Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (8-sonli BHS) “Koʻchmas mulk, bino va jihozlar”ni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 20-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3144]
Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq va budjet hisobini davlat sektorida moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari bilan muvofiqlashtirish maqsadida buyuraman:
1.Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (8-sonli BHS) “Koʻchmas mulk, bino va jihozlar” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq 2020-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
Vazir D. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2019-yil 30-yanvar,
11-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2019-yil 30-yanvardagi 11-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (8-sonli BHS) “Koʻchmas mulk, bino va jihozlar”
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (8-sonli BHS) “Koʻchmas mulk, bino va jihozlar” (bundan buyon matnda Standart deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksi hamda “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq budjet tashkilotlari, davlat maqsadli va boshqa budjetdan tashqari jamgʻarmalarning (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) koʻchmas mulk, bino va jihozlar (bundan buyon matnda asosiy vositalar deb yuritiladi) hisobini yuritish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Standartda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
asosiy vositalar — tashkilotning uzoq muddat davomida (bir yildan ortiq) zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish, tovarlarni ishlab chiqarish, ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish yoxud maʼmuriy va ijtimoiy-madaniy vazifalar jarayonida foydalaniladigan, shuningdek boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga ijaraga berish mumkin boʻlgan moddiy aktivlar;
asosiy vositalar guruhi — moliyaviy hisobotlarda maʼlumotlarni ochib berish maqsadida tashkilot faoliyatidagi oʻxshash funksiya yoki xarakterdagi aktivlar guruhini bitta tasnif boʻyicha aks ettirish;
aktivning tugatish qiymati — asosiy vositalarning chiqib ketishi boʻyicha kutilayotgan xarajatlarni chegirgan holda kutilayotgan foydali xizmat davri oxirida asosiy vositalarni tugatish chogʻida olinadigan aktivlarning kutilayotgan summasi;
balans qiymati — aktivning boshlangʻich qiymatidan jamlangan amortizatsiya va qadrsizlanishdan koʻrilgan zarar summasini chegirib tashlangandagi qiymat;
boshlangʻich qiymat — asosiy vositalarni yaratish (qurish va qurib bitkazish) yoki xarid qilish boʻyicha qilingan xarajatlarning qiymati, shuningdek aktivni undan maqsadga muvofiq foydalanish uchun ishchi holatiga keltirish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan yetkazib berish va montaj qilish, oʻrnatish, ishga tushirish va istalgan boshqa xarajatlar;
foydali xizmat davri — korxona aktivdan foydalanadigan vaqt davri yoki tashkilot ushbu aktivdan foydalanishdan olishni moʻljallayotgan mahsulot miqdori;
amortizatsiyalanadigan qiymat — aktivning boshlangʻich yoki moliyaviy hisobotda oʻrnini bosuvchi boshqa qiymatdan tugatish qiymatining chegirilishi;
amortizatsiya — foydali xizmat davri mobaynida aktivning amortizatsiyalanadigan qiymatini asosiy vositalarning vazifasidan kelib chiqqan holda xarajatlariga tizimli taqsimlash va oʻtkazish koʻrinishida eskirishning qiymat ifodasi;
2. Standart asosiy vositalar hisobini yuritish, shuningdek moliyaviy hisobotlardan foydalanuvchilar uchun tashkilotlarning asosiy vositalarga kiritilgan investitsiya va ularning oʻzgarishi haqidagi maʼlumotlarni ochib beradi. Asosiy vositalarning hisobini yuritishda aktivlar tan olinadi, uning balans qiymati, amortizatsiyasi va qayta baholashdan koʻrilgan zararlar aniqlanadi.
3. Hisoblash usuli asosida moliyaviy hisobotlar tuzuvchi va taqdim qiluvchi tashkilotlar asosiy vositalar hisobini yuritishda Standartdan foydalanadi.
4. Standart quyidagilar uchun tatbiq etilmaydi:
qishloq xoʻjaligi faoliyati bilan bogʻliq biologik aktivlar;
asosiy vositalar sifatida tan olinishini belgilovchi mezonlarga mos kelmaydigan aktivlar;
neft, gaz yoki shunga oʻxshash qayta tiklanmaydigan mineral resurs zaxiralari va ularni qazib olish uchun huquqlar.
5. Xizmat muddati va qiymatidan qatʼi nazar, quyidagilar asosiy vositalar tarkibiga kiritilmaydi:
maxsus asboblar va moslamalar (muayyan buyumlarni turkumlab va yoppasiga ishlab chiqarish uchun yoki yakka tartibdagi buyurtmalarni tayyorlash uchun moʻljallangan, maqsadli yoʻnaltirilgan asboblar va moslamalar);
maxsus va sanitariya kiyim-kechaklar, maxsus poyabzallar;
koʻrpa-toʻshak anjomlari;
yozuv-chizuv anjomlari (kalkulyatorlar, stol ustiga qoʻyiladigan asboblar va boshqalar);
oshxona anjomlari, shuningdek oshxona uchun dasturxon-sochiqlar;
tiklanishi boʻyicha xarajatlar qurilish-montaj ishlari tannarxiga kiritiladigan vaqtinchalik (notitul) inshootlar, moslamalar va qurilmalar;
bir yildan kam foydalanish muddatiga ega boʻlgan almashtiriladigan uskunalar;
ovlash qurollari (trallar, toʻrlar, qarmoqlar va boshqalar) va shu kabi moddiy qimmatliklar.
Ushbu bandning ikkinchi — sakkizinchi xatboshilaridagi moddiy qimmatliklar buxgalteriya hisobida tovar-moddiy zaxiralar tarkibida hisobga olinadi.
6. Asosiy vositalar tarkibida qonun hujjatlariga muvofiq tashkilot mulkiga topshirilgan yer uchastkalari hisobga olinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Qiymati va xizmat muddatidan qatʼi nazar, quyidagilar asosiy vositalar tarkibiga kiradi:
qishloq xoʻjaligi mashinalari va uskunalari;
ishchi va mahsulot beruvchi hayvonlar;
kutubxona fondlari;
madaniy meros aktivlari;
hayvonot olami eksponatlari;
namunaviy loyihalashtirishga oid hujjatlar.
Agar bitta asosiy vositada turlicha foydali xizmat davriga ega bir nechta mustaqil obyektlar mavjud boʻlsa, har bir bunday obyekt budjet hisobida alohida asosiy vosita sifatida hisobga olinadi.
