Toshkent shahar hokimining
qarori
Toshkent shahrida 2017 — 2021-yillarda qurilgan arzon koʻp qavatli uylardagi turar joylarni sotish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 320-modda) 25-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-martdagi “2017 — 2021-yillarda Toshkent shahrida koʻp kvartirali arzon uy-joylar qurilishi miqyoslarini kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-2824-sonli qarori va Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 8-martdagi 161-F-sonli farmoyishi ijrosini taʼminlash maqsadida, qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 8-martdagi 161-F-sonli farmoyishiga asosan, Toshkent shahrida koʻp qavatli uylarni qurish va ularni sotish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash belgilanganligi inobatga olinsin.
2. Toshkent shahrida qurilgan koʻp qavatli uylardagi turar joylarni sotish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. “Yagona buyurtmachi xizmati” IK (S. Oripov):
Toshkent shahar hokimining 2017-yil 20-yanvardagi 51-sonli qarori bilan koʻp qavatli turar-joylardagi uy-joylarni yosh oilalarga, eski uy-joylarda yashovchilarga hamda yashash sharoitini yaxshilashga ehtiyojmand (kishi boshiga hisoblanganda uy-joy maydoni ijtimoiy normadan past boʻlgan) boʻlgan fuqarolarni belgilash masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha tuman hokimliklaridagi komissiyalar tomonidan belgilangan shuningdek, uy-joyni sotib olish istagini bildirgan davlat organi va budjet tashkilotlari xodimlari bilan Toshkent shahar hokimligi nomidan uy-joylarning oldi-sotdi shartnomalarini imzolash vakolati berilsin.
4. Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari (D. Xidoyatov), Moliya bosh boshqarmasi (L. Ismatullayev), “Yagona buyurtmachi xizmati” IK (S. Oripov):
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Toshkent shahri boʻyicha Gʻaznachilik boshqarmasidan “Yagona buyurtmachi xizmati” IKga maxsus hisob raqami ochilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Toshkent shahri boʻyicha Gʻaznachilik boshqarmasida ochilgan maxsus hisob raqamida jamlangan mablagʻlar ushbu uy-joylarni loyiha va qurilish ishlarini moliyalashtirishga yoʻnaltirilsin;
Loyiha va qurilish ishlariga yoʻnaltirilgan qismidan ortgan qismi tegishlicha moliyalashtirilgan budjetga qaytarilishi taʼminlasin.
5. “Toshkent shahar uy-joylarga davlat ordyerlari va maʼlumotnomalar berish markazi” DUK tomonidan uy-joylarni tijorat banklarining talabgorlarga kredit ajratilishi haqidagi kafolat xati yoki uy-joyni sotib olish uchun toʻlov toʻliq amalga oshirilganligi toʻgʻrisidagi hujjat hamda “Yagona buyurtmachi xizmati” IK va talabgor oʻrtasida oldi-sotdi shartnomalari nusxalari oʻrnatilgan tartibda taqdim etilgandan soʻng mulk huquqini tasdiqlovchi Davlat ordyerlarini berilishi inobatga olinsin.
6. “Yagona buyurtmachi xizmati” IK (S. Oripov):
Toshkent shahridagi uy-joylarni xarid qilish boʻyicha talabgor bilan oldi-sotdi shartnomalari rasmiylashtirilgandan soʻng, tijorat banklarining talabgorlarga kredit ajratilishi haqidagi kafolat xati yoki uy-joyni sotib olish uchun toʻlov toʻliq amalga oshirilganligi toʻgʻrisidagi hujjat hamda “Yagona buyurtmachi xizmati” IK va talabgor oʻrtasida tuzilgan oldi-sotdi shartnomalarining nusxalari oʻrnatilgan tartibda “Toshkent shahar uy-joylarga davlat ordyerlari va maʼlumotnomalar berish markazi” DUKga taqdim qilinsin.
