Xorazm viloyati hokimining
qarori
Urganch shahar hududida yoʻlovchilar tashish transporti xizmatlarining tarifi toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xorazm viloyati hokimining 2023-yil 28-oktabrdagi 366-12-0-Q/23-sonli “Urganch va Xiva shaharlari hududida yoʻlovchilar tashish transporti xizmatlariga yangi tariflarning joriy qilinishi toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2023-yil 1-noyabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi, “Shahar yoʻlovchilar transporti toʻgʻrisida”gi, “Shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlariga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 8-sentabrdagi “Shaharda va shahar atrofiga qatnaydigan yoʻlovchi tashish transporti xizmatlarining tariflari toʻgʻrisida”gi 455-son hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida avtomobil transportida yoʻlovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda avtobuslarda yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlashga doir talablarni tasdiqlash haqida”gi 482-son qarorlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-martdagi 05/1-338-son topshirigʻiga asosan qaror qilaman:
1. 2018-yil 1-iyundan boshlab, Urganch shahrida avtobus yoʻlovchilar tashish transporti xizmatlarining cheklangan tarifi bir marta yurishga 1000 (bir ming) soʻm miqdorida belgilansin.
2. Viloyat moliya bosh boshqarmasiga (M. Davlatov), Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi viloyat hududiy boshqarmasiga (J. Nazarov), viloyat Davlat soliq boshqarmasiga (J. Temurov) yuqorida oʻrnatilgan tariflarining toʻgʻri qoʻllanilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatish topshirilsin.
3. Mazkur yoʻnalishda qoʻl yuki yoki bagaj tashish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-noyabrdagi 482-son qarori bilan tasdiqlangan “Avtomobil transportida yoʻlovchilar va bagaj tashish qoidalari”ga muvofiq amalga oshirilsin.
4. Yoʻlovchilar tashish transportidan (taksidan tashqari) imtiyozli (bepul) foydalanuvchilar roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan Xorazm viloyati hokimining 2016-yil 8-iyuldagi “Urganch shahar hududida yoʻlovchilar tashish transporti xizmatlarining tarifi toʻgʻrisida”gi 259q-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qaror “Xorazm haqiqati” va “Xorezmskaya pravda” gazetalarida eʼlon qilinsin.
7. Viloyat hokimligi huzuridagi “Viloyat kompyuterlashtirish markazi” DUK (S. Sadiqov) mazkur qarorning viloyat hokimligining rasmiy veb-saytida joylashtirilishini taʼminlasin.
8. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi Sh. Abdullayev zimmasiga yuklatilsin.
Hokim vazifasini bajaruvchi F. ERMANOV
Urganch sh,
2018-yil 1-iyun,
382q-son
Viloyat hokimining 2018-yil 1-iyundagi 382q-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Yoʻlovchi tashish transportidan imtiyozli (bepul) foydalanuvchilar
roʻyxati
1. 1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchilari jumlasidan boʻlmish harbiy xizmatchilar.
2. 1941 — 1945-yillardagi urush nogironlari va urushning I guruh nogironiga hamrohlik qiluvchi shaxs.
3. 1941 — 1945-yillardagi urush davrida front ortida fidokorona mehnat va benuqson harbiy xizmati uchun orden va medallar bilan taqdirlangan shaxslar.
4. Afgʻoniston Respublikasida va boshqa mamlakatlarning hududidagi jangovar harakatlarda qatnashgan sobiq baynalminalchi jangchilar, jumlasidan boʻlmish fuqarolar.
5. Haqiqiy muddatli harbiy xizmatchilar va shartnoma (kontrakt) boʻyicha oddiy harbiy xizmatni oʻtayotgan askarlar hamda serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilar.
6. Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshdan kechirgan shaxslar.
7. Koʻzi ojiz nogironlar va koʻzi ojiz nogironga hamrohlik qiluvchi shaxslar.