Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 1-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2495-5]
Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 14-martdagi OʻRQ-530-son “Mahkumlarning hamda qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, 2019-yil 2-apreldagi OʻRQ-532-son “Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan maʼmuriy nazorat toʻgʻrisida”gi qonunlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-maydagi PF-5052-son “Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni va 2018-yil 10-dekabrdagi PQ-4056-son “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2012-yil 29-dekabrdagi 174-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2495, 2013-yil 29-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 31-son, 414-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2019-yil 13-iyun,
156-son
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2019-yil 13-iyundagi 156-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 69-band quyidagi mazmundagi toʻqqizinchi — oʻn birinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“ob-havo sharoiti yoʻl qoʻysa, ishdan boʻsh vaqtida toza havoda jismoniy mashqlar bilan shugʻullanish;
JIEMning psixologik xizmat koʻrsatish xodimlari tomonidan koʻrsatiladigan psixologik yordamni olish. Mahkumlarning psixologik yordam koʻrsatish bilan bogʻliq tadbirlarda ishtirok etishi faqat ularning roziligi bilan amalga oshiriladi;
mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq xavfsiz mehnat sharoitiga ega boʻlish, dam olish, taʼtilga chiqish, shuningdek mehnatiga haq toʻlanishi.”.
2. 89-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“89. Shikoyatlarni koʻrib chiqish, shuningdek fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi hollarini oʻz tashabbusi bilan tekshirish chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi JIEMlarga moneliksiz kirish huquqiga ega.”.
3. Quyidagi mazmundagi 891-band bilan toʻldirilsin:
“891. JIEM maʼmuriyati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakiliga (ombudsman) mahkumlar bilan moneliksiz va xoli uchrashish hamda suhbatlashish uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlashi shart, uchrashuv va suhbat JIEM xodimlari ularni koʻrib turadigan, lekin eshitmaydigan sharoitlarda xoli oʻtkaziladi.”.
4. 241-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Mahkumlarning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsman) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilning nomiga yuborilgan murojaatlari muassasa maʼmuriyati tomonidan koʻzdan kechirilishi mumkin emas hamda yigirma toʻrt soatdan kechiktirmay tegishli vakilga yuboriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilning javobi koʻzdan kechirilishi mumkin emas hamda arizachiga darhol yetkazib beriladi.
Prokuror nomiga yoʻllangan taklif, ariza va shikoyatlar koʻzdan kechirilmaydi hamda bir sutkalik muddat ichida tegishliligi boʻyicha joʻnatiladi.”.
5. Quyidagi mazmundagi 2901-band bilan toʻldirilsin:
“2901. Mahkum ogʻir kasallikka chalingan taqdirda, telefon orqali qoʻshimcha soʻzlashishga, shuningdek shifokorning ruxsati bilan qoʻshimcha uchrashuvga ruxsat beriladi.”.
6. 361-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“361. Mahkumlar saqlash sharoitiga qarab umumiy turar joylarda, xonalarda yoki kameralarda yashaydi, ushbu turar joylar, xonalar yoki kameralar belgilangan tartibda tasdiqlangan sanitariya-gigiyena hamda qurilish normalari va qoidalariga mos kelishi kerak.
Yilning qish mavsumida JIEMlarning turar joylarida havo harorati 20o S darajadan past boʻlmasligi lozim.”.
7. Quyidagi mazmundagi 3721-band bilan toʻldirilsin:
“3721. Mahkum JIEMga qabul qilish chogʻida, jazoni oʻtash paytida vaqti-vaqti bilan, biroq olti oyda kamida bir marta, shuningdek murojaatlarga koʻra tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish maxfiylik shartlari asosida amalga oshiriladi.
Mahkum JIEMga qabul qilingandan keyin oʻn besh kun ichida u bilan suhbat oʻtkaziladi, mahkum JIEMning karantin xonalarida tibbiy koʻrikdan va sanitariya-gigiyena tadbirlaridan oʻtadi.”.