8. Maxsus harbiy texnikalar asosiy vositalar hisoblanib, Standartga muvofiq harbiy asosiy vositalar hisobi tashkil etiladi.
2-bob. Asosiy vositalarning tan olinishi
9. Asosiy vositalar aktiv sifatida:
tashkilotga kelgusida aktiv bilan bogʻliq iqtisodiy naf kelib tushishiga ishonch boʻlganda;
aktiv qiymatini aniq baholash mumkin boʻlganda tan olinadi.
10. Texnik xizmat koʻrsatish jihozlari va qoʻshimcha ehtiyot qismlari odatda moddiy zaxiralarni aylanma manbalari tarkibiga kiritiladi va ulardan foydalanish davomida xarajatlar koʻrsatib boriladi. Tashkilot tomonidan bir yildan ortiq davrda foydalanilishi nazarda tutilgan bir turdagi katta hajmli qoʻshimcha ehtiyot qismlari va uskunalari asosiy vosita sifatida klassifikatsiya qilinadi. Ehtiyot qismlari va xizmat jihozlari faqat asosiy vositalar bilan bogʻliq holda foydalanilsa, ular asosiy vositalar sifatida hisobga olinadi.
11. Standartda asosiy vositalar birligining tan olinishi uchun foydalaniladigan oʻlchov birliklari hisobga olinmaydi. Obyektning bir butunligini taʼminlovchi qoʻshimcha obyektlar bir obyekt sifatida tan olinadi (masalan, kutubxona kitoblari, kompyuter qoʻshimcha qurilmalari va jihozning katta boʻlmagan detallari va yalpi qiymat mezonlari boʻyicha qabul qilish).
12. Tashkilotlar tan olish prinsipi boʻyicha asosiy vositalarga qilgan barcha xarajatlarni uning qiymati yuzaga kelishi vaqtida baholaydi. Bu xarajatlar asosiy vositalarning qurilishi yoki sotib olinishi, unga qoʻshilgan xarajatlar, qismlarining almashtirilishi yoki unga xizmat koʻrsatilishi natijasida hisobga olingan xarajatlarni oʻz ichiga oladi.
13. Ixtisoslashgan harbiy texnika asosiy vositalar tarkibiga kiritilib, Standartga muvofiq aktiv sifatida tan olinadi.
14. Atrof-muhitni qoʻriqlash yoki atrof-muhitning xavfsizligini taʼminlash uchun asosiy vositalar xarid qilinadi. Bunday asosiy vositalarning xarid qilinishi aktivning iqtisodiy manfaat yoki foyda olish salohiyatini koʻpaytirmaydi, lekin tashkilotlardagi bunday xaridlar boshqa aktivlardan kelajakda iqtisodiy manfaat yoki foyda olish maqsadi boʻladi. Bunday xaridlar ham asosiy vositalar sifatida tan olinadi. Mazkur asosiy vositalar tashkilotga boshqa aktivlardan kelajakda qoʻshimcha iqtisodiy manfaat yoki foyda olish imkonini beradi.
Asosiy vositalardan foydalanish uchun qilingan xarajatlar balans qiymatida aks ettirilmaydi. Ushbu xarajatlar yuzaga kelish jarayonida haqiqiy xarajatlarda koʻrsatiladi va sarflangan materiallarga qilingan xarajatlarni xam oʻz ichiga oladi.
15. Aktiv sifatida tan olinishi lozim boʻlgan asosiy vositalar obyekti birinchi navbatda qiymati boʻyicha tan olinadi.
16. Agar aktiv almashuv boʻlmagan operatsiyalar yoʻli bilan olingan boʻlsa, uning qiymati sotib olish kunidagi haqiqiy narxi hisoblanadi.
Asosiy vositalar almashuv boʻlmagan operatsiyalar yoʻli bilan olingan boʻlishi mumkin (masalan, parklar, yoʻllar va trotuarlar qurish uchun nol qiymatda yoki nominal qiymatda yer uchastkalarining berilishi). Aktiv mol-mulkni musodara qilish yoʻli bilan olinganda musodara qilingan mulkning oldingi egasi tomonidan sotib olingan kunidagi haqiqiy qiymati hisoblanadi.
3-bob. Asosiy vositalarning kelib tushishi
17. Asosiy vositalar quyidagilar natijasida tashkilot balansiga kirim qilinadi:
oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha obyektni sotib olish;
kapital qoʻyilmalar tugaganidan soʻng tiklangan obyektni qabul qilish-topshirish;
begʻaraz kelib tushish;
tovar-moddiy zaxiralar tarkibidan oʻtkazish;
asosiy vositalarning ortiqcha (hisobga olinmagan) obyektlarini aniqlash;
almashuv operatsiyalari;
moliyaviy ijara shartnomasi boʻyicha olish;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollar.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Asosiy vositalarning buxgalteriya hisobiga kirim qilinishi asosiy vositalarning boshlangʻich qiymati boʻyicha amalga oshiriladi.
Sotib olingan asosiy vositalar, tugallangan qurilishlar va inshootlar, shuningdek tashkilotning oʻzida tayyorlangan asosiy vositalarning boshlangʻich qiymatiga ularning sotib olish narxi va ularga qilingan barcha xarajatlarning toʻliq summasida, jumladan, mazkur asosiy vositalarni foydalanish uchun ishchi holatiga keltirish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan yetkazib berish va montaj qilish, oʻrnatish, ishga tushirish va boshqa xarajatlarni hisobga olgan holda kiritiladi.
19. Standartning 10-bandida keltirilgan tan olish qoidalariga koʻra tashkilot aktiviga koʻrsatiladigan kundalik texnik xizmat koʻrsatish xarajatlari aktivning asosiy vositalar balans qiymatiga kiritilmaydi. Bu xarajatlar ularning vujudga kelish holatiga koʻra foyda yoki zarar tarkibiga kiritiladi. Kundalik texnik xizmat koʻrsatish xarajatlari — bu birinchi navbatda ish haqi va materiallarga xarajatlar hisoblanadi va ular butlovchi qismlarning qiymatini ham oʻz ichiga oladi. Bunday xarajatlar odatda asosiy vositalarning taʼmirlash va joriy xizmat koʻrsatish xarajatlari sifatida koʻrsatiladi.
