Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi va uning tarkibiga kiruvchi Chotqol davlat biosfera qoʻriqxonasi, Burchmulla va Ohangaron davlat oʻrmon xoʻjaliklari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari haqida
Keyingi tahrirga qarang.
“Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunini amalga oshirish, shuningdek Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi va uning tarkibiga kiruvchi Chotqol davlat biosfera qoʻriqxonasi hamda Burchmulla va Ohangaron davlat oʻrmon xoʻjaliklari faoliyatini tubdan takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi va uning tarkibiga kiruvchi Chotqol davlat biosfera qoʻriqxonasi, Burchmulla va Ohangaron davlat oʻrmon xoʻjaliklari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 11-maydagi PQ-2966-son qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tizimiga oʻtkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va Toshkent viloyati hokimligining Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi va uning tarkibiga kiruvchi Chotqol davlat biosfera qoʻriqxonasi, Burchmulla va Ohangaron davlat oʻrmon xoʻjaliklari faoliyati va mavjud shtat birliklarini Toshkent viloyati mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish haqidagi taklifi maʼqullansin.
3. Belgilansinki:
Burchmulla va Ohangaron davlat oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 530-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar intensiv koʻchatxona va issiqxonalarni tashkil etish, mavjud oʻrmonzorlarni muhofaza qilish hamda koʻpaytirish, ekoturizmni rivojlantirish, ishchi-xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida ushbu oʻrmon xoʻjaliklarining oʻz hisobida qoldiriladi;
Burchmulla va Ohangaron davlat oʻrmon xoʻjaliklarining yil yakuni boʻyicha olgan sof foydasining 50 foizi Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
4. Quyidagilar:
Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi ijro etuvchi apparati tuzilmasi 1-ilovaga;
Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi toʻgʻrisida nizom 2-ilovaga;
Chotqol davlat biosfera qoʻriqxonasi ijro etuvchi apparati tuzilmasi 3-ilovaga;
Chotqol davlat biosfera qoʻriqxonasi toʻgʻrisida nizom 4-ilovaga;
Keyingi tahrirga qarang.
Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi, Chotqol davlat biosfera qoʻriqxonasi, Burchmulla va Ohangaron davlat oʻrmon xoʻjaligi xodimlari mehnatiga haq toʻlash tartibi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi bir oy muddatda:
Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi, Chotqol davlat biosfera qoʻriqxonasi, Burchmulla va Ohangaron oʻrmon xoʻjaliklari shtatlar jadvalini ishlab chiqib tasdiqlasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi hududida qoʻshimcha 10 ta post tashkil etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayev va Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi N.J. Bakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 14-avgust,
657-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-avgustdagi 657-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi ijro etuvchi apparatining
TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan umumiy soni — 103 nafar,
shu jumladan, boshqaruv xodimlari — 12 nafar,
mutaxassislar — 72 nafar,
yordamchi xodimlar — 19 nafar.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-avgustdagi 657-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻining (keyingi oʻrinlarda Tabiat bogʻi deb ataladi) maqsadi, vazifasi, funksiyalari, uning hududi, rejimi va muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
2. Tabiat bogʻi hududidagi alohida ekologik, madaniy va estetik ahamiyatga ega boʻlgan tabiiy obyektlar va komplekslar tabiatni muhofaza qilish, rekreatsion, ilmiy va madaniy maqsadlarda saqlab qolish hamda ulardan foydalanish uchun moʻljallangan.
3. Tabiat bogʻi tabiatni muhofaza qilish, rekreatsion, maʼrifiy, ilmiy va madaniy maqsadlarda foydalanishga moʻljallangan hamda alohida ekologik tarixiy va estetik ahamiyatga ega boʻlgan tabiiy obyektlarni saqlab qolish maqsadida tashkil etiladi.
4. Tabiat bogʻi Chotqol davlat biosfera qoʻriqxonasi, Ohangaron va Burchmulla davlat oʻrmon xoʻjaliklarining oʻrmon fondi hamda boshqa yer egalari va yerdan foydalanuvchilarning yerlarida tashkil topadi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Tabiat bogʻi hududiga tegishli yer, suv, yer osti boyliklari, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, boshqa tabiat obyektlari va komplekslar xoʻjalik yoki boshqa maqsadlarda foydalanishdan toʻliq yoki qisman olib qoʻyiladi va ulardan faqat unda belgilangan rejimga muvofiq foydalaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra, tabiat bogʻining yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyishga alohida hollarda yoʻl qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Tabiat bogʻi hududi rejalar va dasturlarni, yer tuzish sxemalarini hamda hududiy rejalashtirishni, shuningdek tabiiy resurslarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishga doir boshqa rejalarni ishlab chiqishda hisobga olinadi.
7. Tabiat bogʻi oʻz faoliyatini “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida” “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”, “Oʻrmon toʻgʻrisida”, “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, boshqa qonun hujjatlari va ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiradi hamda oʻz hududida joylashgan boshqa yer egalari, yerdan foydalanuvchilar hamda ijarachilar bilan hamkorlik qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Tabiat bogʻi Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tizimidagi boʻlgan davlat tabiatni muhofaza qilish muassasasi hisoblanadi.
Toshkent viloyatida oʻrmonlarni barpo etish, koʻpaytirish, qayta tiklash, muhofaza qilish va qoʻriqlash, ulardan oqilona foydalanish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 530-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat qoʻriqxonalari, milliy tabiat bogʻlari va ovchilik xoʻjaliklari toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga muvofiq yuklatilgan vazifa va funksiyalarni ham bajaradi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Tabiat bogʻi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga, banklarda oʻz hisob raqamlari, shu jumladan xorijiy valyutadagi hisob raqamlariga ega boʻladi.
10. Tabiat bogʻi oʻz ramziy belgilari — bayrogʻi, vimpeli, emblemasi va boshqalarga ega boʻladi.
Boshqa tashkilotlar tabiat bogʻi hududida joylashgan tabiiy va tarixiy-madaniy komplekslar, obyektlar hamda ularning nomlari va ramzlari aks etgan bosma, esdalik va tirajli mahsulotlar, shuningdek, boshqa tovarlarni faqat tabiat bogʻi bilan tuzilgan shartnomaga asosan ishlab chiqaradi.
11. Tabiat bogʻining davlat tilidagi toʻliq nomi — “Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi”, rus tilida — “Ugam-Chatkalskiy gosudarstvenniy natsionalniy prirodniy park”, ingliz tilida – “The State National Nature park of “Ugom-Shatkal”.
Joylashgan joyi: Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumani, Iskandar qoʻrgʻoni, Furqat koʻchasi, 112-uy.
2-bob. Tabiat bogʻining maqsadi, asosiy vazifalari va funksiyalari
12. Tabiat bogʻi alohida ekologik, madaniy va estetik ahamiyatga ega boʻlgan tabiat obyektlari va komplekslarini saqlash va ulardan foydalanish maqsadida tashkil etiladi.
13. Quyidagilar tabiat bogʻining asosiy vazifalari hisoblanadi:
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimida (ekologik tarmoqda) Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi biologik va landshaft xilma-xilligini taʼminlash, ekologik muvozanatni saqlashda ishtirok etish;
rekreatsion, ilmiy va madaniy maqsadlarda tabiiy obyektlar va komplekslardan oqilona va barqaror foydalanishni taʼminlash;
atrof tabiiy muhit monitoringini yuritish.
14. Tabiat bogʻi oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimida (ekologik tarmoq) Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi biologik va landshaft xilma-xilligini taʼminlash, ekologik muvozanatni saqlashda ishtirok etish sohasida tabiat bogʻi hududida:
tabiiy obyektlar va komplekslar, tarixiy-madaniy merosni saqlash rejimini taʼminlaydi;
tabiiy obyektlar va komplekslar, jumladan, noyob va yoʻqolib borayotgan oʻsimlik va hayvonlar turlarini qoʻriqlash, takror koʻpaytirish va himoya qilish ishlarini tashkil etadi;
yuridik va jismoniy shaxslarning tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik talablari, tabiatdan foydalanishga doir normalar va qoidalarga rioya etilishini nazorat qiladi;
buzilgan tabiiy obyektlar va komplekslarni qayta tiklaydi;
ekologik-maʼrifiy faoliyatni amalga oshiradi, aholi oʻrtasida ekologik taʼlim-tarbiya ishlariga koʻmaklashadi;
b) rekreatsion, ilmiy va madaniy maqsadlarda tabiiy obyektlar va komplekslardan oqilona va barqaror foydalanishni taʼminlash sohasida tabiat bogʻi hududida:
rekreatsiya, jumladan, ekologik turizm uchun sharoitlar yaratadi;
tabiatni muhofaza qilish va tabiatdan barqaror foydalanish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazilishi, ilmiy kadrlar, mutaxassislarni tayyorlashga koʻmaklashadi;
xoʻjalik subyektlariga tabiiy obyektlar va komplekslardan barqaror, oqilona va maqsadli foydalanishga koʻmaklashadi;
tabiiy obyektlar va komplekslarni saqlash sohasida ilmiy faoliyatni amalga oshiradi;
v) atrof tabiiy muhit monitoringini yuritish sohasida:
tabiat bogʻining ayrim zonalarida ruxsat etilgan cheklangan xoʻjalik va boshqa faoliyat taʼsirida bio xilma-xillik monitoringini, qoʻriqxona zonasida esa tabiiy jarayonlarining tabiiy kechishi monitoringini yuritadi;
monitoring maʼlumotlarini qayta ishlash va umumlashtirish maqsadida mazkur tabiiy hududda joylashgan davlat qoʻriqxonasiga taqdim etadi.
