OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
“ShARQ” NAShRIYOT-MATBAA KONSERNIGA TAALLUQLI MASALALAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi faoliyatini tashkil etish masalalari toʻgʻrisida”gi 2000-yil 23-oktabrdagi 411-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sharq” nashriyot-matbaa konsernini tashkil etish toʻgʻrisida” 1991-yil 5-noyabrdagi Farmoniga muvofiq va respublikada nashriyot-matbaa ishini yanada rivojlantirishni, aholining bosma mahsulotlariga boʻlgan talab-ehtiyojlarini yanada toʻlaroq qondirishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti apparati Ishlar Boshqarmasi huzuridagi “Sharq” nashriyot-matbaa konserni (“Sharq” konserni) mustaqil ishlab chiqarish-xoʻjalik kompleksi hisoblanadi, u oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti apparati Ishlar Boshqarmasi qarorlari va farmoyishlariga va konsern Ustaviga amal qiladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti apparati Ishlar Boshqarmasi huzuridagi “Sharq” konsernining ilova etilayotgan Ustavi tasdiqlansin.
3. “Sharq” konserniga:
— oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni hisobga olib, konsern Kengashi bilan kelishilgan holda konsernning tuzilishi, ishlovchilar miqdorini va ish haqi fondini mustaqil belgilashga;
— tuzilgan shartnomalardan tashqari ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti apparati Ishlar Boshqarmasi bilan kelishib olingan roʻyxatga koʻra savdo birjasida shartnoma narxlarida sotishga yoki kerakli uskunalarga, xomashyo va moddiy resurslarga barter yoʻli bilan ayirboshlashga ruxsat etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Taraqqiyot istiqbolini belgilash qoʻmitasi, Moddiy-texnika taʼminoti davlat-kooperativ qoʻmitasi oʻzlari taqsimlaydigan nomenklatura boʻyicha konsernni rivojlantirish va uning faoliyat koʻrsatishi uchun moddiy-xomashyo resurslari, shu jumladan, chet el valyutasi mablagʻlari ajratsinlar.
“Sharq” konserni barcha turdagi moddiy-texnika resurslari boʻyicha fondga mustaqil ravishda egalik qiladi.
5. Tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdorlikni oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Taraqqiyot istiqbolini belgilash qoʻmitasi har yili “Sharq” konserniga belgilangan tartibda uning korxonalarida ishlab chiqarilayotgan litsenziya beriluvchi mahsulotlarni chetga chiqarish kvotasini ajratsin.
6. Oʻzbekiston sanoat-qurilish banki va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiyot banki “Sharq” konsernining balans hisob-kitob schyotlarini ochib, Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti nashriyoti “Sharq” konserniga aylantirilgan paytdagi schyotlarida turgan barcha pul mablagʻlarini oʻtkazsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligiga konsern binosida oʻrnatilgan aloqaning hamma turlari va telefonlarni “Sharq” konsernida qoldirish topshirilsin.
“Sharq” konsernining rahbari oʻz maqomi boʻyicha vazirga, konsern rahbari oʻrinbosarlari va Kengash aʼzolari respublika vazirligi hayʼatining aʼzolariga tenglashtiriladi.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat va Toshkent shahar hokimliklari, respublika vazirliklari va idoralari “Sharq” konsernining faoliyat koʻrsatishiga va uni rivojlantirishga yordam bersinlar va oʻz huquq doiralariga qiruvchi masalalarni vaqtida hal qilishni taʼminlasinlar.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 29-fevral,
92-son
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI APPARATI IShLAR BOShQARMASI HUZURIDAGI “ShARQ” NAShRIYOT-MATBAA KONSERNINING
USTAVI
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti apparati Ishlar Boshqarmasi huzuridagi “Sharq” nashriyot-matbaa konserni (matnda bundan buyon “Sharq” konserni deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sharq” nashriyot-matbaa konsernini tashkil etish toʻgʻrisida” 1991-yil 5-noyabrdagi Farmoni asosida hamda “Sharq” konserni muassislari boʻlmish korxona va tashkilotlar mehnat jamoalarining 1991-yil 6-noyabrda Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan taʼsis konferensiyasi qaroriga muvofiq tashkil etildi.