20. Baʼzi asosiy vositalarning tarkibiy qismlari maʼlum bir vaqt davomida almashtirishni talab etadi (masalan, yoʻllar bir necha yillardan soʻng eskirishi va yaroqsiz holatga kelishi sababli yangi qoplama qilinishi zarur). Baʼzi asosiy vositalarning obyektlari bunday muntazam almashtirishlarga ehtiyoj sezmaydi (masalan, binoning ichki devorlari).
Standartning 10-bandida keltirilgan tan olish qoidalariga koʻra, tashkilot asosiy vositalarining balans qiymatiga, tan olish xususiyatlariga rioya etish shartlarining vujudga kelish paytidagi almashtirish xarajatlari kiritiladi. Almashtiriladigan qismlarning qoldiq qiymatini hisobdan chiqarish Standartning hisobdan chiqarish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
4-bob. Asosiy vositalarni guruhlanishi
21. Asosiy vositalarning guruhlari — tashkilot faoliyatida foydalanilishi va vazifasi oʻxshash boʻlgan aktiv guruhlari hisoblanadi.
22. Alohida guruhlarga misollar sifatida quyidagilar keltirilishi mumkin:
a) yer uchastkasi;
b) ishchi binolar;
v) yoʻllar;
g) mashina jihozlari;
d) elektr uzatish tarmoqlari;
e) transport;
j) havo transporti;
z) maxsus harbiy jihozlari;
i) avtotransport vositalari;
k) mebel jihozlari;
l) ofis jihozlari;
m) neft minoralari.
23. Asosiy vositalarning yagona guruhi ichidagi obyektlarning qayta baholanishi aktivlarning tanlama usulda qayta baholanishini oldini olish maqsadida amalga oshiriladi hamda moliyaviy hisobotlarda haqiqiy xarajatlar va turli sanalardagi qiymatlarning ifodalanishini taʼminlaydi.
24. Aktivlar guruhlari oʻzgaruvchan asosda qayta baholanishi mumkin. Aktivlar guruhining qayta baxolanishi qisqa davr mobaynida yakunlanadi va natijalar yangilanadi.
25. Qayta baholash natijasida aktiv guruhining balans qiymati oshsa, bu koʻpayish “Asosiy vositalar” schyotining tegishli subschyotlarining debetida va “Asosiy vositalar, qiymatliklar va nomoddiy aktivlarni qayta baholash” subschyotning kreditida aks ettiriladi.
26. Agar aktivning balans qiymati qayta baholash natijasida kamaysa, bunday kamayish foyda yoki zararning tan olinishiga tegishli schyotlarda hisobga olinadi.
27. Asosiy vositalar yagona guruhi ichidagi alohida aktivlarga tegishli boʻlgan, qayta baholash natijasida qiymatning oʻsishi yoki kamayishi, mazkur guruh ichida oʻzaro hisob-kitob qilinadi. Asosiy vositalarning boshqa guruhlariga tegishli aktivlar bilan oʻzaro hisob-kitob qilinmaydi.
28. Sof aktivlar/kapital tarkibiga kiruvchi qayta baholash natijasidagi oʻsishning bir qismi yoki hammasi, aktiv hisobidan chiqarilganda toʻgʻridan-toʻgʻri jamlangan foyda yoki zararga oʻtkaziladi. Qayta baholash natijasidagi qiymat oʻsishi aktivdan foydalanish meʼyori darajasida jamlangan foydaga oʻtkaziladi. Qiymat oʻsishining oʻtkazilish summasi qayta baholangan aktiv balans qiymati asosida hisoblangan amortizatsiya summasi bilan aktivning boshlangʻich qiymati asosida hisoblangan amortizatsiya summasi oʻrtasidagi farqni ifodalaydi.
5-bob. Madaniy meros va infrastruktura aktivlari
29. Tashkilotlar asosiy vositalarni tan olish xususiyatlari va belgilariga toʻgʻri keladigan madaniy meros aktivlari uchun Standartning axborotni ochib berish talablari qoʻllaniladi. Standartning baholash boʻyicha va boshqa talablari madaniy meros aktivlari uchun qoʻllanilmaydi.
30. Baʼzi aktivlar oʻzining madaniy, ekologik yoki tarixiy qiymatiga ega boʻlib, madaniy meros aktivlari sifatida tan olinadi (masalan, tarixiy inshootlar, monumentlar, arxeologik qazilmali joylar, tabiat tomonidan muhofaza qilinadigan hududlar, qoʻriqxonalar, sanʼat asarlari va boshqalar).
31. Madaniy meros aktivlari quyidagi tavsiflarga ega:
moliyaviy aniqlash jarayonida bozor qiymatiga asoslangan umumiy narxda ifodalanishi mumkin boʻlmagan madaniy, ekologik va tarixiy ahamiyatga egaligi;
aktivlarni sotish orqali chiqib ketishini qonun bilan qatʼiy cheklash yoki taqiqlar oʻrnatilganligi;
vaqt oʻtishi bilan fizik holati yomonlashib, narxi ortganda ham yangisiga oʻzgartirib boʻlmasligi;
aktivlarning foydalanish davri bir necha yuz yilni tashkil etishi natijasida ularning foydalanish davrini aniqlashda qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin.
32. Tashkilotlar katta hajmdagi madaniy meros aktivlariga egalik qilishi mumkin. Bu aktivlar uzoq yillar davomida turli xil yoʻllar bilan, jumladan, oldi-sotdi shartnomasi, bepul tushumlar, ayirboshlash natijasida qoʻlga kiritilgan boʻlishi mumkin.
33. Madaniy meros aktivlari uning qiymatidan tashqari foydali salohiyatga ham ega boʻladi (masalan, ofis binosi sifatida foydalaniladigan tarixiy bino). Bunda ular boshqa asosiy vositalar talablari boʻyicha tan olinishi va narxlanishi mumkin. Boshqa meros qilib olinadigan aktivlarning foydali salohiyati ularning tavsiflari natijasida cheklangan boʻladi (masalan, yodgorliklar va tarixiy obyekt qoldiqlari).
34. Madaniy meros aktivlari mavjud tashkilotlar moliyaviy hisobotlarda quyidagi maʼlumotlarni ochib berishi zarur:
baholashning foydalaniladigan asosi;
amortizatsiya hisoblashning foydalaniladigan usuli, agar bu usul qoʻllanilsa;
yalpi balans qiymati;
hisobot davri oxiridagi jami amortizatsiya, agar mavjud boʻlsa;
davr boshi va oxiridagi balans qiymatini oʻz ichiga oluvchi qismlarni taqqoslash.