7. “Toshkent shahar uy-joylarga davlat ordyerlari va maʼlumotnomalar berish markazi” DUK (S. Aripov):
“Yagona buyurtmachi xizmati” IK tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida talabgorga mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderi rasmiylashtirib berilsin.
8. Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi (Gʻ. Rasulov):
Davlat orderi rasmiylashtirilgandan soʻng uy-joylar oʻrnatilgan tartibda davlat kadastri roʻyxatidan oʻtkazilsin.
9. “Toshkent oqshomi” va “Vecherniy Tashkent” gazetalari tahririyati (A. Akromov), Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish boʻlimi (P. Xaliulin), Matbuot xizmati (X. Ergashev):
ushbu qaror rasmiy eʼlon qilinishi va www.toshkent.uz veb-saytiga joylashtirilishi taʼminlansin.
10. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari A. Shakirov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim J. ARTIKXODJAYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 10-iyun,
831-son
Toshkent shahar hokimining 2019-yil 10-iyundagi 831-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Toshkent shahrida qurilgan koʻp qavatli uylardagi turar-joylarni sotish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-martdagi “2017 — 2021-yillarda Toshkent shahrida koʻp kvartirali arzon uylarni qurish koʻlamini kengaytirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-2824-son qarori ijrosi boʻyicha Toshkent shahrida koʻp qavatli uylardagi turar joyni yosh oilalarga, eskirgan uy-joylarda yashayotganlarga va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand boʻlgan fuqarolarga hamda davlat xizmatchilari va budjet tashkilotlari xodimlariga sotish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
Sotuvchi — “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi;
Talabgorlar — Toshkent shahrida yashaydigan, uy-joyga muhtoj boʻlgan yosh oilalar, eskirgan uy-joylarda yashayotgan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand boʻlgan fuqarolar (kishi boshiga hisoblanganda uy-joy maydoni ijtimoiy normadan past boʻlgan) shuningdek, Toshkent shahrida kamida 10 yil mobaynida doimiy roʻyxatda turgan davlat organi va budjet tashkilotlari xodimlari.
toʻlov layoqati — umumiy daromadlarni tahlil qilishdan kelib chiqib aniqlanadigan qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchilarning) kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarni oʻz vaqtida va toʻliq bajarish layoqati.
3. Uy-joyga muhtoj boʻlgan yosh oilalar, eskirgan uy-joylarda yashayotgan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand boʻlgan fuqarolar (kishi boshiga hisoblanganda uy-joy maydoni ijtimoiy normadan past boʻlgan)ni belgilash Toshkent shahar hokimining 2017-yil 20-yanvardagi 51-sonli qarori bilan koʻp qavatli turar-joylardagi uy-joylarni yosh oilalarga,eski uy-joylarda yashovchilarga hamda uy-joy sharoitini yaxshilashga ehtiyojmand boʻlgan fuqarolarni aniqlash masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha tuman hokimliklarida tashkil etilgan tuman komissiyalari (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, Toshkent shahrida kamida 10 yil mobaynida doimiy roʻyxatda turgan davlat organi va budjet tashkilotlari xodimlarini belgilash davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda Tashkilotlar deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Talabgorlarni belgilash Nizomning 4-bandida keltirilgan hujjatlarni qabul qilgan holda ushbu Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiradi.
4. Uy-joyga muhtoj boʻlgan yosh oilalar, eskirgan uy-joylarda yashayotgan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand boʻlgan fuqarolar quyidagilar hisoblanadi:
a) Uy-joyga muhtoj boʻlgan yosh oilalar (nikoh qayd etilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi hamda uy-joy sharoiti toʻgʻrisida maʼlumotnoma mavjud boʻlgan holda);
b) eskirgan uy-joylarda istiqomat qiluvchilar (“Toshuyjoyloyiha” instituti tegishli xulosasini taqdim etgan holda);
v) yashash sharoitini yaxshilashga ehtiyojmand fuqarolar:
turar joy maydonining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan turar-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq boʻlmagan fuqarolar (uyning kadastr pasporti, uy daftari nusxasi taqdim etgan holda);
oʻz uy-joyining yoʻq va ijara hamda bepul foydalanish shartlarida turar-joyda yashovchi fuqarolar (“Yergeodezkadastr” Davlat qoʻmitasi hududiy boʻlinmasining Toshkent shahrida fuqaroning nomida uy-joy yoʻqligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma taqdim etish).
