Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish hisobidan aholiga davlat hizmatlarini koʻrsatish tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish hisobidan aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibini takomillashtirish, elektron maʼlumotlar bazasini yuritish tizimini rivojlantirish va shaxsiy maʼlumotlar xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Idoraviy axborot tizimlarini jadal integratsiyalashtirish va innovatsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 18-apreldagi PQ-3673-son qarorida:
soliq toʻlovchilarni hisobini kengaytirish va soliq tushumlarini nazorat qilishni takomillashtirish hisobidan budjetlar daromadlarini koʻpaytirish imkonini beradigan nazorat-kassa mashinalarining “onlayn” tizimini;
telekommunikatsiya xizmatlari uchun budjet mablagʻlarini tejash, telefonda soʻzlashish xavfsizligini va nazoratini taʼminlash imkonini beradigan hukumat mobil aloqa tizimini;
haydovchilik guvohnomasidan tashqari, mavjud pasportlar, tugʻilganlik toʻgʻrisida guvohnomalar va shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar oʻrniga (respublika ichida), har bir fuqaroning yagona identifikatsiya raqami va uning shaxsiy maʼlumotlaridan iborat va davlat xizmatlaridan foydalanishda shaxsni tasdiqlash uchun ishlatiladigan identifikatsiya kartalari (ID-kartalar) tizimini;
transport vositalarining amaldagi raqamlarini xalqaro namunadagi raqamlarga almashtirishni va transport vositalari egalarining identifikatsiya kartalariga (ID-kartalariga) tegishli axborotni mustahkamlagan holda ularning qogʻoz hujjatlarini bekor qilishni nazarda tutuvchi transport vositalarini hisobga oluvchi tizimni joriy etish nazarda tutilgani;
b) “Yagona umumrespublika protsessing markazi” MCHJ QK va “Veridos GmbN” kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda investor deb ataladi) oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida mikroprotsessorli, kontaktsiz va boshqa plastik kartalar ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi loyihani (keyingi oʻrinlarda loyiha deb ataladi) amalga oshirish toʻgʻrisida kelishuvga erishilgani:
boshlangʻich ustav fondi 2 mln yevro miqdorida boʻlgan qoʻshma korxonani tashkil etish;
2019-2020-yillarda Toshkent shahrida investorning oʻz resurslari va jalb qilingan mablagʻlar hisobidan ilovaga muvofiq yiliga 75 mln dona mikroprotsessorli, kontaktsiz va boshqa plastik kartalar (keyingi oʻrinlarda karta mahsulotlari deb ataladi) ishlab chiqarish quvvatiga ega zamonaviy zavod qurish;
2022-yildan boshlab ishlab chiqarish toʻliq loyiha quvvati bilan ishga tushirilgach, kamida 100 ta ish oʻrinlari yaratish;
dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilarining yuqori texnologik uskunalarini xarid qilish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni, shu jumladan investorning oʻz mablagʻlari, shuningdek, Germaniyaning birinchi darajali bankining kredit liniyasi hisobidan jalb qilish;
eksportni tayyor mahsulot ishlab chiqarish umumiy hajmining 20 foizgacha bosqichma-bosqich yetkazish;
Oʻzbekiston Respublikasida karta mahsulotlari ishlab chiqarulgunga qadar uning kerakli hajmini yetkazib berish;
boshqa ishlab chiqaruvchilarining chip-modullari va boshqa sarf materiallaridan foydalangan holda manfaatdor vazirliklar va idoralar, xoʻjalik yurituvchi subyektlarining, shu jumladan toʻlov tizimlari operatorlarining buyurtmasi boʻyicha karta mahsulotlarini ishlab chiqarish imkonini taqdim etish.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ikki oy muddatda investor bilan investitsiya shartnomasini belgilangan tartibda imzolasin va unda investorning maʼlum huquq va majburiyatlari, investitsiyalar miqdori, ishlab chiqarish va tayyor mahsulot eksportining hajmlari, yangi yaratiladigan ish oʻrinlari soni, taqdim qilinayotgan imtiyozlar va preferensiyalar hamda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shartlar nazarda tutilsin.
