Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining
buyrugʻi
Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 2-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3113-1]
Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 20-martdagi OʻRQ-531-son “Mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi PQ-4160-son “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 4-yanvardagi 2-mh-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3113, 2019-yil 4-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2019-y., 1-2-son, 18-modda) bilan tasdiqlangan Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va Hukumat bayonnoma qarorlari va idoraviy normativ hujjatlarni huquqiy ekspertizadan oʻtkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Huquqiy xizmat koʻrsatishni davlat tomonidan tartibga solish boshqarmasi hamda Qonun hujjatlarini tahlil qilish va turkumlash boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishini, “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilinishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari A. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2019-yil 2-aprel,
146-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 2-apreldagi 146-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 9-bandda:
quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Tadbirkorlik subyektlari tomonidan berilgan hujjatlarda muhr boʻlishi talab qilinmaydi.”;
beshinchi va oltinchi xatboshilar tegishlicha oltinchi va yettinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. 18-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Notariuslar Qonunning 6-moddasida koʻrsatilgan jismoniy yoki yuridik shaxslarga ularning yozma arizasiga muvofiq hamda sud, prokuratura, surishtiruv va tergov organlarining qaroriga (ajrimiga) yoxud protsessual qonunlarda belgilangan boshqa tartibda rasmiylashtirilgan talabnomalariga asosan reyestrdan koʻchirma beradi. Bunda 2019-yil 1-yanvarga qadar amalda boʻlgan reyestrlarning (reyestr kitoblarining) koʻchirma nusxalari berilib, asl nusxalarini berish man etiladi.”.
3. 1-bob quyidagi mazmundagi 231-band bilan toʻldirilsin:
“231. Mazkur Yoʻriqnoma 6-bandining ikkinchi xatboshisi, 8-bandining ikkinchi va oʻn birinchi xatboshilari hamda 88-bandida nazarda tutilgan hollarda notarial harakatlarni amalga oshirish jarayonini majburiy audio va video qayd etiladi.
Notarial harakatlarni amalga oshirish jarayonini audio va video qayd etishda notarius va notarial harakatni amalga oshirishda ishtirok etuvchi shaxslar tasvirga toʻliq tushirilishi shart. Bunda notarius tomonidan qanday turdagi notarial harakat amalga oshirilayotganligi, notarial harakat mazmuni, ahamiyati notarius tomonidan ovoz chiqarib taraflarga tushuntirib berilganligi hamda hujjat matni bilan taraflar toʻliq tanishganligi va ularning asl maqsadiga muvofiqligini tasdiqlagan holda imzolash hamda barmoq izlarini Tizimda skaner qilish jarayoni toʻliq audio va video qayd etilishi lozim.
Audio va videoyozuv fayli notarial harakatga Tizim tomonidan berilgan reyestr raqami bilan nomlanadi va elektron axborot tashuvchi jismlarda saqlanadi.
Kalendar yil yakunida audio va videoyozuvlar fayllari nusxalari DVD disklarga yoziladi hamda davlat notarial idorasining temir javoni yoki seyflarida alohida paketlarda saqlanadi.
Elektron axborot tashuvchi jismlarda yoki DVD disklarda saqlanayotgan audio va videoyozuvlar fayllari notarius ishdan boʻshaganda yoki boshqa ishga oʻtkazilganda tekshirib koʻrilgan holda dalolatnoma asosida qabul qilinib, yangi tayinlangan yoki vazifasi yuklatilgan notariusga topshiriladi.
Notarial harakatlarni amalga oshirish jarayonini qayd etilgan audio va videoyozuvlar fayllari belgilangan tartibda notarial harakatlar yigʻma jildlari bilan idoraviy notarial arxivlarga topshirilishi kerak.”.
4. 25-bandda:
uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar tegishlicha uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin.
5. 27-bandning birinchi xatboshisidagi “bitimlar” degan soʻz “bitimlarni (mol-mulkni ijaraga berish va undan tekin foydalanish shartnomalarini bekor qilish haqidagi bitimlar bundan mustasno)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
6. 39-bandning oʻn ikkinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
7. 78-bandning toʻrtinchi va beshinchi xatboshilaridan “va muhr bilan tasdiqlangan” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2019-y., 10/19/3113-1/2866-son)