Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
qarori
Markaziy bank tomonidan bank qonunchiligi va bank faoliyatini tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlarni buzganliklari uchun tijorat banklariga nisbatan qoʻllaniladigan chora va sanksiyalar toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 23-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 622-9]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 4-sentabrdagi 13/9-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qabul qilingan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3282, 16.09.2020-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-martdagi PQ-3620-son “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 1998-yil 26-dekabrdagi 74-son qarori bilan tasdiqlangan Markaziy bank tomonidan bank qonunchiligi va bank faoliyatini tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlarni buzganliklari uchun tijorat banklariga nisbatan qoʻllaniladigan chora va sanksiyalar toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 622, 1999-yil 5-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 10-son) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi v.v.b. T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2019-yil 20-aprel,
8/4-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 20-apreldagi 8/4-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Markaziy bank tomonidan bank qonunchiligi va bank faoliyatini tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlarni buzganliklari uchun tijorat banklariga nisbatan qoʻllaniladigan chora va sanksiyalar toʻgʻrisida nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Nizomning nomidagi “bank qonunchiligi va bank faoliyatini tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlarni buzganliklari uchun tijorat banklariga” degan soʻzlar “bank va boshqa kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar talablarini buzganliklari uchun tijorat banklari, mikrokredit tashkilotlari va lombardlarga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. 1.1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1.1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi va “Mikrokredit tashkilotlari toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Markaziy bank tomonidan bank va boshqa kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni buzganliklari uchun tijorat banklari, mikrokredit tashkilotlari va lombardlarga nisbatan chora va sanksiyalar qoʻllash tartibini belgilaydi.”.
3. Quyidagi tahrirdagi VI2-boʻlim bilan toʻldirilsin:
“VI2. Bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini buzganlik uchun qoʻllaniladigan sanksiyalar
6.23. Bank xizmatlari isteʼmolchilarining qonun hujjatlari bilan belgilangan huquqlari tijorat banklari va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan buzilgan taqdirda ularga nisbatan Markaziy bank quyidagicha jarima qoʻllash huquqiga ega:
tijorat bankiga — bank ustav kapitalining belgilangan eng kam miqdorining 0,1 foizigacha miqdorida;
mikrokredit tashkilotiga — mikrokredit tashkiloti ustav fondining belgilangan eng kam miqdorining 0,1 foizi miqdorida;
lombardga — eng kam oylik ish haqining oʻn barobari miqdorida.”.
4. 7.1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7.1. Ushbu Nizomda belgilangan chora va sanksiyalar kredit tashkilotlariga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Bank nazorati qoʻmitasining qaroriga muvofiq Markaziy bank farmoyishi asosida qoʻllaniladi.”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 10/19/622-9/3178-son)