5. Toshkent shahrida kamida 10 yil mobaynida doimiy roʻyxatda turgan davlat organi va budjet tashkilotlari xodimlari (Ish joyidan birinchi rahbar imzosi bilan tavsiyanoma va xodimning Toshkent shahrida 10 yil doimiy roʻyxatda turganligini tasdiqlovchi hujjat).
2-bob. Toshkent shahrida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand boʻlgan fuqarolarni hisobga olish va belgilash tartibi.
6. Talabgorlar Nizomning 4, 5-bandlarida koʻrsatilgan hujjatlardan tashqari quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) ariza;
b) pasport nusxasi;
v) Talabgorning toʻlovga layoqatliligini tasdiqlovchi hujjat (talabgorning, uning oila aʼzolarining daromadlari manbalarini tasdiqlovchi hujjat).
Taqdim etilgan hujjatlarning haqiqiyligi va ishonchliligi uchun uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand boʻlgan talabgorlar va hujjatni taqdim etgan organ javob beradi.
7. Hujjatlar ariza bilan (keyingi oʻrinda — Ariza deb yuritiladi) roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi, uning nusxasiga hujjatlar qabul qilingan sana toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan holda talabgorlarga tilxat bilan topshiriladi.
Arizalar alohida jurnalda roʻyxatdan oʻtkazilgan holda elektron reyestrga kelib tushgan sanaga qarab ketma-ketlikda kiritiladi.
Arizalarni dastlab jurnaldan roʻyxatdan oʻtkazmasdan koʻrib chiqish taqiqlanadi.
Tuman komissiyalari tomonidan arizalar, jurnaldagi roʻyxat tartib raqamiga koʻra arizalar kelib tushgan sanadan boshlab 10 kunlik muddat ichida koʻrib chiqiladi.
8. Tuman komissiyalari talabgorlarni oʻrnatilgan tartibda oʻrganadi, oʻrganish natijalari boʻyicha talabgorlarni belgilaydi va bayonnoma rasmiylashtiriladi.
Ariza rad etilgan taqdirda, rad etishning aniq va asoslangan sabablari koʻrsatilgan holda rad etish toʻgʻrisida bayonnoma rasmiylashtiriladi va arizachiga maʼlum qilinadi.
9. Talabgorni uy-joyga ehtiyojmand deb topishni rad etilgan taqdirda ikki ish kuni mobaynida talabgorlarga rad etish sabablarini bartaraf etib, hujjatlarni takroran taqdim etish mumkin boʻlgan muddat koʻrsatilgan yozma bildirishnomani yuboradi (topshiradi).
Talabgorlar uy-joyga ehtiyojmand deb topilishi rad etilishi sabablarini bartaraf etib va hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun taqdim etishga haqli boʻlgan muddat, uy-joyga ehtiyojmand deb topilishini rad etilishi toʻgʻrisida yozma bildirishnoma olingan kundan boshlab oʻn ish kunidan kam boʻlishi mumkin emas.
10. Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand boʻlgan talabgorlar tomonidan berilgan ariza rad etilishi toʻgʻrisidagi yozma bildirishnomada koʻrsatilgan muddat tamom boʻlgandan keyin koʻrib chiqilmaydi.
11. Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand deb topilishi rad etilgan talabgorlar keyingi yilda koʻp qavatli uylardagi turar-joyga ehtiyojmand deb topilishi toʻgʻrisida takroriy ariza berishga haqlidir.
12. Tuman komissiyalari tomonidan qabul qilingan bayonnoma nusxasi asliga toʻgʻriligi belgisi qoʻyilgan holda Sotuvchiga oʻrnatilgan tartibda taqdim etiladi.