35. Baʼzi aktivlar infrastruktura aktivlari sifatida ifodalanadi. Infrastruktura aktivlari quyidagi xususiyatlardan biriga yoki barchasiga ega boʻladi:
tarmoq yoki tizimning bir qismiga ega boʻladi;
maxsus xarakterga ega va alternativ foydalanilmaydi;
koʻchmas hisoblanadi;
olib qoʻyilishiga aniq cheklovlar mavjud boʻladi.
36. Infrastruktura aktivlari asosiy vositalarga kiradi va Standartga muvofiq hisobga olinadi (masalan, yoʻllar, kanalizatsiya tizimlari, suv va elektr taʼminoti tizimlari, kommunikatsiya tizimlari va boshqalar).
Keyingi tahrirga qarang.
6-bob. Asosiy vositalarni baholash
37. Asosiy vositalar aktivlar sifatida tan olinganda, boshlangʻich qiymati boʻyicha baholanadi.
38. Toʻlov evaziga sotib olingan asosiy vositalarning boshlangʻich qiymati quyidagi xarajatlardan iborat:
shartnoma asosida qurilish-montaj ishlarini bajaradigan pudratchi va aktivlarni sotuvchilarga toʻlanadigan summa;
roʻyxatga olish yigʻimlari, davlat bojlari va asosiy vositalarga boʻlgan huquqni sotib olish (olish) boʻyicha amalga oshirilgan boshqa shunga oʻxshash toʻlovlar;
bojxona boji va yigʻimlari;
asosiy vositalar obyektlarini sotib olish (barpo etish) munosabati bilan yigʻimlar summalari (agar ular qoplanmasa);
asosiy vositalar obyektlarini sotib olish (barpo etish) bilan bogʻliq axborot va maslahat xizmatlari uchun toʻlanadigan summalar;
asosiy vositalar obyektlarini yetkazib berish (barpo qilish) xatarini sugʻurtalash boʻyicha xarajatlar;
asosiy vositalar obyektini sotgan vositachilarga toʻlanadigan mukofotlar;
asosiy vositalarni oʻrnatish, montaj qilish, sozlash va ishga tushirishga oid xarajatlar;
aktivdan maqsadga muvofiq foydalanish uchun uni ishchi holatga keltirish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan boshqa xarajatlar.
39. Foydalanish holatida va oʻz joyida boʻlgan asosiy vositalarga qilingan xarajatlar (qayta oʻrnatish va foydalanish jarayonidagi xarajatlar) asosiy vositaning balans qiymati xarajatlari tarkibiga kiritilmaydi.
40. Asosiy vositalarni ishlab chiqarish yoki qurilishi mobaynidagi daromadlar va xarajatlar daromad yoki xarajat deb tan olinganda daromadlar va xarajatlarning tasniflariga muvofiq hisobga olinadi.
41. Tashkilotning oʻzida tayyorlangan asosiy vositalarning boshlangʻich qiymati sifatida mazkur asosiy vositalarni tiklash (qurish, qurib bitkazish) boʻyicha haqiqiy xarajatlar summasi tan olinadi. Tashkilot oʻz faoliyati davomida sotish uchun aktivlarni ishlab chiqarganda, bu aktivlarning qiymati sotish qiymatiga teng boʻladi.
42. Tashkilotga bepul yoki hadya shartnomasi boʻyicha kelib tushgan asosiy vositalarning boshlangʻich qiymati budjet hisobida qayd etilgan sanadagi qiymat hamda Standartning 16-bandiga koʻra hisobga olgan holda aniqlanadi.
43. Tovar-moddiy zaxiralar tarkibidan asosiy vositalarga oʻtkazilgan obyektlarning boshlangʻich qiymati Oʻzbekiston Respublikasi Budjet hisobining standarti (7-sonli BHS) “Tovar-moddiy zaxiralar”ga (roʻyxat raqami 3120, 2019-yil 14-yanvar) muvofiq ularning balans qiymatiga teng boʻladi.
44. Xarid qilish vaqtida xorijiy valyutada ifodalangan asosiy vositalarning boshlangʻich qiymati mazkur standartning 39-bandida nazarda tutilgan tegishli xarajatlarni hisobga olgan holda, bojxona yuk deklaratsiyasini toʻldirish sanasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi boʻyicha soʻmda belgilanadi.
45. Almashuv operatsiyalari yoʻli bilan olingan asosiy vositalarning boshlangʻich qiymati berilgan asosiy vosita obyektining qoldiq qiymatiga teng.
Asosiy vositalar qoʻshimcha toʻlov bilan ayirboshlangan holatlarda almashtirish yoʻli bilan olingan asosiy vositalarning boshlangʻich qiymati berilgan asosiy vositalarning ayirboshlashda oʻtkazilgan (olingan) pul mablagʻlari yoki ularning ekvivalentlari summasiga oshirilgan (kamaytirilgan) qoldiq qiymatiga teng.
46. Toʻlov pul mablagʻlari bilan amalga oshirilmaydigan shartnomalar boʻyicha qoʻlga kiritilgan asosiy vositalarning boshlangʻich qiymati ular qabul qilib olingan kundagi qiymatiga teng.
Toʻlov pul mablagʻlari bilan amalga oshirilmaydigan shartnomalar boʻyicha qoʻlga kiritilgan asosiy vositalarning qiymatini aniqlash imkoni boʻlmaganda ularning qiymati oʻxshash asosiy vosita obyektlarining qiymatidan kelib chiqib aniqlanadi.
47. Majburiyati bitta summa sifatida koʻrsatilgan asosiy vosita obyektlarining boshlangʻich qiymati bu summani har bir asosiy vosita obyektining hozirgi qiymatiga proporsional ravishda taqsimlash orqali aniqlanadi.
48. Majburiyat hisobiga olingan asosiy vositalar aktiv sifatida tan olinganda uning boshlangʻich qiymati amortizatsiya va qadrsizlanish natijasida yuzaga kelgan zararlarni chegirib tashlagan holda aniqlanadi.
Asosiy vositalarning budjet hisobiga kiritilgan boshlangʻich qiymatining oʻzgartirilishiga asosiy vosita obyektlarini qayta qurish, jihozlash, modernizatsiya qilish, texnik qayta taʼmirlash, qisman sotish va qayta baholash hollarida ruxsat etiladi.
