Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Sudlar tomonidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishni tartibga soluvchi qonunlarni qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlar munosabati bilan sud amaliyotida vujudga kelayotgan masalalar hamda qonun normalarini bir xilda va toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasiga asoslanib Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning eʼtibori Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining (bundan buyon matnda MJtK deb yuritiladi) maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishni tartibga soluvchi normalariga qatʼiy rioya etish zarurligiga qaratilsin.
2. Maʼmuriy sudga (bundan buyon matnda sud deb yuritiladi) taalluqli boʻlgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar roʻyxati MJtK 245-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan.
Keyingi tahrirga qarang.
Shuni nazarda tutish lozimki, MJtK 245-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlariga asosan sudlarga quyidagi ishlar ham taalluqli:
huquqbuzar huquqbuzarlik faktini inkor etganda, har qanday maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi;
huquqbuzarni maʼmuriy javobgarlikdan ozod etish toʻgʻrisidagi;
huquqbuzarga nisbatan MJtK Maxsus qismi moddasi sanksiyasida nazarda tutilgan eng kam jazodan ham kamroq maʼmuriy jazo qoʻllash toʻgʻrisidagi;
yakka tartibdagi tadbirkorlar va (yoki) ularning xodimlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq ravishda sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi;
tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslar mansabdor shaxslari va (yoki) ularning xodimlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq ravishda sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi;
bir nechta maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi, agar ulardan loaqal bittasi sudga taalluqli boʻlsa;
qonun moddasi sanksiyasida jazo sifatida maxsus huquqdan mahrum etish, ashyolarni musodara qilish yoki haqini toʻlash sharti bilan olib qoʻyish jazosi nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishga tayyorlash vaqtida sudya MJtK 303-moddasiga muvofiq quyidagi masalalarni hal etadi:
1) mazkur ishni koʻrib chiqish sudning vakolatiga kirish-kirmasligi;
2) maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma va boshqa materiallar toʻgʻri tuzilgan-tuzilmaganligi;
3) ishni koʻrib chiqishda ishtirok etuvchi shaxslar uni koʻrib chiqish vaqti va joyi haqida xabardor qilingan-qilinmaganligi;
4) ish boʻyicha qoʻshimcha materiallarni talab qilish zaruriyati mavjudligi;
5) maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari hamda advokatning ish boʻyicha iltimosnomalari mavjudligi.
Ishni koʻrib chiqishga tayyorlash vaqtida sudya ishni toʻgʻri hal etilishi uchun zarur boʻlgan boshqa masalalarni ham hal etishi mumkin.
4. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishga tayyorlash chogʻida quyidagilar aniqlansa, sudya maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan yoki maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqida qaror qabul qilgan organ (mansabdor shaxs)ga maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni qaytarish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi, agar:
maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish sudga taalluqli boʻlmasa;
maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomani tuzgan organ (mansabdor shaxs) MJtK 281, 282-moddalarida nazarda tutilgan talablar buzilganligi aniqlansa.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni qaytarish haqidagi ajrimda qonunning qanday talablari buzilganligi koʻrsatilishi lozim.
Sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni qaytarish haqidagi ajrimi ustidan shikoyat (protest) keltirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Qonunga muvofiq maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish ushbu huquqbuzarlik sodir etilgan joyda koʻrib chiqiladi. Ayni paytda, shuni nazarda tutish lozimki, MJtK 304-moddasi bunday ishlar transport vositalari roʻyxatga olingan joyda yoki huquqbuzarning istiqomat joyida koʻrib chiqilishi mumkin boʻlgan hollarni ham nazarda tutadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar sud tomonidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma va ishga oid boshqa materiallar olingan kundan boshlab oʻn besh kunlik muddatda koʻrib chiqiladi. Biroq alohida toifadagi ishlarni koʻrib chiqish uchun qonunda qisqartirilgan muddatlar nazarda tutilgan (MJtK 305-moddasining ikkinchi qismi).
Keyingi tahrirga qarang.
