O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrug‘i
O‘zbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (1-sonli BHS) “Hisob siyosati”ni tasdiqlash to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 27-dekabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2853]
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2026-yil 10-martdagi 341-sonli “O‘zbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (1-sonli BHS) “Hisob siyosati, hisob baholaridagi o‘zgarishlar va xatolar”ni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3797, 27.03.2026-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 161-moddasiga muvofiq va budjet hisobini davlat sektorida moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari bilan muvofiqlashtirish maqsadida buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (1-sonli BHS) “Hisob siyosati” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 12-dekabr,
91-son
O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining 2016-yil 12-dekabrdagi 91-son buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (1-sonli BHS) “Hisob siyosati”
Mazkur O‘zbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (1-sonli BHS) “Hisob siyosati” (bundan buyon matnda Standart deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasining Budjet kodeksiga muvofiq budjet hisobini normativ tartibga solish tizimining elementi hisoblanadi. Mazkur Standart budjet hisobining boshqa standartlari bilan birgalikda qo‘llaniladi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Standartda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
budjet hisobi — budjet tizimi budjetlarini ijro etishda hisobga olinadigan, pulda ifodalangan aktivlar va majburiyatlarning, shuningdek mazkur aktivlar va majburiyatlarni o‘zgartiruvchi operatsiyalarning holati to‘g‘risidagi axborotni to‘plash, ro‘yxatdan o‘tkazish va umumlashtirishning tartibga solingan tizimi;
hisob siyosati — mazkur Standartning 4-bobida belgilangan prinsiplarga muvofiq budjet tashkilotlari tomonidan budjet hisobini yuritish va moliyaviy hisobotlarni tuzishda qo‘llaniladigan aniq uslublar, asoslar, yo‘l qo‘yishlar, qoidalar hamda usullar majmui.
2. Mazkur Standartning maqsadi hisob siyosatini tanlash va o‘zgartirishlar kiritish mezonlarini, shuningdek budjet tashkilotlari tomonidan budjet hisobini va moliyaviy hisobotni tuzish, hisob siyosatidagi o‘zgarishlar to‘g‘risidagi axborotni ochib berish tartibini belgilab berishdan iborat.
3. Mazkur Standart budjet tashkilotlarining moliyaviy hisobotlariga bo‘lgan ishonchlilik darajasini va ma’lum bir davriylikdagi moliyaviy hisobotlarini, shuningdek boshqa budjet tashkilotlarining moliyaviy hisobotlarini o‘zaro solishtirish darajasini oshirishga mo‘ljallangan.
4. Hisob siyosati budjet tashkilotlari tomonidan budjet to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida mavjud o‘zaro bir-birini istisno etuvchi bir nechta hisob yuritish usullaridan birini tanlash maqsadida tuziladi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
2-bob. Standartning qo‘llanish sohasi
5. Mazkur Standart budjet tashkilotlarida hisob siyosatini tanlash va qo‘llash, hisob siyosatiga o‘zgarishlarning hisobini yuritish hamda moliyaviy hisobotlarni tuzishda qo‘llanilishi lozim.
6. Mazkur Standart barcha budjet tashkilotlariga qo‘llaniladi.
3-bob. Hisob siyosatini shakllantirish va unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish asoslari
7. Hisob siyosati rahbar yoki uning o‘rinbosarining buyrug‘i yoki qarori bilan tasdiqlanadi va yildan-yilga izchil qo‘llaniladi.
8. Budjet hisobini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan hollarda, shuningdek budjet tashkiloti qayta tashkil etilganda hisob siyosatiga o‘zgartirishlar kiritish mumkin.
(8-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
Budjet hisobi ma’lumotlarini solishtirishni ta’minlash maqsadida hisob siyosatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar moliya yili boshidan, agar budjet tashkiloti qayta tashkil etilayotgan bo‘lsa uni qayta tashkil etilgan sanadan kiritiladi.
9. Budjet tashkiloti yillik moliyaviy hisobotga tushuntirish xatida kelgusi moliya yili uchun hisob siyosatidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida ma’lumot beradi.
10. Hisob siyosati moliyaviy hisobotni barcha qo‘llanilayotgan budjet hisobi standartlari asosida shakllantirilishini ta’minlashi kerak.
