Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi kengashining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI KOTIBIYATI TOʻGʻRISIDAGI NIZOM LOYIHASI HAQIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Kengashi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kotibiyati toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
2000-yil 18-aprel,
53/1-II-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy
Majlisi Kengashining 2000-yil
18-apreldagi 53/1—II-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Majlisi Kengashining 2000-yil
18-apreldagi 53/1—II-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kotibiyati toʻgʻrisida
NIZOM
1. “Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Reglamenti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qoʻmitalari va komissiyalari toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining, Oliy Majlis Kengashining, qoʻmitalari va komissiyalarining faoliyatiga xizmat koʻrsatish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kotibiyati tomonidan taʼminlanadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kotibiyati oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, qonunlariga, Oliy Majlisning va Oliy Majlis Kengashining boshqa hujjatlariga, Oliy Majlis rahbariyatining koʻrsatmalariga amal qiladi.
3. Oliy Majlis Kotibiyati Oliy Majlis Raisining, Rais oʻrinbosarlarining va Kotibiyat boshligʻining bevosita rahbarligida ishlaydi.
4. Oliy Majlis Kotibiyati:
Kotibiyat boshligʻini
Oliy Majlis rahbariyati huzuridagi apparatni
Qoʻmitalar bilan ishlash boʻlimini
Yuridik boʻlimni
Nazorat-axborot boʻlimini
Parlamentlararo aloqalar boʻlimini
Matbuot va tarjimalar boʻlimini
Umumiy boʻlimni
Moliya-xoʻjalik boʻlimini oʻz ichiga oladi.
Kotibiyat boʻlimlarining tarkibida shuʼbalar, qismlar, guruhlar, boshqa tashkiliy boʻlinmalar tuzilishi mumkin.
5. Kotibiyat boʻlimlariga boʻlim mudirlari rahbarlik qiladilar.
6. Oliy Majlis Kotibiyati zimmasiga:
Oliy Majlis sessiyalariga, Oliy Majlis Kengashi, qoʻmitalari va komissiyalarining majlislariga, Oliy Majlisda oʻtkaziladigan boshqa tadbirlarga tashkiliy, axborot va moddiy-texnikaviy xizmat koʻrsatish;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlisning, Oliy Majlis Kengashi, qoʻmitalari va komissiyalarining boshqa hujjatlari loyihalarini tayyorlashda ishtirok etish;
Oliy Majlis sessiyalarida bildirilgan, rozilik olish uchun joʻnatilgan, shuningdek umumxalq muhokamasiga qoʻyilgan qonunlarning va boshqa hujjatlarning loyihalari yuzasidan kelayotgan taklif va mulohazalarni hisobga olish hamda umumlashtirib borish;
Oliy Majlis rahbariyatining topshirigʻiga binoan Oliy Majlis yigʻilishlarida qonun loyihalarini va boshqa masalalarni muhokama qilish chogʻida bildirilgan taklif va mulohazalar yuzasidan, shuningdek davlat organlari va jamoat birlashmalari tomonidan Oliy Majlisga, Oliy Majlis Kengashi, qoʻmitalari va komissiyalariga kiritilayotgan taqdimnomalardagi masalalar yuzasidan xulosalar tayyorlash;
qonunlar hamda Oliy Majlisning, Oliy Majlis Kengashining boshqa qarorlari, Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalarining tavsiyanomalari, shuningdek Oliy Majlis rahbariyatining topshiriqlari ijrosi nazorat etilishini uyushtirish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan materiallar va takliflar tayyorlash;
Oliy Majlis deputatlariga vakolatlarini amalga oshirishda koʻmaklashish, ularning taklif va mulohazalarini koʻrib chiqish va amalga oshirish nazorat qilinishini tashkil etish;
Oliy Majlisning, Oliy Majlis Kengashi, qoʻmitalari va komissiyalarining hujjatlarini eʼlon qilish bilan bogʻliq materiallarni tayyorlash, Oliy Majlis, uning organlari, deputatlar va mahalliy Kengashlarning faoliyatlarini yoritish masalalarida parlament nashrlari tahririyatlari, boshqa ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish;
xalq deputatlari Kengashlarining ish tajribasini oʻrganish va umumlashtirib borish;
Oliy Majlisga, qoʻmitalar va komissiyalarga fuqarolardan kelayotgan taklif, ariza va shikoyatlar bilan ishlash.