2. “Sharq” konserni:
mulkchilikning har qanday shakliga asoslangan korxonalarni birgalikdagi faoliyatning teng huquqli qatnashchilari, birlashishning tashkiliy shaklini erkin tanlash, qatnashchilarning va umuman birlashmaning oʻzini oʻzi boshqaruvi, qatnashchilar oʻrtasida munosabatlarni shartnoma asosida yoʻlga qoʻyish prinsiplarida barpo etadi va birlashtiradi. Korxonalar, tashkilotlar, jamoa va davlat xoʻjaliklari, aksiyali jamiyatlar, kichik korxonalar ham shartnoma asoslarida, ham teng huquqli qatnashchi sifatida konsernga kira oladilar;
vazifalarni hal qilish uchun yangi xoʻjalik mexanizmi imkoniyatlari va ishni tashkil etishning ilgʻor shakllaridan konsern tarkibiga qiruvchi korxona va tashkilotlarning, qolaversa, jalb etilgan korxona va tashkilotlarning ilmiy-texnikaviy va ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan uygʻun ravishda foydalanadi;
oʻzini oʻzi boshqarish, toʻla xoʻjalik hisobi va valyuta xarajatlarini oʻzi qoplash qoidalari asosida faoliyat koʻrsatadi. Konsern oldida turgan vazifalardan hamda zimmaga yuklangan vazifalardan kelib chiqqan holda boshqaruvning bir qismini markazlashtirishni hisobga olib, xoʻjalik yuritishning aksiyali va boshqa shakllaridan foydalanib, oʻz faoliyatini amalga oshiradi;
vazirliklar va idoralar, korxonalar, tashkilotlar hamda jamoat birlashmalari bilan shartnoma asosida oʻzaro hamkorlik qiladi;
oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasining markaziy iqtisodiy idoralari hamda boshqa ijro etuvchi va boshqaruvchi idoralari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan oʻzaro hamjihatlikda olib boradi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti apparati Ishlar Boshqarmasi farmoyishlariga, ushbu Ustavga va konsern Kengashining qarorlariga amal qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga va qatnashchi mamlakatlar qonunlariga koʻra huquqiy shaxs hisoblanadi, oʻz nomidan shartnomalar tuzishga, mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlar sotib olishga, sudda, hakamlik sudida va boshqa idoralarda majburiyat olishga, daʼvogar hamda javobgar sifatida qatnashishga haqlidir;
oʻz mol-mulkini toʻla yoki qisman konsernga berishi mumkin boʻlgan qatnashchilarning mol-mulkiga alohida egalikni saqlash qoidalari asosida ish koʻradi, oʻz navbatida konsern ham oʻziga tegishli mol-mulkning bir qismini qatnashchilarga berishi mumkin;
amaldagi qonunlarga muvofiq musodara etilishi mumkin boʻlgan oʻziga tegishli mol-mulk bilan oʻz majburiyati yuzasidan javobgardir;
davlat majburiyatlari hamda konsern tarkibiga qiruvchi korxonalar va tashkilotlar majburiyatlari yuzasidan javob bermaydi. Davlat, konsern tarkibiga qiruvchi korxonalar va tashkilotlar ham konsern majburiyatlari yuzasidan javob bermaydilar. Konsern aʼzolari oʻzlari “Sharq” konserni doirasida roʻyobga chiqarayotgan dasturlar hamda majburiyatlarning bajarilishi uchun javob beradilar;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan, nomi tegishli ravishda oʻzbek, rus va ingliz tillarida yozilgan dumaloq muhrga, tamgʻaga, shuningdek, oʻz nomi yozilgan va tovar belgisi tushirilgan gerbli ish qogʻoziga ega boʻladi;
uning tarkibiga qiruvchi korxona va tashkilotlar firma tamgʻasi va tovar belgisiga ega boʻlishga haqlidirlar;
“Sharq” konserni Kengashi Toshkent shahrida joylashgan.
II. Konsernning maqsadi, vazifalari va uning faoliyat yoʻnalishlari
3. “Sharq” konsernini tuzishdan maqsad respublikada nashriyot-matbaa ishini har taraflama rivojlantirishdan, aholining bosma mahsulotlariga boʻlgan talab-ehtiyojlarini toʻlaroq qondirishdan, texnologiya va uskunalar sohasida tadqiqotlar olib borishdan iboratdir.
“Sharq” konserni amaldagi qonunlarda taqiqlanmagan ishlab chiqarish va tijorat faoliyatining hamma turlari bilan shugʻullanadi.
