Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Qarori
Davlat soliq xizmati organlarida soliqqa oid huquqbuzarlik xavfini tahlil etish tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 05-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3075]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2022-yil 27-apreldagi 2022-14-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3364, 29.04.2022-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyuldagi “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5490-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Davlat soliq xizmati organlarida soliqqa oid huquqbuzarlik xavfini tahlil etish tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Davlat soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari B. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 29-avgust,
2018-68-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2018-yil 28-avgustdagi 2018-68-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Davlat soliq xizmati organlarida soliqqa oid huquqbuzarlik xavfini tahlil etish tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyuldagi PF-5490-son “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq davlat soliq xizmati organlarida soliqqa oid huquqbuzarlik xavfini tahlil etish tizimini joriy etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomga asosan soliqqa oid huquqbuzarlik xavfini tahlil etish tizimi davlat soliq xizmati organlarida amaliyotga joriy etilgan “Tahlika-tahlil” dasturiy mahsuloti (bundan buyon matnda dasturiy mahsulot deb yuritiladi) orqali tadbirkorlik subyektlarida soliqqa oid huquqbuzarlik xavfini avtomatik tarzda inson omili aralashmagan holda tahlil qilish orqali amalga oshiriladi.
2. Dasturiy mahsulot xavfni tahlil etish tizimini davlat soliq organlaridagi mavjud ichki va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 30-oktabrdagi PQ-1843-son “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq xizmati idoralari axborot-kommunikatsiya tizimi faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan tashqi maʼlumotlarga, veb sahifalari va ijtimoiy tarmoqlardan olingan axborotlarga asosan quyidagi yoʻnalishlarda:
tadbirkorlik subyektlarining shaxsiy kartochkalarida soliq qarzdorligi mavjudligini;
tadbirkorlik subyektlari tomonidan soliq majburiyatlarini bajarilishida soliqlar va majburiy toʻlovlar boʻyicha taqdim etilgan soliq hisobotlariga muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marta) qayta hisob-kitoblarning amalga oshirilganligini;
tadbirkorlik subyektlari hisobot davri mobaynida dastlab roʻyxatga olingan yuridik manzilini bir hududdan boshqa bir hududga muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marta) oʻzgartirib borilganligini;
tadbirkorlik subyektlari tomonidan oʻzlariga tegishli boʻlmagan toʻlov terminallari bilan foydalanilganligini;
jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan aynan bir tadbirkorlik subyekti faoliyatidan noroziligi haqidagi murojaatlarni va boshqa yoʻnalishlarni tahlil qiladi.
3. Dasturiy mahsulot mazkur Nizomning 2-bandida belgilangan yoʻnalishlarga asosan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini toʻliq tahlil qiladi hamda yakuniy natijalarni ballik tizim orqali soliqqa oid huquqbuzarlik xavfi darajasini baholaydi.
4. Dasturiy mahsulot orqali soliqqa oid huquqbuzarlik xavfi darajasini ballik tizimda baholash aniqlangan kamchiliklar summasi va holatidan kelib chiqib amalga oshiriladi.
5. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan dasturiy mahsulotdan shakllantirilgan soliqqa oid huquqbuzarlik xavfi darajasi tahlili chorak davomida bir marotaba har chorakdan keyingi oyning 25 sanasida oʻtkaziladi, bundan bankdan tashqari yirik miqdordagi pul aylanmalarni amalga oshirgan tadbirkorlik subyektlarini doimiy soliqqa oid huquqbuzarlik xavfini tahlil qilish muddati mustasno.
6. Aniqlangan holatlar yuzasidan davlat soliq xizmati organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarida soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi darajasidan kelib chiqib, tekshirish oʻtkazishni kelishish toʻgʻrisida prokuratura organlariga tashabbus bilan murojaat qilinadi.
7. Dasturiy mahsulot orqali soliqqa oid huquqbuzarlik xavfining ballik tizimi natijalariga koʻra soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi darajasi quyidagi uch toifaga boʻlinadi:
a) soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori boʻlgan tadbirkorlik subyektlari;
b) soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi oʻrtacha boʻlgan tadbirkorlik subyektlari;
v) soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi past boʻlgan tadbirkorlik subyektlari.
2-bob. Soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori boʻlgan tadbirkorlik subyektlari bilan ishlash
8. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori boʻlgan tadbirkorlik subyektlari roʻyxati dasturiy mahsulotdan shakllantiriladi.
9. Dasturiy mahsulotdan shakllantirilgan roʻyxatda keltirilgan tadbirkorlik subyektlarining shaxsiy kabineti orqali davlat soliq xizmati organi tomonidan soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqoriligi toʻgʻrisida tadbirkorlik subyekti xabardor qilinadi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan tartibda kameral nazoratdan oʻtkaziladi.
10. Kameral nazorat natijalari boʻyicha aniqlangan tafovutlarni bartaraf etish yuzasidan tadbirkorlik subyektlari tomonidan aniqlashtirilgan qayta hisobotlar yoxud asoslantiruvchi hujjatlar taqdim etilmaganda davlat soliq xizmati organlari tadbirkorlik subyektlarida tekshirish oʻtkazishni kelishish toʻgʻrisida prokuratura organlariga murojaat qilishi mumkin.
3-bob. Soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi oʻrtacha boʻlgan tadbirkorlik subyektlari bilan ishlash
11. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi oʻrtacha boʻlgan tadbirkorlik subyektlari roʻyxati dasturiy mahsulotdan shakllantiriladi.
12. Dasturiy mahsulotdan shakllantirilgan roʻyxatda keltirilgan tadbirkorlik subyektlarining shaxsiy kabineti orqali davlat soliq xizmati organi tomonidan soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi oʻrtachaligi toʻgʻrisida tadbirkorlik subyekti xabardor qilinadi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan tartibda kameral nazoratdan oʻtkaziladi.
13. Kameral nazorat natijalari boʻyicha aniqlangan tafovutlarni bartaraf etish yuzasidan tadbirkorlik subyektlari tomonidan aniqlashtirilgan qayta hisobotlar yoxud asoslantiruvchi hujjatlar taqdim etilmaganda davlat soliq xizmati organlari tadbirkorlik subyektlarida tekshirish oʻtkazishni kelishish toʻgʻrisida prokuratura organlariga murojaat qilishi mumkin.
4-bob. Soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi past boʻlgan tadbirkorlik subyektlari bilan ishlash
14. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi past boʻlgan tadbirkorlik subyektlarida kameral nazorat oʻtkazilmaydi.
15. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi past boʻlgan soliq toʻlovchilarga tekshirish oʻtkazish toʻgʻrisida prokuratura organlariga murojaat qilinmaydi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
16. Mazkur Nizomning buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
17. Soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfni tahlil etish natijalaridan norozi boʻlgan shaxslar qonunda belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.
18. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O. MURODOV
2018-yil 29-avgust,
Savdo-sanoat palatasi raisi A. IKRAMOV
2018-yil 29-avgust,
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.10.2018-y., 10/18/3075/2006-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)