7. Kotibiyat boshligʻi:
Kotibiyat, uning boʻlimlari samarali ishlashini taʼminlaydi, Oliy Majlis Kotibiyati zimmasiga yuklangan vazifalar bajarilishi uchun shaxsan masʼul boʻladi;
Oliy Majlis, qoʻmitalar va komissiyalar rahbariyatiga axborot materiallari, yordamchi va oʻzga materiallar tayyorlanishini tashkil etadi, Oliy Majlis va uning organlari faoliyatini axborotlar bilan taʼminlashni yaxshilash, axborotlarni qayta ishlash va tahlil etishning zamonaviy usul va vositalarini joriy etish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi;
Oliy Majlisda va Oliy Majlis Kengashida oʻtkazish moʻljallangan tadbirlar rejalarining loyihalari tayyorlanishini tashkil etadi, Oliy Majlis rahbariyatining topshirigʻiga binoan, qoʻmitalar, komissiyalar, fraksiyalar va bloklarning takliflari asosida Kengash majlisining kun tartibi loyihasini shakllantiradi hamda uni Oliy Majlis rahbariyati koʻrib chiqishi uchun kiritadi;
Kotibiyat boʻlinmalarida tayyorlangan masalalar xususida Oliy Majlis rahbariyatiga axborot beradi;
Kotibiyat ishini takomillashtirish chora-tadbirlari ishlab chiqilishini taʼminlaydi, Kotibiyat tuzilishi, shtatlari va kadrlar tarkibiga oid masalalar yuzasidan Oliy Majlis Rahbariyati koʻrib chiqishi uchun takliflar kiritadi, Kotibiyat xodimlarining ishchanlik malakasini oshirish, xizmat intizomini mustahkamlash ishlarini tashkil etadi;
davlat organlari va jamoat birlashmalarida Oliy Majlis Kotibiyati nomidan ish koʻradi;
ushbu Nizomga muvofiq boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
8. Qoʻmitalar bilan ishlash boʻlimi:
qoʻmitalar va komissiyalarga tashkiliy, uslubiy, axborot va ilmiy-maslahat xizmati koʻrsatilishini taʼminlaydi, ularga kundalik yordam koʻrsatib boradi, qoʻmitalar va komissiyalarga oʻtkazayotgan tadbirlarida koʻmaklashadi;
Oliy Majlis rahbariyati va Kotibiyat boshligʻining topshiriqlari bajarilishi yuzasidan chora-tadbirlar koʻradi, qoʻmitalar va komissiyalarning faoliyatlari masalalari yuzasidan ularning materiallari va takliflarini umumlashtiradi, axborot materiallari tayyorlaydi;
qoʻmitalar va komissiyalarga ayrim qonun loyihalarini tayyorlash uchun ishchi guruhlarini tuzishda koʻmaklashadi, qonun loyihalari ustida ish olib borishda, shuningdek qonun loyihalarini umumxalq muhokamasi uchun eʼlon qilishga tayyorlashda Oliy Majlis deputatlari, davlat organlari, jamoat birlashmalari va fuqarolardan kelayotgan takliflarni toʻplash, umumlashtirish va tahlil etishda, shuningdek Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan qonun hujjatlarining va boshqa hujjatlarning matnlarini eʼlon qilishga tayyorlashda qatnashadi;
Oliy Majlis rahbariyati va Kotibiyat boshligʻining topshirigʻiga binoan Oliy Majlis va uning organlari muhokamasiga kiritilayotgan masalalar yuzasidan qarorlarning loyihalarini, maʼruza va nutqlarning tezislarini tayyorlaydi, zarur yordamchi materiallarni toʻplab beradi;
Oliy Majlis Kengashi, qoʻmitalari va komissiyalari ish rejalariga muvofiq Oliy Majlis Kengashida, qoʻmitalar va komissiyalarda muhokama etish uchun masalalar tayyorlashda ishtirok etadi. Shu maqsadda axborotlarni toʻplash, umumlashtirish va tahlil etishni, amaldagi qonun hujjatlarining ijrosi tekshirilishini, jamoatchilik fikri hamda chet el tajribasi oʻrganilishini tashkil etadi;
qoʻmitalar va komissiyalar majlislarining tashkiliy-texnik tayyorgarligini amalga oshiradi, shu jumladan qoʻmitalar va komissiyalar aʼzolarining hamda majlis boshqa qatnashchilarining taklif etilishini, majlis uchun zarur materiallar hozirlanishini, majlis bayonnomasi yuritilishini, qoʻmitalar va komissiyalar qabul qilgan hujjatlarning maromiga yetkazilishi va tahrir qilinishini, ular ijrochilarga va boshqa tashkilotlarga joʻnatilishini, qoʻmitalar va komissiyalarda yigʻilish va boshqa tadbirlar boʻlib oʻtganligi toʻgʻrisidagi axborot eʼlon qilishga tayyorlanishini tashkil etadi;