Tabiat bogʻi ushbu Nizom va boshqa qonun hujjatlariga koʻra, boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
3-bob. Tabiat bogʻini boshqarish
15. Tabiat bogʻini boshqarish Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi hamda Toshkent viloyati hokimligi tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi Toshkent viloyati hokimligi bilan kelishilgan holda:
Tabiat bogʻining direktorini tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
Tabiat bogʻining faoliyatini taʼminlash maqsadida mulkni taqsimlab beradi, jumladan, pul mablagʻlarini ajratadi;
daromadlar va xarajatlar smetasi va tabiat bogʻi mablagʻini sarflash hisobotini tasdiqlaydi;
Tabiat bogʻining shtat jadvalini tasdiqlaydi;
Tabiat bogʻining faoliyati va hududdagi rejimga rioya etilishini nazorat qiladi;
Tabiat bogʻi ramzini tasdiqlaydi;
Tabiat bogʻining boshqarish rejalarini va uning bajarilish natijalari boʻyicha hisobotlarni tasdiqlaydi;
Tabiat bogʻi Ilmiy kengashining tarkibi va nizomini tasdiqlaydi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
16. Tabiat bogʻi maʼmuriy-xoʻjalik qismi, ilmiy boʻlim, rekreatsiya va ekologik taʼlim boʻlimi hamda tabiat bogʻini qoʻriqlash boʻlimidan iborat boʻladi.
17. Tabiat bogʻining direktori va oʻrinbosarlari tabiat bogʻi faoliyatini tashkil etish uchun masʼuldir.
18. Tabiat bogʻi direktorining oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi bilan kelishilganidan soʻng direktor tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Tabiat bogʻi direktorining rekreatsiya, ilm-fan va taʼlim boʻyicha oʻrinbosari oʻz lavozimiga koʻra, ilmiy boʻlim boshligʻi – bosh oʻrmonchi hisoblanadi.
Tabiat bogʻi direktorining rejim va oʻrmon fondini qoʻriqlash boʻyicha oʻrinbosari oʻz lavozimiga koʻra, tabiatni qoʻriqlash boʻyicha inspeksiya boʻlimi boshligʻi hisoblanadi.
Bosh hisobchi tabiat bogʻi direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
19. Tabiat bogʻi direktori tabiat bogʻidagi mavjud barcha tabiiy obyektlar va komplekslar, mol-mulk himoya qilinishi, hisobotning oʻz vaqtida taqdim etilishi, ushbu hududdagi moliyaviy, shartnoma va mehnat intizomiga rioya etilishi uchun masʼuldir.
20. Tabiat bogʻining direktori:
tabiat bogʻi faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;
kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyishni taʼminlaydi;
tabiat bogʻi rejimiga rioya etilishini nazorat qiladi;
qonunchilikda belgilangan tartibda shartnomalar tuzadi hamda tabiat bogʻi mablagʻlari va mulkini boshqaradi;
tabiat bogʻining mulki, uskunalari, moddiy va boshqa qimmat baho boyliklari himoya qilinishini tashkil etadi;
tabiat bogʻi xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarda tabiat bogʻi manfaatlarini ishonch qogʻozisiz ifoda etadi;
qonunchilik va ushbu Nizomga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
21. Tabiat bogʻi direktorining rekreatsiya, ilm-fan va taʼlim boʻyicha oʻrinbosari — bosh oʻrmonchi:
rekreatsiya faoliyati amalga oshirilishini va bioxilma-xillik monitoringi yuritilishini tashkil etadi, shuningdek, aholi oʻrtasida ekologik taʼlim va maʼrifat ishlariga koʻmaklashadi;
tabiat bogʻining ilmiy-tadqiqot faoliyatini taʼminlaydi hamda ilmiy aloqalarini tashkil etadi;
tabiat bogʻida barcha ishlab chiqarish ishlari toʻgʻri tashkil etilishi va olib borilishi, oʻrmonlar hisobi, oʻrmon va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar kadastri, tabiat bogʻi pasportini yuritish, texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi, ilgʻor tajriba joriy etilishi, oʻrmonlarni barpo etish, qayta tiklash, koʻpaytirish, seleksion urugʻchilikni tashkil etish, koʻchat yetishtirishni rivojlantirish, ayniqsa manzarali koʻchatlarni yopiq ildiz usulida yetishtirishni koʻpaytirish, dorivor oʻsimliklar tayyorlanishi, ilgʻor tajriba joriy etilishi, mexanizmlardan zarur darajada foydalanilishi, oʻrmonlar, oʻsimlik va hayvonot dunyosini qoʻriqlashning belgilangan tadbirlari tashkil etilishi va oʻtkazilishi uchun javob beradi.
22. Tabiat bogʻi direktorining rejim va oʻrmon fondini qoʻriqlash boʻyicha oʻrinbosari:
tabiat bogʻi qoʻriqlanishini tashkillashtiradi va undagi tabiiy obyektlar va komplekslardan foydalanilish hamda ularning muhofazasini nazorat qiladi;
qonunchilikda oʻrnatilgan tartibda qurollar, oʻq-dorilar, formali kiyim-kechaklar, aloqa vositalari, mahsus aslaha-anjomlarning saqlanishi va foydalanilishini taʼminlaydi;
Keyingi tahrirga qarang.
aybdorlarni javobgarlikka tortish hamda tabiat bogʻi qoʻriqlash xodimlarining maʼmuriy javobgarlik choralarini toʻgʻri qoʻllashini tekshiradi va ularga doir materiallarni tegishli organlarga taqdim etadi;
rejim-qoʻriqlash tadbirlarini oʻtkazish, tabiat bogʻi, Chotqol biosfera qoʻriqxonasi, Ohangaron va Burchmulla oʻrmon xoʻjaliklarida Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati davlat chegaralarini himoya qiluvchi qoʻshinlar bilan birgalikda kadrlarni tanlash va ularni joy-joyiga qoʻyish, inspektorlar ishini, profilaktika va chegara polosasini oʻrmon daraxtlari va changalzorlardan tozalashni tashkil etadi.
23. Tabiat bogʻi toʻgʻrisida asosiy maʼlumotlar uning pasportida bayon etiladi. Tabiat bogʻi pasportidagi maʼlumotlar roʻyxati va uni yuritish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
24. Tabiat bogʻi boshqaruv rejalari va yillik ish rejalari asosida faoliyat yuritadi. Boshqaruv rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
25. Tabiat bogʻini hamkorlikda boshqarishga aholini jalb qilish, xoʻjalik faoliyatiga cheklovlar belgilash, rekreatsiya infratuzilmasini, chorva uchun pichan oʻrish va oʻtlatish joylarini tashkil etish hamda tabiat bogʻi faoliyati bilan bogʻliq boshqa muhim masalalarini hal etish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati organlari qaroriga muvofiq unda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari va fuqarolardan iborat maslahat komissiyasi tuziladi.
Maslahat komissiyasining tarkibi, vakolatlari, uni shakllantirish va faoliyat yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining hududiy organlari bilan kelishilgan holda Tabiat bogʻi tomonidan belgilanadi.
26. Tabiat bogʻi Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining hududiy organlariga atrof-muhit monitoringini yuritish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning davlat kadastrini belgilangan tartibda begʻaraz asosda taqdim etadi.
4-bob. Tabiat bogʻining hududi va rejimi
27. Tabiat bogʻining hududi tabiat bogʻiga foydalanishga beriladigan yer uchastkalarida, shuningdek, uning chegarasi doirasidagi boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli yer uchastkalarida joylashadi.
28. Tabiat bogʻi tashkil etilayotganda uning hududi quyidagi zonalarga boʻlinadi.
Tabiat bogʻining hududi:
qoʻriqxona zonasi;
rekreatsiya zonasi;
xoʻjalik maqsadida va boshqa tarzda foydalanish zonasiga (zonalariga) boʻlinadi.
Aholini sogʻlomlashtirish uchun sharoit boʻlgan takdirda, tabiat bogʻida kurort tabiiy hududlar uchun nazarda tutilgan rejimli kurort zonalari ajratiladi.