4. Quyidagilar “Sharq” konserni faoliyatining asosiy vazifalari hisoblanadi:
faoliyatning Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida taqiqlangandan boshqa barcha turlaridan olingan foyda hisobiga oʻzining asosiy va yordamchi ishlab chiqarishlarini rivojlantirish uchun ham sovet soʻmida, ham chet el valyutasida jamgʻarmalarni vujudga keltirish;
uzoq muddatli va qisqa muddatli kreditlar olib, oʻz bankini vujudga keltirish, marketing boʻyicha ish olib borish, birgalikda ishlab chiqarishlarni vujudga keltirishda qatnashish, shuningdek, ham Oʻzbekiston Respublikasi ichida, ham chet ellarda huquqiy va jismoniy shaxslar bilan birgalikda tijorat ishlari olib borish.
III. “Sharq” konserniga aʼzolik
5. Idoraviy tobeligidan va qaysi hududda joylashganligidan qatʼi nazar, konsern faoliyatining maqsadlarini va vazifalarini eʼtirof etuvchi, shartnomalar imzolagan hamda kirish badali toʻlagan davlat, jamoat, xoʻjalik hisobidagi, shirkat, qishloq xoʻjalik korxonalari, birlashmalari va tashkilotlari hamda oʻzga korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar, qoʻshma korxonalar, ularning boʻlimlari, filiallari va tarkibiy birliklari, shuningdek, boshqa mamlakatlarning huquqiy va jismoniy shaxslari, xalqaro tashkilotlar, birlashmalar “Sharq” konsernining qatnashchilari hisoblanadilar.
Ular badal toʻlagunlariga qadar “Sharq” konsernida qatnashishga nomzod hisoblanadilar. “Sharq” konsernining asosiy sarmoyasini vujudga keltirishda huquqiy shaxslar ham, jismoniy shaxslar ham qatnasha oladilar. Badal puli korxonalar uchun 1991-yilda soʻm hisobida sotilgan mahsulot yoki bajarilgan ish hajmining 0,5 foizi miqdorida va boshqa qatnashchilar uchun 0,25 foizi miqdorida belgilab qoʻyiladi. Xorijiy qatnashchilar kirish badallarini “Sharq” konserni Kengashi qaroriga muvofiq ravishda toʻlaydilar.
“Sharq” konserni tarkibiga qiruvchi korxonalar, tashkilotlar, uyushmalar konsern asosini tashkil etadilar va taʼsis etilganidan soʻng ishlab chiqarish-xoʻjalik, ilmiy-tadqiqot va moliya faoliyatida ular “Sharq” konsernining barcha qatnashchilari bilan teng huquqqa egadirlar.
6. “Sharq” konserni aʼzolari konsern bilan xoʻjalik shartnomasi asosida muayyan muddatga yoki muayyan shartlar bajarilgunga qadar oʻzining harakatdagi mablagʻlarini, asosiy jamgʻarmalari yoxud intellektual mulkini tasarruf etish huquqini “Sharq” konserniga berishlari mumkin. Konsern qatnashchi-aʼzolarining mulki va ulardan soliq olish masalalari Oʻzbekiston Respublikasining tegishli qonunlari asosida boshqarib boriladi.
7. “Sharq” konserni aʼzolar firma tarkibiga olib kirgan asosiy jamgʻarmalarni, harakatdagi mablagʻlar hamda boshqa mulklarni mustaqil ravishda baholaydi hamda ularga ana shu baholash natijalariga monand miqdorda aksiyalar berishi mumkin.
8. “Sharq” konserni tarkibiga yangi aʼzolar qabul qilish hamda aʼzolik shaklini aniqlash xususidagi masalani “Sharq” konsernining yuqori organi-konsern Kengashi hal etadi. “Sharq”, konserniga aʼzo boʻlib kirayotgan korxonalar oʻrtasida ushbu Ustav amal qiladigan davrga moʻljallab shartnoma tuziladi.
“Sharq” konsernining oʻz tarkibiga qiruvchi mustaqil huquqiy shaxslar bilan oʻzaro munosabatlari xoʻjalik hisobi hamda pudrat shartnomalaridan, boshqaruvning dasturiy maqsadli usullaridan hamda zaxiralarni taqsimlashning va buyurtmalarni joylashtirishning tanlov tizimidan foydalangan holda oʻzaro javobgarlikni zimmaga olish prinsiplarida yoʻlga qoʻyiladi.