qoʻmitalar va komissiyalarga ular davlat organlari va jamoat birlashmalari bilan, shuningdek xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining doimiy komissiyalari bilan aloqa va hamkorlikni yoʻlga qoʻyishlariga koʻmaklashadi;
hujjatlar bilan ishlashni tashkil etishda, ishlarning yagona nomenklaturasi asosida ishlar bir xil yuritilishida, yozishmalarning hisobini olib borishda, hujjatlarning harakatini nazorat qilishda hamda Oliy Majlis rahbariyatining topshiriqlarini oʻz vaqtida bajarishda qoʻmitalar va komissiyalarga yordam koʻrsatadi.
9. Yuridik boʻlim:
Oliy Majlis, Oliy Majlis Kengashi, qoʻmitalari va komissiyalari muhokamasiga kiritiladigan masalalar yuzasidan materiallar va takliflar tayyorlanishini tashkil etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligining rivojlanish tajribasini oʻrganib va umumlashtirib boradi, qonunlarning ijro etilishi borasidagi ishlarni tahlil etadi, ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
Oliy Majlis muhokamasiga kiritilayotgan qonun hujjatlarini ular Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, avval qabul qilingan huquqiy hujjatlarga qanchalik muvofiq ekanligi nuqtai nazaridan tahlil etadi, qoʻmitalar va komissiyalar tayyorlayotgan qonun loyihalari yuzasidan yuridik xulosalar beradi;
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari loyihalari ustida ish olib borishda, tarqatilgan yoki eʼlon qilingan qonun hujjatlarining loyihalari yuzasidan Oliy Majlis deputatlari, qoʻmitalari va komissiyalari, vazirliklar va idoralar, jamoat birlashmalari va fuqarolardan kelayotgan taklif va mulohazalarni toʻplash, umumlashtirishda qonunchilik va sud-huquq masalalari, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitalariga tashkiliy va uslubiy xizmat koʻrsatilishini taʼminlaydi. Qoʻmitalar va komissiyalarga olimlar, huquqni muhofaza qilish, harbiy va boshqa organlarning amaliyotchi xodimlari tomonidan ilmiy-maslahat xizmati koʻrsatilishini taʼminlaydi, qoʻmitalar va komissiyalar oʻz vakolatlarini toʻlaroq amalga oshirishi maqsadini koʻzlab ularning davlat organlari, harbiy va huquqni muhofaza qilish organlari, jamoat birlashmalari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan aloqalarini yoʻlga qoʻyish va mustahkamlashga koʻmaklashadi;
qoʻmitalar va komissiyalarning yigʻilishlariga masalalar tayyorlashda ishtirok etadi, ishchi guruhlarni shakllantiradi, qoʻmitalar va komissiyalarga amaldagi qonun hujjatlarining ijro etilishini tekshirishda koʻmaklashadi, ularga qaror loyihalarini ishlab chiqishda yordam beradi, qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini eʼlon qilish uchun tayyorlaydi;
Oliy Majlis deputatlariga huquqiy masalalar boʻyicha maslahatlar beradi va zarur hollarda amaldagi qonun hujjatlari yuzasidan maʼlumotnomalar beradi;
hukumat aʼzolarini, Bosh prokuror va uning oʻrinbosarlarini lavozimga tayinlash va vazifasidan ozod etish toʻgʻrisidagi, vazirliklar, davlat qoʻmitalari hamda davlat boshqaruvining boshqa organlarini tuzish va tugatish haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi, shuningdek Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va Oliy xoʻjalik sudining sudyalarini saylash va vazifasidan ozod etish toʻgʻrisidagi Oliy Majlis qarorlarining loyihalarini tayyorlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan kelayotgan takliflar va mulohazalarni oʻrganish hamda umumlashtirib borish ishlarini tashkil etadi;
Oliy Majlis Kotibiyatining boshqa boʻlimlari bilan birgalikda toʻplamlarni, Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlarini nashrga tayyorlaydi;
qoʻmitalar, komissiyalar, respublika huquqni muhofaza qilish organlari va sudlarining ishlari bilan bogʻliq axborot materiallari tayyorlanishini tashkil etadi.