Tabiat bogʻi hududida undagi tabiiy obyektlar va komplekslar holati, ularning rekreatsion, madaniy va estetik qiymati inobatga olingan holda, zonalarga boʻlinishga muvofiq tabaqalashtirilgan qoʻriqlash rejimi oʻrnatiladi.
29. Tabiat bogʻi zonalarining oʻlchamlari va chegaralari tasarrufida ushbu bogʻ boʻlgan davlat organlari tomonidan davlat ekologiya ekspertizasi xulosasi boʻyicha tabiat bogʻi maʼmuriyatining taqdimnomasiga asosan oʻzgartiriladi.
30. Tabiat bogʻining qoʻriqlanma zonasida davlat qoʻriqxonalari uchun nazarda tutilgan rejim oʻrnatiladi. Ushbu zonada har qanday rekreatsion, xoʻjalik va boshqa faoliyat turlari taqiqlanadi, bioxilma-xillik va tabiiy jarayonlarning tabiiy kechishi monitoringini yuritish, tabiiy obyektlar va komplekslarni muhofaza qilish hamda takror koʻpaytirishga yoʻnaltirilgan ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish bundan mustasno.
31. Tabiat bogʻining boshqa barcha hududida:
daraxt va butalarni kesish (parvarishlash va sanitariya maqsadidagi kesish bundan mustasno);
gidrologik va gidrogeologik rejimni oʻzgartiradigan harakatlar;
tuproq eroziyasini, oʻsimlik va hayvonot dunyosining tanazzulini keltirib chiqaruvchi harakatlar;
tabiat bogʻining faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan yoʻl va muxandislik-kommunikatsiya ishlarini amalga oshirish;
chiqindilarni saqlash va koʻmish, oqova suvlarni oqizish;
tirik organizmlarning yangi va kenja turlarini iqlimlashtirish maqsadida joylashtirish taqiqlanadi.
32. Tabiat bogʻining rekreatsion zonasi tartibga solinadigan zonalar (qisqa muddatli dam olish - jozibador joylarni tomosha qilish uchun) va davomiy dam olish zonalariga boʻlinadi.
Rekreatsion zonada ushbu Nizomning 31-bandida belgilangan faoliyat turlaridan tashqari:
kimyo, sellyuloza-qogʻoz va metallurgiya sanoati korxonalariningfaoliyati;
zaharli kimyoviy moddalarni qoʻllash;
xarom oʻlgan chorva mollar koʻmiladigan joylarni tashkil etish taqiqlanadi.
33. Tabiat bogʻining tartibga solinadigan dam olish zonasida sayyohlik yoʻlakchalari, noqulay ob-havo paytida yengil turdagi pana joylar, kuzatuv punktlari, tashrif buyuruvchilar uchun yoqilgʻi zaxirasiga ega boʻlgan gulxan yoqish joylari, sanitariya obyektlarini barpo etish orqali fuqarolarning qisqa muddatli dam olishi taʼminlanadi.
Mazkur zonada zarur hollarda, landshaftni saqlash va qayta tiklash maqsadida oʻrmon xoʻjalik ishlari amalga oshiriladi, rekreatsion faoliyatning ekotizimlar holatiga taʼsiri oʻrganiladi.
Tartibga solinadigan dam olish zonasida tabiiy landshaftni, oʻsimlik va hayvonot dunyosini, suv obyektlari va boshqa tabiiy obyektlar va komplekslarni saqlash imkonini beradigan rekreatsion, maʼrifiy, estetik, tarbiyaviy, ilmiy va boshqa faoliyatga ruxsat beriladi.
34. Davomli dam olish zonasida kempinglar, mehmonxonalar, kichik mehmonxonalar, sayyohlik bazalari, sanatoriylar, bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari, dam olish maskanlari, avtoturargohlar, savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat koʻrsatish korxonalari, shuningdek, sayyohlarga xizmat koʻrsatish boʻyicha tabiat bogʻi zimmasiga yuklangan vazifalar bilan bogʻliq xoʻjalik turidagi boshqa obyektlar joylashadi.
Ushbu zonada hududlar va dam olish maskanlarini obodonlashtirish, shuningdek, oʻrmonchilik, tanazzulga uchragan uchastkalarni qayta tiklash, biotexnik va boshqa ishlarni amalga oshirish maqsadida tadbirlar amalga oshiriladi.
35. Xoʻjalik va boshqa maqsadlar uchun moʻljallangan zonada yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan tabiat bogʻining tabiiy obyektlari va komplekslariga zarar yetkazmaydigan darajada xoʻjalik va boshqa faoliyat amalga oshiriladi. Bu yerda, shuningdek, aholi punktlari ham joylashishi mumkin.
Xoʻjalik va boshqa maqsadlar uchun moʻljallangan zonada zararkunandalarga qarshi kurashishning biologik usullari va tuproqqa “nol darajada” ishlov berish usullarini qoʻllagan holda, mazkur hududga xos boʻlgan anʼanaviy qishloq xoʻjaligi ekinlari yetishtiriladi, shuningdek, ifloslantirmaydigan texnologiyalardan foydalanish asosida atrof-muhitni muhofaza qilish talablariga rioya etilgan holda, turli ishlab chiqarish obyektlarining faoliyat yuritishiga ruxsat beriladi.
36. Tabiat bogʻining kurort zonasi doirasida quyidagilar ajratiladi:
birinchi zona — davolash xususiyatiga ega manbalar, shifobaxsh balchiq qatlamlari bor hududlar boʻlib, bu yerda har qanday faoliyat taqiqlanadi, davolash xususiyatiga ega manbalar va balchiq bilan davolash shifoxonalarini obodonlashtirish uchun zarur inshootlar qurish bundan mustasno;
ikkinchi zona — sanatoriylar, pansionatlar va dam olish uylari joylashgan hudud boʻlib, bu yerda harqanday faoliyat, shuningdek, aholining yashashi taqiqlanadi, davolash va dam olishni tashkil etish uchun zarur boʻlgan faoliyat, shuningdek, tibbiyot xodimlari va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning vaqtincha yashashi bundan mustasno;
uchinchi zona — sanatoriylar, pansionatlar va dam olish uylariga tutash hududlar boʻlib, bu yerda davolash manbalariga, shifobaxsh balchiq qatlamlariga zarar yetkazmaydigan va dam olish hamda davolanish sharoitlarini yomonlashtirmaydigan cheklangan xoʻjalik faoliyatiga ruxsat etiladi.
37. Tabiat bogʻining kurort zonasi doirasida ushbu Nizomning 31-bandida belgilangan faoliyat turlaridan tashqari quyidagilar taqiqlanadi:
foydali qazilmalarni qazib olish, mineral suvlar va shifobaxsh balchiq qazib olish bundan mustasno;
kimyo, sellyuloza-qogʻoz va metallugiya sanoati korxonalarining faoliyati;
zaharli kimyoviy moddalarni qoʻllash;
xarom oʻlgan chorva mollar koʻmiladigan joylarni tashkil etish;
oqova suvlar toʻplanadigan inshootlar qurish;
zaharli kimyoviy moddalar va mineral oʻgʻitlar omborlarini qurish.
38. Tabiat bogʻining barcha hududida ushbu Namunaviy nizomning 31, 32, 36 va 37-bandlarida belgilangan faoliyat turlaridan tashqari bogʻdagi tabiiy obyektlar va komplekslarga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan faoliyatning boshqa turlari davlat ekologiya ekspertizasi xulosasiga asosan taqiqlanishi yoki cheklanishi mumkin, qoʻriqxona zonasi bundan mustasno.
39. Qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrsatilgan taqiq va cheklovlar asosida yer uchastkalari tabiat bogʻi hududida joylashgan yuridik va jismoniy shaxslarga yer uchastkalarini saqlash vazifasi belgilanadi.
40. Tabiat bogʻi va zonalarining chegaralari tabiat bogʻi va uning zonalarining rejimlari koʻrsatilgan axborot, ogohlantirish va chegara belgilari bilan belgilanadi.
41. Tabiat bogʻining faoliyat yuritishi uchun yoʻllar, boshqa kommunikatsiyalar va inshootlar kurilishi zarur boʻlgan hollarda, buzilgan yerlarni majburiy tarzda rekultivatsiya qilish, tabiatni muhofaza qilish boʻyicha kompleks tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutiladi.
42. Tabiat bogʻining chegaralarida muhofaza etiladigan boshqa tabiiy hududlar (davlat tabiat yodgorliklari, buyurtma qoʻriqxonalari, tabiat pitomniklari va boshqalar) joylashishi mumkin va ularning hududida muhofaza etiladigan ushbu tabiat hududlari uchun koʻzda tutilgan rejim belgilanadi.
