Oʻzbekiston Respublikasi bilan
Tojikiston Respublikasi oʻrtasida
Tojikiston Respublikasi oʻrtasida
Shartnoma
ABADIY DOʻSTLIK TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi, bundan keyin Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar deb ataluvchilar,
Oliy Tomonlar oʻrtasida birodarlik, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini barqaror qilish ikkala davlat xalqlarining tub manfaatlariga mos keladi, tinchlik va xavfsizlik ishiga xizmat qiladi deb hisoblab,
oʻzlarining BMT Nizomi, Xelsinki Yakunlovchi akti hamda EXHT va Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi doirasida qabul qilingan boshqa hujjatlarning prinsiplari va maqsadlariga sodiq ekanliklarini tasdiqlab,
xalqaro maydonda bahamjihat faoliyat koʻrsatish va harbiy-siyosiy sohada qalin hamkorlik zarurligini eʼtirof etib,
ikkala mamlakat iqtisodiy hamkorligini chuqurlashtirish, uni yanada taraqqiy ettirish uchun qulay sharoitlar barpo etish zarur deb topib,
mavjud hamkorlik munosabatlarini oʻzbek va tojik xalqlarining koʻp asrlik tarixiy ildizlar hamda madaniyat, til va urf-odatlar sohasida mushtaraklikka ega boʻlgan anʼanaviy doʻstligi ruhida yanada rivojlantirish hamda mustahkamlash maqsadida,
xalqaro tinchlik, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni tutib turish yuzasidan birgalikda xatti-harakatlarni amalga oshirish muhimligini eʼtirof etib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar, birodar va doʻst davlatlar sifatida oʻz munosabatlarini bir-birini tushunish, hamkorlik va oʻzaro ishonch negizida barpo etadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar munosabatlarni mustaqillikni, suverenitetni, hududiy yaxlitlikni ikkala davlat chegaralarining buzilmasligini hurmat qilish, bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik, teng huquqlilik va oʻzaro manfaatdorlik prinsiplari asosida faol rivojlantirishga qatʼiy ahd qilganliklarini tasdiqlaydilar.
2- modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar hamkorlikni eng avvalo mustaqillik va suverenitetga, hududiy yaxlitlikka tahdid solinishining oldini olish masalalarida har tomonlama koʻmaklashgan holda rivojlantiradilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar tinchlikni, xalqaro barqarorlik va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, xalqaro terrorizmga, noqonuniy qurolli tuzilmalarga, qurol-yarogʻ, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni noqonuniy yurgizish, diniy va boshqa shakllardagi ekstremizmga qarshi kurashish, shuningdek mintaqaviy mojarolar va Oliy Tomonlarning manfaatlariga daxldor boshqa boʻhronli vaziyatlarni tartibga solish mexanizmini takomillashtirish maqsadida bir-birlariga koʻmaklashadilar.
3- modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar harbiy ittifoqlarga kirmaslik, davlatlarning qandaydir guruhlarida, shuningdek boshqa Oliy Ahdlashuvchi Tomonga qarshi qaratilgan xatti-harakatlarda ishtirok etmaslik majburiyatini tasdiqlaydilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz hududlaridan, robita tizimlari va boshqa infratuzilmalaridan uchinchi davlatlar yoxud noqonuniy harbiy tuzilmalarning boshqa Oliy Ahdlashuvchi Tomonga qurolli tajovuz yoki oʻzga dushmanona xatti-harakatlarga tayyorlanish yoinki amalga oshirish maqsadida foydalanishiga yoʻl qoʻymaslik majburiyatini oladilar,
Uchinchi davlatlar yoki noqonuniy qurolli tuzilmalar tarafidan Oliy Tomonlardan biriga qurolli hujum qilinishi xavfi yuzaga kelgan hollarda Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar darhol oʻz faoliyatlarini muvofiqlashtirish maqsadida maslahatlashuv oʻtkazadilar. Tegishli Oliy Ahdlashuvchi Tomonga zarur yordam, jumladan harbiy-texnikaviy yordam beriladi, shuningdek Tomonlar ixtiyorida boʻlgan vositalar BMT Nizomining 51 -moddasiga muvofiq jamoaviy mudofaa huquqini amalga oshirish maqsadida taqdim etilib, koʻmaklashiladi.
4- modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar Markaziy Osiyoda tinchlikni mustahkamlash, barqarorlik va xavfsizlikni oshirishda oʻzaro koʻmaklashadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar kollektiv xavfsizlikni mustahkamlash, shuningdek BMT, EXHTning tinchlikparvarlik rolini kuchaytirishga va mintaqaviy mojarolar hamda Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning manfaatlariga daxldor boʻlgan boshqa noxush vaziyatlarni bartaraf etish mexanizmi samaradorligini oshirishga koʻmaklashadilar, zarur hollarda birgalikda yoinki muvofiq xatti-harakatlarni amalga oshirish maqsadida ushbu sohalarda oʻz pozitsiyalarini muvofiqlashtiradilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar muntazam ravishda oʻzaro manfaatli masalalarda maslahatlashuv oʻtkazib turadilar.
5- modda
Har bir Oliy Ahdlashuvchi Tomon oʻz hududida yashayotgan boshqa Oliy Ahdlashuvchi Tomonning fuqarolariga, ularning millati, dini yoki boshqa tafovutlaridan qatʼi nazar, ularga inson huquqlari toʻgʻrisida xalqaro normalarga muvofiq siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquq va erkinliklarni kafolatlaydi.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashaydigan tojiklar hamda Tojikiston Respublikasi hududida yashaydigan oʻzbeklarning milliy madaniyati va tilining saqlanish hamda rivojlanish huquqini kafolatlaydilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar darslar oʻzbek va tojik tilida olib boriladigan barcha turdagi taʼlim muassasalari uchun zarur oʻquv va oʻquv-metodik adabiyotlarni almashishga koʻmaklashadilar. Bunday almashuv shartlari alohida ahdnomalarda belgilanadi.
6- modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar Markaziy Osiyodagi yagona iqtisodiy muhitning, shuningdek uzoq muddatli istiqbolni hisobga olgan holda oʻzaro manfaatli asoslarda ikki taraflama iqtisodiy hamda savdo munosabatlarining, fan, madaniyat, taʼlim, texnologiya, ekologiya va atrof muhitni himoya qilish sohasidagi aloqalarning rivojlanishi va mustahkamlanishiga koʻmaklashadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar eng avvalo sanoat, qishloq xoʻjaligi, aloqa, telekommunikatsiyalar va energetika, moliya va bank faoliyati sohasidagi hamkorlikni mustahkamlaydilar.
Har bir Oliy Ahdlashuvchi Tomon boshqa Oliy Tomonni uning huquqi va qonuniy manfaatlariga daxldor boʻladigan iqtisodiy qarorlardan xabardor qiladi va savdo-iqtisodiy hamkorlikni susaytiradigan tadbirlarni amalga oshirishdan oʻzini tiyadi.
7- modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar qulay va oʻzaro manfaatli shartlarda transport kommunikatsiyalari, tovarlarni tranzit qilish va xizmatlar sohasida hamkorlikni amalga oshiradilar.
8- modda
Har bir Oliy Tomon oʻz fuqarolariga boshqa Oliy Tomonning tili, madaniyati, sanʼat asarlari, adabiyoti va matbuotini oʻrganishga, jumladan oʻz oʻquv muassasalarida, keng yoʻl ochib beradi. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning fuqarolari ikki mamlakat oʻquv muassasalarida taʼlim olishda amaldagi qonunlar asosida teng huquqqa egadirlar.
Oliy Tomon boshqa Oliy Tomon mutaxassislariga arxiv hamda tarixiy hujjatlarni oʻrganishi va tadqiq etishlari uchun imkon beradi.
9-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ikkala mamlakat madaniy va maʼrifiy muassasalari oʻrtasidagi aloqalarni, shuningdek mutaxassislar almashishni ragʻbatlantiradilar.
Har bir Oliy Tomon oʻz fuqarolariga boshqa Oliy Tomonning tili, madaniyati, sanʼat asarlari, adabiyoti va matbuotini oʻrganishga, jumladan oʻz oʻquv muassasalarida, keng yoʻl ochib beradi. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning fuqarolari ikki mamlakat oʻquv muassasalarida taʼlim olishda amaldagi qonunlar asosida teng huquqqa egadirlar.
Oliy Tomon boshqa Oliy Tomon mutaxassislariga arxiv hamda tarixiy hujjatlarni oʻrganishi va tadqiq etishlari uchun imkon beradi.
10- modda
Oliy Tomonlar alohida bitimlar asosida fan va texnika, fundamental tadqiqotlarni amalga oshirish, qoʻshma dastur va ishlanmalarni, jumladan kosmik dastur va ishlanmalarni ham, amalga oshirish sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradilar, qoʻshma ilmiy-ishlab chiqarish jamoalarini tuzish hamda ularning faoliyat yuritishiga koʻmaklashadilar.
Oliy Tomonlar aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy fan va amaliyotni taraqqiy ettirishda qalin hamkorlik qiladilar.