9. “Sharq” konsernining aʼzolari:
konsernning ilmiy, ishlab chiqarish, tijorat, moliya, madaniy, ijtimoiy, rekreatsion va boshqa xil dasturlarini amalga oshirishda qatnashish, konsernning markaziy moliya va moddiy-texnika resurslaridan, uning axborot jamgʻarmasi va maʼlumotlar omboridan birinchi navbatda foydalanish;
korxona faoliyati yuzasidan “Sharq” konserni rahbariyati qabul qilgan qarorga, vakillik qatnashchisining konsern tarkibidan oʻzaro hisob-kitob qilib chiqib ketishiga qadar, veto quyish;
bergan sarmoyasi va uning evaziga olingan foydaga muvofiq aksiyalar olish;
ionalar berish, biron tadbirga pul oʻtkazish;
“Sharq” konserni tarkibiga qiruvchi korxonalar va tashkilotlar ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni birinchi navbatda sotib olish;
“Sharq” konserni faoliyatiga hamda uning mol-mulki holatiga daxldor maʼlumotlarni olish;
“Sharq” konserni koʻrib chiqishi uchun takliflar kiritish;
ajratilgan mablagʻlar doirasida konsern rahnamoligida oʻtkaziladigan dasturlarni bajarish uchun “Sharq” konsernidan moliyaviy yordam yoki boshqa yoʻsindagi yordam olish huquqlariga egadirlar.
10. “Sharq” konserni aʼzolari:
ushbu Ustavga rioya etishga;
kirish badallari va yillik badallar toʻlashga;
“Sharq” konserni tasdiqlagan dasturning uning qatnashchisi faoliyatiga taalluqli qismini bajarishga, bajarilgan ish xususida hisobot taqdim etishga;
tuzilgan shartnomaga muvofiq yoki koʻpchilik boʻlib qabul etilgan qarorga binoan “Sharq” konserni qarorini bajarishga;
konsern faoliyatiga taalluqli ayrim masalalarni ishlab chiqish uchun kerakli axborotni “Sharq” konserniga taqdim etishga;
konsernga uning oʻz vazifalarini bajarishda yordam koʻrsatishga;
konsern faoliyati natijasida olingan axborotning maxfiyligiga rioya etishga majburdirlar.
11. “Sharq” konsernining har bir aʼzosi uning aʼzolari tarkibidan chiqishi mumkin, bu haqda chiqish vaqtidan kamida bir yil oldin, konsern rahbariyati bilan boshqa muddatga kelishilmagan boʻlsa, “Sharq” konserni rahbariyatiga yozma ravishda xabar qilinishi lozim. Konserndan chiqish vaqtida uning tarkibidan chiqayotgan qatnashchi “Sharq” konserni va uchinchi shaxslar oldidagi oʻzining barcha majburiyatlarini bajarishi shart.
Oʻz navbatida “Sharq” konserni ana shu qatnashchi oldida zimmasida boʻlgan vazifalarni bajarishi shart.
Konsern aʼzosi uning tarkibidan chiqayotganda, shartnomaga muvofiq konsernga berilgan oʻsha asosiy jamgʻarmalargina unga qaytarilishi kerak. Konserndan chiqayotgan aʼzo markazlashtirilgan resurslardan olgan asosiy fondlar va intellektual mulk qaytarilishi shart emas hamda ular konsern Kengashi qarori bilangina u belgilaydigan narxda haqini toʻlab sotib olinishi yoki “Sharq” konserni belgilaydigan shartlarda almashtirilishi mumkin.
Konsern muayyan aʼzosining faoliyati ushbu Ustavga zid boʻlsa, konsern Kengashining qarori bilan ana shu qatnashchining “Sharq” konserniga aʼzoligi toʻxtatib qoʻyiladi.