5-bob. Tabiat bogʻining rekreatsion va ilmiy faoliyati, shuningdek, ekologik taʼlim va maʼrifat
43. Tabiat bogʻining rekreatsion va ilmiy faoliyati tabiat bogʻining va boshqa tashkilotlarning xodimlari hamda ayrim mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi.
44. Tabiat bogʻida rekreatsion faoliyat muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda boʻlishning qoidalari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Tabiat bogʻida rekreatsion faoliyatni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan tashrif markazi tashkil etiladi, yoʻnalishlar, toʻxtash maydonchalari, boshqa infratuzilma elementlari oʻrnatiladi.
45. Tabiat bogʻi ilmiy faoliyatni amalga oshirish uchun tabiat bogʻi maʼmuriyati binosida ilmiy fondlar saqlanadigan joy, tabiat bogʻi hududida esa, dala bazalari, kordonlar, ilmiy infratuzilma va bioxilma-xillik monitoringini yuritish infratuzilmasi boʻlishi lozim.
46. Tabiat bogʻining ilmiy fondlari muddatsiz saqlanishi kerak. Tabiat bogʻida fondlarni saqlash uchun zarur sharoitlar, jumladan biologik kolleksiyalar fumigatsiyasi taʼminlanadi.
Tabiat bogʻi hududida olib boriladigan barcha ilmiy tadqiqotlarning dastlabki materiallari (yoki ularning nusxalari) hamda mazkur tadqiqot natijalari ushbu tadqiqotlarni amalga oshirgan subyekt toifasidan qati nazar, tabiat bogʻining ilmiy fondlariga taqdim etilishi shart. Tabiat bogʻi ushbu materiallardan begʻaraz asosda, qonunchilikka muvofiq intellektual mulklariga rioya etgan holda foydalanadi.
47. Tabiat bogʻidagi ilmiy tadqiqotlarga Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining Ilmiy-texnik kengashi uslubiy rahbarlik qiladi.
Tasarrufida tabiat bogʻi boʻlgan maxsus vakolatli davlat organining Ilmiy-texnik kengashi tabiat bogʻidagi ekologik taʼlim va maʼrifat ishlariga uslubiy rahbarlik qiladi.
48. Tabiat bogʻida ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish va bajarish, shuningdek, ilmiy tadqiqot dasturlarini shakllantirish maqsadida Ilmiy kengash tuziladi. Tabiat bogʻi Ilmiy kengashining nizomi va shaxsiy tarkibi tasarrufida ushbu tabiat bogʻi boʻlgan davlat organi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
49. Tabiat bogʻi taʼlim va maʼrifat masalalari boʻyicha oʻz ilmiy ishlari, materiallarini chop etishi mumkin.
50. Tabiat bogʻining bioxilma-xillik monitoringi atrof tabiiy muhit monitoringi doirasida olib boriladi.
6-bob. Tabiat bogʻini qoʻriqlash
51. Tabiat bogʻining qoʻriqlash xodimlari tabiat bogʻini qoʻriqlaydi va bogʻ hududidagi yuridik hamda jismoniy shaxslarning (joylashgan, istikomat qiladigan) rejimga rioya etishini nazorat qiladi.
52. Tabiat bogʻining qoʻriqlash xodimlari quyidagi huquqlarga ega:
tabiat bogʻining qoʻriqxona zonasi hududiga kirish huquqini beradigan hamda tabiat bogʻining boshqa zonalaridagi tabiat obyektlaridan foydalanish huquqini beradigan hujjatlarni tekshirish;
transport vositalarini tekshirish;
tabiat bogʻi hududida huquqbuzarliklar aniqlanganda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnomalar tuzish, maʼmuriy qoʻlga olish, buyum va hujjatlarni va tabiatdan noqonuniy foydalanish natijasida olingan mahsulotlarni olib qoʻyish, maʼmuriy jazoga tortish choralarini qoʻllash;
aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish maqsadida materiallarni tegishli organlarga yuborish;
yuridik va jismoniy shaxslarning tabiat bogʻi hududida belgilangan rejimga rioya etish boʻyicha faoliyatini tekshirish;
idoraviy oʻqotar qurol va maxsus vositalarni olib yurish va ulardan foydalanish, shuningdek, qonunchilikda belgilangan tartibda jismoniy kuch ishlatish hamda xizmat itlaridan foydalanish;
Keyingi tahrirga qarang.
tabiat bogʻi rejimini buzgan holda tabiatdan foydalanish, xoʻjalik va boshqa turdagi faoliyatni qonunchilikda belgilangan tartibda va hollarda toʻxtatish;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
Tabiat bogʻi qoʻriqlash xodimlarining huquqlari bogʻning qoʻriqlash xodimlari boʻlmagan boshqa xodimlariga ham berilishi mumkin. Ushbu huquqlar xodimlarning roziligi bilan yozma arizasi asosida beriladi va direktorning buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
53. Tabiat bogʻining qoʻriqlash xodimlari uchun moʻljallangan oʻqotar qurollar va ularning oʻq-dorilari, maxsus vositalarning turi (modeli), soni, shuningdek, ularga egalik qilish, ularni saqlash, olib oʻtish, topshirish, qabul qilish va hisobga olish, ulardan foydalanish tartibi tasarrufida ushbu tabiat bogʻi boʻlgan davlat organi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Qoʻriqlash xodimlari maxsus vositalar, oʻqotar qurollar va ularning oʻq-dorilari bilan qonunchilikka muvofiq taʼminlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
54. Tabiat bogʻining qoʻriqlash xodimlari ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat inspektorlarining barcha huquq va imtiyozlaridan foydalanadi.
Tabiat bogʻining direktori va rejim boʻyicha direktor oʻrinbosari (mavjud boʻlsa) ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boʻyicha katta davlat inspektorlariga, tabiat bogʻining qoʻriqlash xodimlari esa ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat inspektorlariga tenglashtiriladi.
55. Tabiat bogʻining qoʻriqlash xodimlari tasdiqlangan dasturlarga muvofiq jangovor xizmat, ijtimoiy-huquqiy, ahloqiy-psixologik va jismoniy tayyorgarlik kurslarida oʻqitiladi.
Kurslar dasturi va oʻqitish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda, tasarrufida ushbu tabiat bogʻi boʻlgan davlat organi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
56. Tabiat bogʻining qoʻriqlash xodimlari bir xil namunadagi formali kiyim-bosh va farqlash belgilari bilan taʼminlanadi.
Tabiat bogʻining qoʻriqlash xodimlari huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish, jumladan, tabiat bogʻi hududiga jinoyatchi guruxlarning kirib kelishi va oʻrnashib olishining oldini olish maqsadida qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmatining hududiy organlari bilan hamkorlikda tadbirlar oʻtkazadi.
57. Tabiat bogʻi hududini qoʻriqlashga ekologik nazorat boʻyicha jamoatchilik inspektorlari ham jalb qilinishi mumkin.
7-bob. Tabiat bogʻi ustidan davlat nazorati
58. Tabiat bogʻi ustidan davlat nazorati quyidagicha amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi — tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga hamda Tabiat bogʻi rejimiga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini, ilmiy faoliyat va monitoringni olib boradi;
Keyingi tahrirga qarang.
Boshqa vakolatli davlat organlari — qonunchilikka muvofiq moliyaviy, xoʻjalik va boshqa faoliyat turlarini nazorat qiladi.
59. Tabiat bogʻi rejimini buzishda ayblangan yuridik va jismoniy shaxslar oʻrnatilgan tartibda javobgarlikka tortiladi. Aybdorlardan tabiat bogʻiga yetkazilgan zarar qonunchilikda belgilangan tartibda va miqdorda undiriladi.
8-bob. Tabiat bogʻining mulki va uni moliyalashtirish
60. Tabiat bogʻiga bevosita operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan bino, inshootlar, uskunalar, pul mablagʻlari tabiat bogʻining mulki hisoblanadi.
61. Quyidagilar tabiat bogʻini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
Toshkent viloyati mahalliy budjet mablagʻlari;
Ekologiya, atrof-muxitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish jamgʻarmasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
fuqarolarning tabiat bogʻi hududiga kirish va tabiat resurslaridan foydalanishi uchun sotilgan biletlardan olingan mablagʻlar;
tabiat bogʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash hisobraqamiga tushadigan mablagʻlar;
ilmiy-tadqiqot, rekreatsion, tabiatni muhofaza qilish, reklama-noshirlik va maʼrifiy faoliyatdan olingan mablagʻlar;
belgilangan tartibda undirilgan jarima mablagʻlari;
musodara etilgan ovchilik qurollari va baliqchilik asboblarini realizatsiya qilishdan tushgan mablagʻlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
Keyingi tahrirga qarang.
62. Tabiat bogʻi Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tomonidan Toshkent viloyati hokimligi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan daromadlar va harajatlar smetasiga muvofiq, mablagʻlarni mustaqil tasarruf etadi.