10. Nazorat-axborot boʻlimi:
qoʻmitalar va komissiyalarga tashkiliy, uslubiy, axborot va ilmiy-maslahat xizmatlari koʻrsatilishini taʼminlaydi, ularga nazorat-tahlil ishlarida koʻmak beradi;
Oliy Majlis sessiyalariga tashkiliy va axborot xizmati koʻrsatilishini taʼminlaydi;
Oliy Majlis fraksiyalari, bloklari va boshqa deputatlar guruhlariga tashkiliy-texnik yordam koʻrsatadi;
Oliy Majlis deputatlariga ular oʻz deputatlik vakolatlarini amalga oshirishlarida koʻmaklashadi hamda ularni tegishli axborot materiallari bilan taʼminlaydi;
Oliy Majlis deputatlarining saylov okruglaridagi ishi toʻgʻrisida, ularning saylovchilar bilan oʻtkazgan uchrashuvlari haqida Oliy Majlis Kotibiyatiga kelgan axborotlarni umumlashtirib boradi;
Oliy Majlis, uning qoʻmitalari va komissiyalari hamda mahalliy hokimiyat vakillik organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini shakllantirish va ularning faoliyat koʻrsatish taomilini tartibga soluvchi qonun loyihalari hamda normativ yoʻsindagi boshqa hujjatlarni ishlab chiqishda, shuningdek boshqa qonun loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi;
xalq deputatlari Kengashlari ishiga uslubiy va boshqa xil yordam koʻrsatish bilan bogʻliq materiallar va takliflar tayyorlanishini tashkil etadi;
xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining, ulardagi doimiy komissiyalarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining ish tajribasini va ular faoliyati toʻgʻrisidagi statistika maʼlumotlarini oʻrganib va umumlashtirib boradi, ularning ish tajribasini ommalashtirishga koʻmaklashadi;
xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish yuzasidan mahalliy vakillik va ijroiya hokimiyat organlariga, saylov komissiyalariga tashkiliy-texnik tadbirlarda koʻmaklashadi;
fuqarolardan Oliy Majlis nomiga kelayotgan murojaatlar bilan olib boriladigan ishlarni tashkil etadi, bunday murojaatlarning hisobini yuritadi va roʻyxatga oladi, ularning tegishli davlat organlari va boshqa organlarda koʻrib chiqilishini nazorat qilib boradi;
mahalliy hokimiyat vakillik organlarida; fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida takliflar, arizalar va shikoyatlarni koʻrib chiqish tajribasini oʻrganib va umumlashtirib boradi, bu masalalar yuzasidan statistika maʼlumotlari va boshqa maʼlumotlar tayyorlaydi;
Oliy Majlisga murojaat bilan keluvchi fuqarolarning qabulini uyushtiradi;
fuqarolarning murojaatlarini, ularni koʻrib chiqish natijalarini muntazam tahlil etib va umumlashtirib boradi, shikoyatlarni keltirib chiqarayotgan sabablarni oʻrganadi, zarur axborotlar tayyorlaydi;
Oliy Majlis deputatlarining roʻyxatlarini nashrga tayyorlaydi, deputatlarning soʻrovnoma maʼlumotlaridagi oʻzgarishlar hisobini yuritadi;
maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari yuzasidan takliflar tayyorlaydi hamda maʼmuriy-hududiy birliklarning hisobini yuritadi, viloyatlar va tumanlar chegaralarining oʻzgarishiga doir navbatchi xarita yuritadi.