Moliyaviy hisobot o‘ziga xos talablar bo‘lmaganida:
a) ahamiyatga ega bo‘lishi — ma’lumot undan foydalanuvchilarning ehtiyojlarini qondirishi;
b) ishonchli bo‘lishi — budjet tashkilotlari faoliyatining barcha natijalari va moliyaviy holatini xolisona ko‘rsatishi, hodisalar va operatsiyalarning iqtisodiy mohiyatini aks ettirishi;
v) xolis (beg‘araz) bo‘lishi va majburiy bo‘lmasligi;
g) to‘la (tugallangan) bo‘lishi — budjet tashkiloti xo‘jalik faoliyatining barcha faktlarini to‘la aks ettirishi lozim.
11. Hisob siyosati o‘z ichiga quyidagilarni olishi lozim:
budjet tashkilotining buxgalteriya xizmati tashkiliy tuzilmasini;
budjet tashkilotida inventarizatsiya o‘tkazishning tartibi va muddatlarini (inventarizatsiya qilish majburiy bo‘lgan hollardan tashqari);
budjet tashkiloti tomonidan foydalaniladigan va unda sintetik va analitik schyotlar ro‘yxati bo‘lishi lozim bo‘lgan ishchi schyotlar rejasini. Mazkur ma’lumot hisob siyosatiga ilova tarzida taqdim etiladi;
hujjatlar aylanmasi grafigini;
hisob ma’lumotlarini qayta ishlash usullarini (qo‘lda yoki dasturiy ta’minotni qo‘llash orqali);
namunaviy shakllari nazarda tutilmagan, xo‘jalik operatsiyalarini qayd qilish uchun qo‘llaniladigan birlamchi hisob hujjatlarining shakllarini;
asosiy vositalarning inventar raqami tuzilmasini;
birlamchi hisob hujjatlariga imzo qo‘yish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar ro‘yxatini;
asosiy fondlarni qayta baholash uslublarini;
inventarizatsiya qilishda (ortiqcha yoki kamomadda) mulkni baholash uslublarini;
quyi turuvchi tasarrufidagi tashkilotlarning hisobot taqdim etish muddatlarini;
tovar (ish, xizmat)lar kalkulyatsiyasini shakllantirish tartibini.
4-bob. Hisob siyosatining prinsiplari
1-§. Ikkiyoqlama yozuv usulida hisob yuritish
12. Ikkiyoqlama yozuv usulida hisob yuritish prinsipi budjet tashkiloti buxgalteriyasi barcha xo‘jalik operatsiyalarini hisob registrlarida ro‘yxatga olishni ikkiyoqlama yozuv tizimi asosida amalga oshirishini bildiradi. Ikkiyoqlama yozuv tizimi bir xo‘jalik operatsiyasi bo‘yicha bir summaning budjet hisobining ikki schyotida — birining debetida va ikkinchisining kreditida aks ettirilishini nazarda tutadi.
2-§. Uzluksizlik
13. Uzluksizlik prinsipi budjet hisobini yuritish muddati budjet tashkilotining faoliyati davriga muvofiq bo‘lishini, ya’ni hisob yozuvlari yuritish budjet tashkilotining tashkil etilishidan to tugatilguniga qadar amalga oshirilishini bildiradi. Budjet tashkiloti o‘z faoliyatini tugatgan kundan boshlab budjet hisobini yuritishni to‘xtatadi.
Uzluksizlik prinsipiga asoslanib tayyorlangan moliyaviy hisobot budjet tashkiloti doimiy faoliyat yuritishini va noma’lum uzoq muddat davomida o‘z faoliyatini davom ettirishini bildiradi.
3-§. Xo‘jalik operatsiyalari, holatlar, aktivlar va passivlarga pul bilan baho berish
14. Barcha xo‘jalik operatsiyalari, holatlar, aktivlar va passivlar yagona, bir xil birlikda o‘lchanishi — pul bilan baholanishi lozim. O‘zbekiston Respublikasida pul o‘lchov birligi — so‘m va uning yuzdan bir ulushi tiyin hisoblanadi.
4-§. Ishonchlilik
15. Axborotda jiddiy xatolar yoki g‘arazlilik bo‘lmasa va foydalanuvchilar unga tayanishlari mumkin bo‘lsa, u ishonchli hisoblanadi.
Operatsiyalar va holatlarning ishonchliligi birlamchi hisob hujjatlari bilan tasdiqlanadi va har bir hisob yozuvi haqiqatda amalga oshirilgan xo‘jalik operatsiyalarini tasdiqlovchi birlamchi hisob hujjatlariga asoslangan bo‘lishi kerak.
