Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Moliyaviy hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
2000-yil 15-iyunda imzolangan Oʻzbekiston bilan Tojikiston Respublikasi oʻrtasida abadiy doʻstlik toʻgʻrisida Shartnoma qoidalariga asoslanib,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi oʻrtasida savdo-iqtisodiy va moliyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Mazkur Bitim Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmini oshirish boʻyicha Tomonlarning saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirishga, Tojikiston Respublikasi Hukumati tomonidan taklif etilgan Tojikiston Respublikasi moliya-kredit tashkilotlari ishtirokida (keyingi oʻrinlarda — Tojikiston Respublikasi moliyaviy institutlari) Oʻzbekiston Respublikasidan tovarlar va xizmatlarni, shu jumladan, qishloq xoʻjaligi texnikasini yetkazib berish bilan bogʻliq boʻlgan, Tojikiston Respublikasi moliyaviy institutlari qarz oluvchi yoki hujjatli akkreditivning bank-emitenti sifatida ishtirok etuvchi bitimlarni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Oʻzbekiston sanoat-qurilish banki” Aksiyadorlik tijorat banki va “Asaka” Aksiyadorlik tijorat banki (keyingi oʻrinlarda — Oʻzbekiston Respublikasi moliyaviy institutlari”) tomonidan savdoni moliyalashtirishni taʼminlash orqali tovarlar va xizmatlarni birgalikda ilgari surishga qaratilgan.
2-modda
Mazkur Bitimni bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining moliyaviy institutlari Tojikiston Respublikasi moliyaviy institutlari ishtirokida alohida bitimlar bilan belgilanadigan shartlar asosida Oʻzbekiston Respublikasidan tovarlar va xizmatlar, shu jumladan qishloq xoʻjaligi texnikasi eksporti bilan bogʻliq bitimlarni moliyalashtirishni qoʻrib chiqishning mavjud imkoniyatini tasdiqlaydilar.
3-modda
1. Tojikiston Respublikasining moliyaviy institutlari qarz oluvchi yoki hujjatli akkreditivning bank-emitenti sifatida ishtirok etuvchi operatsiyalar boʻyicha umumiy kredit cheklovi (maksimal kredit liniyasi chegarasi) 100 000 000,00 (yuz million) AQSh dollarini tashkil etadi.
2. Har bir alohida bitimni moliyalashtirishning maksimal limiti 1 000 000,00 (bir million) AQSh dollarini tashkil etadi.
3. Savdoni moliyalashtirishning shartlari, hamkorlikning aniq ish sxemalari, moliyalashtirishning xarajat va metodlari Tomonlarning moliyaviy institutlari oʻrtasida tuziladigan alohida bitimlar bilan belgilanadi.
4. Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasining moliyaviy institutlari Tojikiston Respublikasi moliyaviy institutlari uchun belgilangan moliyalashtirishning maksimal limitini qayta koʻrib chiqish huquqini oʻzida saqlab qoladilar, bunda ushbu oʻzgarishlar toʻgʻrisida Tojikiston Respublikasi moliyaviy institutlariga 10 ish kuni mobaynida yozma xabar beriladi.
5. Tomonlar mazkur Bitim doirasida Tomonlar moliyaviy institutlarining majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻlmaydilar.
Tomonlarning moliyaviy institutlari alohida tuziladigan bitimlar doirasidagi oʻzlarining majburiyatlari boʻyicha mustaqil ravishda javobgar boʻladilar.
4-modda
Mazkur Bitim doirasida olingan axborot maxfiy tusga ega boʻladi va faqat uning bajarilishi maqsadida foydalaniladi. Axborotdan boshqa maqsadlarda foydalanish faqat ushbu axborotni taqdim etgan Tomonning yozma roziligi bilan amalga oshiriladi.
Mazkur Bitim doirasida taqdim etilgan axborotni oluvchi Tomon oʻz davlatining qonunchiligiga muvofiq uni himoyalashni taʼminlashga majbur.
5-modda
Mazkur Bitimning qoidalari Tomonlar ishtirokchisi hisoblangan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan ularning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
6-modda
Mazkur Bitimni talqin etish va qoʻllash bilan bogʻliq nizoli masalalar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuvlar va muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan hal etiladi.
Bunday maslahatlashuvlar va muzokaralar davomida Tomonlar mazkur Bitim qoidalariga asosan oʻz majburiyatlarini bajarishda davom etadilar.
7-modda
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro roziligi asosida mazkur Bitimning 8-moddasi birinchi xatboshisiga muvofiq kuchga kiradigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
8-modda
Mazkur Bitim u imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim besh yil muddatga tuziladi va Tomonlardan hech biri ushbu Bitim amal qilishining navbatdagi davri tugashidan kamida olti oy oldin uning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilmasa, uning amal qilish muddati oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik davrlarga uzayaveradi.
Mazkur Bitim Tomonlardan biri diplomatik kanallar orqali Bitim amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisidagi boshqa Tomonning tegishli yozma xabarnomasini olgan kundan boshlab olti oy mobaynida amal qiladi.
Dushanbe shahrida 2018-yil 9-martda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, tojik va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga eta.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)