11. Parlamentlararo aloqalar boʻlimi:
Oliy Majlis, Oliy Majlis Kengashi, qoʻmitalar va komissiyalar muhokamasiga kiritiladigan qonun loyihalari hamda xalqaro munosabatlar, shuningdek xalqaro shartnomalar va bitimlarni ratifikatsiya yoki denonsatsiya qilish bilan bogʻliq boshqa hujjatlarni ishlab chiqishga taalluqli materiallar va takliflar tayyorlanishini tashkil etadi;
chet el delegatsiyalari, ayrim davlat va siyosat arboblari, xorijiy davlatlar diplomatiya vakillari, shuningdek xalqaro tashkilotlar vakillarining Oliy Majlisdagi qabulini uyushtiradi;
parlament delegatsiyalari tashriflarining, Oliy Majlis ishtirokida oʻtkazilayotgan xalqaro parlament tadbirlarining (konferensiya, seminar, simpozium va boshqalarning) protokol taʼminoti masalalarini hal etadi;
rasmiy tashrif bilan chet ellarga safarga joʻnab ketayotgan Oliy Majlis rahbariyati, delegatsiyasi va deputatlarini axborot, yordamchi va boshqa materiallar bilan taʼminlaydi;
Vazirlar Mahkamasi, Tashqi ishlar, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirliklarining tegishli boʻlinmalari bilan, Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari va diplomatiya korpusi bilan aloqa bogʻlab turadi;
Oliy Majlisning parlamentlararo aloqalari masalalari boʻyicha materiallarni umumlashtirib boradi, xalqaro parlament institutlari bilan muloqotda boʻladi;
qoʻmitalar va komissiyalarga tashkiliy, uslubiy, axborot va ilmiy-maslahat xizmatlari koʻrsatilishini taʼminlaydi, ular oʻtkazayotgan tadbirlarga koʻmaklashadi;
xorijiy mamlakatlarga safarga joʻnab ketayotgan Oliy Majlis deputatlariga tashkiliy-texnik, uslubiy va boshqa xil xizmatlar koʻrsatilishini taʼminlaydi.
12. Matbuot va tarjimalar boʻlimi:
Oliy Majlisning “Xalq soʻzi” — “Narodnoye slovo”, “Nurli jol”, “Ovozi tojik” gazetalari tahririyatlarining faoliyati masalalariga mutasaddilik qiladi, bu gazetalar tahririyatlari oʻz ustavida belgilangan talablarni bajarishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Oliy Majlis, Oliy Majlis Kengashi, qoʻmitalari va komissiyalari muhokamasiga kiritiladigan qonun loyihalari va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish bilan bogʻliq materiallar va takliflar tayyorlanishini tashkil etadi;
ommaviy axborot vositalari bilan aloqa bogʻlab turadi, Oliy Majlis va uning organlari faoliyati davriy nashrlar sahifalarida, televideniye va radioda belgilangan tartibda yoritilishini taʼminlaydi;
qonun loyihalari, shuningdek Oliy Majlisning, Oliy Majlis Kengashi, qoʻmitalari va komissiyalarining boshqa hujjatlari hamda oʻzga materiallar tarjima qilinishi va tahrir etilishini taʼminlaydi, ularning matbuotda eʼlon qilinishni tashkil etadi;
Oliy Majlis axborotnomasi, Oliy Majlis Kengashi majlislarining bayonnomalari, Oliy Majlis qabul qilgan hujjatlar toʻplamlari nashr etilishini tashkil etadi;
Oliy Majlis huzuridagi matbuot guruhi ishini tashkil etadi.