7. Sudlarga tushuntirilsinki, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi qaror mazmuni, shuningdek ularga ilova qilingan hujjatlar MJtK 281, 282-moddalari talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Sud maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma yoki maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi qarorni, agar bayonnoma yoki qaror vakolati boʻlmagan mansabdor shaxs tomonidan tuzilgan yoki chiqarilgan, shuningdek, agar unda quyidagilar koʻrsatilmagan boʻlsa, uni tuzgan organ yoki mansabdor shaxsga kamchiliklarni bartaraf etish uchun qaytaradi:
bayonnoma tuzilgan vaqt va joy, uni tuzgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, mansabi;
maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan vaqt va joy hamda uning mohiyati;
huquqbuzarning shaxsi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, mazkur huquqbuzarlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat;
shaxs ilgari maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilganligi haqida maʼlumotlar;
jabrlanuvchilar va guvohlarning familiyasi, yashash manzili (agarda ular boʻlsa), huquqbuzarning tushuntirishlari, ishni hal etish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
Sud maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma yoki maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi qarorni, quyidagi hollarda ham qaytaradi, agar:
javobgarlikka tortilayotgan shaxs ish materiallari bilan tanishtirilmagan boʻlsa;
javobgarlikka tortilayotgan shaxsga bayonnoma yoki qaror nusxasi topshirilmagan boʻlsa;
javobgarlikka tortilayotgan shaxsga MJtK 294-moddasida nazarda tutilgan huquqlar tushuntirilmagan boʻlsa.
Mavjud boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etishga sarflangan muddat MJtK 36-moddasida nazarda tutilgan muddatlarning oʻtishini toʻxtatmaydi.
8. Sud maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishda maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning MJtK 294-moddasida nazarda tutilgan huquqlarini taʼminlash choralarini koʻrishi shart. Jumladan, maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs quyidagi huquqlarga ega:
ish materiallari bilan tanishib chiqishga, izohlar berishga, dalillar keltirishga, oʻz iltimosini bayon etishga;
advokatning yuridik yordamidan foydalanishga;
ishni koʻrib chiqishda qatnashishga, oʻz ona tilida soʻzlashga yoki tarjimon xizmatidan foydalanishga;
qaror ustidan shikoyat berishga.
Maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs oʻzining aybsizligini isbotlashga majbur emas.
Maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs huquqlarining buzilishi maʼmuriy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qarorni bekor qilish uchun asos boʻladi.
9. Tushuntirilsinki, qonunga koʻra (MJtK 13-moddasi) maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan paytda oʻn olti yoshga toʻlgan shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortiladilar.
Maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan oʻn olti yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martdagi PQ-2833-sonli qarori bilan tasdiqlangan Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiyalar toʻgʻrisidagi nizomda koʻrsatilgan choralar qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Voyaga yetmagan maʼmuriy huquqbuzarga nisbatan materiallarni voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiyaga yuborish masalasini hal etishda shuni nazarda tutish lozimki, ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik huquqbuzarligi haqidagi ishlar ushbu komissiyaga berilishi mumkin emas (MJtK 14-moddasining ikkinchi qismi).
Keyingi tahrirga qarang.
10. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi har bir ishni koʻrib chiqishda sud quyidagilarni aniqlashi shart:
maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan-etilmaganligini;
huquqbuzarlik sodir etilgan vaqt va joyni;
huquqbuzarlik sodir etishda ushbu shaxsning aybdor-aybdor emasligini;
qonunga koʻra shaxs mazkur huquqbuzarlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilish-tortilmasligini;
javobgarlikni yengillashtiruvchi yoki ogʻirlashtiruvchi holatlar bor-yoʻqligini;
huquqbuzarlik oqibatida mulkiy zarar yetkazilgan-yetkazilmaganligi;
ishni toʻgʻri hal etishda ahamiyatga molik boshqa holatlarni.
Sudlarga tushuntirilsinki, dalillarga, shu jumladan, ishda qatnashuvchi shaxslar tomonidan taqdim etilgan foto, audio va video yozuvlarga, shuningdek, internet tarmogʻidan olingan maʼlumotlarga baho berish uchun tegishli mutaxassis jalb qilinishi mumkin.
Sudlar dalillarga baho berishda MJtK 276, 277-moddalari talablariga rioya etishlari lozim.
11. Sud maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda ishni toʻgʻri hal etishda ahamiyatga molik boʻlgan, MJtK 307-moddasida nazarda tutilgan barcha holatlarni aniqlashi zarur.