5-§. Hisoblash
16. Hisoblash prinsipiga muvofiq aktivlar, passivlar, daromadlar va xarajatlar, budjet tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan xo‘jalik operatsiyalari va holatlar budjet hisobida bu harakatlar yuzasidan pul mablag‘lari yoki ekvivalentlari olingan yoxud to‘langan paytda emas, balki shu harakatlar sodir etilgan (yoki haqiqatda olingan) paytda aks ettirilishi lozim.
6-§. Oldindan ko‘ra bilish (ehtiyotkorlik)
17. Oldindan ko‘ra bilish (ehtiyotkorlik) prinsipi moliyaviy hisobotda aktivlar va daromadlarni oshirib baholashga hamda majburiyatlar yoki xarajatlarni kamaytirib baholashga yo‘l qo‘yilmasligini nazarda tutadi.
Bu prinsipning qo‘llanishi yashirin zaxiralarni barpo etishga yoki ta’minotni oshirib ko‘rsatishga, aktivlar yoki daromadlarni, majburiyatlar va xarajatlarni ataylab kamaytirishga va oshirib ko‘rsatishga yo‘l qo‘ymaydi.
7-§. Mazmunning shakldan ustunligi
18. Mazkur prinsip agar hisob hujjatlari va moliyaviy hisobotlardagi axborot operatsiya va holatlarning mazmunini ishonchli aks ettirsa, mazkur axborot moliyaviy hisobotda hisobga olinishi va ko‘rsatilishi lozimligini anglatadi.
8-§. Ko‘rsatkichlarning qiyosiyligi
19. Moliyaviy axborot foydali va mazmunli bo‘lishi uchun u turli hisobot davrlaridagi axborotlar bilan qiyoslanadigan bo‘lishi lozim. Foydalanuvchilar budjet tashkiloti tomonidan moliyaviy hisobot tayyorlashda foydalanilgan hisob siyosatidan, mazkur siyosatdagi barcha o‘zgarishlardan va shunday o‘zgarishlarning natijalaridan xabardor bo‘lishlari kerak.
9-§. Moliyaviy hisobotdagi betaraflik
20. Moliyaviy hisobotda taqdim etilayotgan axborot ishonchli bo‘lishini ta’minlash uchun xolisona bo‘lishi lozim.
10-§. Hisobot davridagi daromadlar va xarajatlarning muvofiqligi
21. Hisobot davridagi daromadlar va xarajatlarning muvofiqligi mazkur hisobot davridagi xarajatlarni amalga oshirishni ta’minlagan mazkur davrdagi daromadlarnigina aks ettirilishini anglatadi.
11-§. Aktivlar va majburiyatlarni haqiqiy baholash
22. Aktivlar va majburiyatlarni haqiqiy baholash prinsipi budjet tashkiloti uchun baholashda aktivning qiymati asos bo‘lishini nazarda tutadi.
5-bob. Axborotni ochib berish
23. Budjet tashkiloti:
Standart nomini;
hisob siyosatining o‘zgarish xususiyatini;
ishonchli va talab etiladigan axborotni olish imkonini beradigan yangi hisob siyosatini qo‘llash sabablarini;
hisobotda aks ettirilgan joriy davr uchun va har bir oldingi davr uchun moliyaviy hisobotning o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan qismini har bir moddalar qatoriga kiritilgan tuzatishlar summasini amalda imkoni boricha ochib berishi lozim.
O‘tgan davrlar moliyaviy hisobotida mazkur ochib berilgan axborotni takrorlash talab etilmaydi.
24. Budjet tashkiloti mazkur hisobot davriga o‘z ta’sirini ko‘rsatayotgan yoki kelgusi hisobot davriga ta’sirini ko‘rsatishi kutilayotgan hisob siyosatidagi o‘zgarishlar summasi va xarakteri to‘g‘risidagi axborotni ochib berishi lozim, ta’sirini baholab bo‘lmaydigan axborotni ochib berish bundan mustasno.
Agar kelgusi davrlarga ta’sir etuvchi summa, baholash imkoniyati bo‘lmasligi oqibatida ochib berilmasa, budjet tashkiloti mazkur holatni ko‘rsatib o‘tishi lozim.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2016-y., 52-son, 610-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)