13. Umumiy boʻlim:
Oliy Majlis hujjatlari (qonunlar, qarorlar, bayonnomalar, farmoyishlar va boshqa hujjatlar) roʻyxatga olinishini, hisobi yuritilishini, rasmiylashtirilishini, koʻpaytirilishni va joylarga joʻnatilishini amalga oshiradi;
kelayotgan xat-xabar, yozishmalarni qabul qilib oladi, roʻyxatdan oʻtkazadi, hisobini yuritadi, taqsimlaydi va tegishliligi boʻyicha yetkazib beradi, shuningdek joʻnatma xat-xabar, yozishmalarni qabul qilib olib joylarga joʻnatilishini taʼminlaydi;
Oliy Majlis Kotibiyati tuzilmalarida ish yuritilishini belgilangan tartibda tashkil etadi, maxfiylik rejimini taʼminlaydi, Kotibiyat boʻlinmalarida ijro intizomi ahvolini tahlil etib boradi;
Oliy Majlis sessiyalari, Oliy Majlis Kengashining majlislariga boshqa boʻlimlar bilan birgalikda tashkiliy-texnik xizmat koʻrsatilishini taʼminlaydi;
Oliy Majlisning, Oliy Majlis Kengashi, qoʻmitalari va komissiyalarining majlislari, Oliy Majlisda oʻtkaziladigan boshqa tadbirlar bayonnomalarini, stenogrammalarni yuritadi, ularda soʻzga chiqqanlarning ovozlari magnit lentasiga yozib olinishini taʼminlaydi;
yuritilishi tugallangan hujjatlar yigʻma jildlarining qabul qilib olinishi, hisobi yuritilishi va saqlanishini, joriy arxiv shakllantirilishini taʼminlaydi, ishlar va hujjatlarni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxiviga topshiradi;
stenografiya va mashinkada yozuv byurosi hamda nusxa koʻchirish byurosi ishiga rahbarlik qiladi, qoʻmitalar va komissiyalar, Oliy Majlis Kotibiyati boʻlinmalarining materiallari mashinkada (kompyuterda) koʻchirilishini va koʻpaytirilishini tashkil etadi;
Oliy Majlis kutubxonasi ishini tashkil etadi;
Oliy Majlis rahbariyati va Kotibiyat boshligʻi topshirigʻiga binoan farmoyishlar loyihalarini tayyorlaydi;
Oliy Majlisda doimiy asosda ishlayotgan deputatlarning hamda Kotibiyat xodimlarining shaxsiy hujjatlar yigʻmajildlari va mehnat daftarchalarini rasmiylashtirish hamda saqlash ishlarini amalga oshiradi.
14. Moliya-xoʻjalik boʻlimi:
Oliy Majlisning, Oliy Majlis Kengashi, qoʻmitalari va komissiyalarining, Oliy Majlis deputatlarining, shuningdek Oliy Majlis Kotibiyatining faoliyatiga moliyaviy, moddiy-texnik va xoʻjalik xizmati koʻrsatilishini taʼminlaydi;
Oliy Majlis rahbariyati va Kotibining boshligʻi koʻrib chiqishi uchun Oliy Majlis va uning organlari faoliyati bilan bogʻliq xarajatlar smetalarining loyihalarini, bu smetalarning ijrosiga doir hisobotlarni tayyorlaydi;
Parlamentlararo aloqalar boʻlimi bilan birgalikda parlament delegatsiyalari va boshqa delegatsiyalarning Oliy Majlisdagi qabullarini tashkil etadi, Oliy Majlis delegatsiyalarini chet ellarga yuborish bilan bogʻliq, tashkiliy-texnik masalalarni hal etadi;
Oliy Majlis hamda mahalliy Kengashlar deputatlarining guvohnomalari va koʻkrak nishonlari, shuningdek Oliy Majlisda doimiy asosda ishlayotgan deputatlarning va Kotibiyat xodimlarining shaxsiy guvohnomalari tayyorlanishini taʼminlaydi;
“Rada-Majlis” elektron tizimi, Oliy Majlisning mahalliy kompyuter tarmogʻi, shuningdek boshqa tashkiliy texnika belgilangan darajada ishlashini taʼminlaydi;
Oliy Majlisda doimiy asosda ishlayotgan deputatlar va Kotibiyat xodimlariga mehnat, maishiy sharoit yaratib berish va ularga tibbiy xizmat koʻrsatilishini tashkil etish ishini olib boradi;
Oliy Majlis oromgohi ishi masalalariga mutasaddilik qiladi.