49. Asosiy vositalar obyektini qurib bitkazish, qoʻshimcha jihozlash, rekonstruksiya qilish, zamonaviylashtirish va texnik qayta qurollantirishga doir xarajatlar, ular tugatilganidan soʻng, agar ular natijasida asosiy vositalarning faoliyat yuritishining dastlab qabul qilingan meʼyoriy koʻrsatkichlari (foydali xizmat davri, quvvati, qoʻllash sifati va boshqalar) yaxshilansa (oshsa), bunday obyektning boshlangʻich qiymati ham oshadi.
50. Qurib bitkazish, qoʻshimcha jihozlash, zamonaviylashtirish ishlariga asosiy vositalarning texnologik yoki xizmat maqsadining oʻzgarishi, ogʻirlikning oshishi va sifatni yanada yaxshilashga doir boshqa sifatlar tufayli yuzaga kelgan ishlar kiritiladi.
51. Rekonstruksiya qilish ishlariga ishlab chiqarishni takomillashtirish va uning texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarini oshirish bilan bogʻliq boʻlgan hamda ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, mahsulot (ishlar, xizmatlar) sifatini yaxshilash va nomenklaturasini oʻzgartirish maqsadlarida asosiy vositalarni rekonstruksiya qilish loyihasi boʻyicha amalga oshiriladigan mavjud asosiy vositalarni qayta qurish kiradi.
Texnik qayta qurollantirishga ilgʻor texnika va texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarishni mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish, maʼnan va jismonan eskirgan uskunalarni modernizatsiya qilish va ularni yangi, unumdorligi yanada yuqori boʻlganlari bilan almashtirish asosida asosiy vositalar va ularning ayrim qismlarining texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarini oshirish boʻyicha amalga oshiriladigan xarajatlar kiradi.
52. Asosiy vositalarga oʻtkaziladigan kapital qoʻyilmalar asosiy vositalardan foydalanishdan kelgusida iqtisodiy naf oshganda ularning boshlangʻich qiymatini oshiradi. Kelgusida iqtisodiy nafni oshirmaydigan boshqa barcha xarajatlar ular amalga oshirilgan davrda xarajatlar sifatida tan olinadi.
53. Asosiy vositalar obyekti aktiv sifatida hisobga olinganidan soʻng, qadrsizlanish boʻyicha kelgusida jamlangan amortizatsiya va zararlar chegirilgandan keyingi qayta baholash kunidagi haqiqiy qiymatini yuzaga keltiradigan ishonchli oʻlchanadigan haqiqiy qiymati, uning qayta baholash qiymatidan yuzaga keladi. Balans qiymati hisobot kunidagi haqiqiy qiymatidan foydalanish natijasida olingan qiymatdan farq qilmasligi uchun qayta baholash doimiy ravishda amalga oshiriladi.
54. Koʻchmas mulk obyektlarining haqiqiy qiymati odatda baholash yoʻli bilan olingan bozor qiymati orqali aniqlanadi. Bino va jihozlarning haqiqiy qiymati baholash orqali aniqlangan bozor qiymati hisoblanadi. Aktiv qiymatining baholanishi oʻziga xos professional malakaga ega boʻlgan baholovchi tomonidan amalga oshiriladi. Aksariyat aktivlarning haqiqiy qiymati bozordagi kotirovka narxlaridan kelib chiqib oʻrnatiladi (masalan, joriy bozor narxlari yer, ixtisoslashmagan binolar, avtotransport vositalari va uskuna va jihozlarning koʻplab turlariga taalluqli boʻlishi mumkin).
7-bob. Asosiy vositalarni qayta baholash
55. Asosiy vositalarni qayta baholash — asosiy vositalar qayta tiklash qiymatini hozirgi bozor narxlari darajasiga muvofiqlashtirish maqsadida ularni vaqti-vaqti bilan aniqlashtirishdir.
56. Qiymatini aniq baholash imkoni boʻlgan asosiy vosita aktiv sifatida tan olinganidan keyin amortizatsiya va qadrsizlanish xarajatlarini chegirib tashlagan holda qayta baholangan qiymati buxgalteriya hisobida aks ettiriladi.
Boshlangʻich qiymatni aniq oʻlchash imkoni boʻlgan asosiy vositalar aktiv sifatida tan olingandan keyin qayta baholash qiymatida, yaʼni qayta baholash kunidagi aktivning boshlangʻich qiymatidan jamlangan amortizatsiya va qadrsizlanishdan koʻrilgan zararlar chegirilgandagi qiymati boʻyicha hisobga olinadi.
57. Balans qiymati va hisobot kunidagi qiymat oʻrtasidagi sezilarli farqlarning oldini olish uchun asosiy vosita obyektini qayta baholash bir yilda kamida bir marta oʻtkaziladi.
58. Asosiy vosita obyektini qayta baholash indeksatsiya yoki hujjatlarga asoslangan bozor qiymati boʻyicha amalga oshiriladi.
Tashkilot Standartning oʻz hisobot siyosatida qayta baholash usulini aniqlashi va mazkur usulni barcha asosiy vosita guruhlariga qoʻllashi zarur.
59. Mol-mulk birligining bozor qiymatini aniqlashning imkoni boʻlmasa, aktiv qiymati oʻxshash xususiyatlarga ega mol-mulk qiymatiga asoslangan holda aniqlanadi.
60. Aktiv qayta baholanayotganda unga tegishli boʻlgan barcha asosiy vosita guruhlaridagi aktivlar qayta baholanishi zarur.
61. Asosiy vositalarni qayta baholashda qayta baholash sanasidagi jami amortizatsiya balans qiymatiga mos ravishda oʻzgartiriladi. Keyingi amortizatsiyalanadigan qiymat qayta aniqlangan qiymatdan chegirib boriladi.
62. Qayta baholash natijasida asosiy vosita balans qiymatining oshgan qiymati yakuniy moliyaviy natijalarni qayd etish hisobiga toʻgʻridan-toʻgʻri kreditlanadi. Qayta baholash natijasida asosiy vosita balans qiymatining kamaygan summasi yakuniy moliyaviy natijalarni qayd etish hisobiga toʻgʻridan-toʻgʻri debetlanadi.
8-bob. Asosiy vositaning amortizatsiyasini hisoblash
63. Asosiy vositalar qiymati amortizatsiyani hisoblash yoʻli bilan qoplanadi. Amortizatsiyalanadigan qiymat butun foydali xizmat davri mobaynida tashkilot xarajatlariga Standartda koʻrsatilgan tartibda tizimli ravishda taqsimlanadi.