9-bob. Tabiat bogʻi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish
63. Tabiat bogʻi xodimlariga koʻp yil ishlagani uchun qoʻshimcha haq, shuningdek, tuman va yuqori togʻ koeffitsiyentlari belgilanadi. Tabiat bogʻi xodimlari lavozim majburiyatlarini bajarish munosabati bilan tabiat bogʻi hududida boʻlgan vaqti uchun xodim uchun belgilangan oylik maoshi miqdorida dala taʼminoti shaklidagi kompensatsiya oladilar.
64. Tabiat bogʻi xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 173-moddasiga muvofiq, qoʻriqxona vazifalarini bajarishda xodim oʻziga tegishli mol-mulkdan foydalanganlik uchun amortizatsiya va ekspluatatsiya xarajatlari toʻlanadi. Toʻlov miqdori va tartibi jamoa shartnomasi yoki tabiat bogʻi direktori va xodimlari oʻrtasida tuzilgan jamoat shartnomasiga asosan belgilanadi.
65. Tabiat bogʻi xodimlarini ularning xizmat burchi bilan bogʻliq boʻlmagan vazifalarga jalb etish taqiqlanadi.
10-bob. Yakunlovchi qoidalar
66. Tabiat bogʻi faoliyatini tugatish va qayta tashkil etish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Tabiat bogʻini qattiqroq rejimli toifadan yengilroq rejimli muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toifasiga oʻtkazish maqsadida qayta tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga koʻra, alohida hollarda yoʻl qoʻyiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-avgustdagi 657-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Chotqol davlat biosfera qoʻriqxonasi ijro etuvchi apparati
TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan umumiy soni — 67 nafar,
shu jumladan, boshqaruv xodimlari — 4 nafar,
mutaxassislar — 33 nafar,
yordamchi xodimlar — 30 nafar.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-avgustdagi 657-son qaroriga
4-ILOVA
4-ILOVA
Chotqol davlat biosfera qoʻriqxonasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy koidalar
1. Ushbu Nizom Chotqol davlat biosfera qoʻriqxonasining maqsadi, asosiy vazifalari, funksiyalari, rejimi, uni boshqarishni hududini muhofaza qilish, tartibini belgilaydi.
2. Chotqol davlat biosfera qoʻriqxonasi (keyingi oʻrinlarda qoʻriqxona deb ataladi) oʻziga xos ekologik tizimlar, oʻsimliklar va hayvonlarning genetik fondini asrash hamda oʻrganish uchun moʻljallangan tabiiy obyektlar va komplekslarni muhofaza qilishning qatʼiy rejimiga ega boʻlgan, umumdavlat ahamiyatiga molik muhofaza etiladigan tabiiy hudud hisoblanadi.
3. Qoʻriqxona Oʻzbekiston Respublikasining tabiiy hududida tabiiy sharoitlari boʻyicha mintaqaga mos keladigan hamda ushbu Nizom va boshqa qonun hujjatlari talablariga javob beradigan sharoitlar mavjud boʻlgan uchastkalarda tashkil etiladi.
Qoʻriqxona maʼlumotlarni toʻplab qayta ishlaydigan, tezkor va tahliliy axborot taqdim etadigan doimiy faoliyat koʻrsatuvchi davlat tizimini tashkil etadi va tabiatni muhofaza qilish boʻyicha asoslangan qarorlar qabul qilish uchun baza hisoblanadi.
4. Qoʻriqxona yeri muhofaza etiladigan tabiat yerlariga kiradi. Yer uchastkalari va boshqa tabiiy obyektlar qoʻriqxonaga doimiy foydalanish uchun taqdim etiladi.
Qoʻriqxona hududiga tegishli yer, suv, yer osti boyliklari, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, boshqa tabiiy obyektlar va komplekslar xoʻjalik yoki boshqa maqsadlarda foydalanishdan olib qoʻyiladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra, qoʻriqxona yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyishga alohida hollarda yoʻl qoʻyiladi.
6. Qoʻriqxona hududi yer tuzish sxemalarini ishlab chiqish, hududni rejalashtirish, tabiiy resurslarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish boʻyicha boshqa reja va dasturlarni ishlab chiqishda hisobga olinadi.
7. Qoʻriqxona oʻz faoliyatini “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”, “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, ushbu Nizom hamda boshqa qonun hujjatlari asosida amalga oshiradi.
8. Qoʻriqxona Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining taqdimnomasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladi.
9. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
maxsus va kolatli davlat organi — tasarrufida qoʻriqxona boʻlgan va uni boshqaradigan davlat organi;
maʼlumotlarni kameral qayta ishlash — bioxilma-xillik va tabiiy jarayonlarning tabiiy kechishi monitoringi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni dastlabki qayta ishlash;
tabiiy jarayonlarning davlat etaloni — maʼlum tabiiy hududga xos boʻlgan etalon ekotizim;
tabiiy hudud — tabiiy-iqlim sharoitlari oʻxshash (bir xil boʻlgan) hudud;
etalon ekotizimlar — yuridik va jismoniy shaxslar faoliyati natijasida oʻzgarishlar roʻy bermagan ekotizim.
10. Qoʻriqxona yuridik shaxs hisoblanadi va davlat tabiatni muhofaza qilish ilmiy-tadqiqot muassasasi shaklida tashkil etiladi.
Qoʻriqxona Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga, banklarda oʻz hisob raqami, shu jumladan xorijiy valyutadagi hisob raqamiga ega.
11. Qoʻriqxona oʻz ramziy belgilari — bayrogʻi, vimpeli, emblemasi va boshqa ramzlarga ega boʻlishga haqli. Boshqa tashkilotlar qoʻriqxona hududida joylashgan tabiiy va tarixiy-madaniy komplekslar, obyektlar tasviri, ularning nomlari va ramzlari aks etgan bosma, esdalik va boshqa mahsulotlarni faqat qoʻriqxona bilan tuzilgan shartnomaga asosan ishlab chiqaradi.
12. Qoʻriqxonaning davlat tilidagi nomi: “Chotqol davlat biosfera qoʻriqxonasi”, rus tilida “Chatkalskiy Gosudarstvenniy biosferniy zapovednik”, Chatqal biosphere state reserve.
Pochta manzili: Toshkent viloyati, Parkent tumani, Sohil koʻchasi, 1-uy. elektron pochta manzili: biosfera@inbox.uz.
13. Qoʻriqxona maʼmuriy-xoʻjalik, ilmiy va qoʻriqlash (inspeksiya) boʻlimlaridan iborat.
2-bob. Qoʻriqxonaning maqsadi, asosiy vazifalari va funksiyalari
14. Qoʻriqxonaning maqsadi oʻziga xos ekologik tizimlarni oʻz hududidagi tabiiy jarayonlar, oʻsimliklar, hayvonlarning genetik fondi, boshqa tabiiy obyektlar va komplekslarning davlat etaloni sifatida tabiiy jarayonlarning tabiiy kechishiga aralashmasdan daxlsiz holatda asrab-avaylashdan iborat.
15. Quyidagilar qoʻriqxonaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
asosiy zonada muhofaza ostiga olingan butun tabiiy kompleksni tabiiy holatda saqlash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimida (ekologik tarmoqda) biologik va landshaft xilma-xilligini taʼminlash, ekologik muvozanatni saqlashda ishtirok etish;
oʻz hududida barcha tabiiy obyektlar va komplekslar, tabiiy jarayonlar va hodisalarni tabiiy sharoitda oʻrganish;
qoʻriqxonaning etalon ekotizimlaridagi bioxilma-xillik va tabiiy jarayonlarning kechishi monitoringini olib borish.
16. Qoʻriqxona oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) muhofaza etiladigan tabiiy xhududlar tizimida (ekologik tarmoqda) Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi biologik va landshaft xilma-xilligini taʼminlash, ekologik muvozanatni saqlab turish sohasida:
qoʻriqxonadagi tabiiy obyektlar va komplekslarni muhofaza etish rejimini taʼminlaydi;
davlat dasturlari, konsepsiyalar loyihalarini, ishlab chiqarish kuchlari iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani joylashtirish va rivojlantirish sxemalari, shuningdek, qoʻriqxona va uning qoʻriqlanma hududidagi tabiiy komplekslarga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan barcha turdagi qurilish ishlari uchun yer uchastkalarini tanlash bilan bogʻliq materiallarni davlat ekspertizasidan oʻtkazishda ishtirok etadi;
ekologik-maʼrifiy faoliyatni amalga oshiradi;
b) oʻz hududida barcha tabiiy obyektlar va komplekslar, tabiiy jarayonlar va hodisalarni tabiiy sharoitda oʻrganish sohasida:
ilmiy materialni toʻplaydi, qayta ishlaydi, tahlil qiladi va umumlashtiradi;
ilmiy-tadqiqot ishlarini, jumladan, mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etgan holda amalga oshiradi;
qoʻriqxona bioxilma-xilligi toʻgʻrisida maʼlumotlar bazasini yaratadi;
tabiatni muhofaza qilish sohasida ilmiy kadrlar va mutaxassislarni tayyorlashga koʻmaklashadi;
v) qoʻriqxonaning etalon ekotizimlaridagi bioxilma-xillik va tabiiy jarayonlarning tabiiy kechishi monitoringini olib borish sohasida:
monitoring maʼlumotlarini kameral qayta ishlaydi;
mazkur tabiiy hududda joylashgan muhofaza etiladigan boshqa tabiiy hududlar monitoringi haqida maʼlumotlarni oladi, qayta ishlaydi va umumlashtiradi;
ushbu maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasiga markazlashtirilgan holda qayta ishlash va umumlashtirish uchun taqdim etadi;
monitoring maʼlumotlari asosida tabiiy jarayonlar holati, hodisalar va prognozlar toʻgʻrisida tabiiy hudud miqyosida maʼruzalar tayyorlaydi.