8. Quyidagi mazmundagi 3741 — 3744-bandlar bilan toʻldirilsin:
“3741. JIEM maʼmuriyati mahkumlar JIEMga qabul qilinayotganda ham, shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj boʻlganda ham tibbiyot xodimlari ushbu shaxslarning yoniga zudlik bilan kirishini taʼminlashi kerak.
3742. Shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish zarur boʻlganda mahkumlar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining hududiy muassasalariga joylashtiriladi.
3743. Ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga muhtoj boʻlgan mahkumlar davolash muassasasi huquqiga ega boʻlgan koloniyalarga yoki mahkumlar uchun moʻljallangan ixtisoslashtirilgan kasalxonalarga yuboriladi, shuningdek ular Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining hududiy muassasalariga joylashtirilishi mumkin.
3744. Mahkum ogʻir kasallikka chalingan taqdirda, JIEM maʼmuriyati mahkumning roziligi bilan uning yaqin qarindoshlariga yoki mahkumning oʻzi koʻrsatgan boshqa shaxslarga bu haqda darhol xabar beradi.”.
9. Quyidagi mazmundagi 3961-band bilan toʻldirilsin:
“3961. Tarbiyaviy ishlar bosqichma-bosqich ravishda quyidagicha amalga oshiriladi:
mahkum JIEMga kelgan vaqtda uning psixologik qiyofasini, tuzalish yoʻliga oʻtishga moyilligini aniqlash maqsadida uni dastlabki tarzda oʻrganish;
mahkumlarning ongini oʻzgartirish boʻyicha tadbirlar oʻtkazish, ularda sodir etgan jinoyatidan pushaymon boʻlish hissini uygʻotish;
mahkumlarning talab mavjud boʻlgan kasblar va mutaxassisliklarga oid kasbiy taʼlimini tashkil etish, oʻqishni tugallaganidan soʻng tegishli hujjat berish hamda ularni keyinchalik ishga joylashtirish.” .
10. 437-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“437. Mahkumlar quyidagi hollarda intizomiy javobgarlikka tortilmaydilar:
mehnat normalarini bajarmaganligi uchun, agar bu ishni rad qilish yoki ishdan boʻyin tovlash oqibati boʻlmasa;
mahkum ruhiy holati buzilishining bevosita oqibati hisoblangan biror-bir qoidabuzarligi uchun.”.
11. 441-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“441. Intizomiy jazo qoʻllash chogʻida huquqbuzarlik sodir etilgan holat, mahkumning xulq-atvori va shaxsiy xislatlari, uning xulq-atvoriga va qoidabuzarlik yoki qilmish sodir etishga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan, intizomiy choralar qoʻllash uchun sabab boʻlgan ruhiy holati buzilishining mavjudligi, shuningdek olib tashlanmagan va bekor boʻlmagan intizomiy jazolari bor-yoʻqligi intizomiy jazoni qoʻllash chogʻida inobatga olinadi.”.
12. 500-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“500. JIEM maʼmuriyati ayni bir vaqtda ustidan ichki ishlar organlarining maʼmuriy nazorati oʻrnatilishi zarur boʻlgan shaxslarni aniqlaydi va Oʻzbekiston Respublikasining “Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan maʼmuriy nazorat toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan tartibda sudga tegishli taqdimnoma kiritadi.”.
13. 504-bandning beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“maʼmuriy nazorat oʻrnatilgan shaxsni JIEMdan ozod qilishdan oldin u tanlagan yashash joyidagi ichki ishlar organiga sudning maʼmuriy nazorat oʻrnatish toʻgʻrisidagi qarorini ushbu shaxs yetib boradigan vaqt toʻgʻrisida yozma ravishda xabar qilgan holda yuboradi.”.
14. Mazkur oʻzgartirish va qoʻshimchalar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Oliy sudi bilan kelishilgan.
Bosh prokuror O. MURODOV
2019-yil 13-iyun,
Sogʻliqni saqlash vaziri A. SHADMANOV
2019-yil 13-iyun,
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh. KUDBIYEV
2019-yil 13-iyun,
Oliy sud raisi K. KAMILOV
2019-yil 13-iyun,
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.07.2019-y., 10/19/2495-5/3354-son)