64. Tashkilot asosiy vosita guruhining tan olingan boshlangʻich qiymatini har bir qismga taqsimlaydi va obyektning har bir qismiga alohida amortizatsiyalanadigan qiymatni hisoblaydi.
65. Aktivning foydali xizmat davri va likvidatsion qiymati har bir yillik hisobot sanasida qayta koʻrib chiqiladi va kutilgan baholashlarda oʻzgarish yuz berganda mazkur oʻzgarishlar Oʻzbekiston Respublikasi Budjet hisobining standarti (1-sonli BHS) “Hisob siyosati”ga (roʻyxat raqami 2853, 2016-yil 27-dekabr) muvofiq hisobot siyosatidagi oʻzgarishlar sifatida qabul qilinadi.
66. Asosiy vosita obyektiga amortizatsiya xarajatlarini hisoblash obyekt asosiy vosita tarkibiga qoʻshib olingan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlanadi va obyekt balansdan chiqarilmaguniga yoki toʻliq amortizatsiya hisoblanilguniga qadar davom etadi.
67. Asosiy vosita obyektiga amortizatsiya hisoblanishi uning balans qiymatini tugatish qiymatigacha yoki obyekt balansdan chiqarilmaguniga qadar davom etadi.
68. Amortizatsiya quyidagi asosiy vositalar boʻyicha aniqlanmaydi:
yer uchastkalari arxitektura va sanʼatning noyob yodgorliklari boʻlgan imoratlar va inshootlar;
kabinet va laboratoriyalarda joylashgan oʻquv ishlari va ilmiy maqsadlarda foydalaniladigan jihozlar, eksponatlar, nusxalar, amaldagi va amal qilmayotgan modellar, maketlar va boshqa koʻrgazmali qoʻllanmalar;
mahsuldor qoramollar, qoʻtoslar, hayvonot olami eksponatlari (hayvonot bogʻi va shunga oʻxshash tashkilotlarda);
foydalanish mumkin boʻlgan yoshga yetmagan koʻp yillik koʻchatlar;
kutubxona fondlari;
filmlar fondi;
sahnaga qoʻyish uskunalari, badiiy va muzey buyumlari;
qabul qilish dalolatnomasi rasmiylashtirilmagan kapital qurilish obyektlari yoki uning qismlari hamda tugallanmagan qurilishlar;
Keyingi tahrirga qarang.
konservatsiyaga oʻtkazilgan asosiy vositalar.
69. Asosiy vositalar obyektining foydali xizmat davri davomida amortizatsiya hisoblanishi toʻxtatilmaydi, bundan ularni butkul toʻxtatish sharti bilan obyektni qurib bitkazish, toʻliq jihozlash, qayta qurish, zamonaviylashtirish, texnik qayta qurollantirish davri mustasno. Baʼzi hollarda, maʼlum bir qonun hujjatlariga muvofiq obyekt yomon saqlanishi yoki taʼmirlash ishlari noaniq muddatga kechiktirilishi mumkin. Bunday hollarda asosiy vositaning foydalanish davri qayta koʻrib chiqilishi va toʻgʻrilanishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
70. Asosiy vosita obyektlari boʻyicha amortizatsiya hisoblash hisobot davrida amalga oshiriladi va buxgalteriya hisobida tegishli hisobot davrida aks ettiriladi.
Amortizatsiya hisoblash asosiy vositalar obyektlari qiymatining 100 foizidan oshib ketishi mumkin emas.
Agar yer uchastkasining boshlangʻich qiymati tarkibiga demontaj, koʻchirish va qayta tiklash maydonlari xarajatlari kiritilsa, bu yer uchastkasi aktiviga yuqoridagi xarajatlar amalga oshirilganidan keyingi samarali xizmati davri uchun amortizatsiya hisoblanadi.
71. Baʼzi hollarda yer uchastkasi chegaralangan foydalanish davriga ega boʻladi va bunday hollarda uning qiymati kelajakda kelishi kutilayotgan iqtisodiy daromad va foydaga asosan aniqlanadi.
72. Tashkilot asosiy vositaning boshlangʻich qiymatini uning aniq ajralgan boʻlaklariga asosan taqsimlaydi va har bir qismga alohida amortizatsiya hisoblaydi (masalan, koʻp hollarda yoʻlak, betonli toʻsiq, piyodalar oʻtish joyi va yoʻllarni yoritish tizimlariga alohida amortizatsiya hisoblash talab etiladi).
73. Hisobot davrida amortizatsiya summasi, qoidaga koʻra xarajat sifatida tan olinadi. Biroq tashkilotga kelishi kutilayotgan iqtisodiy manfaat va foydaga qarab amortizatsiya summasi ishlab chiqarilayotgan tovar (bajarilayotgan ishlar va koʻrsatilayotgan xizmatlar) tannarxiga kiritiladi.
74. Asosiy vosita obyekti olib kelishi kutilayotgan iqtisodiy foyda va foydali potensial salohiyat tashkilot aktividan foydalanish natijasida isteʼmol qilinadi. Biroq, texnik va fizik jihatdan amortizatsiya kabi boshqa faktorlar koʻp hollarda aktivdan foydalanilmayotgan boʻlsa ham kutilayotgan iqtisodiy manfaat va foydali potensial kamayishiga olib keladi. Shu sababdan foydalanish davrini aniqlashda quyidagi omillar inobatga olinishi kerak:
tashkilotning asosiy vosita obyektidan kutilayotgan foydalanish qiymati. Obyektning kutilayotgan quvvati yoki fizik mahsuldorligiga asosan foydalanish qiymati aniqlanadi;
mahsulotning ishlab chiqarilishida aktivning ishlatilishi lozim boʻlgan oʻzgarishlar soni, taʼmirlash davriyligi va obyektga foydalanish davrida xizmat koʻrsatish natijasida yuzaga kelgan fizik amortizatsiyalar;
ishlab chiqarish jarayoni rivojlanishi natijasida texnik yoki maʼnan amortizatsiyalar;
aktivdan foydalanishdagi ijara davrining tugashi kabi qonuniy cheklovlar.
75. Asosiy vositalarning amortizatsiya summasi foydalanish davrida tizimli ravishda hisoblanib boriladi.
76. Tashkilotlar tomonidan amortizatsiya hisoblash usuli asosiy vositalardan kelajakda kelishi kutilayotgan iqtisodiy manfaat va foydali potensialga asosan aniqlanadi.