3-bob. Qoʻriqxonani boshqarish
17. Qoʻriqxonani boshqarish Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi hamda Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respubikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi:
qoʻriqxona direktorini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
qoʻriqxona faoliyatini taʼminlash uchun mulkni taqsimlab beradi, jumladan, pul mablagʻlari ajratadi;
daromadlar va xarajatlar smetasi va qoʻriqxona mablagʻlarini sarflash hisobotini tasdiqlaydi;
qoʻriqxona shtatlar jadvalini tasdiqlaydi;
qoʻriqxona faoliyati va hududdagi rejimga rioya etilishini nazorat qiladi;
qoʻriqxona hududida ilmiy infratuzilma va tabiiy jarayonlarning tabiiy kechishi va bioxilma-xillik monitoringi infratuzilmasini yaratadi;
qoʻriqxona ramzlarini tasdiqlaydi;
qoʻriqxonani boshqarish rejasini tasdiqlaydi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
18. Qoʻriqxona direktori va oʻrinbosarlari qoʻriqxona faoliyatining tashkil etilishi uchun masʼuldirlar.
19. Qoʻriqxona direktorining oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan holda, direktor tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Qoʻriqxona direktorining ilm-fan, taʼlim va rekreatsiya masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga koʻra, ilm-fan boʻlimi boshligʻi hisoblanadi.
Qoʻriqxona direktorining rejim boʻyicha oʻrinbosari oʻz lavozimiga koʻra, tabiatni qoʻriqlash boʻyicha inspeksiya boʻlimi boshligʻi hisoblanadi.
Bosh hisobchi Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan holda direktor tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
20. Qoʻriqxona direktori qoʻriqxonadagi mavjud barcha tabiiy obyektlar va komplekslar, mol-mulk himoya qilinishi, hisobotning oʻz vaqtida taqdim etilishi, ushbu hududdagi moliyaviy, shartnoma va mehnat intizomiga rioya etilishi uchun masʼuldir.
21. Qoʻriqxona direktori:
qoʻriqxona faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;
qoʻriqxona mablagʻlari va mol-mulkini qonunchilikda belgilangan tartibda tasarruf etadi;
qoʻriqxona mol-mulki, uskunalari, moddiy va boshqa boyliklari saqlanishini tashkil etadi;
qoʻriqxona xodimlarini ishga qabul qiladi va lavozimdan ozod etadi;
qoʻriqlash xodimlari guruhlarining boshliqlarini lavozimga (uchastka boshliqlarini) tayinlaydi va ozod qiladi;
shartnomalar tuzadi;
bank muassasalarida qoʻriqxona nomidan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshiradi;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarda qoʻriqxona manfaatlarini ishonch qogʻozisiz ifoda etadi;
qonunchilik va ushbu Nizomga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
22. Qoʻriqxona direktorining ilm-fan, taʼlim va rekreatsiya masalalari boʻyicha oʻrinbosari:
ilmiy-tadqiqot faoliyati amalga oshirilishini, bioxilma-xillik va tabiiy jarayonlarning tabiiy kechishi, ekologik taʼlim monitoringini yuritilishini hamda qayd etilgan yoʻnalishlar belgilangan talablarga rioya etilishini tashkil etadi;
ilmiy fondlar shakllantirilishi, saqlanishi va ulardan foydalanishni taʼminlaydi.
23. Qoʻriqxona direktorining rejim boʻyicha oʻrinbosari:
qoʻriqxona hududi va uning muhofazasini hamda qoʻriqlash xodimlari ishini tashkil etadi;
qurollar, oʻq-dorilar, formali kiyim-kechaklar, aloqa vositalari, maxsus anjomlar saqlanishi va ularning belgilangan tartibda qoʻllanilishini taʼminlaydi;
qoʻriqxona rejimini buzgan aybdorlarni javobgarlikka tortadi hamda qoʻriqxona qoʻriqlash xodimlarining maʼmuriy javobgarlik choralarini toʻgʻri qoʻllashini nazorat qiladi;
qoʻriqxona rejimini buzgan aybdorlarni javobgarlikka tortish maqsadida materiallarni, qoʻriqxonaning muhofaza etiladigan tabiiy obyekti va kompleksiga yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisida daʼvo arizalarini tegishli organlarga belgilangan tartibda taqdim etadi.
24. Qoʻriqxona toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlar uning pasportida bayon etiladi. Qoʻriqxona pasportidagi maʼlumotlar roʻyxati va uni yuritish tartibi qonunchilik tomonidan belgilanadi.
25. Qoʻriqxona boshqarish rejasi va yillik ish rejalari asosida faoliyat yuritadi. Qoʻriqxona boshqarish rejasi Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan belgilangan tartib asosida ishlab chiqiladi hamda Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.
26. Qoʻriqxona bioxilma-xillik va tabiiy jarayonlarning tabiiy kechishi monitoringini, muhofaza etiladigan tabiiy hudud davlat kadastrini yuritish uchun zarur maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasiga belgilangan tartibda begʻaraz asosda taqdim etadi.
4-bob. Qoʻriqxonada ilmiy-tadqiqot faoliyati hamda bioxilma-xillik va tabiiy jarayonlarning kechishi monitoringini yuritish
27. Qoʻriqxonaning ilmiy-tadqiqot faoliyati tabiiy obyektlar va komplekslar, etalon ekotizimlardagi tabiiy jarayonlar boʻyicha koʻp yillik tadqiqotlar oʻtkazish orqali amalga oshiriladi. Ilmiy-tadqiqot faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan kelishilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.
Ilmiy-tadqiqot faoliyati hamda bioxilma-xillik va tabiiy jarayonlarning kechishi monitoringi qoʻriqxona ilmiy xodimlari, shuningdek, shartnoma asosida jalb qilinadigan ilmiy tashkilotlar, oliy taʼlim muassasalari va boshqa mutaxassislar, jumladan xorijiy mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi.
28. Qoʻriqxona Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining bioxilma-xillik hamda tabiiy jarayonlarning tabiiy kechishi monitoringini yuritish uslublariga muvofiq:
bioxilma-xillik hamda tabiiy jarayonlarning tabiiy kechishi monitoringini yuritish uchun infratuzilma tashkil etadi;
bioxilma-xillik hamda tabiiy jarayonlarning tabiiy kechishi monitoringi boʻyicha olingan maʼlumotlarni qayta ishlaydi;
mahalliy davlat hokimiyati organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasiga tabiiy hudud darajasidagi tabiiy jarayonlar va hodisalar holati toʻgʻrisidagi maʼruzalarni hamda qoʻriqxonalar faoliyatining asosiy natijasi hisoblangan prognozlarni taqdim etadi.
Qoʻriqxona etalon ekotizimidagi tabiiy bioxilma-xillik va tabiiy jarayonlarning tabiiy kechishi monitoringi maʼlumotlari qoʻriqxona hududidagi oʻsimlik va hayvonot olami davlat kadastri uchun asos hisoblanadi. Kadastr maʼlumotlarini ushbu maʼlumotlar bilan taqqoslash bioxilma-xillik holati hamda oʻsimlik va hayvonot olami obyektlari sonining koʻpaygani yoki kamayganining asosiy koʻrsatkichi hisoblanadi.
29. Qoʻriqxona etalon ekotizimlarda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish hamda bioxilma-xillik va tabiiy jarayonlarning monitoringini yuritilishini taʼminlash maqsadida qoʻriqxona maʼmuriyati uchun ajratilgan yer uchastkasida ilmiy fondlar saqlanadigan binodan hamda qoʻriqxona hududida mavjud - dala bazalari, kordonlar, ilmiy infratuzilmava monitoring infratuzilmasidan foydalanadi.
Qoʻriqxonaning ilmiy fondlari muddatsiz saqlanadi. Qoʻriqxonada fondlarni saqlash, jumladan, biologik kolleksiyalar fumigatsiyasi uchun zarur sharoitlar taʼminlanadi.