IV. Ishlab chiqarish-xoʻjalik faoliyati
12. “Sharq” konserni:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bankida va Tashqi iqtisodiyot bankida oʻzining hisob-kitob schyotiga va boshqa xil schyotlarga ega boʻlib, barcha kassaviy va kredit hamda hisob-kitob yumushlarini soʻm va valyutada mustaqil ravishda amalga oshiradi;
ham respublikada, ham boshqa mamlakatlarda savdo sheriklarini va mol yetkazib beruvchilarni erkin tanlaydi;
oʻzining ishlab chiqarish-moliya faoliyatini mustaqil tarzda rejalashtiradi hamda ishlab chiqilayotgan maqsadli dasturlar, shuningdek, “Sharq” konserni aʼzolarining ishlab chiqarish, ijtimoiy rivojlantirishning olis istiqbolga moʻljallangan va joriy rejalari asosida taraqqiyot istiqbollarini belgilab oladi;
oʻzining qatnashchilari topshirigʻiga koʻra va ushbu Ustavga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi davlat boshqaruv idoralari bilan davlat buyurtmalarini joylashtirish borasida oʻzaro hamkorlik yuzasidan vazifalarni markazlashtiradi;
konsern aʼzolari imkoniyatlari va resurslarini oqilona jamlashni taʼminlash yoʻli bilan “gʻoyadan to ommaviy ishlab chiqarishga qadar” boʻlgan innovatsiya faoliyati butun turkumini tashkil etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti apparati Ishlar Boshqarmasining roziligiga koʻra respublikada zaruratga qarab fan, texnika, ishlab chiqarish, madaniyat, taʼlim, turizm, sogʻlomlashtirish sohalarida, shuningdek, oʻzining Ustavda yozib qoʻyilgan maqsad va vazifalarga muvofiq boshqa yoʻnalishlar boʻyicha xoʻjalik hisobidagi korxonalar (firmalar, markazlar, ilmiy-ishlab chiqarish, tashqi iqtisodiy birlashmalar va boshqa birlashmalar) barpo etadi;
oʻz nomidan shartnomalar tuzishi, respublika banklari va ajnabiy banklar kreditlaridan foydalanish, chetdan mol olib kelish hamda chetga mol chiqarish yumushlarini va boshqa tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishi, bu ishni uchinchi mamlakatlar orqali olib borishi ham mumkin, respublikadagi va chet ellardagi bozorlarda, birjalarda, kim oshdi savdolarida qatnashishi, Oʻzbekiston Respublikasida va chet ellarda korxonalar, shu jumladan, xorijiy firmalar bilan qoʻshma korxonalar ochishi mumkin;
oʻz Kengashi qaroriga koʻra maqsadli dasturlarni roʻyobga chiqarish uchun sarflanadigan markazlashtiriladigan jamgʻarmalar ochadi, istiqbolli ilmiy-texnikaviy yechimlar investitsiyasini amalga oshiradi, yangi tashkil etilgan korxonalarning Ustav jamgʻarmasini shakllantiradi, “Sharq” konserni aʼzosi boʻlgan mehnat jamoalarini ragʻbatlantirish, konsernning apparatini saqlashni taʼminlash, ijtimoiy dasturlarni roʻyobga chiqarish bilan shugʻullanadi. “Sharq” konserni jamgʻarmalarining tuzilishini uning Kengashi belgilab beradi. “Sharq” konsernining markazlashtirilgan jamgʻarmalarini shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti apparati Ishlar Boshqarmasi bilan kelishilgan holda konsern Kengashi tomonidan belgilanadi;
oʻz tarkibida konsernning respublikadagi va chet ellardagi faoliyatini taʼminlaydigan tijorat banki tashkil etadi;
oʻzining daromadlari hamda konsern aʼzolari daromadi hisobiga maqsadli ijtimoiy-madaniy dasturlar jamgʻarmalarini tuzadi. Bu jamgʻarmalar madaniyatni, taʼlimni rivojlantirishga sarflanadi. Jamgʻarmalarni tashkil etuvchi moliyaviy mablagʻlar va moddiy-texnika resurslarini shakllantirish hamda ularni sarflash tartibini konsern Kengashi tartibga solib boradi;
tuziladigan korxonalar, markazlar va firmalar orqali marketing, konsalting, lizing, injiniring xizmatlarini koʻrsatadi, boshqaruv, moliya-valyuta, shartnoma-huquq masalalarida, mahsulotni reklama qilish va sotishda, yarmarka va koʻrgazmalarda, litsenziyalar, “nou-xau” sotib olish va sotishda koʻmaklashadi;