77. Amortizatsiyani hisoblash quyidagi usullarni qoʻllash orqali amalga oshiriladi:
a) amortizatsiyani hisoblashning bir maromli (toʻgʻri chiziqli) usuli. Mazkur hisoblash usulida amortizatsiya asosiy vositalarni foydali xizmat davri mobaynida ularning amortizatsiya qiymatidan kelib chiqqan holda bir maromda teng ulushlarda hisoblanadi.
Bir maromli (toʻgʻri chiziqli) usulga koʻra asosiy vositalarning amortizatsiyalanadigan qiymati uning xizmat muddati davomida tegishli xarajatlarga bir maromda — hisobdan chiqariladi (taqsimlanadi). Ushbu usul amortizatsiya meʼyori foydali xizmat davrining faoliyatiga bogʻliqligiga asoslangan. Har bir davr uchun amortizatsiya ajratmalari summasi amortizatsiya qiymatini asosiy vositalardan foydalanilgan hisobot davrlari soniga boʻlish yoʻli bilan hisoblanadi.
Amortizatsiyani bir maromli (toʻgʻri chiziqli) hisoblash usulida amortizatsiya ajratmalarining yillik summasi asosiy vositalarning amortizatsiyalanadigan qiymat va mazkur obyektning foydali xizmat davridan kelib chiqib aniqlanadi;
b) amortizatsiyani bajarilgan ishlar hajmiga mutanosib ravishda hisoblashning ishlab chiqarish usuli. Amortizatsiyani hisoblashning ishlab chiqarish usuli har bir muayyan yildagi asosiy vositalarning ishlab chiqarish quvvati hisobga olinishiga asoslangan. Mazkur usul boʻyicha amortizatsiyaning har yilgi qiymatini hisoblash uchun butun foydali xizmat davridagi umumiy baholangan ishlab chiqarish quvvati yigʻindisi va mazkur muayyan yildagi ishlab chiqarish quvvati aniqlanishi lozim. Ishlab chiqarish quvvati sifatida ishlab chiqariladigan mahsulot birliklari soni, ishlangan soatlar soni, ogʻirlik, bosib oʻtilgan kilometrlar miqdori va boshqalar olinishi mumkin.
Amortizatsiyani hisoblashning ishlab chiqarish usulida yillik amortizatsiya ajratmalari summasi hisobot davridagi mahsulot (ishlar, xizmatlar) hajmining natural koʻrsatkichidan hamda asosiy vositalar amortizatsiyalanadigan qiymatning asosiy vositalar butun foydali xizmat davrida nazarda tutilayotgan mahsulot (ishlar, xizmatlar) hajmiga nisbatidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
78. Asosiy vositaga qoʻllaniladigan amortizatsiya hisoblash usuli har bir yillik hisobot sanasi uchun minimal qiymat sifatida qaralishi kerak va kutilayotgan iqtisodiy manfaat yoki foydali salohiyatda oʻzgarish kutilsa, bu oʻzgarishlarni aks ettirish uchun amortizatsiya hisoblash usuli oʻzgartirilishi zarur.
9-bob. Asosiy vositalarning tannarxi va qadrsizlanishi
79. Asosiy vositalar tannarxi oʻz ichiga:
aktivni balansdan chiqarish va savdo chegirmasi ayrilgandan keyingi xaridga tiklanmaydigan soliqlarni va import bojlarini oʻz ichiga oluvchi xarid bahosini;
aktivni oʻz joyiga yetkazib berishda bevosita xarajatlar va foydalanish uchun zarur boʻlgan holatga keltirish xarajatlarini;
obyekt joylashgan uchastkaning qayta tiklanishi, qayta montaj uchun xarajatlarni, subyektning obyektni sotib olishida yoki maʼlum muddat davomida tovar-moddiy zaxiralarning ishlab chiqarilishidan koʻra boshqa maqsadlarda foydalanish natijasida yuzaga keladigan majburiyatlarini oladi.
80. Bevosita xarajatlarga:
asosiy vositalarning sotib olinishi yoki qurilishi bilan bogʻliq boʻlgan ishlarni bajarishda ishchilarni mukofotlashga;
yer uchastkasini tayyorlashga;
yuklashga (boshlangʻich xarajatlar) va yetkazib berishga;
montaj va oʻrnatishga;
aktivning oʻz joyiga yetkazib berish va ish faoliyatiga keltirish jarayonida ishlab chiqarilgan biror bir mahsulotni sotishdan tushgan sof tushumlarni chegirgan holda aktivning faoliyat koʻrsatishiga tegishli tekshirishlarga xarajatlar (masalan, jihozni tekshirishdan olingan namunalar);
professional xizmatlarga ketgan xarajatlar kiradi.
81. Tashkilot hisob siyosati sifatida tannarx boʻyicha hisoblash usulini yoki qayta baholash usulidan birini tanlaydi va asosiy vositalarning barcha guruhlariga qoʻllaydi.
82. Shikastlangan yoki yoʻqolgan asosiy vositalar obyektlari uchun uchinchi tomon kompensatsiya toʻlovlari foyda yoki zararga kiritiladi.
Asosiy vositalarning qadrsizlanishi yoki yoʻqolishi bilan bogʻliq boʻlgan uchinchi tomon kompensatsiya toʻlovlari va ularning oʻrniga qurilgan yoki sotib olingan aktivlar alohida iqtisodiy hodisa hisoblanadi va quyida keltirilgan tartibda alohida hisobga olinadi:
foydalanishdan chiqarib olingan yoki chiqib ketishidan keyingi asosiy vosita obyektlarining balansdan chiqarilishi mazkur Standartga asosan amalga oshiriladi;
shikastlangan, yoʻqolgan yoki berilgan asosiy vositalar obyektlari uchun uchinchi tomon kompensatsiyasini, kompensatsiya olingan taqdirda foyda yoki zararga kiritish mumkin;
asosiy vosita obyektlarining almashinuv sifatida tiklangan, sotib olingan yoki qurilgandagi qiymati mazkur Standartga muvofiq aniqlanadi.
10-bob. Asosiy vositalar inventarizatsiyasi
83. Asosiy vositalarning haqiqatdan ham mavjudligini aniqlash va ularning butunligini taʼminlash maqsadida tashkilotlar tomonidan har 2 yilda bir martadan kam boʻlmagan holda asosiy vositalar inventarizatsiyasi oʻtkaziladi (kutubxona fondlari uchun 5 yilda bir marta).
