OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
AHOLIGA MAIShIY XIZMAT KOʻRSATUVChI KORXONALAR VA TAShKILOTLARNING OʻZBEKISTON RESPUBLIKA UYuShMASI (“OʻZMAIShIYXIZMATUYuShMA”) FAOLIYATI MASALALARI HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga maishiy xizmat koʻrsatuvchi korxonalar va tashkilotlarning Oʻzbekiston respublika uyushmasi (“Oʻzmaishiyxizmatuyushma”)ni tashkil qilish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq va respublika aholisiga maishiy xizmat koʻrsatish darajasini oshirish, mulkchilikning hamma shakllaridagi maishiy xizmat korxonalarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, Aholiga maishiy xizmat koʻrsatuvchi korxonalar va tashkilotlarning Oʻzbekiston Respublika uyushmasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi tugatilgan aholiga maishiy xizmat koʻrsatish boʻyicha Respublika davlat-kooperativ markazining huquqiy vorisidir;
toʻla xoʻjalik hisobi prinsiplari asosida moliya-iqtisodiy, xoʻjalik va ijtimoiy faoliyat masalalarini mustaqil ravishda hal etadi.
2. “Oʻzmaishiyxizmatuyushma”ning ilovada koʻrsatilgan birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning mulkiga toʻla xoʻjalik yuritish huquqi saqlab qolinsin.
3. Belgilansinki, “Oʻzmaishiyxizmatuyushma”ga kirgan mulkchilikning barcha shakllaridagi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar, shuningdek, yakka tartibda ishlovchi tadbirkorlar oʻzaro va “Oʻzmaishiyxizmatuyushma” bilan munosabatlarini Ustavga muvofiq va xoʻjalik shartnomalari asosida koʻradilar.
4. Kengash “Oʻzmaishiyxizmatuyushma”ni boshqarish organi boʻlib hisoblanadi, Kengash oʻz rayosatini, rayosat raisini va uning oʻrinbosarlarini saylaydi, uyushmaning ishchi apparati tuzilishini, tarkibi va sonini, mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasi va tizimini, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish shartlarini belgilaydi. “Oʻzmaishiyxizmatuyushma”ga rayosat raisining toʻrt nafar oʻrinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosariga ega boʻlish tavsiya etilsin.
“Oʻzmaishiyxizmatuyushma” rayosatining raisi va uning oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
“Oʻzmaishiyxizmatuyushma” rayosatining raisi va uning oʻrinbosarlari uchun tugatilgan “Oʻzmaishiymarkaz” raisi va oʻrinbosarlari uchun ilgari belgilangan maishiy, tibbiy va transport xizmatlari koʻrsatish shart-sharoitlari saqlab qolinsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari aholiga maishiy xizmat koʻrsatish hududiy uyushmalarining umumtarmoq funksiyalarini bajaruvchi korxonalarning (avtoxoʻjaliklar, oʻquv-kurs kombinatlari, moddiy-texnika taʼminoti bazalari, remont-qurilish uchastkalari va boshqarmalari, gʻisht zavodlari va boshqalar) mulkiga toʻla xoʻjalik yuritish huquqini saqlab qolsinlar.
6. Aholiga maishiy xizmat koʻrsatuvchi korxonalar va tashkilotlarning Oʻzbekiston Respublika uyushmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan birgalikda 3 oy muddat ichida:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Aholiga maishiy xizmat koʻrsatish vazirligini, viloyatlar va Toshkent shahar aholiga maishiy xizmat koʻrsatish boshqarmalari, birlashmalari, uyushmalari va konsernlarini hududiy uyushmalarga aylantirsin;
“Oʻzbekiston Respublikasida korxonalar toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq “Uzrembittexnika” konserni va “Uzstroyremmebelbit” uyushmasi tarkibiga kiruvchi firmalar va trestlarning aholiga maishiy xizmat koʻrsatish hududiy uyushmalarini taʼsis qilishda qatnashishlarini taʼminlasin.
7. Oʻzbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Oʻzmaishiyxizmatuyushma”ga 1992-yilda ishlab chiqarish va ekspluatatsiya ehtiyojlari, kapital qurilish va ilmiy-tadqiqot ishlari uchun ilgari “Oʻzmaishiymarkaz” uchun nazarda tutilgan kapital mablagʻlar va moliya mablagʻlari limitlarini ajratsinlar.
8. “Oʻzshartnomasavdo”, “Uzglavlegsnabsbit” 1992-yil uchun moddiy-texnika resurslari kvotasini koʻrib chiqayotganda “Oʻzmaishiyxizmatuyushma”ga respublika Hukumati tomonidan tartibga solinadigan mahsulotlar nomenklaturasi boʻyicha materiallar, asbob-uskunalar va buyumlar ajratishni nazarda tutsinlar.
9. Quyidagi qarorlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston SSJ Vazirlar Kengashining “Oʻzbekiston SSJ Aholiga maishiy xizmat koʻrsatish vazirligini Oʻzbekiston SSJ Vazirlar Kengashi huzuridagi Aholiga maishiy xizmat koʻrsatish jumhuriyat Davlat-kooperativ markazi — “Oʻzmaishiymarkaziga aylantirish toʻgʻrisida” 1990-yil 1-oktabrdagi 320-son qarori;
Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston SSJ Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Aholiga maishiy xizmat koʻrsatish boʻyicha Davlat-kooperativ markazi (“Uzbitsentr”) haqidagi Nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida” 1990-yil 26-noyabrdagi 358-son qarori.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari oʻrtoq A.N. Voznenko zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 20-aprel,
199-son
“Oʻzmaishiyxizmatuyushma” mulkiga toʻla xoʻjalik yuritish huquqiga ega boʻlgan birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning
ROʻYXATI
“Uzgiprotexbit” loyiha-texnologiya instituti, oʻz tarkibiga kiruvchi tuzilma birliklari bilan
Namangandagi 15-avtoremont zavodi
“Uzbitmontajnaladka” kapital remont va asbob-uskunalarni sozlash respublika boshqarmasi, oʻz tarkibiga kiruvchi tuzilma birliklari bilan
“Uzglavbitsnab” ishlab chiqarish-texnologiya komplektatsiyalari va taʼminoti boshqarmasi, oʻz tarkibiga kiruvchi tuzilma birliklari bilan
Respublika kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish oʻquv-kurs kombinati
Toshkent “Mebelbit” ijara korxonasi
“Matbaachi” kichik korxonasi
“Bitovik” profilaktoriysi, pioner lageri bilan
Toshkent shahridagi zargarlik zavodi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi murakkab-maishiy texnikani remont qilish, metall buyumlarni remont qilish va tayyorlash firmalari
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida uy-joylarni remont qilish va qurish, mebelni remont qilish va tayyorlash trestlari