Qoʻriqxona va uning qoʻriqlanma zonasi hududida olib boriladigan barcha ilmiy-tadqiqotlarning dastlabki materiallari (yoki ularning nusxalari) hamda mazkur tadqiqotlar natijalari, ushbu tadqiqotlarni oʻtkazgan subyekt toifasidan qatʼiy nazar, qoʻriqxona ilmiy fondiga taqdim etilishi shart.
Qoʻriqxona ushbu materiallardan qonunchilikka muvofiq intellektual mulk huquqlariga rioya etgan holda begʻaraz asosda foydalanadi.
30. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining Ilmiy-texnik kengashi qoʻriqxonada ilmiy-tadqiqotlar olib borish hamda bioxilma-xillik va tabiiy jarayonlarning tabiiy kechishi monitoringini yuritish uchun uslubiy rahbarlik qiladi.
31. Qoʻriqxonada ilmiy-tadqiqot ishlarini oʻtkazish hamda ilmiy-tadqiqot dasturlarini shakllantirish maqsadida Ilmiy kengash tuziladi. Qoʻriqxonaning Ilmiy kengashi toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.
32. Qoʻriqxona oʻz ilmiy ishlarini chop etadi, ilmiy anjuman va yigʻilishlar oʻtkazadi.
33. Qoʻriqxona oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari bilan shartnoma asosida tabiatni muhofaza qilish sohasida kadrlarni tayyorlashga koʻmaklashadi.
5-bob. Qoʻriqxonaning hududi va rejimi
34. Qoʻriqxonaga mazkur hudud uchun etalon boʻlgan yaxlit ekotizimlarni (landshaftlarning yirik qismini) qamrab olgan, tabiiy kompleksi va ekologik bogʻliqligi buzilmagan hamda uning saqlanishi va tabiiy jarayonlarning mustaqil kechishini taʼminlaydigan aniq tabiiy chegaraga ega hudud ajratiladi.
35. Qoʻriqxona ekologik koridorlar va uchastkalardan iborat boʻlib, umumiy maydoni 24 706 gektardan tashkil topgan.
36. Qoʻriqxona hududi bioxilma-xillik hamda tabiiy jarayonlarning tabiiy kechishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ilmiy infratuzilma va bioxilma-xillik hamda tabiiy jarayonlar tabiiy kechishining monitoringi infratuzilmasi yordamida olish uchun moʻljallangan.
37. Qoʻriqxona makon-hududiy tuzilishiga koʻra quyidagilarga boʻlinadi:
qoʻriqlashni boshqarish va ilmiy-tadqiqot faoliyatini yanada yaxshilash uchun relyefi, kirish yoʻllari, qoʻriqxona chegarasi boʻylab aholi yashash punktlarining joylashganligi hamda ularning maydonlaridan kelib chiqqan holda belgilanadigan - uchastkalarga;
landshaft elementlari boʻyicha — kvartallarga, kvartallar esa oʻsimlik elementlari boʻyicha ilmiy tadqiqotlar hisobotini yuritish va monitoring olib borish uchun alohida boʻlaklarga ajraladi.
Uchastkalar, kvartallar va alohida boʻlaklarning soni, shuningdek, maydoni boshqarish rejasida belgilanadi.
Barcha chegaralar, ilmiy infratuzilma va monitoring infratuzilma elementlari, kvartallar va alohida boʻlaklar joylarda belgilar bilan koʻrsatiladi.
38. Qoʻriqlanma zona qoʻriqxona bilan chegaradosh yerlarda tashkil qilinadi. Qoʻriqlanma zonalarda qoʻriqxona tabiiy obyekt va komplekslarga ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan xoʻjalik va boshqa faoliyat cheklanadi yoki taqiqlanadi. Qoʻriqlanma zonani tashkil etish qonunchilik tomonidan belgilanadi.
39. Qoʻriqxona hududida har qanday xoʻjalik, rekreatsion va boshqa faoliyat turlari taqiqlanadi, ilmiy-tadqiqotlar olib borish, bioxilma-xillik va tabiiy jarayonlarning tabiiy kechishi va monitoringini yuritish bundan mustasno.
Qoʻriqxona hududida faqat uning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun bino va inshootlarni qurish va ulardan foydalanishga ruxsat beriladi.
Qoʻriqxonaning boshqarish rejasi hamda yillik ish rejasiga muvofiq qoʻriqxonada yongʻinga qarshi tadbirlar oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Qoʻriqxonaning qoʻriqlanma zonasida quyidagilar taqiqlanadi:
oʻsimliklar va hayvonlarning yangi va kenja turlarini iqlimlashtirish maqsadida joylashtirish;
oʻsimliklar va landshaft qoplamini oʻzgartirish;
gidrologik rejimni oʻzgartirish;
tabiiy obyektlar, komplekslar va jarayonlarga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan boshqa harakatlar.
40. Qoʻriqxona xodimi boʻlmagan fuqarolarning qoʻriqxona hududida boʻlishi taqiqlanadi, ushbu Nizomning 41-bandida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
41. Qoʻriqxonaning xodimlari boʻlmagan fuqarolarning qoʻriqxona hududiga faqat Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi yoki qoʻriqxona maʼmuriyati tomonidan beriladigan oʻrnatilgan shakldagi ruxsatnomalar boʻyicha kirishi mumkin va hududda boʻlish kitobida roʻyxatga olinadi:
ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, bioxilma-xillik va tabiiy jarayonlarning kechishi monitoringini yuritish maqsadida turli tashkilotlarning ilmiy xodimlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining qoʻriqxonalar faoliyati davlat nazoratini amalga oshiradigan xodimlari;
oʻz xizmat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan davlat nazoratini amalga oshiradigan boshqa organlar vakillari.
42. Qoʻriqxonadagi har qanday tabiiy resurslarning olib qoʻyilishiga faqat ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish maqsadidagina yoʻl qoʻyiladi. Ilmiy materialni toʻplash hajmi ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.
43. Havo kemalarining qoʻriqxona hududi ustidan faqat qoʻriqxona maʼmuriyati va Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasiining kelishuviga koʻra, 2000 metrdan pastda uchib oʻtishi mumkin.
44. Qoʻriqxona tabiiy resurslaridan foydalanishga faqat qoʻriqxonaga yuklangan vazifalarni amalga oshirish maqsadidagina yoʻl qoʻyiladi.
45. Qoʻriqxonaning va qoʻriqxona xodimlarining ehtiyojlari uchun qishloq xoʻjalik ekinlarini yetishtirishga qoʻriqxonaning qoʻriqlanma zonasida yer uchastkalari ajratiladi.
6-bob. Qoʻriqxonani qoʻriqlash
46. Qoʻriqxonaning qoʻriqlash xodimlari qoʻriqxonani qoʻriqlaydi hamda uning hududida va qoʻriqlanma zonasidagi rejimga rioya etilishini nazorat qiladi.
47. Qoʻriqxonaning qoʻriqlash xodimlari quyidagi huquqlarga ega:
qoʻriqxona hududida boʻlish huquqini beradigan ruxsatnomalarni tekshirish;
qoʻriqxona va uning qoʻriqlanma zonasi hududida transport vositalarini tekshirish;
maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnomalar tuzish, maʼmuriy qoʻlga olish, buyumlar, hujjatlarni va tabiatdan noqonuniy foydalanish natijasida olingan mahsulotlarni olib qoʻyish, qoʻriqxona va uning qoʻriqlanma zonasi hududida huquqbuzarliklar aniqlanganda esa maʼmuriy jazoga tortish choralarini qoʻllash;
aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish maqsadida materiallarni tegishli organlarga yuborish;
yuridik va jismoniy shaxslarning qoʻriqxonaning qoʻriqlanma zonasi hududida oʻrnatilgan rejimga rioya etishiga oid faoliyatini tekshirish;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
48. Qoʻriqxona qoʻriqlash xodimlariga xizmat vazifalarini bajarish vaqtida belgilangan tartibda jismoniy kuch ishlatishga, idoraviy oʻqotar qurol va maxsus vositalarni (qoʻlkishanlar, rezina tayoqlar, koʻzdan yosh oqizuvchi gaz, transport vositalarini majburiy toʻxtatish moslamalarini) olib yurish va ularni qoʻllash, shuningdek, xizmat itlaridan foydalanishga ruxsat beriladi.
Oʻqotar qurolni berish, olib yurish, saqlash va qoʻllash tartibi qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
49. Qoʻriqxona direktori va direktorning rejim boʻyicha oʻrinbosari katta davlat inspektorlariga, qoʻriqlash xodimlari esa — ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat inspektorlariga tenglashtiriladi.
Qoʻriqxonaning qoʻriqlash xodimlari ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat inspektorlarining barcha huquq va imtiyozlaridan foydalanadi.