respublikadagi va boshqa davlatlardagi muassasalar, tashkilotlar va firmalar bilan, shuningdek, ularning vakillari hamda fuqarolar bilan konsern vakolatiga qiruvchi masalalar yuzasidan amaliy muloqot olib borish, oʻz aʼzolarining manfaatlarini davlat idoralarida va mahalliy idoralarda himoya qilish huquqiga ega;
ham respublikada, ham boshqa mamlakatlarda bitimlar va boshqa xil huquqiy hujjatlar tuzishi, shu jumladan, oʻzining Ustav jamgʻarmasi doirasida korxonalar, tashkilotlar, firmalar va shirkatlar bilan, shuningdek, ayrim fuqarolar bilan kredit va veksel bitimlari tuzishi mumkin;
ham respublikada, ham boshqa mamlakatlarda korxonalarni, ijtimoiy va madaniy ahamiyatga molik obyektlarni, shuningdek, har qanday qoʻzgʻaladigan va qoʻzgʻalmaydigan mol-mulkni quradi, sotib oladi, chegirib beradi, qarzga yoki ijaraga oladi hamda qarzga yoki ijaraga beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti apparati Ishlar Boshqarmasi roziligi bilan yoki mustaqil ravishda faoliyati oʻzining maqsad va vazifalariga mos keladigan aksiyali jamiyatlar, birgalikdagi korxonalar, banklar va boshqa tashkilotlarni taʼsis etish yoki ularda qatnashish huquqiga ega;
xalqaro yarmarka va koʻrgazmalarda qatnashadi, respublikada va chet ellarda ixtisoslashtirilgan koʻrgazmalar, simpozium va seminarlarni tashkil etadi, reklama va axborot yoʻsindagi nashrlarni chop etadi, radio va televideniyeda reklama va axborot hamda tushuntirish yoʻsindagi eshittirish va koʻrsatuvlar tashkil etadi;
oʻzi ishlab chiqargan, qolaversa, birgalikda ishlab chiqarilgan mahsulot va xizmatlarga, jumladan, davlat buyurtmasiga kiritilgan mahsulotlarga qaror topgan jahon narxlari darajasida soʻmda va chet el valyutasida mustaqil ravishda narx hamda tarif tuzadi va belgilaydi;
ishlarni bajarish uchun yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni tuzilgan bitimlarda aytib oʻtilgan shartlarda jalb etadi;
shtatdan tashqari jalb etilgan mutaxassislar mehnatiga ham soʻmda, ham valyutada haq toʻlash tartibini mustaqil tarzda belgilaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti apparati Ishlar Boshqarmasi bilan kelishuv asosida “Sharq” konserni oʻz faoliyatiga aloqador masalalarni hal etish uchun oʻz mutaxassislarini xizmat safariga, shu jumladan, chet el safariga joʻnatadi va xorijiy mutaxassislarni qabul qiladi, shuningdek, “Sharq” konserni qatnashchilari-aʼzolari hamda tashqi sheriklar oʻrtasida eksport-import hamda vositachilik vazifalarini amalga oshiradi;
chet el safariga joʻnab ketish uchun pasportni rasmiylashtirishi, shuningdek, safarga yuborilayotgan xodimga ruxsat olish uchun chet davlatlarning konsulxonalari va elchixonalariga murojaat etishi mumkin, bunda Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1989-yil 20-oktabrdagi 350-son qaroriga amal qilinadi.
“Sharq” konserni xizmatchilari maosh, mukofot va boshqa haqlarni olishlari mumkin. Ularga amaldagi qonunlarga hamda markaziy idoralarning qarorlariga muvofiq soliq solinadi.
V. “Sharq” konsernining mol-mulki
13. “Sharq” konsernining mol-mulki asosiy jamgʻarmalar va harakatdagi mablagʻlardan, shu jumladan, erkin almashtiriladigan valyutadagi mablagʻlardan, shuningdek, boshqa moddiy boyliklar va moliyaviy resurslardan iboratdir. Ishlab chiqarish-xoʻjalik vazifalarini markazlashtirilgan tartibda bajarish uchun korxona va tashkilotlar “Sharq” konserniga bergan mol-mulk ham “Sharq” konsernining mol-mulki hisoblanadi. “Sharq” konserni oʻziga birkitilgan va oʻzi sotib olgan mol-mulk va boshqa mulkka “Oʻzbekiston Respublikasida mulk toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ravishda egalik qilish, undan foydalanish va oʻz ixtiyoriga olish huquqini amalga oshiradi.
