Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yengil avtomobillar va mototransport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Iqtisodiyotning jadal rivojlanishini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2018-yil 26-iyuldagi OʻRQ-488-son Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-fevraldagi PQ-3514-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturini amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasining samarali bajarilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yengil avtomobillar va mototransport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi boshligʻi D.T. Dexkanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 14-dekabr,
1015-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-dekabrdagi 1015-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Yengil avtomobillar va mototransport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom yengil avtomobillar va mototransport vositalarini (keyingi oʻrinlarda transport vositalari deb ataladi) isteʼmol maqsadlarida qisqa muddatli ijaraga berish (30 kungacha) tartibi hamda ijaraga beruvchi va ijarachining huquqlari, majburiyatlari va javobgarliklarini belgilaydi.
2. Transport vositalarini ijaraga berish Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, “Ijara toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, mazkur Nizom va boshqa qonun hujjatlar bilan tartibga solinadi.
3. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ijarachi — transport vositasini tegishli boshqarish huquqiga ega va maʼlum toʻlov evaziga qisqa muddatli ijaraga berish shartnomasi asosida transport vositasini olgan jismoniy shaxs;
Keyingi tahrirga qarang.
ijaraga beruvchi — qonunchilikda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan, maʼlum toʻlov evaziga qisqa muddatli ijaraga berish shartnomasi asosida transport vositasini ijarachiga beruvchi yuridik shaxs;
qisqa muddatli ijara shartnomasi (keyingi oʻrinlarda shartnoma deb ataladi) — ijraga beruvchi va ijarachi oʻrtasida 30 kundan ortiq boʻlmagan muddatga tuziladigan, notarial rasmiylashtirish va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati organlarida roʻyxatdan oʻtkazishni talab etmaydigan transport vositasini qisqa muddatli ijaraga berish toʻgʻrisida yozma kelishuv.
2-bob. Transport vositalarining qisqa muddatli ijarasi
4. Shartnoma tuzish uchun ijarachi ijaraga beruvchiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
pasport;
Keyingi tahrirga qarang.
transport vositasidan foydalanadigan shaxsning haydovchilik guvohnomasi (milliy yoki xalqaro namunadagi);
medik koʻrikdan oʻtganligi haqida maʼlumotnoma (ijaraga beruvchining ixtiyoriga koʻra);
garov depoziti kiritilganligini tasdiqlovchi hujjat (ijaraga beruvchining ixtiyoriga koʻra).
Keyingi tahrirga qarang.
5. Shartnomada quyidagi shartlar nazarda tutiladi:
tomonlarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi;
taqdim etilayotgan transport vositasining bozor narxi;
transport vostasini qisqa muddatli ijaraga berish tartibi;
qisqa muddatli ijaraning aniq muddatlari;
ijara toʻlovining shartlari va miqdori, uni toʻlash muddatlari;
Keyingi tahrirga qarang.
shartnoma amal qilish muddati tugagandan soʻng transport vositasini ijaraga beruvchiga qaytarish tartibi;
yengib boʻlmaydigan kuch (fors-major) holatlari.
Shartnoma bilan Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa shartlar ham mustahkamlanishi mumkin.
3-bob. Ijaraga beruvchining huquq va majburiyatlari
6. Ijaraga beruvchi unga shaxsiy mulk sifatida yoki boshqa asheviy huquqlar asosida tegishli boʻlgan, texnik soz, videoregistratorlar va GPS navigatorlar bilan jihozlangan hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda texnik koʻrikdan oʻtgan transport vositalarini qisqa muddatli ijaraga beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Ijaraga beruvchi shartnomada belgilangan shartlar asosida garov depozitini transport vositasining qisqa muddatli ijarasi davriga toʻlashni talab etishga haqlidir, bu garov depoziti transport vositasiga yetkazilgan va ijarachi tomonidan qoplashni talab etadigan zararni, yoʻl harakati qoidalari buzilganligi uchun toʻlovlarni amalga oshirish kafolati sifatida xizmat qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Ijaraga beruvchi tomonidan moddiy eʼtirozlar mavjud boʻlmagan taqdirda, shartnoma muddati tugagandan soʻng garov depoziti miqdori ijarachiga qaytariladi.
9. Ijaraga beruvchi:
qisqa muddatli ijaraga berish uchun moʻljallangan transport vositalarini saqlash hamda texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun shaxsiy yoki ijaraga olingan binoga ega boʻlishi;
ijarachini qisqa muddatga taqdim etayotgan transport vositasidan foydalanish qoidalari bilan tanishtirishi;
transport vositalarini belgilangan muddatda topshirish hamda qabul qilish dalolatnomasiga asosan texnik soz, yoʻl harakati qoidalari talablari va xavfsizlik talablariga muvofiq butlangan holatda taqdim etishi;
Keyingi tahrirga qarang.
transport vositalaridan foydalanish davrida boshqa shaxslarning hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mulkiga zarar yetkazganlik uchun oʻzining fuqarolik javobgarligini sugʻurtalashi shart;
10. Qisqa muddatli ijara muddati tugagandan soʻng transport vositasi ijaraga beruvchi tomonidan topshirish va qabul qilish dalolatnomasi asosida qabul qilib olinadi.
4-bob. Ijarachining huquq va majburiyatlari
11. Ijaraga beruvchi ijarachiga qisqa muddatli ijaraga beriladigan transport vositasini oʻz vaqtida taqdim etmagan holda, ijarachi ushbu transport vositasini talab qilishi va bajarish muddati kechikishidan kelib chiqadigan zararni qoplashni yoki shartnomani bekor qilishi hamda shartnomani bajarmaslik oqibatida yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish xuquqiga ega.
12. Ijarachi:
qisqa muddatli ijaraga beriladigan transport vositasidan foydalanish qoidalari bilan tanishib chiqishi;
transport vositasidan faqat belgilangan maqsadda, boshqa shaxsga bermagan holda foydalanishi;
qisqa muddatli ijara muddati tugagandan soʻng transport vositasini shartnoma va topshirish hamda qabul qilish dalolatnomasiga muvofiq texnik soz holatda qaytarishi;
ijaraga beruvchini transport vositasining egasi sifatida javobgarlikka tortish — maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilganligi, transport vositasidan foydalanish natijasida transport vositasiga, uchinchi shaxslar hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilganligi bilan bogʻliq ijaraga beruvchining barcha zarar (ziyon) va xarajatlarini qoplashi;
Keyingi tahrirga qarang.
shartnoma tuzilgandan soʻng ijara uchun toʻlovni amalga oshirishi shart.
13. Trasnport vositasiga zarar yetkazilsa va (yoki) ijaraga olingan transport vositasi ishtirokida yoʻl-transport hodisasi yuz bergan taqdirda:
ijarachi zudlik bilan ijaraga beruvchini xabar qilishi lozim;
ijaraga beruvchi ijarachi tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotlarning toʻliqligi va haqqoniyligi uchun javobgardir.
14. Ijaraga berilgan transport vositasiga zarar yetkazilganligi aniqlangan taqdirda, yetkazilgan zarar miqdori uni baholash yoʻli bilan belgilanadi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ayibdor shaxslardan undiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
15. Ijaraga beruvchilar va ijarachilar oʻrtasida transport vositalarining ijara shartnomasini tuzish, bajarish va tugatish yuzasidan munozarali masalalar amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
16. Mazkur Nizom buzilishida aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.12.2018-y., 09/18/1015/2324-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.11.2021-y., 09/21/684/1052-son )