir etishni taqiqlash;
tazyiq oʻtkazgan yoki zoʻravonlik sodir etgan shaxsning tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilar bilan aloqasini taqiqlash (ish joylarida va taʼlim muassasalarida tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxs bilan bilvosita aloqasiga yoʻl qoʻyiladi);
tazyiq oʻtkazilgan va zoʻravonlik sodir etilgan taqdirda tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining hamda tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning bir xonada birga boʻlishini taqiqlash;
tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning zimmasiga tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchini davolash, unga maslahat berish, uni tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam koʻrsatish boʻyicha maxsus markazga joylashtirish uchun xarajatlarning, yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash, shuningdek maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish majburiyatini yuklatish;
tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning qurolni (bundan xizmat quroli mustasno) saqlash va olib yurish huquqini himoya orderining amal qilishi yoki unda koʻrsatilgan muddat davrida cheklash yoxud taqiqlash, shuningdek qurol sotib olish uchun ruxsatnoma olishga doir huquqini taqiqlash.
Keyingi tahrirga qarang.
Himoya orderining amal qilish muddati uzaytirilgan taqdirda ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan talablardan tashqari, unga tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning zoʻravonlik xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha tuzatish dasturidan oʻtishi toʻgʻrisidagi shart majburiy tartibda kiritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar himoya orderini berish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish chogʻida Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan jinoyat belgilari aniqlansa, himoya orderini berish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish bilan bir vaqtda ish materiallari jinoiy javobgarlikka tortish masalasini hal qilish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organga yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
27-modda. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam koʻrsatish boʻyicha maxsus markazlar
Tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi vakolatli organlar hamda tashkilotlar tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga iqtisodiy, huquqiy, ijtimoiy, ruhiy, tibbiy va boshqa yordam koʻrsatish boʻyicha maxsus markazlar (bundan buyon matnda maxsus markazlar deb yuritiladi) tashkil etishi mumkin.
28-modda. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarni maxsus markazlarga joylashtirish
Zoʻravonlik fakti mavjud boʻlgan taqdirda tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining yoki uning qonuniy vakilining boshpana berish toʻgʻrisidagi talabi boʻyicha tegishli vakolatli organlar va tashkilotlar tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarning maxsus markazlarga joylashtirilishini taʼminlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchini maxsus markazga joylashtirish uning xohishiga koʻra oʻttiz kungacha boʻlgan muddatga amalga oshiriladi. Zarurat boʻlgan taqdirda bu muddat maxsus markazning ustavida belgilangan tartibda uzaytiriladi. Maxsus markazga joylashtirish muddati tugagach, agar tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchiga nisbatan xavf mavjud boʻlsa, maxsus markaz maʼmuriyati bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishi shart.
Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchi maxsus markazga joylashtirilgan taqdirda, uning ish joyi saqlab qolinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining maxsus markazda boʻlish vaqti uni taʼlim muassasasidan mashgʻulotlarni oʻtkazib yuborganligi munosabati bilan chiqarish uchun asos boʻlmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlar tazyiq oʻtkazganlikda va zoʻravonlik sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxsdan undirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
29-modda. Zoʻravonlik sodir etgan shaxsning xulq-atvorini tuzatishga qaratilgan tadbirlar
Zoʻravonlik takroran sodir etilishining oldini olish hamda zoʻravonlikdan jabrlanganning xavfsizligini taʼminlash maqsadida shaxsning zoʻravonlikka moyil xulq-atvorini oʻzgartirishda unga ruhiy va ijtimoiy yordam koʻrsatishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Zoʻravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil boʻlgan shaxs zoʻravonlik xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha tuzatish dasturidan oʻtadi.
Zoʻravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil boʻlgan shaxsning zoʻravonlik xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha tuzatish dasturidan oʻtish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
30-modda. Maʼlumotlarning maxfiyligi
Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchiga yordam koʻrsatgan shaxslarga maʼlum boʻlib qolgan barcha shaxsga doir maʼlumotlar shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari bilan qoʻriqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining shaxsiga doir maʼlumotlari ishonib topshirilgan hamda kasbiy, xizmat yoki mehnat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan bu maʼlumotlar oʻziga maʼlum boʻlib qolgan, ushbu maʼlumotlarni oshkor etishga yoʻl qoʻygan shaxslar qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka tortiladi.
31-modda. Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish chora-tadbirlarini moliyalashtirish
Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish chora-tadbirlarini moliyalashtirish tegishli vakolatli organlar hamda tashkilotlarning mablagʻlari, yuridik va jismoniy shaxslarning ajratmalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
32-modda. Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
33-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
34-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
35-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 2-sentabr,
OʻRQ-561-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.09.2019-y., 03/19/561/3680-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son, 10.12.2021-y., 03/21/736/1144-son; 12.04.2023-y., 03/23/829/0208-son; 19.10.2024-y., 03/24/977/0831-son; 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son; 02.07.2026-y., 03/26/1156/0670-son)