14. “Sharq” konserni mulki sum va valyutadagi tushumlarning quyidagi manbalari hisobidan hosil boʻladi:
oʻz ishlab chiqarish va xoʻjalik hamda tijorat faoliyatidan olingan daromadlardan;
berilgan iona yoki sovgʻa qilingan moddiy, pul, valyuta resurslaridan.
15. “Sharq” konsernining yoki uning tarkibiga qiruvchi aʼzolarning aksiyalarini chiqarish vaqtida konsernning muassislari boʻlgan tashkilotlarning, shuningdek, yangi qabul qilinayotgan aʼzolarning mol-mulki va boshqa mulki “Sharq” konserni va uning tegishli korxonasi aksiyali sarmoyasi qiymat bahosini hamda ustav aksiyali sarmoyasi shaklini oladi.
Ustav fondi qiymati koʻpayganda “Sharq” konserni aksiyali sarmoyasini koʻpaytirish konsern rahbariyati qaroriga muvofiq yangi aksiyani chiqarish yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin.
16. “Sharq” konserni olgan daromad, soliqlar toʻlanganidan soʻng, uning oʻz ixtiyorida qoladi.
17. Oʻz majburiyatlari qoplanganidan keyin “Sharq” konserni ixtiyorida qolgan daromadlarni taqsimlash mutanosibligi konsern Kengashi qarori bilan har yili belgilab qoʻyiladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti apparati Ishlar Boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadi.
18. “Sharq” konserni jamgʻarmasiga soʻm va valyutadagi barcha badallar va kirimlar kiradi. Jamgʻarmadan:
madaniyat va Maʼnaviyat sohasidagi faoliyat uchun;
konsern Kengashi sarf-xarajati uchun;
konsern korxonalarini, firmalarini va tashkilotlarini saqlash va rivojlantirish uchun;
vakillik sarf-xarajatlari uchun;
vakillik faoliyati masalalari yuzasidan mutaxassislarni xizmat safariga yuborish sarf-xarajatlari uchun;
qatnashchilar, shuningdek, oʻziga tegishli korxonalar, firmalar va tashkilotlar manfaatlarini koʻzlab tadqiqotlar olib borish, uskunalar, materiallar, Namunalar, “nou-xau” sotib olish uchun;
koʻrgazmalar, yarmarkalar, kim oshdi savdolari, lotereyalar oʻtkazish uchun;
noshirlik-reklama faoliyati uchun;
xayriya maqsadlari uchun;
boshqaruv idoralari qaroriga binoan boshqa sarf-xarajatlar uchun foydalaniladi.
“Sharq” konserni qatnashchilarining, firmalar va tashkilotlarning moliyaviy jamgʻarmaga badallar, ulushlar va tushumlarni toʻlash miqdorlarini, tartibini va muddatlarini konsern Kengashi belgilaydi.
“Sharq” konserni qatnashchilarining kirish badallari qaytarib berilmaydi.
19. “Sharq” konsernining moliyaviy faoliyati konsern Kengashi tasdiqlagan ishlab chiqarish va tijorat dasturlari asosida olib boriladi.
Smeta soʻmda va valyutada tuziladi.
VI. “Sharq” konserni faoliyatini boshqarish
20. “Sharq” konserni Kengashi konsern boshqaruvining yuqori idorasi hisoblanadi. Kengash konsern muassislari boʻlgan korxonalar va tashkilotlar vakillaridan iborat boʻladi. Kengashning har bir aʼzosi bitta ovozga ega.
Qaror qabul qilish uchun fikrni yozma ravishda soʻrab olishga yoʻl qoʻyiladi. Zarurat boʻlganda konsern Kengashi aʼzosi majlisda uning nomidan ish qurishni Kengashning boshqa aʼzosiga topshirishga haqlidir.
Kengash majlislari zaruratga qarab, ammo yarim yilda kamida bir marta oʻtkaziladi. Kengash Majlisi konsernning bosh direktori boshchiligidagi maʼmuriyatni tuzadi.