11- modda
Oliy Tomonlar ekologik xavfsizlik sohasidagi ikki tomonlama va koʻp tomonlama shartnomalarga muvofiq faoliyat yuritib, ekologik xavfsizlikka erishishga ustuvor ahamiyat beradilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar atrof muhit ifloslanishining oldini olish hamda tabiatdan oqilona foydalanishni taʼminlash uchun lozim choralar koʻradilar.Ular ekologik falokatlar va insonning tabiiy muhitga taʼsiri oqibatlariga qarshi, jumladan, transhududiy ravishda, kurashish sohasida hamkorlikni rivojlantiradilar.
12- modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar hamjihat ravishda bir- birlarining diplomatik, konsullik, savdo vakolatxonalari faoliyatini yengillashtiradilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz hududlarida ishbilarmon doiralar, matbuot vakillari hamda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan mutaxassislar kasbiy faoliyatlarini amalga oshirishlari va boʻlib turishlari uchun lozim sharoitlarni muhayyo etadilar.
13- modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ularning hokimiyat qonun chiqaruvchi va ijrochi tarmoqlari oʻrtasidagi, jumladan shaharlar, viloyatlar, tumanlar hamda boshqa maʼmuriy- hududiy birliklar oʻrtasidagi hamkorlikni ragʻbatlantiradilar.
14- modda
Oliy Tomonlar terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni noqonuniy yurgizish, qurol-yarogʻni kontrabanda qilish, madaniy boyliklarni noqonuniy sotish va chegaradan oʻtkazish, gʻayriqonuniy faoliyat orqasida topilgan daromadlarni legalizatsiya qilish, jinoyatchilikning boshqa xavfli turlari, jumladan fuqarolik aviatsiyasi va boshqa transport turlarining xavfsizligiga tahdid qiladigan jinoyatlarga qarshi kurashda hamkorlik qiladilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar tegishli vakolatli organlarga Tomonlarning qurolli kuchlari qismlarini, huquqni himoya qilish organlarining maxsus boʻlinmalarini jalb etib, ularning hududida jinoiy, terrorchi guruhlarni yakson qilish va yoʻqotish, jinoyatlarning oldini olish, ochib tashlash va taftish qilish, jinoyat qilganlikda gumondor shaxslarni tutish, jinoyatchilarni qidirish boʻyicha operativ-qidiruv tadbirlarini amalga oshirishga imkon beradilar.
15- modda
Ushbu Shartnoma uchinchi davlatlarga qarshi qaratilmagan va Oliy Tomonlarning boshqa davlatlar bilan tuzgan ikki tomonlama va koʻp tomonlama shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlariga hech bir daxl qilmaydi.
16- modda
BMT Nizomining 102-moddasiga muvofiq ushbu Shartnoma BMT Kotibiyatida roʻyxatga olinishi lozim.
17- modda
Oliy Tomonlar ushbu Shartnoma qoidalarini amalga oshirish maqsadida zarur hollarda alohida bitimlar tuzadilar.
18- modda
Oliy Tomonlarning vakillari lozim hollarda ushbu Shartnoma doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash va samaradorligini oshirish masalalarini muhokama qilish maqsadida amaliy uchrashuvlar, maslahatlashuvlar hamda muzokaralar oʻtkazadilar.
19- modda
Ushbu Shartnoma qoidalarini amalga oshirish chogʻida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan bahs va nizolarni Oliy Tomonlar muzokara va maslahatlashuvlar oʻtkazish orqali hal etadilar.
20- modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan ushbu Shartnomaga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Ular alohida bayonnomalar tarzida rasmiylashtiriladi va ratifikatsiya qilingach kuchga kiradi va ushbu Shartnomaning tarkibiy qismi hisoblanadi.
21-modda
Ushbu Shartnoma ratifikatsiya qilinishi lozim va ratifikatsiya yorliqlari almashingan kundan kuchga kiradi.
Ushbu Shartnoma cheklanmagan muddatga tuzilgan. Bir Oliy Ahdlashuvchi Tomon ikkinchi Oliy Ahdlashuvchi Tomonni uning faoliyatini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida xabardor qilgunicha kuchda qoladi. Bu holda ushbu Shartnoma boshqa Oliy Ahdlashuvchi Tomon ana shunday xabarnomani olganidan keyin olti oy oʻtgach amal qilishdan toʻxtaydi.
Dushanba shahrida 2000-yil 15-iyunda ikki nusxada, oʻzbek, tojik va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Shartnoma qoidalarini talqin etishda Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar rus tilidagi matndan foydalanadilar.
(imzolar)