Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumani hokimining
Qarori
Tuman hududidagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli avtomototransport vositalari va ularning tirkamalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 2021-yil 7-maydagi 219/30-VI-sonli “Samarqand viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 25-maydan oʻz kuchini yoʻqotadi
Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 15-son, 197-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 1-2-son, 17-modda) muvofiq tumanda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Tuman ichki ishlar boʻlimi (A. Jurayev) belgilangan tartibda DYHXX organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgan yuridik va jismoniy shaxslarning transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish ishlarini tashkillashtirsin.
2. Transport vositalari quyidagi davriylikka muvofiq texnik koʻrikdan oʻtkazilsin:
a) tijorat asosida yoʻlovchilar tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar va oʻtiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrnidan tashqari) odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar — bir yilda ikki marta;
b) ishlab chiqarilganligiga besh yildan koʻp boʻlmagan (ishlab chiqarilgan yili ham shu jumlaga kiradi) transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) ikki yilda bir marta;
v) ishlab chiqarilgan yilini hisobga olgan holda ishlab chiqarilganligiga besh yildan ortiq boʻlgan transport vositalari, shuningdek ishlab chiqarilgan vaqti aniqlanmagan transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) — bir yilda bir marta;
g) tirkamalar koʻrikka transport vositasi — shatakchi uchun belgilangan muddatlarda taqdim etiladi.
DYHXX organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan boshlab ulardan foydalanishning birinchi yili mobaynida transport vositalari texnik koʻrikdan oʻtkazilmaydi, mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilganlardan tashqari.
3. Mazkur qarorning 2-bandi “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalarining texnik koʻrigi:
birinchi marta — 1-mart 30-iyungacha;
ikkinchi marta — 1-sentabrdan 31-oktabrgacha oʻtkazilsin.
Yuridik shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 1-martdan 30-iyungacha oʻtkazilsin.
4. Transport vositalari DYHXX organlari tomonidan texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan miqdorlarda yigʻim undiriladi.
Birinchi (oldingi) texnik koʻrikda nosoz deb topilgan transport vositalari takroriy texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun belgilangan miqdorlarda yigʻim undiriladi.
Texnik koʻrik oʻtkazilganligi uchun yigʻim summasi tegishli mahalliy budjetga oʻtkaziladi.
5. Texnik koʻrikni oʻtkazish jadvali 1-ilovaga*;
texnik koʻrikni oʻtkazish boʻyicha komissiyaning tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 va 2-ilovalar berilmaydi.
6. Texnik koʻrikni oʻtkazish boʻyicha komissiya raisi (E. Ergashev)ga:
yuridik shaxsga texnik koʻrik oʻtkaziladigan muddatlar toʻgʻrisidagi bildirishnoma yuborish;
texnik koʻrikni tashkilotlarda, diagnostika stansiyalarida va texnika xizmati koʻrsatish stansiyalarida ish vaqtida, texnik nazorat postlarida ish kunlarining kunduzgi va tungi vaqtlarida yoki haftaning dam olish kunlaridan birida oʻtkazish;
texnik koʻrikdan oʻtkazishda texnik jihatdan nosoz deb topilgan transport vositasining, shuningdek texnik holati belgilangan talablarga javob bermaydigan yoki tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarining kamchiliklari va nosozliklarni bartaraf etish boʻyicha belgilangan tartibda tegishli choralarni koʻrish vazifalari yuklatilsin.
7. Mazkur qaror “Kattaqoʻrgʻon haqiqati” gazetasida eʼlon qilinsin hamda hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
8. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
9. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2017-yil 24-yanvardagi 500-q-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
10. Qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari N. Sanaqulov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim v.v.b Q. XUDAYBERDIYEV
Kattaqoʻrgʻon t.,
2018-yil 17-fevral,
172-q-son