Huquqbuzarlik fakti haqidagi va uni sodir etishda shaxsning aybdorligi masalasini aniqlashda, sud nafaqat taqdim etilgan materiallarni tekshirishi, balki, zarurat boʻlganda, qoʻshimcha dalillarni talab qilishi, xususan, huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomani tuzgan mansabdor shaxsni, jabrlanuvchi va guvohlarni soʻroq qilishi, ekspertiza tayinlashi va boshqa harakatlarni amalga oshirishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Ishni obyektiv va xolisona hal etish maqsadida u maʼmuriy huquqbuzarlikka tortilayotgan shaxsning ishtirokida koʻrib chiqilishi lozim. Ish mazkur shaxsning ishtirokisiz faqat u sud majlisi joyi va vaqti haqida oʻz vaqtida xabar qilinganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar boʻlgan, va undan ishni koʻrib chiqishni kechiktirish toʻgʻrisida iltimos tushmagan yoki u tomonidan ishni uning ishtirokisiz koʻrishga rozilik berilgan hollarda koʻrib chiqilishi mumkin.
Agar sodir etilgan huquqbuzarlik uchun MJtK muayyan moddasi sanksiyasida maʼmuriy qamoqqa olish, ashyolarni musodara qilish yoki haqini toʻlash sharti bilan olib qoʻyish choralarini qoʻllash nazarda tutilgan boʻlsa, maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning ishtiroki majburiydir (MJtK 294-moddasining uchinchi qismi).
13. Ish boʻyicha haqiqatni aniqlash uchun maxsus bilimlarga zarurat tugʻilgan hollarda sud maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha tegishli ekspertiza tayinlash yoki ishda ishtirok etish uchun mutaxassisni jalb qilish haqida ajrim chiqaradi.
Ekspertiza tayinlash yoki ishda ishtirok etish uchun mutaxassisni jalb qilish haqidagi ajrimda ekspertiza tayinlash yoki mutaxassisni jalb etish asoslari, ekspertiza oʻtkaziladigan yoki mutaxassis taklif qilinayotgan muassasaning nomi, ekspert yoki mutaxassis oldiga qoʻyilgan savollar hamda uning ixtiyoriga taqdim etilayotgan materiallar koʻrsatiladi.
Zarur hollarda ekspertiza va tadqiqot ekspert va mutaxassis tomonidan bevosita maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha sud majlisida oʻtkazilishi mumkin.
14. Sudlarga tushuntirilsinki, MJtK 17-1-moddasiga asosan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun transport vositasi egasi (mulkdori), basharti u yuridik shaxsga tegishli boʻlsa — ushbu transport vositasini foydalanishiga masʼul shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilishi lozim.
Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidalari buzilganligi uchun maʼmuriy javobgarlikka tortish haqidagi qaror ustidan keltirilgan shikoyatni koʻrib chiqishda qoidabuzarlik qayd etilgan paytda transport vositasini uning egasi (mulkdori) emas, balki boshqa shaxs boshqarganligi yoki mazkur transport vositasi uning egaligidan chiqib ketganligi aniqlansa, bunday hollarda transport vositasi egasi (mulkdori) MJtK 271-moddasining 1-bandiga asosan maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinadi. Bunday hollarda, zarur hujjatlar tegishli shaxsni maʼmuriy javobgarlikka tortish masalasini hal etish uchun yoʻl harakati xavfsizligi organlariga yuborilishi shart.
Avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari deganda, maxsus texnika vositalar, shu jumladan foto va video yozuv funksiyasiga ega, avtomatik rejimda ishlaydigan va yoʻl harakati xavfsizligi boshqaruvi kompyuterlashtirilgan tizimining tarkibiy qismi hisoblanadigan foto radarlar tushuniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Ish boʻyicha MJtK 271-moddasida nazarda tutilgan holatlar aniqlangan taqdirda, sud maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida qaror chiqarishi lozim.
Bunda shuni nazarda tutish lozimki, MJtK 271-moddasining 11-bandiga asosan huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan tadbirkorlik subyektining mansabdor shaxslari yoki xodimlari yoxud tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi fuqarolar huquqbuzarlik aniqlangan paytdan eʼtiboran oʻttiz kunlik muddatda yoʻl qoʻyilgan huquqbuzarlik oqibatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan yoki yetkazilgan moddiy zarar oʻrnini qoplagan hollarda, ish yuritish tugatilishi lozim, fuqarolar hayoti va (yoki) sogʻligʻiga zarar yetkazilgan hollar bundan mustasno.