84. Asosiy vositalar inventarizatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (19-BHMS) “Inventarizatsiyani tashkil etish va oʻtkazish”ga (roʻyxat raqami 833, 1999-yil 2-noyabr) asosan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
85. Inventarizatsiya jarayonida aniqlangan asosiy vositalar daromadlar yoki xarajatlar sifatida tan olinadi. Inventarizatsiya jarayonida yetishmovchiligi aniqlangan asosiy vositalar aybdor shaxslar topilguniga qadar kamomadlar hisobiga kiritiladi.
86. Asosiy vositalarning balans qiymatini ularning haqiqiy (joriy) qiymatiga mos kelmasligi aniqlangan holatda oshirish yoki kamaytirish Standartga muvofiq amalga oshiriladi.
11-bob. Asosiy vositalarning balansdan chiqib ketishi va sotilishi
87. Asosiy vositalarning qiymati chiqib ketishida balansdan chiqarilishi lozim.
88. Asosiy vositalar qiymati tashkilot balansidan quyidagilar natijasida hisobdan chiqariladi:
tugatilganda;
sotilganda;
almashuv operatsiyalari orqali berilganda;
begʻaraz berilganda;
kamomad yoki yoʻqotishlar aniqlanganda;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Keyingi tahrirga qarang.
89. Asosiy vositalar qisman tugatilgan holatda uning boshlangʻich qiymati va hisoblangan amortizatsiya tegishlicha obyekt tugatilgan qismining boshlangʻich qiymati va hisoblangan amortizatsiya summasiga kamaytiriladi.
90. Tashkilot asosiy vositalari balansidan chiqarilishi, asosiy vosita va boshqa tovar-moddiy zaxiralarning sotilishidan olingan summani taqsimlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 31-dekabrdagi 343-son qarori bilan tasdiqlangan Budjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalarining asosiy vositalarini hamda qurilishi tugallanmagan obyektlarini sotish, shuningdek ularni sotishdan tushgan pul mablagʻlarini taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.
91. Asosiy vosita balansdan chiqarilishi natijasida yuzaga kelgan daromad va xarajatlar asosiy vosita hisobdan chiqarilganida olingan sof tushum va uning balans qiymati oʻrtasidagi farq sifatida tan olinishi kerak.
92. Asosiy vositaning chiqib ketishida uning qiymati haqiqiy narxda tan olinadi.
93. Qayta tiklangan, xarid qilingan yoki oʻrnatilishi sifatida qurilgan asosiy vosita birliklarining tannarxi Standart boʻyicha aniqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
12-bob. Axborotning oshkor etilishi
94. Moliyaviy hisobotlarda har bir asosiy vosita guruhi haqida quyidagi maʼlumotlar aks ettirilishi zarur:
a) balans qiymatini aniqlash uchun narxlash asoslari;
b) amortizatsiya hisoblanishida foydalanilgan usul;
v) qoʻllanilgan foydalanish davri va amortizatsiya meʼyorlari;
g) balans qiymati va yil boshi va yil oxiridagi amortizatsiyalanadigan qiymati;
d) hisobot davri boshi va oxiridagi balans qiymati taqqoslanishi, unda:
qoʻshilishi;
chiqib ketishi;
tashkilotlarni birlashtirish natijasida qoʻlga kiritish;
tabiiy ofat va baxtsiz hodisalar natijasida;
hisobot davri davomida qayta baholash yoki qadrsizlanishi natijasida qiymatining oshishi yoki kamayishi;
moliyaviy hisobot koʻrsatkichlarini chet el valyutasidan milliy valyutada qayta hisoblash jarayonida yuzaga keladigan ayirboshlash kursi oʻzgarishi natijasida yuzaga kelgan farq.
95. Moliyaviy hisobotlarda har bir asosiy vosita guruhi haqida quyidagi maʼlumotlar ham aks ettirilishi zarur:
majburiyatlar uchun garov sifatida turgan asosiy vositalarga egalik huquqi va unga cheklovlar;
asosiy vositalar birligining balans qiymatiga kiritilgan qurilish jarayonida xarajatlar summasi;
asosiy vositalarni xarid qilish shartnomasidagi majburiyatlar summasi;
qadrsizlangan, boshqa tashkilotlarga berilgan yoki yoʻqotilgan asosiy vositalar birligi uchun uchinchi tomonlar tomonidan toʻlangan, xarajatlar yoki daromadlarga kiritilgan kompensatsiya summasi;
hisobot davri davomida ishlab chiqarilgan tovar (ish, xizmat) sifatidagi daromadlar yoki xarajatlar tannarxi;
davr oxirida jami amortizatsiya summasi.
96. Shuningdek, joriy yoki keyingi davrlarga taʼsir koʻrsatuvchi hisobot siyosatidagi oʻzgarishlar xarakteri va natijalari oshkor etilishi lozim. Asosiy vositalar uchun bunday oshkor etilishi hisob siyosatidagi quyidagi oʻzgarishlar natijasida amalga oshirilishi mumkin:
tugatish qiymati;
asosiy vositalar obyektlarini demontaj, koʻchirish yoki qayta tiklash uchun zarur xarajatlarning summasi;
foydalanish davri;
amortizatsiya hisoblash usuli.
97. Taqdim qilinayotgan hisobotlarda asosiy vositalar obyekti boʻyicha qayta baholash amalga oshirilgan hollarda, quyidagi maʼlumotlar ochib berilishi zarur:
qayta baholash oʻtkazilgan sana;
mustaqil baholovchi jalb etilganligi;
aktivlarning haqiqiy qiymatini aniqlashda qoʻllanilgan usullari va asoslari;
faol bozordagi narxlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri solishtirish bilan bevosita aniqlangan, bozor shartlaridagi tuzilgan kelishuvlar bilan yoki boshqa baholash usullari yordamida hisoblangan aktivlarning haqiqiy qiymat birligi darajasi;
davr davomida oʻzgarishni koʻrsatuvchi qayta baholash qiymatining oʻsishi va xususiy kapital aksiyadorlari va boshqa ishtirokchilari oʻrtasidagi qoldiqning taqsimlanishi boʻyicha istalgan cheklovlar;
mazkur guruh ichidagi asosiy vositalar alohida predmetlari boʻyicha qayta baholashning oʻsish summasi;
mazkur guruh ichidagi asosiy vositalar alohida predmetlari boʻyicha qayta baholashning kamayishlari summasi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 10/19/3144/2808-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 15.04.2025-y., 10/25/3144-1/0344-son; 16.03.2026-y., 10/26/3144-2/0239-son)