Qoʻriqxona qoʻriqlash xodimlarining huquqlari qoʻriqxonaning qoʻriqlash xodimlari boʻlmagan boshqa xodimlariga ham beriladi. Mazkur huquqlar xodimlarning roziligi bilan ularning yozma arizasi asosida beriladi va direktor buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
50. Qoʻriqxonaning qoʻriqlash xodimlari bir xil namunadagi formali kiyim-bosh va farqlash belgilari bilan qoʻriqxona maʼmuriyati tomonidan oʻrnatilgan tartibda taʼminlanadi.
Qoʻriqxonaning qoʻriqlash xodimlari huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish, jumladan, qoʻriqxona hududiga jinoyatchi guruhlarning kirib kelishi va oʻrnashib olishining oldini olish maqsadida qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekistan Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmatining hududiy organlari bilan hamkorlikda tadbirlar oʻtkazadi.
51. Qoʻriqxonaning qoʻriqlash xodimlari tasdiqlangan dasturlarga muvofiq jangovor xizmat, ijtimoiy-huquqiy, ahloqiy-psixologik va jismoniy tayyorgarlik kurslarida oʻqitiladi.
Kurslar dasturi va oʻqitish tartibi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
52. Qoʻriqxonaning qoʻriqlash xodimlari Toshkent viloyati mahalliy budjeti, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining jamgʻarmalari hisobidan qonunchilikda belgilangan tartibda majburiy sugʻurtalanadi.
7-bob. Qoʻriqxonaning davlat nazorati
53. Qoʻriqxonaning davlat nazorati quyidagicha amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi — rejimga rioya etilishi, ilmiy faoliyat va monitoring olib borilishini nazorat qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi — qonunchilikka muvofiq moliyaviy-xoʻjalik faoliyatni nazorat qiladi.
54. Qoʻriqxona rejimini buzishda aybdor yuridik va jismoniy shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi. Aybdorlardan qoʻriqxonaga yetkazilgan zarar qonunchilikda belgilangan tartibda va miqdorda undiriladi.
8-bob. Qoʻriqxona mulki va uni moliyalashtirish
55. Qoʻriqxona mulki operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan bino, inshootlar, uskunalar, texnikalar, pul mablagʻlari va boshqa tovar-moddiy boyliklardan iborat.
56. Quyidagilar qoʻriqxonani moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
Toshkent viloyat mahalliy budjet mablagʻlari;
Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish jamgʻarmasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
ilmiy-tadqiqot, tabiatni muhofaza qilish, reklama-noshirlik va maʼrifiy faoliyatdan olingan daromadlar;
qoʻriqxonaga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashga qaratilgan tushumlar;
belgilangan tartibda undirilgan jarima tushumlari;
musodara etilgan ovchilik qurollari va baliqchilik asboblarini realizatsiya qilishdan tushgan mablagʻlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning xomiylik xayriyalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
57. Qoʻriqxona mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq mustaqil tasarruf etadi.
58. Qoʻriqxonada qonunchilikka muvofiq buxgalteriya hisobi va xisoboti yuritiladi.
9-bob. Qoʻriqxona xodimlarini moddiy ragʻbatlantirnsh
59. Qoʻriqxona xodimlariga koʻp yil ishlagani uchun qoʻshimcha haq, shuningdek, tuman va yuqori togʻ koeffitsentlari belgilanadi. Qoʻriqxona xodimlari lavozim majburiyatlarini bajarish munosabati bilan qoʻriqxona hududida boʻlgan vaqti uchun xodim uchun belgilangan oylik maoshi miqdorida dala taʼminoti shaklidagi kompensatsiya oladilar.
60. Qoʻriqxona xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 173-moddasiga muvofiq, qoʻriqxona vazifalarini barjarishda xodim oʻziga tegishli mol-mulkdan foydalanganligi uchun amortizatsiya va ekspluatatsiya xarajatlari toʻlanadi. Toʻlov miqdori va tartibi jamoa shartnomasi yoki qoʻriqxona direktori va xodimlari oʻrtasida tuzilgan kelishuvga binoan belgilanadi.
61. Qoʻriqxona xodimlariga mehnat qonunchiligida nazarda tutilgan istisnolarga muvofiq qarindoshlari bilan birgalikda ishlashiga ruxsat etiladi.
Qoʻriqxona xodimlarini lavozim majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq boʻlmagan vazifalarga jalb etish taqiqlanadi.
10-bob. Yakunlovchi qoidalar
62. Qoʻriqxona qonunchilikda belgilangan tartibda tugatiladi va qayta tashkil etiladi.
Qoʻriqxonani yengilroq rejimli toifadagi muhofaza etiladigan tabiiy hududga oʻtkazish maqsadida uni qayta tashkil etishga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra alohida hollarda yoʻl qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-avgustdagi 657-son qaroriga
5-ILOVA
5-ILOVA
Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi, Chotqol davlat biosfera qoʻriqxonasi, Burchmulla va Ohangaron davlat oʻrmon xoʻjaliklari xodimlari mehnatiga haq toʻlash tartibi
Keyingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasining hujjatlari asosida lavozimga tayinlangan mansabdor shaxslarning umumiy ish staji, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar hamda atrof muhitni, shu jumladan oʻsimlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, oʻrmon xoʻjaligi tizimlarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning sohadagi umumiy ish staji uchun qatʼiy belgilangan lavozim maoshiga qoʻshimcha ustama har oyda budjet mablagʻlari hisobidan tarif setkasi va shtat jadvaliga muvofiq holda quyidagi miqdorda toʻlanadi:
1 — 3 yilgacha — 5 foiz;
3 — 5 yilgacha — 10 foiz;
5 — 8 yilgacha — 15 foiz;
8 — 10 yilgacha — 20 foiz;
10 — 15 yilgacha — 25 foiz;
15 — 20 yilgacha — 30 foiz;
20 — 25 yilgacha — 35 foiz;
25 yildan ortiq — 40 foiz.
2. Xodimlar va inspektorlar tarkibiga xizmat vazifalariga koʻra doimiy yashash joyidan boshqa joyda boʻlganligi uchun eng kam oylik ish haqining uch baravari miqdorida qoʻshimcha haq toʻlanadi.
3. Xodimlarning baland togʻli sharoitda ishlaganligi uchun dengiz sathidan balandlik darajasiga qarab ish haqiga quyidagi miqdorlarda koeffitsiyentlar belgilanadi:
1500 dan 1700 metrgacha — 1,1;
1701 dan 2000 metrgacha — 1,15;
2000 dan 3000 metrgacha — 1,3;
3001 metrdan yuqori — 1,4.
4. Xoʻjalik hisobidagi faoliyat natijalariga hamda ish koʻrsatkichlarini bajarilishiga qarab oy va chorak yakuni boʻyicha xodimlar oylik ish haqining bir baravarigacha miqdorda, yil yakuni boʻyicha xodimlar oylik ish haqining uch baravarigacha miqdorda milliy bogʻ, qoʻriqxona va oʻrmon xoʻjaliklari rahbariyati kasaba uyushmasi tashkiloti bilan kelishgan holda xodimlarga yuqori tashkilot tomonidan tasdiqlangan, moliya organlari bilan kelishilgan budjet va xoʻjalik hisobidagi daromaddan foydalanish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq mukofotlar beriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni, Konstitutsiyasi kuni, Navroʻz, Yangi yil va Hayit bayramlari uchun xodimlar oylik ish haqining bir baravarigacha miqdorda ragʻbatlantiriladi.
6. Xodim xizmat burchini bajarish vaqtida shikastlanganda, jarohat olgan yoki mayib boʻlgan taqdirda — xodimga, shuningdek oʻrmonlarda yongʻinni oʻchirishda va xizmatni boshqa turlarini amalga oshirishda qatnashish jarayonida halok boʻlgan hollarda uning oilasiga qonun hujjatlariga muvofiq yillik oʻrtacha ish haqining kamida olti baravari miqdorida bir yoʻla beriladigan toʻlovlar va moddiy yordam belgilanadi.
7. Xodimlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va ular ish samaradorligini oshirish maqsadida har oyda (jamoa shartnomasiga muvofiq) yoʻl transportiga eng kam ish haqining bir baravarigacha hamda xodimlar tushlik ovqatlanish xarajatlariga koʻmaklashish maqsadida eng kam ish haqining ikki baravarigacha miqdorda toʻlovlar amalga oshiriladi.
8. Zarur hollarda, ish haqi fondi doirasida (kam taʼminlangan oilalarga, xodimning davolanishiga, toʻy, maʼraka, navbatdagi taʼtilga chiqishda va boshqalar) xodimlarga kasaba uyushmasi bilan kelishgan holda moddiy yordam puli toʻlanadi.
9. Xodimlarga qishloq xoʻjalik mahsulotlarini sotib olish uchun yilda bir marta eng kam ish haqining 10 baravarigacha miqdorda pul mablagʻi toʻlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.