Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi loyiha boshqaruvi milliy agentligining
buyrugʻi
Baholovchilarga toifalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 11-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3052]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 3-oktabrdagi 448-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3052-1, 03.10.2019-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-iyundagi PQ-3764-son “Baholash xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Baholovchilarga toifalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor Sh. SADIKOV
Toshkent sh.,
2018-yil 11-iyul,
215-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining 2018-yil 11-iyuldagi 215-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Baholovchilarga toifalar berish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-iyundagi PQ-3764-son “Baholash xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq baholovchilarga toifalar berish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-iyundagi PQ-3764-son “Baholash xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan baholovchilarga quyidagi toifalar beriladi:
sertifikatlangan baholovchi;
ikkinchi toifali baholovchi;
birinchi toifali baholovchi;
oliy toifali baholovchi.
Sertifikatlangan baholovchi toifasi baholovchiga malaka sertifikati berilayotgan vaqtda Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim markazi (bundan buyon matnda Markaz deb yuritiladi) tomonidan beriladi.
2. Baholovchilar ikkinchi, birinchi va oliy toifalar olish uchun quyidagi asosiy talablarga javob berishlari lozim:
ikkinchi toifaga — toifa berilayotgan vaqtda baholovchi tashkilotda baholovchi sifatidagi bir yildan kam boʻlmagan ish tajribasining, shuningdek turli baholash obyektlarini baholash boʻyicha kamida 15 ta mustaqil ravishda bajarilgan ishlarning mavjudligi;
birinchi toifaga — toifa berilayotgan vaqtda baholovchi tashkilotda baholovchi sifatidagi uch yildan kam boʻlmagan ish tajribasining, shuningdek turli baholash obyektlarini baholash boʻyicha kamida 25 ta mustaqil ravishda bajarilgan ishlarning mavjudligi, shu jumladan biznes boʻyicha;
oliy toifa — toifa berilayotgan vaqtda baholovchi tashkilotda baholovchi sifatidagi besh yildan kam boʻlmagan ish tajribasining, shuningdek turli baholash obyektlarini baholash boʻyicha kamida 35 ta mustaqil ravishda bajarilgan ishlarning mavjudligi, shu jumladan biznes boʻyicha.
Baholovchilarga toifa berishda qoʻshimcha talablar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻrnatiladi.
3. Mazkur Nizomning 2-bandida belgilangan asosiy talablarga javob bergan baholovchilarga Markaz tomonidan ikkinchi, birinchi va oliy toifalar beriladi.
4. Baholovchi tegishli toifani olish uchun Markazga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza bilan murojaat qiladi:
a) mehnat daftarchasidan nusxa (baholovchi tashkilot tomonidan asliga toʻgʻriligi tasdiqlangan boʻlishi lozim);
b) baholash toʻgʻrisidagi hisobotlarning nusxalari (baholovchi tashkilot tomonidan asliga toʻgʻriligi tasdiqlangan boʻlishi lozim);
v) baholovchi malaka sertifikatining nusxasi;
g) toifa olish boʻyicha hujjatlarni koʻrib chiqish uchun eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdoridagi toʻlov toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
Baholovchidan mazkur bandda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etilishini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
5. Hujjatlar baholovchi tomonidan Markazga bevosita yoxud ularning olinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma bilan birga pochta aloqasi vositasi yoki elektron pochta orqali yetkazib beriladi.
Hujjatlar Markazning masʼul shaxsi tomonidan roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi, roʻyxatning nusxasi hujjatlar qabul qilib olingan sana toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan holda ariza beruvchiga yuboriladi (topshiriladi).
6. Notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etilganligi uchun baholovchi qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
7. Markaz ariza kelib tushgan kundan boshlab uch ish kun mobaynida baholovchining hujjatlarini toifa berish maxsus komissiyaga (bundan buyon matnda komissiya deb yuritiladi) yoʻllash uchun qaror qabul qiladi.
8. Baholovchi tomonidan taqdim etilgan arizaga baholovchini tegishli toifa uchun mazkur Nizomning 2-bandida belgilangan talablarga javob berishini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinmagan boʻlsa, baholovchining arizasi va unga ilova qilingan hujjatlar Markaz tomonidan baholovchiga kamchiliklarni bartaraf etish uchun qaytariladi.
Markaz tomonidan ariza qaytarilishining aniq sabablari koʻrsatilgan yozma xabarnoma baholovchiga ikki ish kuni ichida yuboriladi.
9. Arizasi qaytarilgan baholovchi, qaytarish uchun asos boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etganidan soʻng mazkur Nizomda belgilangan tartibda Markazga qayta murojaat qilishga haqli.
2-bob. Baholovchilarga toifa berish
10. Baholovchilarga tegishli toifani berish Agentlik direktorining buyrugʻi bilan tasdiqlanadigan kamida 5 nafar aʼzodan iborat komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Markaz komissiyaning ishchi organi vazifasini bajaradi.
Komissiya tarkibi Agentlik, Markaz, baholovchi tashkilotlar va baholovchilar birlashmalari vakillaridan tashkil topadi.
Toifa olish uchun talabgor boʻlgan baholovchi komissiya yigʻilishi oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy haqida komissiya yigʻilishi oʻtkaziladigan kundan kamida oʻn kun oldin Markaz tomonidan xabardor qilinadi.
