Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ichki ishlar organlari xodimlarini mobil videokuzatuv vositalari bilan taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2018-yil 22-yanvardagi PF-5308-son Farmonida maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni rasmiylashtirish va koʻrib chiqishda oshkoralik va samaradorlikni oshirish maqsadida ichki ishlar organlarining yoʻl-patrul boʻlinmalari va patrul-post xizmati xodimlarini mobil videokameralar hamda planshetlar bilan taʼminlash nazarda tutilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat xavfsizligini taʼminlash samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 24-dekabrdagi PQ-4075-son qarorida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasiga 2019-yil 1-aprelga qadar ichki ishlar organlarining yoʻl-patrul boʻlinmalari va patrul-post xizmati xodimlari uchun mobil videokameralar hamda planshetlar xarid qilish choralarini koʻrish topshirilgan.
2019-yil 1-iyul holatiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi tomonidan ichki ishlar organlarining yoʻl-patrul boʻlinmalari va patrul-post xizmati xodimlari uchun mobil videokameralar hamda planshetlarni salohiyatli yetkazib beruvchilarni oʻrganish, shuningdek, taklif etilayotgan uskunaning texnik talablar va parametrlarga muvofiqligini sinovdan oʻtkazish va qiyosiy tahlil qilish boʻyicha tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Biroq, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi va Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan yoʻl qoʻyilgan ortiqcha sansalorlik va byurokratizm ushbu topshiriqning oʻz muddatida bajarilmasligiga sabab boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat xavfsizligini taʼminlash samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 24-dekabrdagi PQ-4075-son qarorining soʻzsiz ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi va Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻini bajarish muddatlari qoʻpol ravishda buzilganligi, belgilangan vazifalar bajarilishini tashkil etish choralari oʻz vaqtida koʻrilmagani va nazorat oʻrnatilmagani uchun:
Vazirlar Mahkamasining “Yoʻl-patrul xizmati xodimlarining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2018-yil 1-dekabrdagi 975-son qarorini bajarish muddatlari buzilganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosari X.B. Yusupovga va Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining oʻrinbosari R.M. Ergashevga hayfsan eʼlon qilinsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi hamda Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻini oʻz vaqtida bajarish boʻyicha amaliy choralar koʻrilmaganligi qatʼiy koʻrsatib oʻtilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi raisi A.S. Ibadullayev va Ichki ishlar vazirligi rahbariyati 2020-yil 1-yanvargacha ichki ishlar organlarining yoʻl-patrul boʻlinmalari va patrul-post xizmati xodimlarini mobil videokameralar hamda planshetlar bilan taʼminlash uchun shaxsan masʼul ekanligi haqida ogohlantirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Yoʻl-patrul xizmati xodimlarining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2018-yil 1-dekabrdagi 975-son qarorida:
1-bandning ikkinchi xatboshidagi “2019-yil 1-iyuldan” soʻzlari “2020-yil 1-yanvardan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ilovaning (Yoʻl-patrul xizmati xodimlarining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi toʻgʻrisidagi nizom) 21-bandidagi “eng kam oylik ish haqining” soʻzlari “bazaviy hisoblash miqdorining” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, ushbu qarorning 3-bandi uchinchi xatboshi 2019-yil 1-sentabrdan kuchga kiradi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi raisi A.S. Ibadullayev va Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 3-iyul,
556-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2019-y., 09/19/556/3377-son)