15. Oliy Majlis Kotibiyati, uning boʻlimlari zimmaga yuklatilgan vazifalarni bajara borib:
Oliy Majlis rahbariyati koʻrib chiqish uchun oʻz faoliyatlariga doir masalalar yuzasidan takliflar kiritadilar;
tegishli davlat organlari va jamoat birlashmalaridan ish uchun zarur hujjatlar va materiallarni talab qilib oladilar;
davlat organlari va jamoat birlashmalarining vakillari bilan kengashlar oʻtkazadilar;
davlat organlari, jamoat birlashmalari va ilmiy muassasalarning xodimlarini qonun loyihalarini va Oliy Majlis, Oliy Majlis Kengashi, qoʻmitalari va komissiyalari muhokamasiga kiritiladigan boshqa masalalarni tayyorlashda qatnashishga jalb etadilar;
fuqarolarning takliflari, arizalari va shikoyatlarini, shuningdek boshqa materiallarni koʻrib chiqish uchun taalluqliligiga qarab davlat organlari va jamoat birlashmalariga yuboradilar.
16. Oliy Majlis Kotibiyati, uning boʻlimlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari devonlarining tegishli boʻlinmalari bilan aloqa bogʻlab turadilar, ularga uslubiy, maslahat yoʻsinidagi va boshqa xil yordamlar koʻrsatadilar.
17. Oliy Majlis Kotibiyatining boshligʻi va xodimlari Oliy Majlis Raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va vazifasidan ozod qilinadi.
18. Oliy Majlis Kotibiyati boʻlimlarining mudirlari:
Kotibiyatning tegishli boʻlinmalari faoliyatiga rahbarlik qiladilar hamda ana shu boʻlinmalar zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan masʼul boʻladilar;
xodimlar oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydilar, ish uyushgan holda va batartib borishini, xizmat intizomiga rioya etilishini taʼminlaydilar, xodimlar oʻz vazifalarini bajarishlari hamda ish yuritish tartibli boʻlishi uchun javob beradilar;
Kotibiyatning tegishli boʻlimida tayyorlangan masalalar xususida Oliy Majlis Kotibiyatining boshligʻiga axborot beradilar;
Oliy Majlis Kengashining, qoʻmitalari va komissiyalarining majlislarida qatnashadilar;
Oliy Majlis Raisi, Rais oʻrinbosari va Kotibiyat boshligʻi huzurida oʻtkaziladigan kengashlarda Kotibiyatning tegishli boʻlinmasi nomidan vakillik qiladilar.
19. Boʻlim mudirlarining oʻrinbosarlari tegishli boʻlinmalar rahbarlari yoʻqligida ularning vazifalarini bajaradilar, shuningdek oʻzlariga topshirilgan ish jabhasiga rahbarlik qiladilar.
20. Oliy Majlis Kotibiyatining shuʼba mudirlari, katta referentlari, referentlari va boshqa masʼul xodimlari:
xizmat vazifalari va mansab yoʻriqnomalariga muvofiq tegishli jabhada topshirilgan ish vaqtida, sifatli bajarilishini va tashkil etilishini taʼminlaydilar, bu ishlar uchun shaxsan masʼul boʻladilar;
tegishli qoʻmita, komissiya, Kotibiyat boshligʻi, boʻlim mudiri va uning oʻrinbosari bergan vazifa va topshiriqlarni bajaradilar.
21.Oliy Majlis Kotibiyatining texnik xodimlari:
zimmalariga yuklangan xizmat vazifalarini, shuningdek qoʻmitalar va komissiyalar rahbarlari, Kotibiyat boshligʻi, boʻlim mudiri, uning oʻrinbosari, shuʼba mudiri, shuningdek tegishli guruh yoki jabha rahbari bergan topshiriqlarni vaqtida, aniq va sifatli bajarishga majburdirlar;
oʻz ishlariga taalluqli masalalar yuzasidan oʻtkaziladigan xizmat kengashlarida qatnashadilar;
zarurat boʻlganda, oʻz ishlari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan tegishli qoʻmita, komissiya, Kotibiyat, boʻlim rahbariyatiga, shuningdek shuʼba mudiri, guruh yoki jabha rahbariga takliflar kiritadilar.
22. Oliy Majlis Kotibiyati yuridik shaxs huquqlaridan foydalanadi hamda uning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tushirilgan muhri boʻladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 4-son, 130-modda)