21. Konsern Kengashi konferensiyalar orasidagi davrda konsern faoliyatiga doir barcha masalalar yuzasidan, shu jumladan, quyidagi masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilishga haqlidir:
konsern hamda konsern tarkibida tashkil etilayotgan korxonalar, firmalar, tashkilotlar vakilliklar Ustavini qabul qilish;
konsern faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini belgilash hamda uning dasturlarini, shuningdek, ularning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni tasdiqlash;
moliyaviy va boshqa jamgʻarmalarni tasdiqlash;
konsernga yangi qatnashchilar qabul qilish;
konsern boshqarmasi mansabdor shaxslari mehnatiga haq toʻlash va ularni mukofotlash shartlarini belgilab quyish.
22. Konsern ijrochilik faoliyatiga rahbarlik bosh direktor boshchiligidagi maʼmuriyat tomonidan amalga oshiriladi. Bosh direktor konsern Kengashi aʼzolari orasidan saylanadi, uni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tasdiqlaydi.
Maʼmuriyat:
konsern faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha vazifalarni bajaradi;
dasturlar hamda ishlab chiqarish rejalarini ishlab chiqish hamda ularni tasdiqlash uchun taqdim etadi;
dasturlarni roʻyobga chiqaradi;
smetalarni ishlab chiqadi, ularning ijrosi haqida hisobot tayyorlaydi va tasdiqlash uchun taqdim qiladi;
konsernning moliyaviy barqaror boʻlishini taʼminlaydi;
konsern faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborot yoʻsinidagi va boshqa xil materiallarni tayyorlab qatnashchilarga yuboradi;
tashkilotlar, korxonalar, muassasalar bilan munosabatlarda konsern nomidan ish koʻradi;
konsern Kengashi qarorlarini bajarish hamda ana shu qarorlar ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni taqdim qilish yuzasidan ishlarning bajarilishini taʼminlaydi, shuningdek, boshqaruv tuzilishini ishlab chiqadi.
23. Konsernning moliyaviy faoliyatini nazorat qilish uchun taftish komissiyasi tuziladi. Konsern rahbar idoralarining aʼzolari bu komissiyaga aʼzo boʻla olmaydilar. Taftish komissiyasi oʻtkazilgan taftishlar haqidagi materiallarni, shuningdek, yillik hisobot yuzasidan oʻz xulosasini konsern Kengashiga va konsern konferensiyasiga taqdim etadi.
24. Konsern qatnashchilarining konferensiyasi yiliga kamida bir marta oʻtkaziladi. Konferensiyada:
joriy yilda bajarish uchun rejalar, dasturlar qabul qilinadi;
ularni amalga oshirish yuzasidan konsern oldida turgan uzoq istiqbolga moʻljallangan vazifalar koʻrib chiqiladi;
konsern moliyaviy faoliyati yuzasidan hisobotlar koʻrib chiqiladi;
taftish komissiyasi saylanadi;
konsern daromadlarini taqsimlash masalalari koʻrib chiqiladi;
konferensiya qatnashchilarining taklifiga koʻra boshqa masalalar hal etiladi.
25. Konsern Kengashi oʻz vazifalarini amalga oshirish uchun konsern faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha maxsus markazlar tuzishi, asosiy va tayanch tashkilotlarni belgilashi mumkin.
26. Konsernning ixtisoslashtirilgan markazlari va tashkiliy asosdagi boshqa boʻlinmalarining tarkibiy sxemasini, shuningdek, ular rahbarlarining maoshlarini bosh direktor tasdiqlaydi.
27. Konsernda boshqaruv vazifalarini amalga oshirish uchun, xoʻjalik vazifalarini bajarish uchun boshqaruvning ijroiya devoni tashkil etiladi.
Boshqaruv devoni xodimlarining mehnatiga haq toʻlash shartlari va devon shtatini bosh direktor belgilaydi.
VII. Hisobga olib borish va hisobot
28. Konsernning moliyaviy yili kalendar yilining 1-yanvaridan 31-dekabriga qadar belgilanadi. Har yil tugaganidan soʻng hisobot balansi tuziladi.
29. Konsernda buxgalterlik hisobi hamda hisobot ishi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilab quyilgan tartibda yuritiladi.
VIII. “Sharq” konsernini tugatish va qayta tashkil etish
30. “Sharq” konsernini tugatish va tashkil etish “Oʻzbekiston Respublikasida korxonalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
31. “Sharq” konserni tugatilgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti apparati Ishlar Boshqarmasi tugatish komissiyasini tayinlaydi, u tugatish balansini tasdiqlash uchun taqdim etadi.