13. Uy-joyni sotib olmoqchi boʻlgan davlat organlari va budjet tashkiloti xodimlari roʻyxatini shakllantirish davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari (keyingi oʻrinda Tashkilotlar deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Tashkilot rahbari tomonidan berilgan tavsiyanoma Sotuvchiga oʻrnatilgan tartibda taqdim etiladi.
3-bob. Koʻp qavatli uylardagi turar joyni sotishni rasmiylashtirish tartibi
13. Sotuvchi koʻp qavatli uyning davlat qabul akti imzolangandan soʻng, uyning kadastr hujjatlarini oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirish va davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun “Davyergeodezkadastr” qoʻmitasining hududiy boʻlinmasiga murojaat qiladi.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ tomonidan koʻp qavatli uy qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sotuvchi nomiga davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
Koʻp qavatli uydagi turar-joylarning umumiy qiymati qurilish oldi xarajatlari, qurilish davri xarajatlari va qurilish ishlari yakunlangandan soʻng zarur hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari bilan bogʻliq barcha xarajatlarni hisobga olgan xolda aniqlanadi.
Bunda, Sotuvchining qonun hujjatlari bilan belgilangan boshqa xarajatlarida kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish xarajatlari hisobga olinishi kerak.
Turar-joylarning 1 kv.metri bahosi barcha imtiyozlarni qoʻllagan holda qurilish davridagi qurilish mollari narxining davriy oʻsishi bilan bogʻliq boshqa faktik sarf xarajatlari hisobga olgan holda belgilanadi.
14. Sotuvchiga koʻp qavatli uylardagi turar-joyni sotish boʻyicha oldi-sotdi shartnomalarni Toshkent shahar hokimiyati nomidan imzolash vakolati beriladi.
Bunda, Sotuvchi koʻp qavatli uylardagi turar-joyning xonalar soni talabgorning istagidan kelib chiqqan holda belgilanishi mumkin.
15. Turar-joyning oldi-sotdi shartnomasi Sotuvchi va fuqaro oʻrtasida tuziladi va imzolanadi.
Turar joylarga oldi sotdi-shartnomalarini rasmiylashtirish uchun asos boʻlib, Komissiya yoki Tashkilotlar tomonidan Sotuvchiga taqdim etilgan bayonnomalar (keyingi oʻrinlarda bayonnoma deb yuritiladi) va tavsiyanomalar hisoblanadi.
16. Turar joylarni sotib olish kvartiraning qiymatini toʻliq toʻlash yoʻli bilan fuqaroning shaxsiy jamgʻarmalari (mablagʻlari), korxonalar va tashkilotlarning mablagʻlari, shuningdek tijorat banklari tomonidan beriladigan kreditlar, ssudalar evaziga amalga oshirilishi mumkin.
Bunda, Sotuvchiga banklarining talabgorlarga kredit ajratilishi haqidagi kafolat xati yoki turar-joyning toʻliq bahosi toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlovni tasdiqlovchi hujjat taqdim etilishi kerak.
4-bob. Turar joyiga oldi-sotdi shartnomasiga asosida davlat orderini rasmiylashtirish tartibi
17. Sotuvchi tomonidan quyidagi hujjatlar “Toshkent shahar uy-joylarga davlat ordyerlari va maʼlumotnomalar berish Markazi” DUKga taqdim etiladi:
Sotuvchi bilan fuqaro oʻrtasida tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi nusxasi;
banklarining talabgorlarga kredit ajratilishi haqidagi kafolat xati yoki turar joyning toʻliq bahosi toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlovni tasdiqlovchi hujjat;
Fuqaroning pasport nusxasi.
18. “Toshkent shahar uy-joylarga davlat ordyerlari va maʼlumotnomalar berish Markazi” DUK tomonidan sotuvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida uch ish kuni mobaynida fuqaro nomiga mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderi rasmiylashtirib beriladi.
19. Talabgor tomonidan mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderi olingandan soʻng, belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak.
5-bob. Yakunlovchi qoida
20. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.