Komissiya yigʻilishlari oʻtkazish jarayonlarining shaffofligi va xolisligini taʼminlash maqsadida komissiya yigʻilishlari oʻtkazish jarayonlari uzluksiz ravishda videoyozuvga tushiriladi.
Komissiyaning yigʻilishlari har ikki oyda kamida bir marotaba oʻtkaziladi. Komissiya yigʻilishi uning aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
11. Komissiya yigʻilishlari komissiya tarkibini eʼlon qilish va toifa olishga talabgor boʻlgan baholovchi faoliyati bilan tanishtirishdan boshlanadi.
12. Komissiya yigʻilishida talabgor tomonidan tegishli toifani olish uchun taqdim etilgan hujjatlar oʻrganiladi, baholovchi tomonidan turli baholash obyektlarini baholash boʻyicha tuzilgan baholash hisobotlari tahlil qilinadi va komissiya tomonidan baholovchiga toifa berish yoki toifa berishni rad etish haqida qaror qabul qilinadi.
Qabul qilingan qaror bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi.
13. Boholovchi mazkur Nizomning 2-bandida belgilangan talablarga javob bergan taqdirda, komissiya tomonidan baholovchiga tegishli toifani berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
14. Komissiya tomonidan rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, komissiya baholovchiga yozma ravishda soʻralgan toifani berishda rad etilganligi sabablarini koʻrsatgan holda xabar beradi.
15. Komissiyaning qarori baholovchining malaka sertifikatiga tegishli oʻzgartirishlarni kiritishga asos boʻladi.
16. Komissiya tomonidan baholovchiga toifa berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:
a) baholovchi toifa uchun belgilangan talablarga javob bermasa;
b) baholovchining toifa uchun belgilangan talablarga javob berishini tasdiqlovchi hujjatlaridagi maʼlumotlar notoʻgʻri yoki haqiqatga toʻgʻri kelmasligi aniqlansa.
17. Komissiya tomonidan qaror baholovchi ishtirokisiz, ochiq ovoz berish orqali koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda komissiya raisi ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Komissiya raisi va aʼzolari ovoz berishda betaraf qolish huquqiga ega emaslar. Komissiya raisi eng oxirida ovoz beradi.
18. Baholovchi tomonidan soʻralgan toifani berish rad etilganda, baholovchi mazkur Nizomga muvofiq hujjatlarni qayta taqdim etishga haqli.
19. Baholovchining malaka sertifikatiga oʻzgartirishlar kiritish uchun, baholovchi Markazga malaka sertifikatni qayta rasmiylashtirish haqida ariza beradi, bunda malaka sertifikatini asl nusxasini va komissiya kotibining imzosi bilan tasdiqlangan toifani berish haqidagi komissiyaning qaror nusxasini ilova qiladi.
3-bob. Toifani tasdiqlash tartibi
20. Baholovchiga nisbatan bir necha bor asoslangan shikoyatlar kelib tushgan taqdirda, baholovchiga toifa berilgan kundan boshlab bir yildan soʻng Markaz toifani tasdiqlash jarayonini amalga oshirishi mumkin, sertifikatlangan baholovchi toifasi bundan mustasno.
21. Toifani tasdiqlash jarayoni, baholovchini faoliyati haqida baholovchi tashkilotlardan, jamoat tashkilotlaridan hamda boshqa jismoniy va yuridik shaxslardan, baholovchini faoliyati natijalari va sifati boʻyicha, shuningdek uning baholov faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish, baholov hisoboti sifatini oshirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish va ularni tahlil qilishdan iborat boʻladi.
22. Markaz tomonidan baholovchining amaldagi toifasiga muvofiqligi toʻgʻrisida shubha tugʻdiruvchi maʼlumotlar aniqlangan taqdirda, Markaz komissiyaga baholovchini toifasini qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisida hujjatlarni yuborishga haqli.
23. Baholovchini toifasini qayta koʻrib chiqish boʻyicha hujjatlarni koʻrib chiqish, komissiya tomonidan toifani berish yuzasidan baholovchining arizasini koʻrib chiqish tartibiga asosan amalga oshiriladi.
24. Toifasi pasaytirilgan baholovchi, bir yildan soʻng toifasini tiklash yuzasidan komissiyaga murojaat etishga haqli.
4-bob. Yakuniy qoidalar
25. Komissiyaning baholovchiga toifa berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan baholovchi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin.
26. Komissiya aʼzolari baholovchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlardagi maxfiy maʼlumotlarni oshkor qilishga haqli emas.
27. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
28. Mazkur Nizom Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim markazi, Oʻzbekiston baholovchilar jamiyati va Oʻzbekiston baholovchi tashkilotlar assotsiatsiyasi bilan kelishilgan.
Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim markazi direktori B. GANIXODJAYEV
2018-yil 11-iyul
Oʻzbekiston baholovchilar jamiyati raisi N. MIRZARAXIMOVA
2018-yil 11-iyul
Baholovchi tashkilotlar assotsiatsiyasi raisi A. ISLAMOV
2018-yil 11-iyul
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.08.2018-y., 10/18/3052/1694-son)