16. Sudlarga tushuntirilsinki, huquqbuzarlik kam ahamiyatliligi sababli shaxsning maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinishi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida ish yuritishni istisno etuvchi holat hisoblanmaydi. Sud bunday qarorga faqat ish mazmunan koʻrib chiqilgandan va shaxs huquqbuzarlikni sodir etishda aybdor deb topilgandan soʻng kelishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
MJtK kam ahamiyatli huquqbuzarlik tushunchasi ochib berilmaganligi tufayli, sodir etilgan huquqbuzarlikni bunday deb topish masalasi sud tomonidan ishning muayyan holatlari, huquqbuzarlikning xususiyati, uni sodir etgan shaxsning shaxsiyati, huquqbuzarlik oqibatida yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zarar miqdoridan kelib chiqqan holda hal etilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Maʼmuriy huquqbuzarlik oqibatida yetkazilgan zararni undirish (maʼnaviy zararni qoplash) masalasi fuqarolik sud ishini yuritish tartibida hal etiladi.
17. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrishda shaxsning harakatlari notoʻgʻri kvalifikatsiya qilinganligini aniqlansa, sud ushbu harakatlarni MJtK tegishli, shu jumladan, ogʻirroq javobgarlikni nazarda tutuvchi moddasiga qayta kvalifikatsiya qilishga haqli.
Sud huquqbuzarlik holatida shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari bor degan xulosaga kelsa, sud MJtK 278-moddasiga muvofiq materiallarni prokurorga yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
18. MJtK 36-moddasiga asosan maʼmuriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan, davom etayotgan huquqbuzarliklar uchun esa, u aniqlangan kundan boshlab bir yildan kechiktirilmasdan qoʻllanilishi mumkin. Jinoyat ishi qoʻzgʻatish rad etilgan yoki jinoyat ishi tugatilgan boʻlib, ammo huquqbuzarning harakatlarida maʼmuriy huquqbuzarlik alomatlari mavjud boʻlsa, huquqbuzarlik sodir etilgan yoki aniqlanganidan bir yil oʻtmagan holda maʼmuriy jazo chorasi jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish yoki jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmasdan qoʻllanilishi mumkin.
MJtK 36-moddasining uchinchi qismiga muvofiq mazkur muddatlar ashyolarni bojxonaga doir qonun hujjatlari asosida musodara qilish hollariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
19. Shuni nazarda tutish lozimki, sud MJtK 31-moddasida nazarda tutilmagan holatlarni ham yengillashtiruvchi holatlar deb topishga haqli.
MJtK 32-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy javobgarlikni ogʻirlashtiruvchi holatlarning roʻyxati qatʼiy belgilangan boʻlsa-da, biroq sud maʼmuriy huquqbuzarlikning xususiyatiga qarab mazkur holatlardan har qaysisini, qarorda buni asoslantirgan holda, ogʻirlashtiruvchi holat deb topmasligi mumkin.
20. Sudlarga tushuntirilsinki:
qonun sanksiyada nazarda tutilganidan yengilroq maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganda qarorning xulosa qismida faqat MJtK 33-moddasini qoʻllagan holda tayinlangan jazo turi va miqdori koʻrsatilishi lozim boʻlib, yengilroq jazo tayinlanishi sabablari qarorning bayon qismida koʻrsatiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
bir necha huquqbuzarlik sodir etilganligi uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganda MJtK 33-moddasi huquqbuzarliklar majmui uchun emas, balki alohida huquqbuzarlik uchun qoʻllaniladi.
MJtK 33-moddasini qoʻllashda, sud qonun sanksiyasida nazarda tutilgan qoʻshimcha jazoni qoʻllamaslikka haqli boʻlib, bu qarorining bayon qismida asoslantirilishi lozim.
21. Sudlarga tushuntirilsinki, sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarlik uchun maʼmuriy jazo tizimi MJtK 23-modasida belgilangan.
Shuni nazarda tutish lozimki, maʼmuriy jazolarning bir-biriga nisbatan ogʻirligi darajasi MJtK 23-moddasining birinchi qismida belgilangan ketma-ketlik asosida belgilanadi.
