Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari vaqtincha saqlash hibsxonalarining ichki tartib qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 31-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2929-1]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-maydagi PF-5441-son “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, 2017-yil 1-maydagi PQ-2940-son “Ichki ishlar organlarining jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori, Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 29-martdagi OʻRQ-421-son “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, 2017-yil 29-avgustdagi OʻRQ-440-son “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil toʻgʻrisida”gi, 2017-yil 29-avgustdagi OʻRQ-441-son “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida“gi va 2018-yil 22-oktabrdagi OʻRQ-503-son “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2017-yil 14-avgustdagi 171-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2929, 2017-yil 12-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 37-son, 1015-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari vaqtincha saqlash hibsxonalarining ichki tartib qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2019-yil 26-aprel,
111-son
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2019-yil 26-apreldagi 111-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari vaqtincha saqlash hibsxonalarining ichki tartib qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari VSHga moneliksiz kirish huquqiga ega. Bunda VSH maʼmuriyati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlarining xavfsizligi taʼminlanadi.”.
2. 33-banddagi “tergov hibsxonasining bir kishilik kamerasida qamoqda saqlab turilishi mumkin” degan soʻzlar “VSHning bir kishilik kamerasida saqlab turilishi mumkin” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3. 90-band “giyohvandlik vositalari” degan soʻzlardan keyin “, ularning analoglari” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
4. 152 — 154-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“152. Advokatning oʻz himoya ostidagi shaxs bilan audio va video kuzatuv qurilmalari boʻlmagan maxsus xonada hamda begona shaxslarning ishtirokisiz oʻz vaqtida va hech qanday toʻsiqlarsiz uchrashishi taʼminlanadi.
Advokatning himoya ostidagi shaxs bilan uchrashish jarayonida elektron vositalardan (mobil telefon, fotoapparat va diktofon) foydalanish imkoniyati yaratiladi. Bunda advokat tomonidan elektron vositalardan maʼlumotlarni qayd etish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.
153. VSHda saqlanayotgan shaxslarning advokat bilan uchrashuvlari ularning suhbatini uchinchi shaxslar eshitishini istisno etgan holda, ularni vizual koʻrib turish imkoniyati saqlab qolinadigan sharoitlarda oʻtkaziladi.
Uchrashuv jarayonida advokat tomonidan VSHda saqlanayotgan shaxslarga Qoidalarning 2-ilovasida koʻrsatib oʻtilgan taqiqlangan ashyolar va oziq-ovqat mahsulotlarini topshirish holatlari aniqlanganda uchrashuv muddatidan oldin toʻxtatiladi.
Advokat bilan uchrashuv muddatidan oldin toʻxtatilgan hollarda, VSH maʼmuriyati tomonidan advokatlik siri va daxlsizligini taʼminlashga doir qonun hujjatlari talablariga rioya qilgan holda dalolatnoma rasmiylashtiriladi. Dalolatnoma nusxasi Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasiga va ushbu advokatga guvohnoma bergan hududiy adliya organiga yuboriladi.
154. Qarindoshlar va boshqa shaxslar bilan uchrashuvlar VSH xodimlarining nazorati ostida amalga oshiriladi. Himoyachi, qonuniy vakil, qarindoshlar va boshqa shaxslar tomonidan VSHda saqlanayotgan shaxslarga mazkur Qoidalarning 2-ilovasida koʻrsatib oʻtilgan taqiqlangan ashyolar va oziq-ovqat mahsulotlarini topshirishga urinilgan hollarda uchrashuv muddatidan oldin toʻxtatiladi. Uchrashuvga kelgan shaxs bu haqda uchrashuv boshlanishidan oldin VSHning masʼul xodimlari tomonidan ogohlantirilishi shart.”.
5. 176-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“176. Sud, prokuror, himoyachi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil yoki VSHlarni tekshirish huquqiga ega boʻlgan boshqa davlat organlari nomiga, shuningdek jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga yoʻllangan ariza, taklif va shikoyatlar senzuradan oʻtkazilmaydi hamda berilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay muhrlangan tarzda oluvchilarga yuboriladi yoki topshiriladi, telegrammalar esa darhol yuboriladi.”.
6. 187-banddagi “qoʻriqlab borish xizmati” degan soʻzlar “konvoy boʻlinmalari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
7. 226-band “prokuror yoxud sudning qarori” degan soʻzlar “prokurorning qarori yoxud sudning ajrimi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
8. 2-ilovaning 5-bandi “giyohvandlik vositalari,” degan soʻzlardan keyin “ularning analoglari” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
9. Mazkur oʻzgartirish va qoʻshimchalar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Advokatlar palatasi bilan kelishilgan.
Bosh prokuror O. MURODOV
2019-yil 21-aprel
Oliy sud raisi K. KAMILOV
2019-yil 21-aprel
Sogʻliqni saqlash vaziri A. SHADMANOV
2019-yil 22-aprel
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh. KUDBIYEV
2019-yil 22-aprel
Advokatlar palatasi raisi A. ERNAZAROV
2019-yil 22-aprel
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2019-y., 10/19/2929-1/3226-son)