3. Loyihani amalga oshirish doirasida 2020-yil 1-iyungacha boʻlgan muddatda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda qurilish-montaj ishlarini ham amalga oshirishga istisno tariqasida ruxsat berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi loyiha obyektlarini qurish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarining davlat ekspertizasidan belgilangan tartibda oʻtkazilishini taʼminlasin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, mahsulotning davlat xaridi ishlab chiqarilgan tayyor mahsulot va uni ishlab chiqarish texnologiyalari fuqarolarni identifikatsiyalash hamda roʻyxatga olish, shaxsni va fuqarolikni tasdiqlash, koʻchar va koʻchmas mulk huquqlarini hisobga olish, fuqarolik holatlar dalolatnomalarini yozish boʻyicha axborot tizimlarini, shuningdek, sogʻliqni saqlash, taʼlim, aholini ijtimoiy himoya qilish, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, jamoat transporti, aloqa, bank va moliya xizmatlari tizimlarini yaratish va modernizatsiyalash boʻyicha qabul qilingan qarorlar doirasida tegishli davlat buyurtmachilari tomonidan belgilangan texnik topshiriqlarga mos kelishi sharti bilan amalga oshiriladi.
6. Yangi tashkil etilayotgan qoʻshma korxona 2021-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatga:
Keyingi tahrirga qarang.
barcha turdagi soliqlar va majburiy toʻlovlarni, yagona ijtimoiy toʻlov bundan mustasno;
belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha karta mahsulotlarini, shuningdek, karta mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan ishlab chiqarish uskunalari, xom ashyo, sarf va butlovchi materiallar, ehtiyot qismlar, grafik va elektron personallashtirish qurilmalari, dasturiy taʼminot va litsenziyalarni olib kirishda bojxona toʻlovlarini (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar bundan mustasno) toʻlashdan ozod etilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga manfaatdor vazirliklar, idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda:
texnologiyalari fuqarolarni identifikatsiyalash hamda roʻyxatga olish, shaxsni va fuqarolikni tasdiqlash, koʻchar va koʻchmas mulk huquqlarini hisobga olish, fuqarolik holatlar dalolatnomalarini yozish boʻyicha axborot tizimlarini, shuningdek, sogʻliqni saqlash, taʼlim, aholini ijtimoiy himoya qilish, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, jamoat transporti, aloqa, bank va moliya xizmatlari tizimlarini yaratish va modernizatsiyalash boʻyicha qabul qilingan qarorlarni oʻrganish;
amalga oshirilgan ishlar natijalari boʻyicha 2019-yil 1-sentabrgacha boʻlgan muddatda mamlakatda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilganligini hisobga olib, mikroprotsessorli, kontaktsiz va boshqa plastik kartalardan foydalangan holda davlat va jamoat xizmatlarini koʻrsatishga jadal oʻtish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritish tavsiya etilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi “Raqobat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining buzilishiga, shu jumladan karta mahsulotlarini ishlab chiqarish bozorida ustunlik mavqeyini suiisteʼmol qilishlikka yoʻl qoʻymaslik uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralar koʻrsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi investorning buyurtmanomalari boʻyicha loyihani amalga oshirish uchun jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga davlat bojini undirmagan holda, koʻp martalik vizalar berilishi va muddati uzaytirilishini, rasmiylashtirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishi hamda muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari E.M. Gʻaniyev hamda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 20-may,
421-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-maydagi 421-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Amalga oshiriladigan loyiha doirasida ishlab chiqariladigan karta mahsulotlarining asosiy turlari
ROʻYXATI
|
T/r |
Mahsulotlar nomi |
Prognoz qilinayotgan ishlab chiqarish quvvati (1 smenada yiliga/mln dona) |
|
1. |
ID-karta (fuqaro/norezident/fuqaroligi boʻlmagan shaxs/tugʻilganlik toʻgʻrisida guvohnoma kartasi) |
8 |
|
2. |
Xorijiy pasportlar uchun maʼlumotlar beti (polikarbonat) |
6 |
|
3. |
Bank kartalari |
10 |
|
4. |
Haydovchilik guvohnomasi |
3 |
|
5. |
Transport vositalarining texnik pasporti |
3 |
|
6. |
Sogʻliqni saqlash kartasi (tibbiy sugʻurta) |
5 |
|
7. |
Ijtimoiy kartalar (nafaqaxoʻrlar, talabalar, kam taʼminlanganlar uchun) |
5 |
|
8. |
Nikoh tuzilganligi toʻgʻrisida guvohnoma kartasi |
4 |
|
9. |
Transport kartalari |
5 |
|
10. |
Maxsus kartalar (harbiy xizmatchilar va boshqa davlat xizmatchilari uchun) |
1 |
|
11. |
Sim-kartalar (mobil operatorlar uchun) |
25 |
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.05.2019-y., 09/19/421/3172-son)