22. Sud muayyan maʼmuriy huquqbuzarlik uchun maʼmuriy jazo chorasi va turini belgilashda maʼmuriy jazo qoʻllanilishining umumiy qoidalariga amal qilishi lozim, unga binoan jazoni qoʻllash chogʻida sodir etilgan huquqbuzarlik xususiyati, huquqbuzarning shaxsi, uning aybdorlik darajasi, mulkiy ahvoli, javobgarlikni yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlar hisobga olinadi (MJtK 30-moddasi).
23. MJtK 24-moddasiga muvofiq ashyolarni haqini toʻlash sharti bilan olib qoʻyish, musodara qilish va maxsus huquqdan (transport vositasini boshqarish huquqidan) mahrum etish ham asosiy, ham qoʻshimcha maʼmuriy jazo tariqasida qoʻllanilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, qamoqqa olish tariqasidagi maʼmuriy jazo qoʻllanilishiga alohida hollarda yoʻl qoʻyiladi.
Maʼmuriy qamoqqa olish muddati huquqbuzar bayonnomani tuzish uchun olib kelingan yoki u maʼmuriy ushlab turilgan vaqtdan boshlab hisoblanadi.
MJtK 29-moddasining ikkinchi qismiga asosan maʼmuriy qamoqqa olish chorasi homilador ayollarga, uch yoshgacha bolasi boʻlgan ayollarga, oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan bolasini yakka oʻzi tarbiyalayotgan shaxslarga, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarga, shuningdek birinchi va ikkinchi guruh nogironlariga nisbatan qoʻllanilishi mumkin emas.
25. Tushuntirilsinki, maʼmuriy tarzda chiqarib yuborish turidagi maʼmuriy jazo chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga nisbatan faqat MJtK 29-1-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Sudlar immunitetga ega boʻlgan shaxslarni javobgarlik masalasini hal etishda chet davlatlarning diplomatik vakolatxonalari va konsullik tashkilotlarining xodimlariga, shuningdek ularga tenglashtirilgan, Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, shuningdek ularga tenglashtirilgan tashkilotlar xodimlariga nisbatan yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik choralarini qoʻllash haqidagi yoʻriqnomaga amal qilishi zarur (Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Oliy sudining 2012-yil 13-fevraldagi 7, 5, 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 13-martda 2338-son bilan roʻyxatga olingan).
27. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha chiqarilgan qaror MJtK 309-moddasida belgilangan talablarga javob berishi va ishni koʻrib chiqish yakunlanganidan soʻng zudlik bilan eʼlon qilinishi lozim.
Sud maʼmuriy jazoni qoʻllash bilan bir vaqtda aybdor shaxs tomonidan moddiy zararni undirish masalasini hal etishi lozim.
Agar sud maʼmuriy huquqbuzarlik oqibatida yetkazilgan zarar miqdori toʻgʻrisidagi masalani toʻgʻri hal etish uchun asoslar yetarli emasligi haqida xulosaga kelsa, manfaatdor shaxslarga ushbu masalalarni fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida hal etish tushuntiriladi.
28. Sudlarga fuqarolarning huquqiy ongini oshirish maqsadida sud hujjatini eʼlon qilgandan soʻng sud hujjatining mazmunini va uni qabul qilishga asoslarini tushuntirish tavsiya etilsin.
29. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, MJtK 313-moddasiga muvofiq maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilishiga olib kelgan sabab va shart-sharoitlar aniqlanganda sud ularni bartaraf qilish yuzasidan huquqbuzarning oʻquv, ish yoki yashash joyiga taqdimnoma kiritishi lozim.
30. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati, viloyatlar va ularga tenglashtirilgan maʼmuriy sudlar maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni toʻgʻri va muddatida koʻrib chiqilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin, quyi sudlarga amaliy yordam koʻrsatib, mazkur toifaga oid ishlar boʻyicha sud amaliyotini muntazam ravishda umumlashtirib borsin.
Keyingi tahrirga qarang.
31. Mazkur qarorning qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2000-yil 15-sentabrdagi “Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi 22-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi K. KAMILOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi I. ALIMOV
Toshkent sh.,
2018-yil 30-noyabr,
35-son